“Cho'li Iroq”ni tinglagan bulbul

Kuy — ko'ngil navosi. Har olayotgan nafasimiz ohang ritmiga mos tebranayotgandek tuyuladi menga. Ilk bor eshitganimiz azon tovushida, onamiz allasida vujudimizga singgiydi ohang. So'ng barglar shitirida, ariqdagi suvlar shivirida, yomg'irlar raqsi-yu maysalar kulgusida ohang yashayotganini sezib qolamiz. Albatta, ko'ngil kechinmalarimiz, og'riqlarimiz, past­­­u baland nuqtalardagi tuyg'ular uyg'unlashib kuyga ko'chadi, sozda sozlanadi va umrboqiy san'at asariga aylanadi va uning maftunkor sehri ham osmon qadar yuksak bo'ladi…

O'zbek xonadoniga kirsangiz devorida osig'liq turgan rubob yoki dutorni ko'rasiz. Go'yo ushbu sozlardan, ko'k toqidagi quyoshdek nur taraladi. Har gal ko'zingiz tushganda sirli navo og'ushida, ko'nglingiz ravshan tortadi. Ba'zan xursandchilik yoki g'amgin onlarda hirgoyi ham qila boshlaysiz. Demakki, asrlar osha yashab kelayotgan millatimiz san'ati bolaligimizdan qon-qonimizga singib boradi, borlig'imizga aylanadi.

Mumtoz meroslarimizdan “Cho'li Iroq” kuyi, odatga aylangan ertalabki salomday, qadrdon va mahzun nola, uni tinglaganda, o'zni unutgancha, xayollar ummoniga g'arq bo'lib, xonada ohangga mos sallona qadam tashlaymiz.

O'zbekiston davlat konservatoriyasi “An'anaviy ijrochilik” kafedrasi o'qituvchisi, O'zbekiston xalq artisti Mahmudjon Tojiboyev Zahiriddin Muhammad Bobur davridagi tarixchilar o'z yozma manbalarida yozib qoldirgan “Cho'li Iroq” kuyiga oid ma'lumotlar xususida: “Bir kun shoh saroyi bazmida Sohib ismli sozanda tanburda kuy chala boshlaydi. Buni qarangki, kuy avjiga chiqqanda tanburning dastasiga bulbul kelib qo'nadi. Qanotlarini yengil silkitib, kuyni tinglaydi. Bu holdan bazmda qatnashayotganlar, ya'ni saroy ahli hushini yo'qotadi. Xizmatkorlar ularning yuziga gulob sepib, o'ziga keltirishadi. O'sha paytlar yashagan roviylar bu sehrli kuyni “Cho'li Iroq”ning birinchi ijrosi deya ta'riflashgan”, degandi.

Bebaho merosimizning ana shunday tarixiy manzaralari borki, maqomi holatni biz o'zimizda his qila olsak, nainki mumtoz ohang, balki ilohiy ekaniga shubha qolmaydi kishida. Ana o'shanda milliy-mumtoz kuylarga  mehrimiz o'n karra, yuz karra oshsa, ne ajab. Shunday ohang­larimiz bor ekan san'atimizning umri boqiy, qalblarimiz hissiyotlar qurshovida, hayot bilan hamnafas harakatda, eng asosiysi, borliqni anglash, dil-dildan his qilish bizni tark etmaydi.

Nozima Habibullayeva

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + 3 =