Tosh devorga karnay chalib…

“Hurriyat” gazetasining  shu yil 22-yanvar sonida jurnalist Hikmatullo Qodirovning “Ehtiyoj tug'ilganda gaplashar… emish” sarlavhali maqolasini o'qib, bugungi kunning dolzarb mavzularidan biri qalamga olinganligiga amin bo'ldim. Darhaqiqat, bugun aksar nashrlar jiddiy sinovdan o'tayotir. Muallif ta'kidlagan ba'zi bir mutasaddilar, go'yo majburiy obuna yo'q qabilida ish tutib, o'zini ham, jamoasini ham ma'rifatsizlik botqog'iga botiryapti.

Yaqinda viloyatimizdagi ma'naviyat sohasida ishlaydigan o'zimga yaxshi tanish bo'lgan bir rahbarning  huzuriga bordim. E'tiborimni tortgani — ilgari uning ish kabinetida “G” shaklida stollar terilgan bo'lib, ularda vaqtli matbuot nashrlarning deyarli barchasi bo'lardi, ba'zan tanishishga ulgurmagan gazetalarimni  shu yerdan ko'rib, birrov tanishib ketardim. Bu gal esa…

— Qani, bu gazeta-jurnallar ko'rinmaydi? — so'radim undan.

— Mana, bunisi turibdi-ku! — qarshisidagi kompyuterga ishora qildi u.

Ma'naviyat sohasiga tegishli rahbardan shu javobni eshitib, rosti, lol qoldim. Poytaxtdagi nashrlar-ku, albatta, o'z yo'lini topa olar, ammo viloyat, tuman nashrlari-chi?.. Eh attang…

Andijon viloyatidagi qator gazeta va jurnallar 2020 yildan o'z faoliyatini to'xtatdi. Masalan, “Xolis”, “Vodiy gavhari”, “Qishloq oqshomi”, “Yoshlar va huquq” kabi nashrlar shular jumlasidan. Tuman nashrlari amal-taqal qilib, kezi kelsa, uch-to'rt yuztadan chiqib turibdi. Bu — yil boshidagi holat. Yarim yilga borib, ularning shundog'am nochor adadi yana kamayishi mumkin. Yaxshi ma'lumki, OAVlarida e'lon qilingan materiallar yillab saqlanadi. Arxivlardan hatto o'tgan asr boshida chiqqan gazeta-jurnallarni topish mumkin. Ammo kompyuter bosma matbuot singari ishonch­­li manba bo'la olmaydi. Gazetani esa yillar o'lchamidagi taxlamdan topish oson va qulay.

Nachora, yuqorida tilga olganim mutasaddilarning bekorchiligi-yu befarqligi, ma'naviyatchilarning (aslida bu bir bahona, o'qimaydigan internetdan ham o'qimaydi)  faqat internetga “suyanib” qolgani achinarli holat…

Maqola muallifi ta'kidlagan mansabdorlarga faqat shov-shuvli xabarlar, ya'ni bugun falon sayt nima debdi, qaysi hokim kimni so'kibdi yanglig' oldi-qochdi gap­lar bo'lsa, bas. Hammaga ma'lum, bu kabi toifalar ilgari ham yolchitib gazeta o'qishmagan. Bo'lmasa, ular vaqtli nashrlarning afzalliklarini his etgan, munosabat bildirgan, o'zlari ham jonli materiallari bilan matbuotda qatnashgan bo'lar edi.

Yana bir vazifa urfga aylanayapti, turli sohalarda matbuot kotiblari ishlayapti. To'g'ri, matbuot xizmatlarida faoliyat yuritayotganlarning hammasi ham, oliy ma'lumotli jurnalistlar emas. Shu tariqa, ayrim tumanlarda faoliyatini to'xtatgan yoki to'xtatish arafasida turgan nashrlar rahbarlari osongina matbuot kotibligiga o'tib ham ketishdi. Endi ularga ham bosma nashrlar taqdiri baribirdek bo'lib qoldi.

Eng yomoni, ba'zi oliy o'quv yurtlarida biron-bir gazetaga obunani tashkillashtirgan dekan yoki prorektorlarning boshi “balo”ga qolayapti. Axir, ular o'z shaxsiy tomorqasi uchun obuna bo'l demayapti, balki gazeta o'qinglar, Prezidentimiz farmonlari, qarorlari bilan tanishib bo­ringlar, bildirilgan munosabatlardan ilhom olib, sizlar ham o'z fikringizni kerak bo'lsa matbuot orqali aytinglar, deyapti. Buning nimasi yomon?!

Xulosa qilib gapirganda, gazeta, jurnal, umuman, ommaviy axborot vositalari davr va zamon ko'zgusi. Undan yuz o'girgan kishi — komillik sari intilmagan kishi kabi. H.Qodirov aytganidek, davlat obuna uchun pul ajratishini kutib turadigan, “yuqori”ning ko'rsatmasisiz nafas ham ololmaydigan quyi tizimdagi ayrim mansabdorlarga faqat achinish mumkin, xolos. Mudragan idrokni uyg'otish, ma'rifatga chaqirishga urinish, tosh devorga karnay chalganday bo'lmasligi kerak,  nazarimda.

Ikromjon Asliy.

Andijon viloyati.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 1 =