Ochiq joyga tushar quyosh nuri ham

Bugun ommaviy axborot vositalari – radio va televidenie, bosma va internet nashrlarini  kuzatgan kishi bir narsaga amin bo'ladi. Mamlakatimizda kechayotgan jarayonlar haqida odamlarimiz emin-erkin o'z fikrlarini bildirishmoqda.  Bir masalaga turlicha yondashuvlar ko'zga tashlanayotir. Ba'zida oshkora muloqotlar turli bahs va munozaralarga ham sabab bo'layapti.  So'z va matbuot erkinligi shaxsiy munosabatlar doirasidan ko'tarilib,  tobora ijtimoiy ahamiyat kasb etmoqda.

Bunga bosh sabab, jamoatchilik uch yil muqaddam Prezident taqdim etgan Harakatlar strategiyasidan  maqsad — qog'ozda emas, amalda hayotni yaxshilash, odamlarni rozi qilish, mamlakatni obod etish, o'zbek xalqi va jonajon O'zbekistonimizning butun dunyoda  obro'-e'tiborini yuksaltirish ekanini o'z ko'zlari bilan ko'rib, o'z hayotlari misolida his etmoqdalar.

Ijtimoiy siyosiy  hayotda har qanday  g'oya ahamiyati, birinchi galda, uning xalq manfaatlariga nechog'li muvofiq ekaniga ko'ra belgilanadi. O'tgan  hafta, shu ma'noda, xalq manfaatiga daxldor ko'p­lab masalalar hal etilgan,  istiqbol ahamiyatiga molik ko'p­lab g'oyalar ilgari surilgan yetti kunlik,  davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, tarixiy hafta bo'ldi. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga  Murojaatnomasi –  shu tarixiy haftaning gultoji, istiqbolimizning dasturi. Barcha sohalarda ta­­raq­­qiyo­timiz kelajagi  bel­­gilab berilgan  Murojaatnoma  bamisoli jo'shqin dilnoma kabi yuraklarni ijobiy ma'noda larzaga soldi, to'l­­qinlantirib yubor­di, ishimiz­da ishtiyoq  ishonch va rag'bat uyg'otdi.

Chunki bugun hayotda  bo'layotgan yangilanishlar jarayonini o'z ko'zimiz bilan ko'rib turibmiz. Tong yorug'ida pana-pastqamlardan soya qochganidek, jamiyatdan qo'rquv, hadik va yolg'on chekinmoqda. To'g'ri, haqqoniy va rost so'zni aytishga tilimiz kelishib qolgani rost. Kuni kecha paxtakor tumanlardan birida yashaydigan eski tanishim qo'ng'iroq qilib qoldi.

Paxta va g'allaga davlat buyurtmasi bekor qilinadigan bo'ldi. Uning tagidagi gapni hammayam tushunavermasligi mumkin, deya so'zlay ketdi u haya­jonlanib. Shuncha yil berib kelingan buyurtma nega bekor qilinayapti. Davlatga paxta kerak emasmi? G'alla kerak emasmi? Kerak. Davlatga endi yolg'on kerak emas. Buyurtmani bajaraman,  deb qo'shib yozish ko'rinishidagi ko'zbo'yamachilik kerak emas. Rostning iloji bo'lmagan  joyda yolg'on aralashadi.  Albatta, paxta kerak,  lekin  hosil ortidagi ishlar ham paxtaning o'ziday, dehqonning ko'ngliday oq bo'lsin. G'allayam  albatta kerak. Lekin hosil yig'ib olingandan keyin dehqonning rizqi qiyilib qolmasin. Buyurtma hisobiga omboridagi qolgan-qutgan don ham tashib ketilmasin. Paxtayam, g'allayam  dehqonga azob-iztirob emas, daromad keltirsin, rag'bat keltirsin. Mana qarang, bir yangi fikr, yangi g'oya zamirida qancha ezgu o'y, toza niyat, umid va ishonch mujassam.

Shuncha gapni soha tufayli  non yeb yurganlar bilmas edilarmi? Bilar edilar. Lekin ayta olmas edilar. Oshkoralik yo'q edi, shaffoflik yo'q edi.  Eshiklar yopiq edi. O'zimizni, bir-birimizni  aldab keldik.  Endiyam aldayversak, zamon aravasining orqasida qolib ketish mayliku-ya, katta karvondan uzilib qolish hech gap emas. Endilikda   “…demokratik islohotlar yo'li – biz uchun yakka-yu yagona va eng to'g'ri yo'ldir”.  Barcha ishlarimizni butun xalqimiz bilan birgalikda hal etamiz. “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” bo'ladi. “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”,  degan oltin qoidaga izchil amal qilamiz. Xalq qabulxonalari, virtual qabulxonalar, “Mening fikrim” portali eshiklari muloqot, taklif va tashabbus, tanqidiy mulohaza uchun hamisha ochiq turadi.  Orqaga yo'l yo'q, oldinda esa –  xalq tanlagan yo'l.

Yaqin-yaqin vaqtlardayam davlat idoralari rahbarlarining gazetalarda chiqish qilishi, televidenieda intervyu berishi favqulodda bir holat, uyam bo'lsa,  uzun va zerikarli,  faqat yutuqlarni ifoda etuvchi raqamlar qalashtirib tashlangan hisobotdan iborat bo'lar edi. Endilikda ular voqea qizig'i ustida fikr bildirishmoqda, o'z kamchiliklarini aytishdan cho'chimayaptilar, jurnalistlardan qochayotganlari yo'q. Real holatdan kelib chiqib, sohaga oid zarur takliflarni ilgari surmoqdalar.

Tanqidiy-tahliliy munosabat jamiyat poklanishiga xizmat qilishi lozim. Bu — taraqqiyotimiz yo'lida og'ir to'g'anoq  bo'layotgan  korrupsiyaga qarshi kurashda, ayniqsa, muhim. Murojaatda ta'kidlanganidek, faqat “halollik vaksinasi”ni qo'llash orqali bu illatning oldini olish mumkin.  “Halollik vaksinasi”– bu toza imon, bu pok vijdon. Bu –  shaffoflik,  oshkoralik. Bu –  so'zi va ishi birlik. Bu –  so'z va matbuot erkinligi.

Murojaatnomada davlatimiz rahbari so'z erkinligini ta'minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi va ijod qilishlari uchun huquqiy asoslar va keng imkoniyatlar yaratilganiga alohida e'tibor qaratdi.  Bundan buyon ham jurnalistlarimiz “to'rtinchi hokimiyat” vakillari sifatida erkin va xolis faoliyat yuritishlari, islohotlar jarayonini mamlakatimiz ichida va undan tashqarida keng targ'ib etishlari  uchun  barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi.

“Joylardagi muammo va kamchiliklarni ro'y-rost ochib berish, ularni haqqoniy yoritishlarida men professional jurnalistlarni hamisha va har tomonlama qo'llab-quvvatlashga tayyorman”, – dedi davlatimiz rahbari.

Bu o'rinda men  “professional jurnalistlar” iborasiga urg'u berishni istar edim. To'g'risi, yaqin vaqtlarda ham fuqarolik jurnalistikasi de­yilsa,  bu ommani chalg'itish uchun to'qib chiqarilgan narsa, deya baholash hech gap emas edi. Bugun fuqarolik jurnalistikasi degan ibora erish tuyulayotgani yo'q. Faol fuqaro sifatida blogerlar ijtimoiy hayotda o'z fikrlari bilan  ishtirok etmoqdalar. Xatolar uchrab turibdi. Kamchiliklar ham.  Ammo befarqlik yo'q.  Jamiyatni karaxt qilib kelgan,  “Menga nima?”  degan loqaydlik yo'q.  Albatta,  har qanday sohani obod etguvchilar – bular o'z ishining ustalari. Professionallar. Bilib aytilgan gap ish bitirar, deydi dono xalqimiz. Bilib, o'rniga qo'yib aytilgan gap og'ir botmaydi. O'ylantiradi. Fikrlashga da'vat etadi. Nafaqat tanqidga munosabatda, balki tanqid qilishda ham madaniyat yetishmayotganidan ko'z yumib bo'lmaydi. Professional yondashuv, hech shubhasiz, jurnalistlarimiz qalamini yanada ta'sirchan qiladi, hayotiy muammolarni xolis va haqqoniy yoritishda bosh omil bo'ladi.

Jurnalistlarimiz Prezidentimiz tomonidan Murojaatnomada belgilab berilgan barcha ustuvor maqsad va vazifalarni to'liq qo'llab-quvvatlaydilar. Uyushmamiz ularning islohotlar jarayonini keng yoritish, mavjud muammolarga jamoatchilik e'tiborini qaratish borasidagi ijodiy izlanishlarini turli tanlovlar misolida rag'batlantirish, faxriylarning hol-ahvolidan xabar olish, yoshlarni qo'llab-quvvatlash orqali bir maqsad yo'lida birlashtirish borasidagi ishlarni yillik reja asosida izchil amalga oshirib boradi.

Xususan,  O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taklifiga ko'ra,  mamlakatimizning xalqaro imijini  yuksaltirish,  turli mamlakatlarda respublikamiz hayotini   xolis va haqqoniy yoritayotgan jurnalistlarni rag'batlantirish maqsadida “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning  “Chet ellik jurnalistning O'zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” rag'batlantiruvchi  nomina­siyasi  asosiy mukofotga aylantirilmoqda.

Shuningdek,  barcha viloyatlarda  o'tkazilishi rejalashtirilayotgan “Jurnalist va hayot” mediaturlari, hech shubhasiz,  jurnalistlarimizni xalq hayotiga yanada yaqinlashtiradi. Islohotlar sur'ati,  ko'lami xususida keng jamoatchilikni xabardor etishda muhim o'rin tutadi.

Yil davomida “O'zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi yo'llanmasi bilan”  turli omma­viy axborot vositalarida xizmat qilayotgan jurnalistlarni “Do'stlar klubi” hisobidan ijodiy xizmat safarlariga yuborishni doimiy yo'lga qo'yamiz. Dolzarb va muammoli mavzularni yoritishga qaratilgan mazkur loyiha, avvalo, jurnalistlarimiz uchun ijodiy malaka, maktab vazifasini o'taydi. Shu bilan birga, joylarda muammolar yechimiga jamoatchilik e'tiborini qaratish va hal etishga ko'mak beradi, jamiyatimizda ochiqlik va shaffoflik yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi:

Ming yillardan kelar bu or, bu g'urur,

Bobolaring ichgan quyoshga qasam.

Zulmatdan yuz o'gir, kunbetkayda tur,

Ochiq joyga tushar quyosh nuri ham!

         Sa'dulla  Hakimov,

         O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + eighteen =