Gujum

Tilla suvi yugurtirilgan kuz jilva qilganida Abdusamad otaning oyog'idagi bod osmonga chiqqan bulutdan darak berardi. Chol guvala devorga hassasini suyab yoz bo'yi tashqarida qolgan o'zi yasagan eski tancha ustida o'tirib o'ng tizzasini mushtlab-mushtlab qo'ydi:

“Tavba, tizzangga mushtlasang musht boshingga tegadigan zamon ham kelganga o'xshaydi, yoz chilladan o'tganga qish chilla g'ov deganlaricha bor ekan. Tavba! Tavba, nimalarni o'ylayapman o'zi… Omonat baribir omonatda, birovning haqi birovda qolgan emas, Egamning haqi ham,” dedi yiltillagan ko'zidan yosh sizib. Kun ko'rmagan bandaga kunchuvoqda ham kun yo'q ekan, zum o'tmay ayvonda kelin Manzura mushukni quvib qarg'ishlay ketdi.

— Ha egaginangni yegur! Biramas, tovuqning ikki oyog'ini yeb ketipti! Ur! Ur! Ana qochdi! Nima ko'zing ko'rmi nima balo?! — dedi u hozirgina ko'cha eshikdan sumkasini qo'liga olib hovliga kirib kelgan o'g'li Rustamni mushuk tomon undab.

Rustam esa bir uy burchagidan burilib ko'zdan g'oyib bo'lgan mushuk tomonga, bir ayvondagi loy supa ustiga qo'yilgan sirli temir lagandagi yangi so'yilgan tovuq go'shtiga qarab onasiga angraydi.

Manzura esa odatdagidek har ishda o'zini oqlashga gap topdi.

— Uyga kirib chiqqunimcha olibdi, yashshamagur!

Rustam sumkasini eski olacha gilam ustiga qo'yib onasining gapidan hayron,

— Tovuqnimi? – dedi.

— Baloni! Ko'rmayapsanmi, ana ikkita oyog'i yo'q!

Rustam oftobro'yada mudrab o'tirsa-da bunday paytlar sergak turishini bilib bobosi tomonga ham qarab qo'ydi.

— Turiptiku! — dedi u onasini battar tushunolmay.

— Qani?!

— Mana!

— O'zi tovuqni ko'rganmisan? — dedi Manzura shahd bilan sirli temir laganga uzana turib.

— O'zingiz ko'rganmisiz? – dedi Rustam bunaqa paytlar bir musht yeb qolishdan cho'chib, bir qadam orqaga tislanib.

Manzura o'g'li Rustamning gapidan o'zini birlab hovlida donlab yurgan tovuqlarga qarab qotib qoldi.

— Ha, ikkita oyog'i… men bo'lsa to'rtta deb xayolim ketganiga qara-ya.

— Ana! Tovuqni ko'rganmisan emish, o'zi hech tovuq to'rt oyoqlab yurganini o'zingiz ko'rganmisiz? — dedi Rustam bobosi tomonga o'zicha mag'rurona iljayib.

“Egang” degan gapga hamisha egalik  qiladigan Abdusamad ota bu gaplarni eshitib ko'zidagi yoshni artib kulib qo'ydi. Ammo kelin Manzura hali ham o'zini bosib ololmagandi.

— Qayoqqa? — dedi u bobosi tomon ketayotgan Rustamga qo'l siltab.

— Hozir bovam bilan…

— Qayt! Orqanga qayt deyapman! Palakat uyimizda ekan. Yangi tishi chiqqanmish cholning, — dedi u o'g'li Rustam o'zidan uzoqlashgani sayin ijirg'anib.

Salom-alikdan so'ng, Abdusamad ota nabirasi Rustamni yelkasiga urib “barakalla” degandek so'zsiz erkaladi. Tunov kungi eri bilan bo'lgan janjal-to'polondan so'ng ikkala o'g'li ham o'ziga bo'ysunmay kundan-kun aytganini qilmay qo'yayotgan Manzuraning battar jag'i ochildi:

— Qariga tish bitsa yoshning boshini yermish! Ha, tishginang o'zingning bo­shing­ni yegur!

Bola bo'p aytganingni qilmaydi bular! Hamma ishga o'zim, kelin emas kelisop bo'p ketdim bu ro'zg'orda? — dedi u alamini ochiq qolgan derazalardan olib.

Sharaqlab yopilgan deraza tomonga qarab olgan Rustam bobosining bo'ynigacha sal­qib tushgan ajinlariga razm solib,

— Yig'ladingizmi? — dedi.

— Yelvizak, yelvizakka bolam, — dedi Abdusamad ota go'shti qochgan iyaklarida hilpirab turgan ko'sa soqolini ko'rsatkich barmog'i bilan silab.

— Yoki tog'am gujumni kesganiga?

— Qo'yaver, tog'ang ham onang aytganiga… otangga qo'y desam o'sha kuni fe'lini ko'rsatib aytganimni qilmadi. Ichmaganmidi ishqilib?..

— Yo'q, — dedi Rustam bu safar chinu yolg'on otasini oqlab.

— Sen aytsang, ishonaman, — dedi Abdusamad ota gap orasi ilmoq tashlab nabirasiga rostgo'y bo'l degandek. Chuqur xo'rsiniqdan so'ng ota dardkashini topgandek.

— Momong ekkandi-da uni, — dedi.

Bu gapdan so'ng Rustamning ko'zlarida topishmoqning javobini topgandek shodlik uchqunlari chaqnadi.

— Bilaman, Robiya momomniki bo'lgan, bunisini, siz…

Abdusamad ota bosh irg'ab, — …O'shanda, bahor o'tib qolgandi, — deb gap boshladi, — Bu ikki gujum niholini barglab turgan yerida olib kelgandim. Xudoga tavakkal qilib ekkandik o'ziyam.

Urush tugab qahatchilikning qahri jondan o'tib turgan paytlar edi. Nimasini aytay, birga yashab ketish uchun dilingdagi emas, og'zingga tekkani hal qiladigan zamonlar edi. Momong ham bu niholni nimaga juft olib kelganimni sezdimi, “agar shu ikkki gujum tutib ketsa yashab ketarmiz…” dedi.

Odamzot peshonasida borini ko'raverar ekan. Sovxoz bo'ldi, kolxoz bo'ldi, pudrat bo'ldi, baribir dehqonning oti dehqon ekan. Shukur qilmasam Qahhorning qahri keladi, ketmonim bilan peshonamiz birga yarqiradi. Suvchi bo'lganim bilan halol yashadim. Odamning devori past bo'lgani bilan g'ururi baland bo'lsin ekan.

…Avval, to'rt ammang tug'ildi, otang Tilovberdidan oldin Xudoyberdi degan ulimam boridi. U chennadi. Polvon bola edi o'ziyam. Kampirlar bo'yni pishib, bichilib qolganini ko'rib “bo'g'izlov” bo'lgan deyishdi. Momong ikkovimiz uni bozorga qassobning oldiga olib bordik. Sharti shu ekan, qassob pichog'ini teskari qilib bolaning bo'g'ziga bir ikki olib bordi. Shusiz ham paxta bahona elda “bo'g'izlov” ketayotgan mahalda shu ham boshimizda bor ekan. Qassobga narzini berib uyga qaytgan kunimiz go'dak bechora battar emmay qo'ydi. Duxtir degani ham topilmas zamonlar edi, tabibga olib bordik. Tabib, “toza kesak sepmagansiz bolaga, qoni buzilgan” dedi. Hozir duxtirlar buni inpeksi deydi. Shu, inpeksi tushdimi, ishqilib… momongning bo'lari bo'ldi… Xudo­yim marhamatini darig' tutmadi, ikki yil o'tib otang tug'ildi.

Bu katta bo'p o'choqdan chala yongan cho'pni olib ham chizadigan bo'ldi. Men polvon bo'ladi deb umid qilgandim. “Rassom bo'laman, qishlog'imizni chizish uchun ham shaharda o'qishim kerak”, dedi. Momong o'rtaga tushdi, bo'lmasa… qarimay turib soqol qo'ydi, soch qo'ydi, meni ko'sa otim minan yer qildi. Bu shahar ko'rdi-da, avval “otish”ni, keyin kun bo'yi cho'zilib yotishni o'rgandi. Qo'li ketmon, o'roq ko'rmadi. Oxiri maktabda rasm mallim bo'ldi. Momongning ko'ngli uchun ayardim.

Rustam bobosining bu hikoyasini ko'p eshitgan bo'lsa ham indamadi. Uy ichi jimib qolganini payqab, bir ko'zini qisib yana gujum tomonga qaradi.

— Bunisi, siz ekaningizni bilardim, — dedi u bobosining suyanib yuradigan qayrag'och hassasiga qarab olib. Chunki aso kesilgan qayrag'och shoxidan yo'nib yasalgandi.

— Ha, bo'yi balandroq bo'lgani uchun momong shunday derdi. Uyam menga o'xshab qartayib qoldi. Mevasi bo'lmasa ham soyasi bor, nima deding? Oti gujum qayrag'och bu — qari og'och.

— Ha, buni otam ham bilarkan. O'sha kuni eshitdingizmi, onamga: “Ukang shunaqa daraxt kesadigan bo'lib qolgan bo'lsa avval mening oldimga kelsin! Otamni chopib ko'ringlar-chi, tinch qo'yinglar, yetar!” dedi.

— Momong o'rgatgan ungayam. Otang bolaligida bu ikki gujumni otagujum, onagujum deb katta bo'lgan. Bir rasmida chizgan ham ekan. Momong yo'l oldi bir gujumga urchug'ini tang'isa, biriga katta ro'molini  tashlab yo'l tadorigini ko'rardi.

Shu yerda Abdusamad otaning gapi bo'g'zida chala qoldi.

— Rustam! Rustam deyapman! Kallang quyilib ham bitmading! Kallangni suyiltirib yuboradi bu chol! Bo'l, o'choq boshiga o'tin olib kel! — dedi Manzura bu safar eshikni oyog'i bilan turtib yopib ayvonda qaqqaygancha.

Abdusamad ota nabirasi Rustamga “boraqol” deb boshi bilan imo qilib yana tizasini changalladi. Negadir ko'ngli behuzur bo'lib dildirab hovlidagi narsalarga bir-bir razm soldi:

Arava, — qo'shotar zambarakdek yulduzni ko'zlab hangu-mang, bir oyoqsiz hech qayga yurolmasdi. Hovli adog'iga ko'milgan yakka mix uzilgan arqonni beliga xamoyil qilib taqqan qizdek turar, qolgan bo'lsa unda ham shu bir quloch arqon bilan Abdusamat otaning Qorabayir otidan ikki tolim qora yol qolgandi. Devorga suyab qo'yilgan tishi singan omoch esa negadir shu lahzada Abdusamad otaning ichini toshloq yerni ag'dargandek ag'dara boshladi, yana o'yga berildi:

“Ikkovimiz ham tishsiz qoldik. Kimdan eshitgan bilmayman bu kelin, eti qochgan iyagimni tish deb qarg'aydi. Kelinning dastidan uyga qadam qo'yolmay qolgan mushtipar qizlar, birovning xasmi bo'lsa… Bolalarimga non chaynab bergan tishlarim qarg'aldi. Azoblarni tishlagan, ro'zg'or deb, bola deb sitamlardan singan, ichim to'kilsa to'kilgan tishilarim qarg'aldi. Endi bu oyoqning og'rig'ini tishlarga tish qani, o'zing ketding, gujum ketdi, onasi…”

Zum o'tmay Abdusamad otaning bo'g'ziga nimadir tiqilgandek bo'ldi. Yetti qadam narida kesilgan gujum o'rnida ko'ziga ko'ringan ayoli Robiya momo kulib o'ziga imlab turganini ko'rib, — Allohu akbar! — dedi.

Otagujumning shoxlari orasidan chumchuqlar pir etib uchdi. Barglari qo'ng'ir rangga kirib qolgan daraxtning soyasiga ishorat berib bir barg to'kildi.

Kelin Manzura esa chapini dunyodan yig'ishtirib, o'ng oyog'i oldinga cho'zilgan, qo'lini tizzasiga qo'yib guvala devor tutgan boshi xiyol egilgan  Abdusamad otani pinakka ketgan deya o'ylab hamon qarg'ishlardi…

Dilorom Dilxoh

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × two =