So'z erkinligi qurbonlik talab qiladi…mi?

Yoki dunyoning ko'plab davlatlarida jurnalistlar tazyiqqa uchramoqda

2019 yil kim uchundir omadli keldi, qaysidir kasb egalari hayoti, faoliyatida o'chmas iz qoldiradigan yil bo'ldi. Jurnalist uchun esa dunyo hozirgidek tahlikalar ichra qalqib turgan bir paytda oson bo'lmasligi turgan gap. Hatto rivojlangan demokratik davlatlarda ham so'z erkinligining to'la ta'minlanmagani hamkasblarimiz hayotini xavfga qo'yib kelmoqda.

1981 yildan buyon AQShda faoliyat yuritib kelayotgan Jurnalistlarni himoyalash qo'mitasi (CPJ) notijorat tashkiloti har yili o'z hisobotlarini e'lon qiladi. Joriy yilgi natijalarga ko'ra, dunyo bo'ylab 250 jurnalist o'z kasbiy faoliyati sababli ozodlikdan mahrum etilgan. Ulardan eng ko'pi – 48 nafari Xitoyda qayd etilgan.

11 dekabr kuni Nyu-Yorkda omma e'ti­boriga havola etilgan “CPJ” ma'lumotlariga qaraganda, 2019 yilda o'z kasbini bajargani uchun qamoqqa olingan hamkasb­larimiz soni rekord darajada yuqoridir. Bu yil matbuotga nisbatan tazyiqni kuchaytirgan Xitoy o'tgan yili “etakchi” bo'lgan Turkiyani ortda qoldirgan. Bu mamlakatda esa joriy yilda 47 jurnalist panjara ortiga jo'natilgan.

Tashkilotning ma'lum qilishicha, bu kasb egalarini ozodlikdan mahrum etgan davlatlar ro'yxatida Xitoy, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Misrdan keyingi o'rinlarni Eritreya, Vyetnam va Eron egallab turibdi.

Jurnalistlarga qo'yiladigan ayblovlar orasida “soxta yangiliklar” tarqatish ayb­lovi soni ham o'tgan yilgidan oshgan. (2018 yilda 28 ta, joriy yilda 30 ta). Bundan tashqari, butun dunyoda muxbirlarga qo'yilayotgan keng tar­qalgan ayblov  — ularning davlatga qarshi faoliyati bo'lib qolmoqda.

Xitoy hukumati yuqoridagi ma'lumotlarga izoh berar ekan, bosh qarorgohi AQShda joylashgan “CPJ”ga ishonch yo'qligini bildirgan. Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakilining ta'kidlashicha, Osmonosti davlatida “qonun ustuvorligi hukm suradi va hech kim undan ustun turmaydi”.

Endi BMTning joriy yil 1 noyabrdagi ma'lumotiga e'tibor qarataylik: so'nggi besh yil davomida jahon miq­yosida 1109 nafar jurnalist o'ldirilgan. Bu avvalgi besh yillikdan 18 foiz yuqoriligi aytilmoqda. Afsuslanarli tomoni shundaki, marhum jurnalistlarning hayotdan ko'z yumishiga sabab bo'lganlarning 90 foizi jazolanmasdan qolgan. Ushbu kasb egalari uchun eng xavfli hudud esa Arab davlatlari, deya ta'kidlanmoqda. Bu mamlakatlardagi hamkasblarimizning uchdan bir qismi o'z kasbiy faoliyati uchun hayoti bilan tovon to'lagan. Ikkinchi o'rinda Lotin Amerikasi va Karib davlatlari, undan keyin Osiyo va Tinch okeani hududidagi mamlakatlar xavfli hudud ekani qayd etilmoqda.

Mazkur davlatlarda hokimiyatni suiiste'mol qilish va korrupsiya bilan bog'liq jarayonlar yuzasidan o'tkazilgan jurnalist surishtiruvi oqi­batida hayotiga qast qilinganlarning 93 foizi mahalliy muxbirlardir.

Jurnalistlar hayotining bu tarzda xavfda qolib kelayotgani xalqaro tashkilotlar e'tiborida turibdi, albatta. Ayni vaqtda ularni himoya qilishni ommalashtirish uchun YuNESKO “Haqiqatning o'lishiga yo'l qo'ymaymiz” (“Ne pozvolim pravde umeret”) deb nomlangan global axborot kampaniyasi orqali dunyoni ogohlikka chaqirmoqda. Buning uchun tashkilot “Google Mars” bilan hamkorlikda maxsus karta yaratdi. Yo'ldosh orqali butun jahonni aks ettiradigan mazkur kartada 1993 yildan ke­yingi barcha ma'lumotlar bor. U orqali jurnalistlarning qaysi mamlakatda ishlagani va o'ldirilgani haqidagi ma'lumotlarni olish mumkin. Foydalanuvchilar har bir jinoiy ish haqida ma'lumotga ega bo'lishi va ushbu ma'lumotni ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarga uzatishi mumkin. Mazkur kartani  “keeptruthalive.co” saytidan topasiz. Saytda shunday ogohlik chaqirig'i bor: “Biz fuqarolar barchamiz jurna­listlar bizga axborot yetkazishda davom etishi uchun ularni himoya qilishimiz kerak”.

YuNESKO Bosh direktori Odri Azulening qayd etishicha, jurnalist o'limida aybdor bo'lganlarning jazolanishi juda kam uchraydigan voqeadir. Agar bu masalada surishtiruv olib borilsa, hech qanday natija chiqmaydi. Bu — adolatsizlik. Adolatsizlik esa yana yangi jinoyatga yo'l ochadi. Buni, albatta, o'zgartirish kerak. Bunday noqonuniy ishga nuqta qo'yish uchun jurnalistlarning o'limiga sabab bo'layotganlarni ham va bu adolatsizlikka yo'l qo'yib berayotganlarni ham jazolash kerak. Chunki bu kasb egalarining o'limi bilan haqiqatni izlashga chek qo'yildi, degan xulosa kelib chiqmasligi lozim.

Darvoqe, umumiydan xususiyga o'tsak, ko'plab misollar bor. Joriy yil 1 oktyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (EXHT) OAV erkinligi masalalari bo'yicha vakili Arlem Dezir Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligida bir yil avval o'ldirilgan jurnalist Jamol Qoshiqchi xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

“Bugun — Jamol Qoshiqchi o'ldirilishining bir yilligida, yaqindagina va YeXHT mintaqasida o'ldirilgan boshqa barcha jurnalistlarni ham yodga olmoqdamiz. Dunyo bo'ylab jurnalistlarga qarshi zo'ravonlikning yoyilishi demokratik qadriyatlarimizga tahdiddir”, deydi u.

Qoshiqchi AQShning “Washington Post” nashrida sharhlovchi sifatida ishlagan va 2017 yildan AQShda yashagan. 2018 yil 2 oktyabr kuni u Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligiga hujjatlarni rasmiylashtirish uchun kirgan va bedarak yo'qolgan. Istanbul prokuraturasi Qoshiqchining o'ldirilishi qasddan amalga oshirilgani, uning jasadi u konsullikda bo'g'ib o'ldirilgandan keyin yo'q qilinganini ta'kidlagan. Turkiya Saudiya Arabistonidan jinoyatchilarni ekstraditsiya qilishni va jurnalist jasadi qaerda ekanini ma'lum qilishni talab qilib kelmoqda.

Saudiya Arabistoni bosh prokuraturasi bayonotida esa ushbu jinoyat ishi bo'yicha 21 kishi hibsga olingani aytilgan. Sudlanganlar orasida Saudiya taxti valiahdi Muhammad ibn Salmonning maslahatchisi Saud al-Qahtoniy yo'q. Holbuki, aynan u OAV tomonidan qotillik tashkilotchisi sifatida ko'rsatilgan edi. Qotillikka aloqadorlardan yana biri deb qayd qilingan mamlakat razvedkasi rahbarining sobiq o'rinbosari Ahmad al-Asiriy esa o'tgan yili iste'foga chiqarilib, hibsga olingandi. Ammo dalillar yetarli bo'lmagani sababli u ham qo'yib yuborilgan.

Xullas, bu ish bo'yicha o'tgan yili juda ko'p muhokamalar, tortishuvlar bo'ldi. Ammo natija YuNESKO rahbari aytganidek, qoniqarsiz bo'lib qolaverdi.

So'z erkinligining maxfiy timsoli deb nom olgan avstraliyalik teleradio va internet jurnalisti, xalqaro mukofotlar sohibi Julian Assanj esa so'nggi to'qqiz yildan buyon turli tazyiqlarga uchrab kelmoqda. U “WikiLaks” notijorat tashkilotiga asos solgan va u orqali maxfiy ma'lumotlarni e'lon qilgan. Assanjning mazkur saytida 10 milliondan ortiq xalqaro nizolar, josuslik va korrupsiyaga doir ma'lumotlar tahlil qilingan va bu jamoatchilikning katta qiziqishi hamda munosabatlariga sabab bo'l­gan. Birgina Amerikaning Iroqqa bo'lgan harbiy hujumlari, sirlarini ochib tashlaganining o'zi katta jasorat. AQSh uni xakerlikda ayblab, qamashga hukm bergan. BMT esa Asanjning hayoti xaf ostida ekanini ta'kidlab, uni himoya qilmoqda. Bunday tazyiqlarga duchor bo'lgan va fojiali o'lim topgan jurnalistlar dunyo tarixida ko'plab topiladi. Ularning asosiy “xato”si o'z kasbi, so'z erkinligi uchun kurashuvchanligidir.

Uzoqqa bormaylik, jurnalistlarga bepisand qarash, ularning “o'zboshimcha”ligiga toqat qilolmaslik va oxir-oqibatda tahdid qilish holatlari o'zimizda ham kam bo'lsada uchrab turibdi. Bunga ko'z yumib bo'lmaydi. Endilikda jurnalistlarni mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlaridan himoya qilish kafolatlari kuchaytirilishi kutilmoqda. Davlatimiz rahbarining “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori imzolandi. Mazkur qarorda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga shunday vazifalar qo'yilgan: 2020 yil 1 iyulga qadar ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini ta'minlash, davlat organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari)dan himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, jurnalistlarning o'z kasbiy faoliyatiga oid majburiyatlari belgilanishini nazarda tutuvchi “Teleradioeshittirishlar to'g'risida”gi va “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihalarini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. 2020 yil 1 mart­ga qadar barcha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash, ularda jamoatchilik, xususan, ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarni yangi bosqichga ko'tarish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. Qisqasi, ushbu qaror ijrosi asosida bo'ladigan o'zgarishlardan umid katta…

Muxtasar so'zimizni Jozef Pulitser (dunyo jurnalistlari uchun eng yuksak mukofot uning nomida)ning quyidagi fikrlari bilan yakunlashni lozim topdik. Zero, bu fikr bugun ham o'z dolzarbligini saqlab turibdi: “Jamiyatning tinch hayotiga qarshi qaratilgan va xudbinona maqsad bilan ta'qib qiluvchi mulkdorlar sinfiga bo'lgan xushomadgo'ylikdan jurnalistikani faqat chin mas'uliyat hissigina qutqara oladi”.

Xolida Fayziyeva.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + 4 =