“Padarkush”day asarlar yozilsa…

Muhtaram Prezidentimizning OAVlarida chiqqan nutq va ma'ruzalarini alohida ishtiyoq bilan o'qiyman, qo'limga qog'oz-qalam olib,  fikrlarini yozib olaman. Bu gal ham shunday bo'ldi.

Yurtboshimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini matbuot sahifalarida o'qib Vatanimizning iqtisodiy jihatdan yanada yuksalishiga, hayotimiz darajasi yaqin vaqtlar ichida hozirgi kundagidan bir necha barobar farovon bo'lishiga ishonch hosil qildim. Halol mehnat qilgan odamning uyi tinch, ko'ngli xotirjam, dasturxoni ne'matsiz emasligini angladim.

Menga, ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar, oliy o'quv yurtlariga qabul kvotalarining ikki baravar oshirilishi, davlat grantlarining ko'payishi singari yangiliklar ma'qul bo'ldi. Mamlakatimizda har yili umumiy o'rta maktablarni bitirgan yoshlarning bir qismi o'qishga kirar, qolganlari bekorchilikda qolib ketardi. Turli xil qoida buzishlar, jinoiy xatti-harakatlar bekorchilikdan kelib chiqishi hammaga ma'lum. Yoshlar orasida oliy ma'lumotlilarning ko'payishi ijtimoiy muammolarning hal etilishida asosiy bosqich vazifasini o'taydi.

Joriy yilga “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nom berilishida yangilanayotgan O'zbekiston o'z oldiga qo'ygan ulug'vor maqsadlarga erishishdagi salmog'ini ko'rish mumkin. Albatta, kelajak yoshlarniki. Ammo yoshlar zamonaviy bilimlarni chuqur egallasalar, zehn-zakovatlari bilan raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirsalargina buyuk kelajak egalari bo'la oladilar, ana o'shanda yurtimiz rivoj­langan davlatlar qatoridan munosib o'rin oladi.

Shu o'rinda, bundan bir asr muqaddam Mahmudxo'ja Behbudiy “Bizni kemirguvchi illatlar” deb atagan to'y-hashamlardagi ortiqcha dabdababozlik, ichkilikbozlik, isrofgarchilik, manmanlik kabi illatlarga sarf qilinadigan pul farzandlarining bilim olishlari uchun ishlatilsa maqsadga muvofiq bo'ladi, singari so'zlarini eslagim keldi.

Behbudiy bobomiz bilimsiz bola qilmishini tas­virlovchi “Padarkush”  asarida buzuq yo'llarga kirib, otasining o'limiga sababchi bo'lganligini talqin etadi. “Padarkush” XX asr boshlarida Turkiston xalqlari hayotining ayanchli holatlari haqida yozilgan edi. Ma'rifatparvarlikning siyosiy va ijtimoiy falsafasini ifodalagandi. Dramada o'qimagan bolaning hayoti jamiyat jipsligiga, sobitqadamligiga salbiy ta'sir ko'rsatishi yaqqol tasvirlangan. Asar ommaga shu qadar ta'sir qiladiki, ko'pchilik boylar ham shundan so'ng ilm yo'lida “usuli jadid” maktablarini ochadi. Qaniydi hozir ham ana shunday yuksak saviyali asarlar yozilsa…

Albatta, ta'lim muassasalariga kitob taqdim etish an'anasi — eng ezgu an'analardan biri bo'ldi. Bu kitob va kitobxonga bo'lgan e'tibor kuchayganini bildiradi. Shu jumladan, yosh ijodkorlarning birinchi kitoblari davlat hisobidan nashr etilib, ta'lim maskanlari va kutubxonalarga yetkazib berilmoqda.

Bu ham yangilanayotgan O'zbekistonda adabiyotga, ma'naviyatga bo'lgan e'tiborning yuksak namunasidir. Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida aytganlaridek: “Eng katta boylik — bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros — bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik — bu bilimsizlikdir!”. Albatta, biz kelajakda davlatimizni iqtisodi rivojlangan, ma'naviyati yuksak, turmushi obod yurt timsolida ko'rishni istasak, bunday oliy maqsadga faqat o'qish, ilm o'rganish bilan erishish mumkinligini unutmasligimiz lozim.

Munira Ramazonova.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × two =