Oyni sevaman deb cho'zdim qo'limni

* * *

Otam bizni sizlab-sizlab chaqirardi,

Chorlamagan sira baland xitob bilan.

Otam bizga ko'p nasihat qilgani yo'q,

Oshno etib qo'ygan faqat kitob bilan.

 

Sakkiz jonmiz,  sakkiz nafar polaponmiz,

Uyg'onardi otam qushdek oftob bilan.

Juma kuni bitta nonni kam olardi,

Lekin qaytgan qo'ynida zo'r kitob bilan.

 

Omi debman men otamni o'qimagan,

Dilim ezar bu so'z bugun azob bilan.

O'zim omi, asli mening olim otam,

Ko'zim ochgan ekan meni kitob bilan.

 

Qanday go'zal ertak edi o'shal damlar,

Solishtiring bolalikni shu top bilan.

Bolangizni boshin silang bir so'z demay,

Yuragingiz to'kib-soling kitob bilan.

 

Otam bizni sizlab-sizlab chaqirarman,

Chorlamasdi sira baland xitob bilan.

Otam bizga bor hayotni o'rgatdilar,

Mo''jazgina tirik doston kitob bilan.

* * *

Xonalarga

sig'may qoldim,

hovlidaman,

Yog'olmayin turgan yomg'ir

holidaman.

Chaqmoq chaqar, tutayapman

o't olmayman,

O'z xaddimdan o'zim xatlab

o'tolmayman.

Bulutlarni suruv kabi yig'ar

shamol,

Yorishmaydi yoqib ko'rgin dilga

sham, ol.

Ana, yomg'ir, endi ko'nglim

yozolaman,

Hayriyat-ey endi nedir

yozolaman.

* * *

Oyni sevaman, deb cho'zaman qo'lim, Million yulduz mushtuni tugar.
Yaxshiyam osmonga tushmaydi yo'lim.

* * *

Yomg'irdan qo'rqmayman,
yomg'ir ko'z yoshim.
Quyoshdan qo'rqmayman,
ko'nglimga yaqin.
Qo'rqmayman gumburlab
ketganda osmon,
Dilim yorishadi
chaqqanda chaqin.

 

Hislarim gulbargin
uchirib o'ynar,
Qo'rqaman bexosdan
esganda shamol,
Yana, ostin-ustun
qilgan dunyoim,
Eng yomon qo'rqqanim
ul pushti ro'mol…

* * *

Kiprigingda muzlaydi

ko'z yosh,

muzlab borar

yuragimda tosh.

Dunyo asta muzga ko'milar,

Muzlar ilinj, muzlaydi bardosh.

Muzlar ichra go'zal malagim,

qanday go'zal muzlar sururing.

Faqat, aytgil buncha chidamli,

muzlamaydi nega g'ururing?

* * *

Bugun, qoq tunning yarmida

uyg'onib ketdim.

Paypaslab ko'zoynagimnimas

yoshligimni

qidirayotganimni

sezib qoldim.

* * *

Bekatda ko'rdim seni,

yurak dog'im yuzingda.

Hayotim, demoqchiydim,

titrab, titrab lablarim

bo'linib uchdi so'zlar,

ha, yotim,

 ha, yotim…

Muhammad Siddiq Rahmatov

Muhammad Siddiq Rahmatov – 1972 yil Andijon viloyati, Bo'z tumanida tavallud topgan. “Yurt sog'inchi”, “Ishq  bekati”, “Pastlab uchgan turnalar” nomli she'riy kitoblari chop etilgan. Oliy adabiyot kursida tahsil olgan.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − 7 =