Yangi uyg'onish fasli

Ulug' Konfutsiy «Umrida yiqilmagan kishi buyuk emas, necha bor yiqilgan, ammo o'rnidan shaxd bilan turib, o'ziga ishonch bilan oldinga intilgan odam buyukdir», degan ekan. Uning yana bir fikri shuki, yo'lga maqsadsiz chiqqan inson, shubhasiz, falokatga yo'liqadi.

Uchinchi ming yillikning dastlabki yigirmanchi yiliga ham yetib keldik. So'nggi uch yil ichida kechgan umrimiz  O'zbekistonning yangi tarixi sahifalariga aylandi. Aziziddin Nasafiy hazratlari uqtirganidek, dunyo o'zi shunday: tinimsiz harakatda, aylanishda, to'lqin  yanglig' goh avjlanib, goh sokin tortib, bir holatdan ikkinchi holatga o'tishda, voqea-hodisalar, burilishu yangilanishlar zanjiri bir-biriga ulanishda, bir birini to'ldirishda, tun qorong'uligi tonggi shafaqqa o'rin berishda, nogahoniy dovuldan so'ng mayin shabada esishda davom etaveradi. Bu mangu ilohiy tartibotga hech narsa ta'sir o'tkaza olmaydi.

Inson har yangi yilni, har yorug' kunni, har yangi faslni umid bilan kutib oladi. Duoga qo'l ochib, yaratgan Egamdan el-yurtga tinchlik, bolalariga rizq-nasiba so'raydi

Insoniyatning buyuk umidi uchinchi ming yillikdan edi.

Ikkita jahon urushi, yadro qurolining kashf etilishi, qirg'inbarot janglari, ayovsiz bosqinchilik, sho'rolarning yalpi dahriylik siyosati, milliy va diniy tuyg'ularning oyoqosti bo'lishi kabi illatlar tarixga ko'chgan ikkinchi ming yillikda qolib ketadi, odamzot yangi asrga ruhan poklanib, aql-idroki, fahm-farosatini charxlab, ma'nan komillikka intilgan holda o'tadi, yo'l qo'yilgan xato va yanglishishlardan  xulosa chiqaradi, o'zini, ona zaminni, suv va havoni, boshiga soyabon bo'lib turgan beg'ubor osmonni pok tutadi, qurollanish poygasi jilovlanadi, to'plarning og'ziga kabutarlar in qurib, shu yerda bola ochadi, bunday qilmasa, o'zi halok bo'ladi, deb o'ylagan edik.

Taassufki, bunday bo'lmadi. Dunyo murakkablashib bormoqda, inson  o'zi o'tirgan daraxt shoxiga arra tortish (Erkin Vohidov), o'zi va bolalarini to'ydirayotgan yerni zaharlash, okean suvlarini chiqindilarga to'ldirish kabi xatti-harakatlari bilan tubsiz jarlik sari yaqinlashib kelmoqda. Buni yer o'pirilishlari, suv toshqinlari, necha mingyillik o'rmonlarning yonib kulga aylanayotgani,  abadiy muzliklarning erishi, suv sathining ko'tarilishi va boshqa ko'plab falokatlarda yaqqol ko'rish mumkin.

Faqat shu emas. Bo'lingan dunyoni qayta bo'laklash, iqtisod va siyosatda yakka hukmfarmonlik qilish niyatlari, irqiy, diniy mojarolar «sovuq urush» siyosati paytidagidek shitob bilan, yanada kuchli sur'atda davom etmoqda. Qurollarning misli ko'rilmagan yangi turlari, jumladan, psixologik ta'sir vositalari, oniy safo, kayfiyat baxsh etuvchi, oqibatda esa endi-endi katta hayot ostonasiga kelayotgan, qalbi orzu-umidlarga to'la yosh avlodning xonu-monini kuydiruvchi hidlagichlar paydo bo'ldi. Bu ovozsiz qurollar, asosan, yoshlarni nishonga olayotgani g'oyat tashvishlidir. Bugun butun insoniyat — kat­­ta-yu kichik, o'g'ri-yu to'g'ri, olimu zolim, qattol-u donishmand  shunday bir zamonda yonma-yon, bir sayyora, bir qayiqda yashamoqda. Makon, beshik va osmon bitta ekan, boshqacha yashashni tasavvur etish mumkin emas. Shunday sharoitda o'zlikni saqlab qolish, farzandlarni ilm-ma'rifatga yo'naltirish, uy qurish, bog' yaratish, kelajak nasllarning nasibasini qirqmaslik oldimizda turgan eng muhim vazifa, vijdon va imon ishidir.

O'tgan asr adog'ida O'zbekiston milliy mustaqillikka erishdi. O'ta qaltis paytda taqdirimizni o'z qo'limizga oldik. Ko'plar «bashorat» qilganidek, O'zbekiston yo'lini yo'qotib qo'ymadi, diniy va milliy qobiqqa o'ralib olmadi, eshik-derazalarini yopmadi, darvozalarni tambalamadi, mahdudlikka berilmadi, aksincha, ma'rifiy dunyoga, ilm-tafakkurga, zamonaviy rivojlanishga, ochiqlik va bag'rikenglikka, yaxshi qo'shnichilikka yuz tutdi. Millatning asrlar davomida shakllangan tarixiy tajribasi, yuksak insoniy fazilatlari qo'l keldi, shularga suyanib, rejalar tuzildi. To'g'ri, yo'l va yechimlarni izlash, ichki imkoniyatlarni ishga solish, boshqaruvni yangilash, sobiq tuzum qadriyatlaridan voz kechish harakatlari bilan o'tdi bu yillar. Ko'zlagan maqsadlarimizga to'la erishmagan bo'lsak-da, harqalay, dunyo kengliklariga chiqdik, tinchlik-totuvlikni, ahil-inoqlikni saqlab qoldik, ortga qayt­madik, goh susayib, goh tezlashib, izlab-qidirib yashashda davom etdik. Shu asnoda bugungi yangi burilish nuqtasiga yetib keldik.

Yillar zanjiri uzilmaydi. Kimdir ularni bir-biriga o'xshash vaqt halqachalari deyishi ham mumkin. Ammo mohiyatan qaraganda, hech bir inson, hech bir kun, oy yoki yil bir-biriga aynan o'xshamaganidek, vaqt xalqachalari ham bir-biridan  farq qiladi. O'tgan, o'tayotgan umrimizning har kuni o'z xirmoni va tarozisiga ega. Buni sezmaslik mumkin emas.

Keyingi uch yil ichida, dunyo hamjamiyati rasman e'tirof etayotganidek, O'zbekiston mohiyatiga ko'ra necha o'n yilliklarga teng milliy rivojlanish yo'lini bosib o'tdi. Bu yo'l Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi xalqchil siyosatidan, mamlakatda yuzaga kelgan  ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-psixologik holatni real baholashdan, tanqidiy mushohadalarga yo'l ochishdan boshlandi. Yangi siyosatning bosh maqsadi xalq bilan muntazam muloqotda bo'lish, uni tinglash, muammolarini hal qilish, biz bilan bir mintaqada yashab kelayotgan, suvi suvimizga, yo'li yo'limizga, yeri yerimizga tutash, milliy va diniy qadriyatlari, urf-odatlari bir qo'shnilar o'rtasidagi yillar, asrlar sinovidan o'tgan hamkorlik aloqalarini tiklash, o'zaro mehr-oqibat ko'rsatish, yo'llarni sun'iy to'siqlardan tozalash, asossiz taqiqlarni, ko'rinmas «qora ro'yxat»larni bekor qilish, qonun buzilishlari, mansab vakolatlarini suiiste'mol qilishga yo'l qo'ymaslik kabi ezgu maqsadlardan iborat edi.

Bir so'z bilan aytganda, xalqimizning buyuk salohiyatini, ulug' tariximizni, dunyo tamaddunini hamon mash'ala yanglig' yoritib kelayotgan ma'naviy merosimizni jahonga olib chiqish, ilm-ma'rifatda milliy kurashimiz qoidalari kabi halol bahsga kirishish, tafakkur maydonida o'zlikni namoyon etish fursati allaqachon yetib kelgan edi.

Bu tarixiy jarayonni boshlash uchun, birinchi navbatda, jamiyatda sog'­lom ma'naviy muhit, ijtimoiy adolatning qaror topishiga ishonch ruhini yuzaga keltirish, butun vujud, ong-tafakkur bilan ishga kirishish, tadbirkorlik va ishbilarmonlikni mamlakat miqyosida umumxalq harakatiga aylantirish  zarur bo'ladi. Jamiyatning harakatsiz murvatlariga jon ato etish, fikr, mudroqligiga barham berish uchun o'zida bugungi kun ruhiyatiga mos  maqsadlarni aks ettiruvchi hayotbaxsh shiorlar ehtiyoji paydo bo'lgandi. Yangi rahbarning «Odamlar davlat idoralariga emas, davlat idoralari odamlarga xizmat qilishi kerak», «Odamlar boy bo'lsa, davlat ham boy bo'ladi»,  «Yurtdoshlarimiz o'z umridan bugun rozi bo'lib yashashlari zarur», degan da'vatlari ana shu ma'naviy bo'shliqni to'ldirdi, yangi O'zbekistonning yangi qadamlari ma'no-mohiyatini belgilab berdi.

Oradan atigi uch yil o'tdi. Bugun mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida, xalqaro aloqalarda, madaniyat va ma'naviyatda, maktabgacha tarbiya, oliy va o'rta maxsus ta'lim tizimida, turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning samaralari, O'zbekistonning tinch, bexavotir mamlakat sifatida e'tirof etilishi, iqtisodimizning ishonchli qadamlari, yoshlarimiz erishayotgan olamshumul yutuqlar, xalqaro investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar O'zbekis­ton chin ma'noda yangi uyg'onish fasliga, o'z tarixining eng shonli, zalvorli sahifalariga yaqinlashayotganidan, «Milliy taraqqiyotdan — milliy yuksalishga»  g'oyasi asosida taraqqiyotning yangi bosqichiga o'tayotganidan dalolat beradi.

Bu — shunchaki fikr emas. Mamlakatimiz iq­ti­sodiyotida, ijtimoiy-siyosiy hayotimizda, jahon hamjamiyati safidagi o'rnimizda, odamlar ong-shuuri, turmush tarzida yuz berayotgan o'zgarishlarni dunyo hayrat va havas bilan kuzatib turibdi, nufuzli minbarlarda e'tirof etmoqda. O'zbekistonning yaxshi qo'shnichilik siyosati dunyoga yoyilmoqda.

Ulug' Konfutsiy «Umrida yiqilmagan kishi buyuk emas, necha bor yiqilgan, ammo o'rnidan shaxd bilan turib, o'ziga ishonch bilan oldinga intilgan odam buyukdir», degan ekan. Uning yana bir fikri shuki, yo'lga maqsadsiz chiqqan inson, shubhasiz, falokatga yo'liqadi. Biz bugun o'tgan yo'limizni, erishgan yutuqlarimizni, yo'l qo'ygan xato-kamchiliklarimizni xolis baholab, ularni qayta takrorlamaslik tadorigini ko'rib, aniq maqsad bilan oldinga intilmoqdamiz. O'zbekiston rahbarining yangi siyosati mintaqa ijtimoiy-siyosiy hayotiga ham ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda. Bu siyosat O'zbekistonni bir vaqtlar ilm-fan taraqqiyoti bobida dunyoga muallimlik qilgan ulug' ajdodlarimiz ruhi va merosiga yaqinlashtirmoqda.

Davlatimiz rahbari yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, yosh ijodkorlar bilan uchrashuv chog'ida bu bosqichda madaniyat, ma'naviyat, xususan, badiiy adabiyot zimmasiga g'oyat mas'uliyatli vazifa yuklanishini, shu maqsadda mamlakatimizda Prezident maktablari, atoqli shoir va adiblarimiz nomlari bilan ataladigan ijod maktablari tashkil etilganini, bu maktablarda o'qigan  bolalar ertaga Vatanga, oilaga xiyonat qilmasligini ta'kidlab, «Adabiyotsiz iqtisodiyot ham, ma'naviyat ham bo'lmaydi. Har qancha boylik kitobsiz, bilimsiz uzoq yashamaydi», dedi.

Xuddi shunday. Bizga bugun yangi dunyoviy, iqtisodiy, siyosiy-ma'rifiy  tafakkur zarur.  Buni hammamiz his etib turibmiz. Ammo hammamiz birdek yaxshi bilishimiz zarur bo'lgan bir haqiqat shuki, dunyo dunyo bo'lganidan beri insoniyat bu fazilatlarni yozma adabiyot orqali egallab kelgan. Bugun, ertaga ham shunday bo'ladi. Boshqa yo'l yo'q. «Hamma ilm kompyuterga joylashadi, kitoblar, gazeta-jurnallarning umri tugaydi, qog'ozga hojat qolmaydi» deya, televidenie kashf etilganida, mana endi teatrlarning umri tugaydi, deganlar kabi yanglishadilar. Kompyuter asri hayotimizga dunyo­ni anglash, xabardorlik darajamizni oshirish, faoliyatimiz samaradorligini  ta'minlash bilan bog'liq yana ko'p yangiliklar olib kirdi. Bu — isbot talab qilinmaydigan haqiqat. Ammo insoniyatning buyuk ixtirosi bo'lmish kitob,gazeta va jurnallarning inson ong-tafakkuriga ta'siri mutlaqo o'zgachaligini unutmasligimiz kerak.

Adabiyotning ustoz Abdulla Qahhor aniq chamalagan qudratli kuchi bugun faqat bir mamlakat yoki bir mintaqada emas, yer yuzida  inson taqdirini, uning bu yorug' olamda yashab qolish-qolmasligini hal qila oladigan xaloskor omil bo'lib turibdi. Uning oldiga qo'yilayotgan vazifa faqat shu emas. Ulug' adib Chingiz Aytmatov katta xavotir bilan yozganidek, dunyoning bugungi ma'naviy-axloqiy qiyofasi oldida eng katta va og'ir vazifa — insonni inson maqomida saqlab qolish bo'lib qoldi. Adabiyot shu to'g'onni yengib o'tishi kerak. Chinakam adabiyot o'tmishda bu ishni ko'p bor uddalagan, bugun va ertaga ham uddalay oladi.

Har bir mamlakatning ma'naviy-axloqiy olamini adabiyotga munosabat, kitobxonlik darajasiga qarab ham aniqlash mumkin. Dunyoning manaman degan davlatlari moliyaviy inqirozga yuz tutib, iqtisodiy muammolar girdobida qolayotgan bir paytda O'zbekiston poytaxtida kitobxonlarga atab muhtasham ziyo maskani, adiblar xiyoboni qurilgani, Islom sivilizatsiyasi markazi qad rostlayotgani, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o'z binosi va  bog'iga ega bo'lgani, ijodkorlar uchun uy-joy, dam olish maskanlari qurilayotgani, adabiyot olamiga kirib kelayotgan yosh ijodkorlar har jihatdan qo'llab-quvvatlanayotgani bejiz emas, albatta. Chunki, qadim-qadimdan ilm-ma'rifatga, ziyoga intilgan va bu borada dunyoni hayratga solgan xalq­miz. Alloma ajdodlarimiz erishgan olamshumul yutuqlarning bosh sababchisi kitoblardir. Ular yoshlikdan mutolaaga berilishgan. Shunday ekan, xonadonlarimizni, farzandlarimiz ong-shuurini kitoblar sahifalaridagi bebaho hikmatlar bilan bezashga e'tiborli bo'laylik. Ota-onasini kitob o'qiyotgan holda ko'rmagan bolaning kitobga mehr qo'yishi ancha qiyin kechadi.

Kitob insoniyatning buyuk ixtirosi. Uning qudratini faqat quyoshning qudratigagina qiyoslash mumkin. Shunda ham, inson qalbini yoritish faqat kitobning qo'lidan keladi, xolos. Shunday kitoblar borki, ular seni ohanraboday o'ziga tortadi, umring yo'llarida beminnat hamrohingga aylanadi, qayta-qayta o'qiysan, o'qiganing sari aql-shuuring to'lishib boradi, o'zing uchun muhim narsalarni kashf etaverasan va bu jarayon hech qachon nihoyasiga yetmaydi. Binobarin, yaxshi kitoblarni bir marta o'qish bilan kifoyalanish kerak emas. Uning mo''jizaligi shundaki, har gal o'qiganingda u senga ma'no xazinasining yangi qatlarini ochaveradi.

Bundan anglashiladiki, mamlakatda kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish, o'zbek adabiyotining eng sara asarlarini dunyoga olib chiqish, jahon adabiyoti durdonalarini o'zbek tiliga o'girish, dunyo mamlakatlari bilan adabiy aloqalarni keng yo'lga qo'yish, badiiy tarjima mahoratini oshirish, bu ezgu ishga qo'l urayotgan ijodkorlarni qo'llab-quvvatlash bugun har qachongidan ham  ahamiyatli vazifadir.

Ahmadjon Meliboyev,

«Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri,

«Do'stlik» ordeni sohibi

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − 1 =