Bobur mirzo qanday inson bo'lgan?

14 fevral — Zahiriddin Muhammad Bobur tug'ilgan kun

Qayon ketmoqdasiz…

Boshimni olib, ey Bobur, ayoq etgancha ketgaymen.

Zahiriddin Muhammad Bobur.

Kimga dunyo, kimga ko'ngil shoh ekan,

Dunyo deganlari alam, oh ekan,

Odamga umidi do'st, hamroh ekan,

Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?

Iymonni dilida tug'day tutgan zot,

Orini tog'lardan baland etgan zot,

Otning ustida ham ash'or bitgan zot,

Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?

Hayot boshdan oyoq bepoyon tilsim,

Goh og'a sotishin kim o'ylab bilsin,

Qalbi qulf kaslarga Xudo bas kelsin,

Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?

Shu chog' yolg'iz qo'ygin habibi hamdam,

Ko'ngil zor qaqshasa kim qilgay motam,

Gohida o'zidan bezarkan odam,

Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?

Siz birlan bir mumtoz mahallar ketdi,

Ishq bunyod etgan Tojmahallar ketdi,

Humoyun, Komronu Akbarlar ketdi,

Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?

Etar bas, ko'nglimga ketgayman men ham,

Bir go'zal olamga yetgayman men ham,

Shu yurt deb,

Shu el deb o'tgayman men ham,

Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?

G'ayrat Majid

“Hijron aro yod etib, meni shod etting” deya lutf etadi Mirzo Bobur ruboiylaridan birida. Chindan ham, ulug' ajdodlarni yod etish, ularning benazir ilmiy va badiiy merosini o'rganish, hayot yo'llarini tadqiq qilish avlodlarning burchidir. Aslida Vatani tarixi bilan qiziqmaydigan inson bo'lmasa kerak. Ayniqsa, buyuk shaxslarning hayoti va insoniy xarakteri qiziq va ibrat olgulikdir.

Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsi haqida gapirganda, avvalo, uning Allohning bir bandasi, inson sifatida ko'rgan kechirganlari, mustahkam imperiya qurish mahorati va mashaqqatlari, otalik mehri, qarindosh­lik an'analari, xarakteridagi tantilik va mardlik kabi sifatlarini o'rganish va o'rgatish muhim ahamiyat kasb etadi.

E'tirof etish kerak: boburshunoslik ilmida zahmatkash olimlarimiz tomonidan ko'plab ilmiy tadqiqotlar, xulosa va takliflar ilgari surilgan, hamon izlanishlar davom etmoqda. Ammo tadqiqotchilar davrasidan tashqaridagi odamlar, oddiy xalqimiz bu jarayondan bexabarligi, ilmiy yangiliklarning omma­bop uslubda taqdim etilmasligi bu boradigi kamchiligimizdir balki. Zotan, bu kuchli shaxs ko'p jihatdan bugungi avlodlarga o'rnak bo'la olishini har kim, ayniqsa, yosh avlod bilishi, ang­lashi foydadan xoli bo'lmaydi.

Birinchi galda Mirzo Boburning o'ta rostgo'y inson bo'lgani tahsinga loyiq. «Boburnoma»ni varaqlar ekanmiz, uning oq qog'oz qarshisida o'zidan farishta yasab olmagani, bor gunohu savobini ro'y-rost yozganiga amin bo'lamiz. U goh gullarning turi-yu rangini sanayotgan biolog, goh harbiy san'atdan saboq berayotgan sarkarda, goh so'zni, she'rni uvol qilmaslikni o'rgatayotgan adabiyotshunos va hatto kasalliklar tashxisiyu davo yo'llari haqida fikr bildirayotgan hakim timsolida gavdalanadi.

Nafaqat shoh va shoir, balki qomusiy olim deya e'tirof etilgan Mirzo Bobur asarlari hanuz G'arb mamlakatlarida ham sevib o'qilayotgani, qayta-qayta tarjima va yangi nashrlar qilinayotganining bosh sababi ham mana shu rostgo'ylikda bo'lsa kerak. Muallif hatto o'z kamchiliklarini-da xaspo'shlamay aytaveradi. U zamondoshlarini va biz avlodlarini aldamagani uchun ham hurmatga loyiq.

Tarixnavis G'iyosiddin Xondamirning «Habib us-siyar» asarida Mirzo Boburning tug'ilgan vaqti va bolaligiga doir shunday tas­virlar bor: «Mirzo Umarshayx ibn Mirzo Abu Said ibn Mirzo Sulton Muhammad ibn Mirzo Mironshoh ibn jahon oluvchi sohibqironi Amir Temur Ko'ragonga atolar baxsh etuvchi hazrat xotini Nigorxonim binta Yunusxonda bir o'g'il karomat qildikim, ham bolalik ayyomi boshidan davlat va iqbol nurlari holi jamolidin yaltirar, ham o'sib-ulg'ayish zamoni avvalidan shavkat va istiqlol alomati baxt kelajakli manglayidan bilinib turardi».

Bola boshidan deganlaridek, tarixchi Xondamirning ma'lumot berishicha, Mirzo Bobur bolaligidanoq «davlat va iqbol nurlari holi jamolidin yaltirar», keyinchalik tarbiyatu ilm ko'ra boshlagach «o'sib-ulg'ayish zamoni avvalidan shavkat va istiqlol alomati baxt kelajakli mangla­yidan bilinib turardi». Muhammad Haydarning «Tarixi Rashidiy» asaridan esa bu ulug' bobomizning ismlari ham shunchaki qo'yilmaganini bilish mumkin. Ya'ni Zahiriddin Muhammad ismi Xo'ja Ahror Valiy tomonidan qo'yilgan ekan. Shu o'rinda eslatib o'taylik: davrining kitob ko'rgan, ma'rifatli insonlari bilan bamaslahat farzandlariga ism qo'yish ota-bobolarimizning yaxshi an'anasi bo'lgan. Shuni qayta yodga olish ham bugunning zarur ehtiyojidir. Zotan, ismning jismga, ruhga ko'chishi bor gap.

Temuriylardagi ma'rifat ahliga hurmat va homiylik xislati Mirzo Bobur xarakterida ham muhim o'rin tutgan. Birgina misol: u bir xastalikka uchragach, Alloh ko'ng­liga «Volidiya»ni nazmiy tarjima qilish niyatini soladi. Bu haqda uning o'zi shunday yozadi: «Seshanba kechasi safar oyining yigirma yettisida hazrat Xoja Ubaydullohning «Volidiya» risolasini nazm qilmoq xotirimg'a kechti. Hazratning ruhig'a iltijo qilib, ko'nglumga kechurdimkim, agar bu manzum ul hazratning maqbuli bo'lur, xud nechukkim, sohibi «Qasidai burda»ning qasidasi maqbul tushub, o'zi aflij marazidan xalos bo'ldi, men dog'i bu orizadin qutulub, nazmimning qabulig'a dalile bo'lg'usidur». Allohning karomatini qarangki, tarjimadan so'ng Bobur mirzo jismida kasallikdan asar ham qolmaydi. Podshoh mana shu tarjimasidan nusxa va unga qo'shib bir quyma oltin, bitta qit'a Movarounnahrga o'sha davr­­da Naqshbandiya tariqati peshvosi bo'lgan Maxdumi A'zamga yuborgani tarixiy manbalarda qayd etilgan. Maxdumi A'zam hazrat unga javoban «Boburiya» asarini yozib, shoh va shoirga tuhfa qilgan ekan.

Ahli ilm va ahli adabiyotga Zahiriddin Muhammad Boburning ixlosu homiyligi haqida juda ko'p dalillar keltirish mumkin.

Mirzo Boburdan insoniy ibrat olishga arziydigan yana bir jihat uning qarindosh-­urug' ayollar va umuman xotin-qizlarga mehru muhab­batli, samimiy munosabatidir. Bu haqda rostgo'y otaning haqso'z qizi Gulbadanbegimning «Humoyunnoma»sida bir qancha hikoyalar bor. Jumladan, u shunday yozadi: «Podshoh hazratlari Agra shahrida to'rt yil turdilar. Har juma kuni ammalarini ko'rgani borar edilar. Bir kun havo nihoyatda issiq edi, onam hazratlari: «Bugun havo nihoyatda issiq, agar juma kuni ko'rgani bormasangiz nima bo'ladi? Begimlar bundan xafa bo'lmasalar kerak», deb so'radilar. Podshoh onamga mana bunday javob berdilar: «Mohim, sizdan bu gapning chiqishi taajjubdir. Hazrat Abu Said mirzoning qizlari o'z ota va birodarlaridan judo bo'lib, bu yerga kelgan, agar men ularning ko'nglini olmasam, unda nima bo'ladi?»

Mana shu misolning o'ziyoq Zahiriddin Muhammadning naqadar olijanob qalb egasi ekanini isbotlaydi. Bir jiyan sifatida otasining jigarlari — ammalari holidan har hafta, muborak juma kunida hol-ahvol so'rashi bugungi kun insonlari uchun ham go'zal ibratdir. Ba'zan vaqt masalasi, ish ko'pligini pesh qilib, aslida oqibatsizlik sabab bizni sog'inadigan, qo'msaydigan insonlarimizning holidan xabar olmaymiz. Bu tarixiy hikoya ham oqibat haqida go'zal namunadir.

Yana bir tarixiy dalil: 1506-1507 yillarda Mirzo Bobur Hirotga ketganidan foydalangan Mirzo Muhammad Husayn qo'zg'alon ko'tarib, shaharni qamal qilib, Kobul taxtini egallagan. Bobur mirzo bu joyni qayta qo'lga kiritgach, Mirzo Muhammadni xoinligiga qaramay, kichik xolasi Xo'bnigorxonimning eri – pochchasi bo'lgani uchungina kechirgan, nafaqat kechirgan, balki ehtirom ko'rsatgan ekan. Bu haqda Gulbadanbegim shunday yozadi: «…xolalarining xotirini qilib, Mirzo Muhammad Husaynning gunohini kechdilar. Xolalarining ko'nglida bo'lib o'tgan kulfat g'ubori qolmasin deb ilgarigidan ortiqroq hurmat qildilar». Guvohi bo'lganimizdek, xolasining ko'nglini og'ritmaslik g'amini yegan Bobur bu borada ham ko'pchiligimizga ibrat desak, xato bo'lmas.

Gulbadanbegim onasi Mohimbegim va o'ziga nisbatan podshoh otasining mehrini ham chiroyli tasvirlagan. Chunonchi, u o'zining Qobuldan Hindistonga kelish voqeasini alohida ishtiyoq bilan bayon etadi. Ular Agraga bazm ustiga kelishadi. Birozdan so'ng Gulbadanbegim otasining oldiga borib ta'zim qiladi, shunda Bobur mirzo undan hol-ahvol so'rab, bir necha muddat tizzasiga olib o'tirgan ekan (o'shanda malika olti yoshda bo'lgan). Bu haqda Gulbadanbegim «…o'zimni shunday baxtli his qildimki, uni tasvir qilib bo'lmaydi» dey­di. Bundan ota va qizning samimiy ruhdagi munosabatini ilg'ash mumkin.

“Boburnoma” mutolaasi jarayonida kuzatish mumkinki, podshoh Bobur o'g'illar tarbiyasida anchayin qattiqqo'llik qilgan ko'rinadi. Bu Humoyun mirzoga yozgan xatlaridan seziladi. Aslida saroyda o'z sohasining eng oldi bo'lgan mutafakkir ustozlardan tarbiya olgan yigitning imlosi yomon bo'lishi mumkin emas. Shunday emasmi? Ammo baribir, podshoh Boburning Humoyundan ko'ngli to'lmaydi. Imlo ustida, husnixat ustida ko'proq ishlash, e'tiborli bo'lishni qat'iy talab qiladi: «Yana men degandek, bu xatlaringni bitibsen va o'qimaysen, ne uchunkim, agar o'qur xayol qilsang edi, o'qiyolmas eding. O'qiy olmagandan so'ng albatta tag'yir berur eding. Xatingni xud tashvish bila o'qisa bo'lur, vale asru mug'laqdur. Nasri muammo hech kishi ko'rgan emas. Imlong yomon emas. Agarchi xeyli rost emas. «iltifotni «to» bila bitibsen. Qulunjni «yo» bila bitibsen. Xatingni xud har tavr qilib o'qusa bo'ladur, vale bu mug'laq alfozingdin maqsud tamom mafhum bo'lmaydur».

«Boburnoma»ni mutolaa qilarkanmiz, muallifning do'stlari, navkarlari davrasida naqadar mard, tanti, qo'li ochiq inson bo'lganini tasavvur qilamiz. Do'stlar davrasida mutoyiba yo'lida she'rlar yozilgani, mushoiralar bo'lganini ham eslaydi. Ayniqsa, Ibrohim Lo'diyga bergan bahosi tasvirlangan o'rinda uning rahbarlar xarakteridagi qaysi jihatlarni yoqtirmaganini aniq ilg'ash mumkin: «Tengri taolo rost kelturdi ne yigitini rozi qila oldi, ne xazinasini ulasha oldi. Qandin yigitini rizo qila olurkim, tabiatig'a imsok (xasislik) ko'p g'olib edi. O'zi yarmoq yig'ishturmoqqa behad tolib, betajriba yigit edi. Ne kelishi saranjomliq edi, ne turushi, ne yurushi ehtimomliq edi, ne urushi».

Ayniqsa, Bobur siyratidagi mulohazakorlik, bosiqlik, tanganing har ikki tomonini ham birday ko'ra olish qobiliyatini e'tirof etish lozim. U kimdir haqida ma'lumot berar ekan, uning fazilatlarini sanay turib, kamchiligini ham unutmaydi. Hatto dushmanlari tasvirida ham ularning qusurlarini sanay turib, hech bo'lmaganda «tab'i nazmi» borligini e'tirof etadi. Shu bois ham, uning «Ros­ti shu ediki, yozildi» degan gapi mutlaq ishonarli.

Mirzo Boburning Vatanga qaytish maqsadi umrining oxirigacha yuragida bo'lgan. «Va­qoe»da muallifning bu haqdagi ichkin tuyg'ulariga ko'p marta duch kelamiz: «Bizning ehtimomimiz ul sarilar bormoqqa behad va beg'oyattur. Hinduston ishlari ham bir nav' somon topib keladur. Tengri taolodin umid andoqkim, bu oraning ishi Tengri taolo inoyati bila bot saranjom topqay. Bu ish zab­tidin so'ng betavaqquf, Tengri yetkursa, mutavajjih bo'lg'umdur. Ul viloyatlarning latofatlarini kishi nechuk unutqay. Alalxusus mundoq toyib va torik bo'lg'onda qovun va uzumdek mashru' hazni kishi ne tavr xotirdin chiqargay».

Tan olib aytamizki, bu ma'lumotlar Zahiriddin Muhammad Boburning shaxs sifatidagi qirralarini ochishda dengizdan tomchi kabidir.

Sitora Tojiddinova,

jurnalist.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 + eight =