“Har kimki meni so'rsa, salomimni degil…”

Buyuk tarixiy shaxslarning ma'naviy-ruhiy ta'siri asrlar osha avlodlarga o'zini sezdirib, bildirib turishi ayon haqiqat. Ular mansub xalqlar, millatlar o'z taqdirining, eng muhimi, hal qiluvchi pallalarida buyuk ajdodlaridan kuchli madad olishlari-da, bor gap. Shu ma'noda, o'zbek xalqini Amir Temur, Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiy singari zabardast insonlarning ruhiy madadlarisiz, bir lahza bo'lsin, yorug' istiqbolli kelajagini  tasavvur etib bo'lmaydi. Bu ulug'lar kahkashonida, bundan 537 yil muqaddam chaqnagan, betimsol Zahiriddin Muhammad Boburning munavvar siymosi ham charaqlab turibdi.

Bobur mirzo shaxsi va qoldirgan merosiga, 130 yillik istibdod ostida qolgan millatimizning ochiq ko'zli farzandlari istiqlolni qo'lga olgunga qadar ham, bot-bot murojaat qilganlar. “O'tkan kunlar”dagi Yusufbek hojining Vatan himoyasining eng old jabhasida shahid bo'lajak o'g'li Otabekka qilgan so'nggi dil izhorida, Abdurauf Fitrat lirik qahramonining jahongir ajdodlar sag'anasi poyidagi achchiq da'vatlarida Bobur shavkatidan imdodlar yangraydi. Xalqi yodini tiklay, deb tilidan ayrilgan Oybek domla bedor tunlarda hazrat Navoiy bilan birga Mirzo Bobur ruhiyatini qalbdan his qilgan bo'lsa, ne tong…

O'tmishi haqidagi haqiqatlardan ayro tutilgan xalqimizning Bobur siymosini yaqindan idrok etishida, shubhasiz, jafokash adib Pirimqul Qodirovning xizmatlari beqiyosdir. “Yulduzli tunlar” romani tufayli yozuvchi boshiga tushgan ko'rguliklar, uni siyosiy basirlikda ayblagan kaslar qilmishlari xalqimiz yodidan chiqqan emas. Shukrki, Chingiz Aytmatovdek sadoqatli do'stlar fidoyiligi bilan ham adib, ham asar saqlab qolingan edi.

Ayni shu yillari (1983 yil) o'zbekning yana bir elparvar farzandi Abdulla Oripov dilbar bobosi Bobur timsolida nomini tilga olish mumkin bo'lmagan jahongirlar yodiga ham, ularning islomiy e'tiqodiga ham ishoralar qiladi:

Siz zobit — dastini cho'zgan dunyoga,

Siz — shoir, mangu bir alanga yoqqan.

Nainki bandalar, Sizning siymoga

Ne-ne saltanatlar kek bilan boqqan

 

Bahodirlik ichra yor Sizga Xumoy,

Siz ulug' zotlarning izin bosgan er.

Nazmiy sajdagohda Sizga, hoynahoy,

Imomlikka o'tgay faqat Alisher…

Bobur izin bosgan ulug' zotlar old qatorida, albattaki, hazrat Temur siymosi cho'ng salobati bilan namoyon bo'ladi.

Keyinchalik yozuvchi Qamchibek Kenja tomonidan “boburiylardan biri”, deya alqanadigan Zokirjon Mashrabov esa o'sha yillari Andijon shahri markazida hammaga qo'rquv solib turgan Lenin boshchiligidagi bolsheviklar to'dasiga qo'yilgan ulkan qora haykal yonidan ko'ngliga bir yorug' niyatni tugib o'tar edi: “Xudo xohlasa, bir kun kelarki, shu haykal o'rnida Andijonning chin o'g'loni Bobur mirzoning siymosi qad rostlagay!”

Nihoyat, o'tgan asrning 80-yillari oxirida, sho'rolar mamlakatida “qayta qurish” degan harakat avj olib, hamma o'zi bilan o'zi ovora bo'lib turgan payt buzib tashlanayotgan eski haykalning kamyob bo'lgan bronza metalini ko'zdan pana joyga yashirib, keyinchalik Bobur mirzoning muazzam haykalini yaratish uchun ishlatishga taqdim etgan ham ayni shu fidoyi inson edi.

Zokirjon aka umrini o'zi ixlos qo'ygan yurtdoshi Bobur mirzo hayoti va ijodiga doir ma'lumotlarni, badiiy asar va ilmiy tadqiqotlarni butun dunyodan topib, bir joyga jamlashdek, mashaqqatli ishga baxsh etayotgani bor gap. Endi bir tasavvur qilaylik: barcha ulug'larimizning mana shu Zokirjon ustozdek jon chekarlari, tinim bilmas, beminnat ixlosmandlari oyoqqa qalqqanida yurtdoshlarimizning bu ulug'lar to'g'risidagi bilim va tasavvurlari qanchalar boyigan bo'lar edi…

Xalqimizning iste'dodli shoira qizi — Qutlibekaning Xonzodabegim lafzidan aytgan mana bu chaqiriqlarida parchalangan meros ona yer — ona Turkistonining XX asrga kelib tushib qolgan holidan bezovta, biroq istiqlolidan umidvor xalq ruhini sezgan, o'zi-da shu ruh ila kuchlangani ufurib turadi:

Yo'llar mungdir — boravering, Boburjon!

Yo'llar tundir — boravering, Boburjon!

Yurt tuzay deb yo'lga chiqqan yigitga

Yo'llar o'ngdir, boravering, Boburjon!..

O'zbekiston xalq shoiri Xurshid Davronning Bobur siymosiga ixlosi, unga bo'lgan e'tiqod va intilishi bir zum susaygan emas. Bu kayfiyat shoirning “Bahordan bir kun oldin” — Istiqlol arafalarida bitgan ham o'tli, ham armonli mis­ralarida mana-man deb bo'rtib turadi.

Ma'lumki, Bobur bobosi Amir Temur singari ota yurtida katta, mustahkam saltanat qurmoqni orzu qildi, shu yo'lda boshiga tushgan jamiki g'amu kulfatga dosh berdi. Lekin bu niyat amalga oshmadi. Har qancha urinmasin, boshqa temuriyzodalarni shu buyuk tarixiy yumushga bosh qo'shishga muntazam da'vat etmasin, barcha intilish­lari bekor ketdi. Axiyri Kobulda taxt qurdi, Hindistonni zabt etdi, lekin vatanni — Andijonu Samarqandni qayta topa olmadi.

Bobosining mana shu holini, achchiq qismatini ich-ichdan his qilgan Xurshid Davron Vatan — Onasi diydoriga so'nggi bor tikilgan mard o'g'lon  holatini bizning — 80-yillar avlodining yodiga mana bu tarzda muhrladi:

“… Zahiriddin, bu qanday savdo,

Qora hijrat sari yuz tutmoq?

Yuragingni etar-ku ado —

Tirik turib Vatandan ketmoq?

 

Zahiriddin, ortga bir qara,

Ortga bir boq, toki sen omon,

Axir keyin tushlaringda ham

Bu tuproqni ko'rmog'ing gumon”.

 

Ot pishqirib to'xtar, chavandoz

Uzangiga tirar oyog'in

Va bo'g'ziga to'plar beovoz

Vujudiga to'lgan titrog'in.

 

Alam bilan yuragi urar,

Shivirlaydi titroq lablari:

“Hamma yerdan ko'rinib turar

Samarqandning minoralari”.

Shoir Qadam Saidmurodov yuqoridagi asarning bir misrasi (“Zahiriddin, ortga bir qara”) epigraf qilib olingan she'rida bu alamli vidolashuv sahnasini oxiriga yetkazib qo'ygandek:

Olg'a-olg'a, armonlar, qani,

Zulm qiling shu kecha otga.

Qaramanglar, qaragan — g'anim,

Ketolmaymiz, qarasak ortga…

Hayotning, taqdirning shafqatsizligini qarangki, Bobur bilan birga “Hind sori yuzlong'on” boshqa har qanday kishida, jumladan, askardan tortib oshpazgacha ona yurtga — Andijonga qaytish, Vatanga to'yish imkoni bor edi-yu podshoh Boburda, qo'lini cho'zsa har qanday joyga yetadigan cheksiz imkoniyatlar egasida, shu oddiy imkoniyat yo'q edi. Oddiy askar va oshpazning qaytishi bilan Boburshohning qaytishi o'rtasida juda katta farq shu ediki — toki saltanatlar yashar ekan, hech qachon yo'qolmaydigan buyuk qutqu bosh ko'taraveradi…

Toki mustabid tuzumlar bo'lar ekan, Boburdek shaxslarning nafaqat o'z davrida, balki keyin ham xalq yodiga qaytishiga to'sqinlik qilish davom etaverishini Muhammad Yusuf “Andijon” she'rida alam bilan shunday ifodalagandi:

Qirq yil chorla, go'rdan chiqmaydi Bobur,

Chiqsa ham bag'ringga sig'maydi Bobur,

Hindu quchog'ida uxlaydi Bobur,

Nega yig'lamaysan, ahli Andijon?..

Yaratganga shukrki, millatimiz, mamlakatimiz 1991 yil — hazrat Navoiy nomi bilan atalgan yilda o'z istiqlolini qo'lga kiritdi. Yurtga, elning yodiga uning jo'mard farzandlari qayta boshladi. O'zbek o'zining kim bo'lganini, qanday ulug' ajdodlar merosxo'ri ekanini qayta ang­lashga kirishdi. Xuddi shu yillari XX asrning eng o'ktam va o'lmas shoirlaridan biri Shavkat Rahmon “Boburiylar” nomli she'rining biror o'rnida ulug' ajdodi ismini tilga olmay, millat xotirasiga qaytayotgan barcha madadkor siymolarni shu nom ostida ifodaladi. Va Siz bilan bizni o'zlikni, millatni anglashdek mas'uliyatli ishga tayyor bo'lishga, hargiz hushyorlikni yo'qotmaslikka, haq-adolatga zaxa yetkazmay, yurtdagi uchinchi daryo bo'lib uyg'oq yashashga mangu da'vat qilib ketdi:

Ular kelar…

Nahot eshitgan,

nahot, ular bo'lgan xabardor

ikki daryo oralig'ida

haq-adolat topdi deb qaror.

Birodarlar,

bo'ling ehtiyot,

birodarlar,

yo'llarga boqing —

Tangri kabi keksa ochunda

siz uchinchi daryoday oqing.

Rahmon Qo'chqor.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + fifteen =