Muhim va hayotiy vazifalar

Mamlakatimiz Prezidentining Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasi menda ham katta taassurot qoldirdi. Saylov Kodeksi kuchga kirgandan so'ng saylangan parlament, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi marta tasdiqlangan Vazirlar Mahkamasi a'zolari oldida qilingan Murojaatnoma ilk marotaba televideniening ko'plab kanallarida to'g'ridan-to'g'ri uzatildi.

Murojaatnomada 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalarda amalga oshirilishi zarur bo'lgan vazifalar xususida so'z bordi. Eng muhimi, davlatimiz rahbari barcha davlat hokimiyati organlari oldida turgan dolzarb va muhim vazifalarga to'xtalib, ularni hal etish mexanizmini ko'rsatib berdilar.

Bugungi kunda dunyoda eng rivojlangan davlatlar ham faqat ilm-ma'rifat or­­qaligina taraqqiyot­ga eri­­­shayotgani hech kimga sir emas. Shu nuqtai nazardan, bolalarni tarbiyalashdan iqtisodiyotni rivojlantirishga qadar bo'lgan barcha islohotlarda ilm-fan yutuqlariga tayanilsagina, yuksak maqsadlarga erishish mumkinligini hayotning o'zi ko'rsatib turibdi. Turli  sohalardagi fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun grant mab­lag'lar ajratish mexanizmini takomillashtirish hamda ilm-fan yutuqlarining elektron maydonini yaratish, zamonaviy ishlanmalar bazasini shakllantirish muhim vazifalar sifatida belgilandi.

Respublikamizda axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish sohasida tizimli ishlar qilinmoqda. Lekin shiddat bilan rivojlanayotgan davr­­da zamon bilan hamnafas bo'lish uchun doimiy izlanish, yangilikka intilish va innovatsion g'oyalarni qo'llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega. Bu avvalambor, iqtisodiyotimizni yanada taraqqiy ettirish, uning barcha sohalariga axborot texnolo­giyalarini joriy etish va shu asosida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni taqozo etadi.

Prezidentimiz ta'­kidlab o'tkanlaridek, uning uchun yosh kadrlarni tar­biyalash, “Bir million das­turchi” loyihasini amalga oshirish, davlat boshqaruv tizimida zamonaviy usullarni qo'llash byurokratik boshqaruvdan butkul qutilishga xizmat qiladi.

Respublikamiz hududlarida “IT park”larning tashkil etilishi kelajakda barcha sohalarda “raqamli asosda” davlat xizmatlari ko'rsatishidan darak beradi. Shu bilan birga, dunyo bozorlarida O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni, shu jumladan, dasturiy mahsulotlarni elektron maydonlar orqali sotish imkoniyatini yaratadi hamda  xizmat ko'rsatish eksportining o'sishiga olib kelishi shubhasizdir.

Xususan, “O'zagrosug'urta” AJ tizimida axborot texnologiyalarni rivojlantirish, aholimizga, birinchi nav­batda, yoshlarga, tadbirkor va fermerlarimizga elektron xizmat ko'rsatish masalasiga alohida e'tibor berilmoqda. Misol uchun, 2020 yilda Jamiyatimiz oldida turgan muhim vazifalar qatoriga sug'urta xizmatlarini elektron asosda amalga oshirish, barcha hisobotlarni qog'oz shaklidan voz kechib, ularni elektron dastur asosida shakllantirish va umumlashtirish, xalqaro standartlar asosida buxgalteriya va moliya hisobotlariga o'tish masalalari shular jumlasidandir.

O'ylaymizki, Murojaatnomada ta'kidlangan muhim vazifalar, xususan, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish, xizmat ko'rsatish sifatini oshirish hamda yangi xalqaro bozorlar topish va eksportni ko'paytirish kabi muhim ishlarni amalga oshirishda “O'zagrosug'urta” AJ ham o'z hissasini qo'shadi.

Sarvar Otamuratov,

“O'zagrosug'urta” AJ

 boshqaruvi raisi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + 4 =