Yangilanayotgan yurt bolalari

Aytishlaricha, bola 7 yoshgacha oladigan ta'lim-tarbiya uning keyingi butun hayoti davomida erishiladigan barcha bosqichlarning 70-80 foizini tashkil etar ekan.

Demak, inson hayotining eng asosiy poydevori har jihatdan ana shu vaqtda qo'yiladi. Shuning uchun ham yurtimizda maktabgacha ta'lim-tarbiya masalasiga keyingi uch yarim yil davomida alohida e'tibor qaratilayotgani bejiz emas.

Yaxshi bilamizki, uzoq yillar davomida maktabgacha ta'lim muassasalari e'tibordan chetda qolib ketgan edi. Ayniqsa, qishloq va mahallalarimizda bog'chalar butunlay “unutilgan”, hatto, tuman markazlarida bitta-ikkita qolmasa, bog'chalar tugatilib ketgandi.

Shu sabab o'tgan yigirma besh yil davomida necha yuzlab bog'chalar joylashgan binolar buzilib, borlari ham har xil do'konlaru turfa korxonalarga aylantirildi.

Natijada, onalarimiz bog'cha degan atamani deyarli esdan chiqarishgacha borgandi.

Zero, yangilanayotgan O'zbekiston yil sayin jahon hamjamiyatidan munosib o'rin egallab, milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil qadamlab bormoqda. Yurtimizda barcha sohalarda bo'lgani kabi maktabgacha ta'lim tizimiga ham alohida e'tibor qaratilayotgani — kelajak avlodni barkamol ruhda tarbiyalashga yuksak e'tibordan dalolatdir.

Hukumatimiz tomonidan  maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirish dasturi hayotga tatbiq etildi. Vatanimizning  ertangi kuni va istiqbolini belgilovchi yosh avlodni kamolga yetkazish borasida bizdan o'z sohamizda halol va sidqidildan mehnat qilishimizni talab etadi. Bugungi kunda bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olishni kengaytirish, to'laqonli ta'lim-tarbiya olishlari uchun shart-sharoitlar yaratish oldimizga qo'yilgan eng muhim vazifalardan biridir.

Tumanimizda 35 ta mahalla fuqarolar yig'ini mavjud bo'lib, ularda maktabgacha ta'lim yoshidagi bolalar 12787 nafarni tashkil etadi. O'tgan yil yakunida maktabgacha yoshdagi bolalarning 50,2 foizi bog'chalarga jalb etilgan bo'lsa, shundan davlat tashkilotiga 3894 nafar, xususiy davlat-sherikchilik maktabgacha ta'lim muassasasiga 375 nafar, nodavlat bog'chalarga 114 nafar hamda oilaviy bog'chalarga 1700 nafar tarbiyalanuvchilar jalb qilindi.

Tuman hokimligi sa'y-harakatlari bilan tizimda qurilish-bunyodkorlik  ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Maktabgacha ta'lim muassasalari “Obod qishloq” va “Investitsiya das­tur”lari bo'yicha  loyihalashtirilgan va mukammal ta'mirdan chiqarilgan muassasalarning texnik bazalari yaxshilanib, tarbiyachi-pedagoglarning bolalarga yetarlicha e'tibor berishlari uchun kerakli jihozlar va boshqa barcha sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, kuni kecha Turon mahalla fuqarolar yig'iniga qarashli Arpa qishlog'ida yangidan qurilgan yana bir 50 o'ringa mo'ljallangan xususiy davlat-sherikchiligidagi maktabgacha ta'lim muassasa ish faoliyatini boshladi.

Bugungi kunda tumanimizda 27 ta davlat bog'chasi, 7 ta davlat xususiy sherikchiligi asosidagi muassasa, 1 ta nodavlat va 70 ta oilaviy nodav­lat maktabgacha ta'lim tashkiloti, demak jami bo'lib 105 ta muassasa bolajonlarimizni bag'riga olgan. Joriy yilda  esa yana 1 ta 75 o'rinli davlat bog'chasi, 2 ta 150 o'rinli nodavlat bog'cha, 2 ta 200 o'rinli davlat xususiy sherikchiligi asosida, 45 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyati yo'lga qo'yilishi rejalashtirilgan.

Kadrlar salohiyatini oshirish, ularning zamon talablari darajasida fao­liyat yuritishiga, innovatsion g'oya va texnologiyalarni joriy etgan holda, yo'naltirilgan ilmiy-amaliy seminar-treninglar muntazam ravishda o'tkazib kelinmoqda. Pedagog kadrlarimizning 57 foizi oliy ma'lumotga ega ekanligi ham sohaga bo'lgan e'tibor yil sayin kuchayib borayotganini bildiradi.

Tizimni yanada barqarorlashtirishda kelajakda bajarishimiz lozim bo'lgan ustuvor vazifalarni belgilab olganmiz. Ta'lim tizimining yaxlit-uzluksiz bo'g'ini sifatida maktabgacha ta'limni takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali pedagog-kadrlar bilan ta'minlash, bolalarimizning ma'naviy-es­tetikasini milliy an'analar ruhida yuksaltirish, zamonaviy ta'lim-tarbiya jarayonida esa ularning maktabga tayyorgarlik darajasini tubdan oshirish bosh maqsadimiz hisoblanadi.

Baxtigul Asrorova,

Oqdaryo tuman maktabgacha ta'lim bo'limi mudiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 8 =