Ijodkorning qalb izhori

Amirqul Karim shoir, publitsist, tarjimon sifatida adabiyot muxlislariga yaxshi tanish. Uning yaqin 30 yil ichida respublikamizning nufuzli nashriyotlarida bosilib chiqqan “Shabnam terayotgan quyosh”, “Ko'k qushlari” she'riy to'plamlari, “Tarixning uzilgan parchasi”, “Istiqlol tarixidan lavhalar”, “Boqiy atirgullar”, “Mukammal insonni izlab” badiiy – publitsistik kitoblari, Sohibqiron shaxsi va saltanati tarixi haqidagi “Amir Temur o'gitlari”, “Buyuklik yo'li” kitoblari muallif ijodining eng yaxshi namunalari sifatida ko'pchilik tomonidan e'tirof etilgan va o'quvchilari tomonidan sevib o'qilmoqda.

A.Karim V.Cherevanskiyning “Amir Temur” tarixiy qissasi, Nobel mukofoti laureati J.Steynbekning “Javohir” qissasi, rus shoiri, taniqli xonanda V.Visots­kiyning “Taqiqlangan qo'shiqlar” she'riy to'plamining mohir tarjimoni sifatida ham o'quvchilariga yaxshi tanish.

Yaqinda A.Karimning “Oltin meros press” nashriyotida birdaniga uchta – “Basyo yurti mo''jizalari”, “Boqiy atirgullar”, “Idel mavjlari” kitob­lari bosilib chiqdi.

Taniqli jurnalist A.Karimning Yaponiyaga safari natijasida yuzaga kelgan “Basyo yurti mo''jizalari” kitobida kunchiqar yurt iqtisodiy mo''jizasi siri, yapon xal­qi ma'naviyatining o'ziga xos jihatlari, milliylik hamda demo­kratik an'analar uyg'unligiga erishish tajribasi, xalq og'zaki ijodi, adabiyoti, ommaviy axborot vositalari, O'zbekiston va Yaponiyaning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, fan, maorif, ta'lim, san'at, madaniyat, sport sohalaridagi o'zaro do'stona aloqalari, hamkorligi haqida hikoya qilingan.

Shuningdek, kitobda O'zbekiston bilan Yaponiya aloqalari tarixi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda kunchiqar mamlakatga tashrifidan keyin, bu ikki mamlakat o'rtasidagi turli sohalardagi aloqalar bo'yicha yangi sahifalar ochilgani haqida yangi, aniq fakt, raqamlar, qo'shimcha ma'lumotlar keltirilganki, bu omillar o'quvchi mushohadasini yanada boyitishga asos bo'ladi, deyish mumkin.

Kitobdan “Kunchiqar yurt mo''jizasi”, “Yaponlar sevgan O'zbekiston”, “Sadako turnalari”, “Ryoanji bog'ining hikmati”, “Yaponiya OAV”, “Urf va odat: yaponcha tabassum”, “Ikebana”, “Yaponiya she'riyati. Masuo Basyo”, “Yaponiya nasri. Akutagava Ryonoske” sarlavhalari ostidan joy olgan publitsistik maqolalarda yapon xalqining urf-odatlari, an'ana, madaniyatining o'ziga xos jihatlaridan tortib, she'riyati-yu adabiyoti haqida juda qiziqarli, batafsil, aytish lozimki, mahorat bilan yozilgan.

“Basyo yurti mo''jizalari” kitobi siyosatshunoslar, sharqshunos, yaponshunos mutaxassislar, shuning­dek, kunchiqar yurt tashqi va ichki siyosati, adabiyoti, san'ati bilan qiziquvchi yurtimiz ko'pming sonli kitobxonlariga manzur bo'ladi, deb ishonch bildirish mumkin.

Amirqul Karimning “Boqiy atirgullar” adabiy-badiiy badihasi joy olgan kitobchasida dunyo­dagi eng mo''tabar tuyg'ular — ezgulik, mehr-muhabbat, muruvvat, odob-axloq va beg'ubor samimiylik haqida yozilgan. Kitobchadagi hayo­tiy lav­halarda muallifning bolaligi haqidagi yorqin xotiralari — yo'llarini po'rsildoq tuproq qoplagan qishloq, keng dalalardagi rassom mo'yqalami ham ta'riflashga ojizlik qiladigan go'zal manzaralar, bo'lib o'tgan qiziq-qiziq voqea­lar sog'inch, ichki bir entikish bilan eslanadi va o'quvchi ham beixtiyor o'sha olis, uzoq-uzoqlarda qolib ketgan bolaligidagi beg'ubor, betashvish damlarga qaytadi, eslab, qo'msagan holda, og'ir xo'rsinib qo'yadi.

Badihada ota bilan bola munosabati, ularning bir-birlarini tushunib yetish yo'llari haqidagi ichki kechinmalar muallifning bolaligida ota-ona mehrini qanday tuyganligi, bu bebaho, lazzatli tuyg'uni tuyishga erishish yo'lida ota va onaning farzandiga mehr-muhabbati, hayotdagi o'rni, namuna bo'ladigan tomonlari, o'sha damlarda otasi bilan bo'lib o'tgan hayotiy voqealar bilan bog'liq tarz­da ko'rsatib berilgan.

Mazkur badihaning yoshlar, hatto ota-onalarga ham ibrat bo'ladigan tomonlari shundaki, inson xoh yosh, xoh katta yoshda bo'lsin, o'zaro tushunishga harakat qilib, bir-birining ko'ngliga yo'l topa bilishi kerak.

“Boqiy atirgullar” kitobchasining kirilcha va lotin alifbosida chop etilgani yanada ko'proq o'quvchilarning badihani hech bir moneliksiz o'qishlari uchun qulay bo'lganligini ta'kidlab o'tishni istardik.

“Turkiy xalqlar she'riyati” rukni ostida bosilib chiqqan “Idel mavjlari” kitobida Tatariston shoirlari she'rlaridan o'zbek tiliga o'girilgan tarjimalar jamlangan.

Tatar adiblari asarlari ilk tarjimonlari – Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Mirtemirlarning an'analarini davom ettirgan holda, Amir­qul Karim tatar xalq qo'shiqlaridan bir nechtasini, jumladan, buyuk tatar xalq shoiri Abdulla To'qayning “Ona tilim”, “Tug'ilgan ovulim”, “Bo'lmasa”, “Alla” she'rlarini tatar tilidan o'zbek tiliga mohirona o'girgan. Shuningdek, A.Karim yosh tatar adiblaridan Rifat Salexov, Yulduz Minullina, Elvira Xadiyeva, Liliya Gibadullinaning she'rlarini rus tilidan o'zbek tiliga tarjima qilgan va ushbu to'plamga kiritgan.

“Idel mavjlari” to'plamidan shoir Tohir Qahhorning tatar shoirlaridan Dardman, Zarif Bashariy, Zinnur Mansurov, Renat Xaris, Sibat Hakim, Miraziz Uqmasiy, Najib Dumaviy, Shayxzoda Babich, Nuriy Arslonovning she'r­larini tatar tilidan o'zbek tiliga qilgan tarjimalari ham joy olgan.

Ko'plab tatar mumtoz va yosh shoirlari ijodidan o'zbek tiliga tarjima qilinib, to'plam holiga keltirilgan she'riyat guldastasining o'quvchilarini o'ziga jalb qiladigan yana bir jihati, ya'ni to'plamda tatar shoirlarining she'rlari matni ona tillarida ham berilgan.

Bu she'rlar jamlanmasi katta auditoriyaga ega bo'lgan o'zbek kitobxonlari, shuningdek, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan ko'pming sonli qardosh tatar millati o'quvchilarining ham e'tirofiga sazovor bo'ladi, degan ishonch­damiz.

Yusuf Hamdamov,

O'zMU dotsenti.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + 6 =