Vahima — yarim kasallik, sabr — shifoning boshi

O'zidan ham vahimasi yomon bo'lgan koronavirus pandemiyasi mamlakatimizga kirib keldi.

O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan o'tkazilgan matbuot anjumanida bu virusga qarshi mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar, joriy holat, virusga chalingan fuqaro va izolyatsiyaga olingan shaxslar va aniq rejalar haqida batafsil, keng mushohada bilan hissiyotga berilmasdan ma'lumotlar taqdim qilindi. Jurnalistlarning barcha savollariga atroflicha javob berildi.

Eng muhimi OAV, ayniqsa, blogerlardan aholi orasida vahima tarqatmaslik so'raldi, bu borada javobgarlik mavjudligi to'g'risida ogohlantirildi. Yig'ilishdan so'ng o'tgan davr ichidagi vaziyat mahalliy OAV, bu masalada o'zlarini mas'uliyatli tutishga harakat qildi, deyishimizga asoslar mavjud. Biroq boshqa mamlakatlarda bo'lganidek, yurtimizda ham bu kasallik aholi o'rtasida ma'lum vahimani keltirib chiqargani ham bor gap.

Shu narsa ayonki, koronavirus kabi yalpi xavflarga qarshi kurashda kom­­­­p­leks jarayon bo'lishi lozim. Bunda uning barcha turdagi salbiy oqibatlarining oldini olish uchun keng ko'lamli yondashuv zarur. Jumladan, aholi orasida vahimaga yo'l qo'ymaslik eng ustuvor yo'nalish­lardan biri sifatida qaralishi lozim bo'ladi. Biz o'zgalarning xatolaridan, tarixda vahima tufayli kelib chiqqan katta yo'qotishlardan zarur xulosa qilishimiz zarur.

“Dushmandan qo'rqma, vahimadan qo'rq”, deyilgan maqol ham bor.

Vahima o'zi nima?

Psixologiyaga oid kitoblarda vahima — his-tuyg'u va kayfiyatning buzilishi sifatida qaraladi. Vahimada odamni asossiz qo'rquv bosadi, kishi nimadandir xavotirlanib, hadiksiraydi, bezovta bo'ladi, ko'ngli g'ashlanib, oromi yo'qoladi. Unga kelajakda falokat bo'lishi muqarrardek, o'zi yoki yaqinlarining hayoti xavf ostida turgandek tuyuladi.

Bunday sharoitda shaxsda asosli, oqilona qarorlar qabul qilish layoqati cheklanadi.

Albatta bu holat faqat bizning mamlakatimizga xos desak, adolatdan bo'lmaydi. Zero, koronavirusning jahon miqyosidagi zararlari haqida bir-biridan mudhish xabarlar ko'payib borayotgan bir sharoitda, ko'plab mamlakatlarda bizda kecha kuzatilganiga o'xshash vaziyatlar bo'y ko'rsatmoqda.

Mazkur holatni ayrim mutaxassislar insonning qadimga davr yoki o'rta asrlarda bo'lib o'tgan pandemiyalarning “genetik” asorati sifatida baholashadi. Ammo biz XVIII-XIX asrda emas, hatto XX asrda ham emas, balki XXI asrda yashayotganligimizni unutmasligimiz kerak.

So'nggi yuz yillikdagi insoniyatning o'sish ko'rsatkichlari aynan tibbiyotning taraqqiyoti evaziga insonning umumiy umr ko'rish davomiyligi ortganligi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.

Agar jiddiy faktlarga e'tibor qaratadigan bo'lsak, bugun bundan oldin kuzatilgan pandemiyalardan ko'ra, ancha kamroq xavf oldida turganimiz, yaqqol ko'zga tashlanadi — 16 mart holatiga ko'ra, mazkur kasallikka chalinganlar o'rtasida o'lim holatlari 4 foizga ham yetmaydi.

Bundan kelib chiqadiki, koronavirus xuddi terrorizmga o'xshash effekt uyg'otmoqda, ya'ni aslida terrorizm ortidan keng ko'lamli urushga nisbatan kamroq qurbonlar berilsa-da, lekin uning omma­viy axborot vositalaridagi “dovrug'i” butun dunyoni larzaga soladi.

Axborot va ijtimoiy mas'uliyat

Mazkur pandemiya hali epidemiya bosqichidayoq, Shveysariya Milliy teleradiokompaniyasining Xalqaro axborot xizmati “bir tomondan, OAV aholini voqealar rivojidan xabardor qilib turishimiz kerak, boshqa tomondan esa OAV yoki ommaviy kommunikatsiya vositalaridagi “faollar” ko'proq “layk” yig'ish uchun vahimani kuchaytirishimiz – axloqsizlikdir”, deya yozgan edi.

Xorijdagi o'zbek auditoriyasiga mo'ljallangan ayrim destruktiv OAV fuqarolarimizdan bozor, savdo ob'yektlardagi navbatlar haqida foto va video materiallarni jo'natishni so'rab murojaat qilmoqda. Bundan nima muddaoligi aniq. Ular yana bir bor o'zlarining haqiqiy basharasini ko'rsatmoqdalar xolos. Bunday foto va video materiallarning tarqatilishi  yanada sarosima va vahimaning tarqalishiga xizmat qiladi xolos. Bu esa ular kutgan holat.

Ta'kidlash lozimki, bugungi kunda biror-bir kasallik keng tarqalishida transport-kommunikatsiyalarining rivoj­langanligi va insonlarning turli maqsadlardagi harakatlanishi eng muhim omil bo'lib turibdi. Boshqa tomondan bu jarayonda insonlarning o'zlarini qanday tutishi muhim ahamiyatga ega.

Sabr shifodir

Mazkur vaziyatda nafaqat tibbiyot sohasi, balki inson ruhiyatini o'rganadigan sotsial psixologiya mutaxassislari katta sahnaga chiqishi lozim ko'rinadi. Zero, buyuk bobokalonimiz Ibn Sino ayt­ganlaridek, vahimaning o'zi yarim kasallikdir. Xotirjamlik  yarim sog'likdir. Sabr esa shifoning boshlanishidir.

Albatta, keng ommadan oddiygina qilib, o'zini namunali tutishni so'rash, yetarli bo'lmasligi mumkin. Chunki u bugun juda katta axborot bosimi ostida qolgan. Ana shunday sharoitda sotsialogiya, psixologiya mutaxassislari aynan o'sha kommunikatsiya vositalari orqali insonlarni o'zlari bilmagan holda vahimaga berilib, turli harakatlardan ti­yilishga chaqirish yo'llarini ko'rsatib, turishsa ayni muddao bo'lar edi.

Sinov va javobgarlik

Millat va mamlakat tarixida shunday kunlar bo'ladiki, bu paytda xalq o'zining bir maqsad yo'lida birlasha olish qobi­liyatini namoyon eta olishi, qiyinchi­liklarni mardonavor qarshi olishga tayyorligini ko'rsatib qo'yishi lozim. Bunga o'xshash vaziyatlarda albatta tashabbusni o'z qo'liga oladigan qatlam bo'lishi lozim. Bunday qatlam esa mantiqiy ravishda davlat xizmatchilari bo'lishi kerak. Zero, ular o'z xizmat vazifalarini sidqidildan, fidoyilarcha bajarish bilan bir qatorda, ana shunday xalq boshiga og'ir sinov tushgan paytda jamiyatda o'zini tutishi bilan boshqalarga shaxsiy namuna ko'rsatishi va yuksak axloqiy qoidalarga rioya qilishi lozim. Buni bizdan ko'ra, bir necha ming barobar yirik xavf ostida qolgan Xitoy tajribasi isbotlab berdi.

Milliy qonunchiligimizda vahima tarqatganlik uchun mutanosib jinoiy javobgarlik mavjudligi, ana shunday harakatlarni o'ylab yoki o'ylamay sodir qilayotgan shaxslarni yana bir bor hushyorlikka chaqirishiga umid qilamiz.

Xususan, aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash 44 mln. 600 ming so'mdan 89 mln. 200 ming so'mgacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma'lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish 66 mln. 900 ming so'mdan 89 mln. 200 ming so'mgacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Agar yuqoridagi harakatlar oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan; ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, internet jahon axborot tarmog'idan foydalanib sodir etilgan bo'lsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuni ta'kidlashni istardikki, biz hozir duch kelgan tashvishlar o'tib ketadi, g'alvir suvdan ko'tariladigan vaqt keladi… Ana shu vaqt kelganda, bosib o'tgan yo'limizni nafaqat o'zimiz, balki bizga yumshoq qilib aytganda xayrixoh bo'lmagan kuchlar ham tahlil qiladi. O'zbekiston xalqi qiyinchilikni qanchalik oqilona yengib o'tdi degan savol yuzaga chiqadi, ojiz jihatlarimizni aniqlashga harakat qilishadi.

Ammo biz bu vaziyatda xalqimizning qadimdan shakllanib kelgan donishmand­lik xislatlari namoyon bo'lishiga ishonamiz va bu kelajakda bizning xotirjamligimizga rahna solmoqchi bo'lgan g'arazgo'ylarga aniq signal bo'lib xizmat qiladi hamda zinhor xalqimizni olomonga aylantirishga jazm etmaydilar.

Xudoyor Meliyev,

Adliya vazirligi mas'ul xodimi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + 5 =