Qalbga nur ulashuvchi kuch

Ilmiy kitoblar insonning ma'naviyatini oshirishga xizmat qiladi. Biz ham o'z jamoamiz bilan juda katta kuch bilan ilmiy meroslarni to'plagan holatda bir nechta kitoblarni nashrdan chiqardik. “Samarqandlik allomalar” kitobining o'zida 140 ga yaqin islomshunos olimlarning, allomalarning tarjimai holi haqida batafsil ma'lumotlar berildi.

Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari tomonidan tayyorlanib, “Jaholatga qarshi ma'rifat” rukni ostida chop etilgan kitoblar taqdimoti o'tkazildi.

Tadbirda tarixchilar, sharqshunos olimlar, islomshunos, soha mutaxassislari, diniy idora va tashkilotlar vakillari, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti tadqiqotchilari va kitobxonlar ishtirok etdi.

— Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hamda yurtimizdan yetishib chiqqan boshqa ulug' allomalar merosi, ularning jahon siviliza­siyasi, ilm-fan taraqqiyoti rivojiga qo'shgan bebaho hissasini chuqur tad­qiq etishda muhim o'rin tutayotganini alohida ta'kidlamasak bo'l­mas, — deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining direktori Ubaydulla Uvatov. — Kitob inson qalbiga nur olib kiradi. Ayniqsa, ilmiy kitoblar insonning ma'naviyatini oshirishga xizmat qiladi. Biz ham o'z jamoamiz bilan juda katta kuch bilan ilmiy meroslarni to'plagan holatda bir nech­ta kitob­larni nashr­dan chiqardik. “Samar­qandlik allomalar” kitobining o'zida 140 ga yaqin islomshunos olimlarning, allomalarning tarjimai holi haqida batafsil ma'lumotlar berildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tomonidan 50 ga yaqin diniy-ma'rifiy, tarixiy, ma'naviy-ma'rifiy mavzudagi kitob va risolalar, “Jaholatga qarshi — ma'rifat” rukni ostida 30 ta kitob nashrga tayyorlangan. Shulardan 5 tasi – “Samarqandlik allomalar”, “Alauddin al-Usmandiy as-Samarqandiy”, “Imom Buxoriy — muhaddislar sultoni”, “Ibrohim Saffor Buxoriy” kitoblari va “Imom Buxoriy majmuasi” kitob albomi shular jumlasidandir.

— Kitoblar ma'naviy xazinadir, — deydi Imom Buxoriy xalq­aro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o'rinbosari Shukurillo Umarov. — Sir emaski, bizning diyorimizdan juda ko'p allomalar yetishib chiqqan. Ularning ilmiy merosini o'rganish va hayotga tatbiq qilish bizning oldimizga qo'ygan eng birinchi vazifamizdir. Yoshlarga islom dinining asl mazmun-mohiyatini o'rgatish, ma'rifatparvarlikni oshirish bo'yicha ko'p ishlar qilinmoqda. Qolaversa, allomalardan qolgan qo'lyozmalarni yig'ish va ularni tarjima qilish bo'yicha ham jiddiy shug'ullanyapmiz. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev ilmiy-tad­qiqot markaziga tashrif buyurgan chog'larida qo'l­yozmalar bilan tanishib, bu ishni davom ettirishimizni vazifa qilib belgilab bergandilar. Bugungi kunda yiqqan qo'lyozma materiallar 5 mingdan oshdi.

Imom Buxoriy asarlari asosida turli yoshdagi kitobxonlarga mo'l­jallangan “Oila — mustahkam qo'rg'on”, “Ota-ona — hikmat, farzand — chiroq”, “Imom Buxoriy merosida farzand tarbiyasi” kabi ommabop risolalar ham tayyorlandi.

Feruza Rahimova,

“Hurriyat” muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 4 =