Matbuot — ma'naviyat bulog'i

Ma'lumki, jamiyatda ommaviy axborot vositalarining tutgan o'rni beqiyosdir. Insoniyat davr odamlari aql-tafakkurining bemisl yutuqlarini gazeta va jurnallar, radio va televidenie, axborot agentliklari va internet tarmog'i orqali anglab yetmoqda. O'tgan asrda soxta g'oyalar soyasida qolib, ommaga yetib bormagan hayot haqiqatlari endilikda keng va har tomonlama o'z ifodasini topmoqda. Mustaqillik ana shunday imkon yaratdi.

Matbuotning asosini real voqelik tashkil etadi, u ijtimoiy hayotda sodir bo'layotgan voqea va hodisalarning tub sabablarini o'zida  aks ettiradi, uni o'rganadi, tahlil qiladi hamda voqelikka qaytadan ta'sir ko'rsatadi. Ta'bir joiz bo'lsa, matbuot  — hayotning o'zidan qaynab chiqib unga hayotbaxsh oqim sifatida qaytadan quyiluvchi ma'naviy chashmadir.

Ommaviy axborot vositalarining  doimiy bajaradigan ijtimoiy vazifasi — tas­vir, tahlil va ta'sir qilishdir. Bunda tas­vir, ya'ni ijtimoiy hayotni aks ettirish, kishilarni xabardor qilish muhim o'rin tutadi. Ushbu vazifani bajarishda gazetalar asosiy vositachi hisoblanadi va uning asosiy ishi jamiyat hayotidagi eng yangi fakt, voqea va hodisalarni tasvirlash, shu kunning tarixini to'laligicha aks ettirishdan iboratdir.

Matbuotning tasvir funksiyasi orqali xabardor qilish vazifasini bajarishda jurnalistikaning asosiy janrlari xizmat qiladi. Bular — informatsiya (xabar), kengaytirilgan xabar, reportaj, hisobot, intervyu, lavha kabilar bo'lib, ularda pub­litsistik ruh o'z ifodasini topadi. Matbuotning maqola, sharh, suhbat, ocherk, esse, fel'ye­ton, pamflet kabi janrlari garchi hayotning chuqurroq  qatlamlarini aks ettirishga mo'ljallansa-da, ularning asosida ham tas­vir, xabar berish yotadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalardan yo'nalish olgan ommaviy axborot vositalarimiz  ijtimoiy hayot voqealarini yanada kengroq, chuqurroq, xolis, tezkorlik bilan yorita boshladilar, gazetalarimiz, jurnallarimiz yanada qiziqarli, o'qimishli bo'lib bormoqda. Bunda matbuotning bosh funksiyasi — tasvir har taraflama qo'l kelmoqda.

Ammo matbuot hayotni oddiygina qayd etish, u haqda xabar berish bilangina cheklanib qolmaydi, balki undagi fakt, voqea va hodisalarning ichki mohiyatini ham ochib beradi, mushtariylarga tushuntiradi, tahlil qiladi, baholaydi, xulosalar chiqaradi, ma'qullaydi yoki inkor etadi. Bu matbuotning ikkinchi  bosh ijtimoiy vazifasi — tahlil funksiyasi hisoblanadi. Ta'bir joiz bo'lsa, matbuotning tasvir funk­siyasi ijtimoiy hayotning ustki, ko'zga ko'rinib turgan qatlamlarini aks ettirsa va ongning ustki qatlamiga ta'sir qilsa, tahlil  ijtimoiy hayotning chuqur qatlamlarini o'zida aks ettiradi va inson ongining tag qatlamlariga ta'sir ko'rsatadi.

Mustaqillik davrida so'z erkinligiga erishgan o'zbek matbuotida  tasvir bilan bir qatorda tahlil funksiyasi tobora takomillashib  bormoqda. Ommaviy axborot vositalarining tahliliy vazifasi ham sezilarli darajada kengaydi, chuqurlashdi, u zamonamizning, eng muhim, dolzarb masalalarini yoritishda, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, har taraflama yanada yuksalish g'oyalarini omma ongiga singdirishda faol xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi O'zbekiston” gazetasiga yo'llagan tabrigida gazeta zimmasiga: “Gazeta yurtimizda demokratik islohotlar, hududlardagi beqiyos bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlarining ahamiyati hamda natijalarini xolis va haqqoniy yoritish, aholi vakillari va jamoatchilik fikrini shakllantirish, mavjud muammo va kamchiliklarni tahliliy materiallar orqali dadil ko'tarib chiqib, axborot maydonida munosib o'rin olish”, kabi vazifalarni yuklagan edi.

Bu vazifalar yurtimizdagi barcha mavjud ommaviy axborot vositalariga ham tegishlidir. Matbuot hayotdagi fakt, hodisa va voqea­larni bemalol,  moneliklarsiz, umuminsoniy nuqtai nazardan, xolis, ilmiy-ob'yektiv tahlil qilar ekan, uning hayotga ta'siri shunchalik ortadi. Ana shu ijtimoiy vazifani yaxshi anglash, unga xizmat qilish har bir jurnalistning burchi va kundalik ishidir. Matbuot sahifalarida tanqidiy materiallar qatori, jamiyatdagi ijtimoiy kamchilik va nuqsonlarni yengil kulgu orqali bartaraf etishga xizmat qiluvchi  hajviy publitsistika  janriga yetarli o'rin berish jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Matbuot zimmasida turuvchi ijtimoiy vazifalarning muhim bosqichini — ta'sir funksiyasi belgilaydi. Ommaviy axborot vositalari ijtimoiy ong ko'rinishi sifatida ijtimoiy borliqni tasvirlab, uni bilib, tadqiq etish bilan cheklanmasdan, unga qaytadan ta'sir ham ko'rsatadi. Shundan kelib chiqib aytish mumkin, gazetalarda chop etilgan materiallar o'qilib, eshitilib, ko'rilibgina qolmasdan hayotda o'zgarish ham yasashi kerak. Matbuotning ta'sir funksiyasi uning tasvir va tahlil amaliyotlari bilan  chambarchas bog'liq, ya'ni u mazkur ikki ijtimoiy vazifaning mantiqiy davomi hisoblanadi. Qaysi matbuot nashri, ommaviy axborot vositalari hayotni keng, xolis va kerakli darajada yoritsa, xuddi shu tarzda chuqur tahlil qilsa uning ta'siri ham yuqori darajada bo'ladi. Aksincha, hayot voqealari sayoz, bir yoqlama, shunchaki, balandparvoz tarzda tasvir etilsa va tahlil ham yuzaki bo'lsa ta'sir ham shunga yarasha ko'rinish oladi.

Matbuotning hayotga ta'siri ikki xil: bevosita va bilvosita bo'ladi. Bevosita ta'sir hayot voqealarining tasviri va tahlil orqali o'quvchilar ongiga, his-tuyg'ulariga ta'sir ko'rsatishdir. Bu — materiallarning ta'sirchanligi, muhimligi, qiziqarliligi, fakti, tuzilishi, mahorat bilan yozilganligiga bog'liq. Bunga matbuotning tasvir va tahlil amaliyotlarini yetarli darajada bajarilishi orqali erishiladi. Matbuotning ta'sir funksiyasini bajarishda  jamoatchilik fikrini shakllantirish asosiy o'rin tutadi. Jamoatchilik fikrini aks ettirish — jurnalistika va  publitsistikaning bosh masalasidir. Matbuotning hayotga bilvosita ta'siri esa materiallarning samaradorligi, ya'ni natija berishi bilan o'lchanadi. Gazetada ko'tarilgan har qanday muammo hal etilsa, tanqidiy chiqishlar o'z samarasini bersa va jamiyat boshqaruvining  qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati aralashuvi natijasida hayotga tatbiq etilsagina vazifa bajarilgan bo'ladi.

Yana shuni aytish kerakki,  hozirgi kunda matbuotning ta'sir funksiyasining amalga oshirilishida ayrim kamchiliklar mavjud. Aytaylik, gazeta va jurnallar sahifalarida bosilgan tanqidiy materiallarga tegishli tashkilotlar o'z munosabatlarini bildirishlari shart, agar bu muhim ish amalga oshirilmasa ommaviy axborot vositalari yoritgan muhim masalalar, tanqidiy materiallar qog'ozda, ekranda yoxud internet sahifasida qolib ketaveradi. Afsuski, bugungi kunda matbuotda ko'tarilgan masalalarga, ayniqsa, tanqidiy chiqishlarga aksariyat davlat va nodavlat idoralarning munosabati ko'ngildagidek emasga o'xshaydi. Go'yoki ular o'zlarini bilmaganga, ko'rmaganga olib “jim” yurishini aslo oqlab bo'lmaydi. Zero, jamiyatda “to'rtinchi hokimiyat” hisoblangan matbuot o'zidan yuqoridagi sud, ijro va davlat hokimiyatlari bilan birgalikda ish ko'rish orqaligina o'z funksiyalarini amalga oshiradi. Qog'ozda yozilgan, yoxud efirda aytilgan, televizor ekranlarida ko'rsatilgan, internet tarmoqlarida keltirilgan tanqidiy materiallar, mulohaza va muhokamalar hayotga tat­biq etiladi va bundan jamiyat ham foyda ko'radi.

Respublikamizda joriy etilgan fuqarolarning fikr va shikoyatlarini qabul qilib, ularni hal etuvchi xalq qabulxonalari matbuot materiallariga ko'proq e'tibor qaratishsa, ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan tanqidiy chiqishlar,  taklif va mulohazalar tegishli tashkilotlar tomonidan tekshirilib, kerakli choralar ko'rilsa matbuotning ta'siri yanada oshadi.

Demak, matbuot faoliyatining o'zagini tashkil etuvchi tasvir, tahlil va ta'sir funk­siyalari bir-birlari bilan uzviy bog'liq holda hayot bilan  birgalikda  yanada  taraqqiy etib, takomillashib, yangidan-yangi qirralarga ega bo'lib boraveradi.

Muxtor Xudoyqulov,

filologiya fanlari doktori.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − eight =