574 nafari uyni sog'inib yashayapti…

Prezidentimizning Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasi O'zbekiston ahlining ko'ngliga nur olib kirdi. Davlatimiz rahbari mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga kiritishning eng maqbul yo'li — bu avvalo ilm, ma'rifat va innovatsiyani rivojlantirish ekanini alohida ta'kidladi.

Shuningdek, Murojaatnomada yoshlarga katta imkoniyatlar yaratishga alohida urg'u berildi. Chunki, inson yoshlikda kamol topib, o'z oldiga qo'ygan ulug'vor maqsadlarga erishish harakatida bo'ladi. Unga berilgan imkoniyat qalbida Vatanga bo'lgan mehrni, sadoqatni oshiradi. Jamiyatda manfaat ko'rgan yoshlar atrofga teran nigoh bilan qaraydi, ularda mamlakat taqdiriga daxldorlik hissi uyg'onadi.

Prezidentimiz Murojaatnomada “Mehribonlik uylari”da tarbiyalangan yoshlarning ijtimoiy moslashuvi, xususan, ularni ish, uy-joy bilan ta'minlash bo'yicha alohida dastur ishlab chiqish zarurligini bayon etdi. Chunki, ular o'z hayotlarida davlat va jamiyatning e'tibori va g'amxo'rligini yurakdan his qilishi lozim. Shundagina o'zlarini jamiyatga kerakli inson ekanligini anglaydilar. Prezidentimiz: “Mening eng katta niyatim shuki, Vatanimiz ichra har bir inson o'zining “kichik vatani”ga – uy-joyiga ega bo'lsa, bizdan xalqimiz ham, Yaratgan ham rozi bo'ladi”, dedilar.

Bu borada keyingi yillarda ulkan ishlar amalga oshirildi. Ammo ayrim muammolar ham yo'q emas. Ma'lumotlarga ko'ra,  2011-2019 yillarda Mehribonlik uylarining jami 2307 nafar bitiruvchisidan 1024 nafari turar-joyga muhtoj deb topilgan, biroq 2020 yil yanvar holatiga ko'ra, ularning 450 nafari uy bilan ta'minlangan xolos, 574 nafari haligacha o'ziga berilishi kerak bo'lgan uylarni sog'inib yashamoqda.

Hukumat qarori bilan yetim, ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni turar-joylar bilan ta'minlash tartibi belgilab berilgan bo'lsa-da, joylarda bu boradagi ahvol qoniqarli emas.

Yana shu narsa ma'lumki,  ayrim ota-onalar farzandlarini mehribonlik uylariga berish yoki bola boqib olish orqali uy-joy muammosini hal etishga urinmoqda. Shundanmi, birgina Toshkentda 3 mingga yaqin kishi bola asrab olish uchun navbatda turibdi. Nega? Bugungi kunda bola savdosi ijtimoiy hayotdagi eng og'riqli masalalardan biriga aylandi, bundan tashqari, yetim bolani tarbiyalagani uchun ijtimoiy uy-joy olish ilinjida yurganlarni kim deb tushunish mumkin? Shuningdek, o'ziga boquvchi topgan yetim bolalarning keyingi taqdiri qanday kechmoqda? Buni aniqlash, o'rganish, tahlil qilish vaqti keldi.

Hamma sharoiti yetarli bo'laturib, farzandini Mehribonlik uylariga berib yuborayotganlar  soni — yomg'irdan keyin chiqqan qo'ziqorindek ko'payib ketgani-chi. Axir xalqimiz Mehribonlik uyini yetimxona, deb atagan. Ota va onasi tirik bo'la turib, bolasini Mehribonlik uylariga topshirayotganlar odamiylik shaklidan chiqib ketgan, mehrsiz kimsalardir.

Mehribonlik uylariga kam ta'minlangan oila farzandlari aslida bir yilga joylashtiriladi, lekin ular yillar davomida qolib ketyapti. Eng yomoni, boquvchisi bo'laturib, bolalarning Mehribonlik uyida yashab yurishi or-nomusli o'zbek millatining qadriyatlariga,  mehr-oqibat va ahillik fazilatlariga mutlaqo to'g'ri kelmaydi.

Yana bir jihati, sohaga oid qonun hujjatlarining aksariyati  ancha yillar avval qabul qilingan bo'lib, bugungi kun talablariga javob bermaydi.

Shu sababli qonun hujjatlarini qaytadan inventarizatsiyadan o'tkazishni, jumladan, ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan va yetim bolalarni ijtimoiy himoyalash to'g'risida yaxlit qonun loyihasini ishlab chiqish, uy-joy bilan ta'minlash haqidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish zarur. Shuningdek, ular uy-joy uchun mablag'larni qaerdan olishi mumkinligi, ya'ni moliyaviy manbalar ham aniq-tiniq ko'rsatib o'tilmog'i lozim bo'ladi. Bu davr talabidir.

Ural O'razbayev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − 11 =