Internet matbuot o'rnini bosmaydi

Aksar mutaxassislar Gerbert Marshal Maklyuenni Nyuton, Darvin, Eynshteyn kabi buyuk faylasuflar  qatoriga kiritishadi. Sababi uning qarashlari axborot eltuvchisi sifatida ma'lumotga aylanganida. Bugun «The medium is the message» hamda global qishloq  «Global village», ya'ni qishloqlarning shaharlashuvini bildiruvchi iboralar zamonaviy g'arb madaniyati hamda mentalitetining asosiga aylanganidek, Maklyuen televideniening jamiyatga ta'sirini, reklamaning mohiyatini, internet paydo bo'lganidan keyingi o'zgarishlarni bundan qirq yil avval aytgan edi.

Vaqt ko'rsatdiki, OAVning  jamiyat taraqqiyoti va mada­niyati, insonlar o'rtasidagi munosabatga ta'siri kamaygani yo'q. Zamonaviy axborot texnologiyalari taraqqiyoti natijasida jurnalistika amaliyoti va nazariyasi yangilandi. OAV fao­liyatini ommaviy kommunikatsiya kesimida tahlil qilishga turtki berdi. Maklyuen  bashorat qilganidek,  o'zaro muloqotga kirishuvchi har bir res­pondentning o'zi — ma'lumotga,  on-layn tizimidagi dunyoga, ya'ni katta qish­loqqa aylana boshladi. Endilikda mutaxassislarni bosma matbuotning afzalliklarini tahlil qilish, mualliflik huquqini, etika me'yorlarini qonuniylashtirish, reklamalarning qanchalik samaradorligini o'rganish qiziqtirmoqda.

Hozirda OAVlari internet va teletasvir bilan auditoriya qamrovida ayovsiz raqobatga kirishgan. Albatta, bunda tasvir kuchiga ko'ra, televidenie ustunroq, internet esa tezkorligi bilan afzalroqdir, ammo Moskva shahrida o'tkazilgan “Sharqiy Yevropadagi jurnalistikaning kelajagi” halqaro media-forumda jurnalistlar xalqaro federatsiyasi mas'ul kotibi Aydon Uayt zamonaviy jurnalistikaning muammolari xususida shunday degandi: “Ha, internet millionlab odamlarga rasmiy hujjatlarni taqdim etishi mumkin. Lekin u jamiyat uchun ko'tarilgan muammoning mohiyatini tahlil qilib beruvchi sharhlarni taqdim eta olmaydi”.

A.Uayt yana o'sha yig'inda: “THE GUARDIAN, New York Times, El Pais,  Le Monde, Der SPEIGEL kabi nashriyotlarning chop etgan jiddiy materiallari demokratiya uchun malakali jurnalistikaning ahamiyatini isbotlab beradi. Bunday jurnalistika jamiyat uchun haqiqatga,  insoniy hurmatga asoslanadi. Jiddiy tahlil qilingan, ishonchli ma'lumotni taqdim etadi. Ko'plab tvitterlar hamda ijtimoiy tarmoqlar sifatli jurnalis­tikaning o'rnini bosa olmaydi. Bunday ta'kid har qanday davlat hamda har qanday mintaqaga tegishlidir”, degandi.

OAVlarining afzalliklarini tushungan auditoriyaning tez orada bosma matbuotga talabi oshadi. Shunda mutaxassislar ularning qiziqish va talablarini o'rganishni o'z oldilariga maqsad qilib qo'yishadi. Chunki vaqt kelib OAVlari,  zamonaviy tilda aytganda, “media biznes” sohasida faoliyat ko'rsatishga o'tadi. Shundan ham mutaxassislar raqamli medianing bosma matbuotning o'rnini bosishidan cho'chishmoqda: “Endi giper o'zgarishlar davri keldi. Ulkan moliyaviy inqiroz hamda raqamli medianing taraqqiy etishi ro'znomalar bozorida o'zgarishlar yasadi. Obunalarning hajmi kamayishi kuzatilsa-da, umumiy sotuv o'smoqda. Auditoriyaning umumiy qamrovida ro'znomalar internetga nisbatan 25 foiz samaraliroqdir. Chunki, ro'znomalarni 2,5 milliard o'quvchi mutolaa qilsa, internet iste'molchilari 1,9 milliardni tashkil etadi”, dey­di A.Uayt. Sababi audito­riyani an'anaviy jurnalistikaning afzalliklari jalb etadi. Albatta,  bunda internet jurnalistikasi ko'targan bir qator muammolar yechimsiz qolayotganiga ham befarq qarab bo'lmaydi.

Kun kelib mutaxassislar tomonidan amaliyoti talab darajasida  o'rganilmagan hamda nazariyasi yetarlicha  tahlil qilinmagan internetning bir qator muammolari yuzaga chiqaveradi. “Izvestiya” gazetasining bosh muharriri Vitaliy Abramovning fikricha: “Teleshou, wiki-jurnalistika, axboriy shovqin, parket jurnalistikasi kasbimizning asosi bo'lgan voqea-hodisalarning tahlilidan uzoqlashmoqda… Istagan odam xohlagan narsa haqida yoza oladigan vikipediya vujudga kelmoqda. Wiki-jurnalistikada xohlagan odam xohlagan narsasi haqida yozadi. Bu qiziqdir, ammo…

Jurnalistika  borasidagi an'anaviy tushunchalar nimalardan boshlanadi? Avvalambor, har qanday ma'lumotning muallifi bo'lishi kerak. Uni yolg'on gap yoki haqorat uchun sudga berish mumkin. U o'zining so'zi uchun javob berishi zarur. Bu — jurnalistikaning asosidir. Wiki da esa har doim ham muallifni  topib bo'lmaydi. Natijada turli voqea-hodisalarga nisbatan bir dunyo norozi­liklarni eshitamiz. Ular ijtimoiy ongga bevosita ta'sir ko'rsatadi. Internetdagi wiki jurnalistikasining faoliyati shu”.

Internet jurnalistikaning ijtimoiy ahamiyatini bosma matbuot manfaatlari nuqtai nazaridan emas, balki auditoriya uchun yaratilayotgan qulayliklar kesimida o'rganilganda shunday fikr tug'iladi: internet iste'molchilari shunchaki axborot iste'molchilari bo'lishmayapti — ular tahrirga aralashishni, muharririyat bilan hamkorlik qilishni istashyapti. Ular ma'lumot yetkazib berishni, o'z nuqtai nazarlarini ifodalashni, jurnalistik tekshiruvlarda ishtirok etishni, voqea-hodisalarni aniqlashtirishni, fotolar yuborishni xohlashyapti. Ko'pincha eplasholmayotgan bo'lsa, bu ularning aybi.

Internet jurnalistikaning eng katta muammosi mualliflik huquqi  hamda etika me'yorlarining buzilishida ko'rinadi. Ma'lumotlarning ishonchsizligiga kelganda, uning afzalliklariga qaytariqli aloqa — interaktivlikni ta'kidlamasdan ilojimiz yo'q. Chunki auditoriya vakillarining o'z fikrini to'la bayon etishi, jurnalistlarga hammuallif bo'lishidek imkoniyati yo'q. Jurnalistlar xalqaro federatsiyasining prezidenti Djim Bulila “New York Times” ro'znomasi haqida gapirar ekan: “New York Times” ijtimoiy tarmoqlar bilan doimiy interaktiv aloqada bo'ladigan jurno-xakerlar bo'limini ochib, “ijtimoiy muharrir” tayin etgan birinchi gazetalardan. Ushbu bo'limni bosh­qarayotgan Aron Pixoferning fikricha, axborot oqimining tahlili barcha voqea-hodisalardan xabardor bo'lish bilan birga, ularning orasidan katta hikoyalarga  sabab bo'luvchi ma'lumotlarni topish imkoniyatini ham yaratadi”, degandi.

Demak, OAV samaradorligi hamda auditoriyaga yaratib beradigan qulayliklari uchun internet tarmog'ining ijtimoiy ahamiyati ham bor ekan. Tezkor axborot yetkazish bilan birga turli muammolarni keltirib chiqarishi muqarrar bo'lgan internetning interaktivlik xususiyatini hech kim inkor eta olmaydi. Mualliflik huquqi, etik me'yorlarning buzilishi, axborotning noaniqligi kabi muammolar qonun darajasida emas, insoniy odatlar, o'z-o'zini boshqarish nuqtai nazaridan  o'rganilsa, maqsadga muvofiq bo'ladi. Chunki cheksiz tarmoqni chegaralash, nazorat qilish yoki yoshlar uchun ta'qiqlash bilan muammoning yechimini topib bo'lmaydi. Avtobus yoki metropolitenda kattalar uchun joy berish har bir yo'lovchining ixtiyorida bo'lgani bilan, bu uning saviyasi, odob-ahloqi, ma'naviy darajalariga ham bog'liq bo'lib, internetda ham odob, madaniyat me'yorlarga rioya qilishni ezgu odat sifatida takomillashtirilishi amaliy natija beradi. Ana shunda tarmoq — interaktivlik xususiyati  jihatidan auditoriyaning faollashuvi, jamiyatning demokratlashuviga xizmat qiladi.

Ko'pincha hayot tajribasiga ega odamlar biror yangilikdagi kamchiliklarni topishga oshiqadi. Qaysidir ma'noda, ular o'zlarini ehtiyotlaydi va yangiliklarni o'zidan cheklaydi. Hayotga  qiziqishi katta bo'lgan yoshlar aksincha, davriy yangilanishlardan unumli foydalanadi. Yo'l-yo'lakay bir dunyo xatoliklar qilishga ham ulgurishadi. Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, OAV rivojlanish davrida kattalar doimo ularning kamchiliklari borasida bong urishgan, yoshlar esa doimo peshvoz chiqib, taraqqiyot sari ildam qadam tashlashgan. Maklyuen kabilar esa kattalar tajribasi yordamida eng so'nggi yangiliklarni tahlil qilib, kelajak uchun zaruriy saboqlarni chiqarishga harakat qilishgan.

Televidenie ixtiro qilinganda: “Kino san'ati hamda sanoatiga nima bo'ladi?” — deguvchilar ko'p bo'lgan. Vaqt shuni ko'rsatdiki, televidenie bilan kino bir-birlarini o'zaro  to'ldirib kelayapti. Hozirda internet ommalashayotganini ko'rgan mutaxassislar ham bosma matbuot kelajagidan noo'rin cho'chishmoqda. Ishonch bilan aytish mumkinki, internet bilan matbuot ham, vaqti kelib, bir birini to'ldiradi.

Bugungi kun oldida mualliflik huquqi va etika me'yorlarining buzilishidan tortib, axborot xavfsizligi muammolarini o'rganish, tahlil qilish, qonuniylashtirish kabi dolzarb vazifalar turibdi.  Shu bilan birga, OAV tamoyillaridan kelib chiqib aytadigan bo'lsak, interaktiv jurnalistikaning ijtimoiy ahamiyatini  tahlil  etish masalalari ham o'z yechimini kutmoqda.  Shundagina  texnika  rivojlanishi kimlarningdir manfaati uchun emas, balki jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qiladi.

Yulduz Ortiqova,

filologiya fanlari nomzodi,

O'zJOKUning katta o'qituvchisi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 3 =