Chingiz Aytmatov: So'zning yer osti boyliklari

Donishmandlarning “Kitoblar bizning eng sodiq do'stlarimizdir. Ular bizni al-     damaydi, yonimizda turadi, chorasizlikda tashlab ketmaydi” degan so'zlari dunyo­­da kitobchalik xolis maslahatchi yo'qligini anglatadi. Kitoblar  o'qitadi,  o'rgatadi,  qiynalganda yo'l topib beradi. Biroq hech vaqt hech nima ta'ma qilmaydi.

Kitobga  munosabat turli zamonlarda turlicha ko'rinishda bo'lgan. Yoqilgan, toptalgan, o'g'irlangan kitoblar o'tgan asrlarning yarador xaritasi  yanglig' o'tmishga o'z aksini tashlab turibdi.

Bugun esa kitobga bo'lgan munosabat tamoman yangilandi, yanada tiniqlashdi.  Kitob ertangi kun uchun ochilguvchi eshik ekanligini hayot aniq-tiniq ko'rsatib turibdi. Ki­toblarda hijjalab yig'ilgan so'zlar sabab insonning yuragida mangu yonib turgan olov haykali paydo bo'ldi. Bu olov, bu harorat har bir asrni o'z tafti bilan isitmoqda.

Xalqimizning, adabiyotimizning do'sti bo'lgan, qirg'iz yozuvchisi Chingiz Ayt­matovning quyida siz aziz mushtariylarimiz e'tiboriga havola etilayotgan ushbu maqolasi ham kitob, uning manzil va hudud bilmas miqyosi, qad­ri va qiymati  haqida o'yga toldiradi.

Maqolalarimdan birida badiiy ijod insonlar va kitoblar taqdirini belgilashi mumkinligi haqida yozgandim. Ehtimol, kitob shulardan birinchisidir. Fikrlarim mubolag'adan xoli, albatta. Muxtor Avezovning kitoblari bilan ilk uchrashuvim  hayotim davomida oydin xotira bo'lib qolyapti. Sholoxov romanlari aqlu xayolimning har bir qirrasini larzaga solgan; o'shanda men so'z qa'rida uning tuganmaydigan xazinasi borligini his etdim; so'z jodusi shu qadar baland ediki, menda qog'ozdan har bir so'zning qaddini ko'tarish, ularga ixtiyorimni topshirish istagi paydo bo'ldi; so'zning orqa-orqalarida ta'sirchan bir qudrat bekinib olganday edi.

Men aminmanki, so'z o'zining yer osti boyliklariga ega…

Bu azaliy haqiqatni anglash borasida har bir odam turfa yo'ldan qadam tashlaydi. Bularning ko'pchiligi inson hayoti va qismatining qanday bitilganligi bilan bog'liq.

Mening ilk asosiy “kutubxonamni” to'ldirgan kitoblar o'zim tug'ilib voyaga yetgan Talas vodiysiga daxldor, ajdodlarimdan mengacha yo'l bosib kelgan xalq qo'shiqlari, doston va afsonalaridir. Men ana shu tuproqdagina ilk bor manaschi ovozini — “Manas” xalq eposini ting­ladim. O'shanda o'n uch yoshlarda edim. Biroq undan ham burunroq “erigan”, “sochilgan” xalq eposi qulog'imga quyildi; kundalik suhbatlarda mana bunday maqolni tez-tez eshitishga to'g'ri kelardi: “G'alabani biz, shuhratni “Manas”  qo'lga kiritdi”.

Kitob insonlar ko'nglini bir-biriga bog'lashda ildam odimlaydi, mohiyatimizni ilg'ashga chorlaydi, ko'ngilning hali hech kim kirishga botinmagan qa'r-qa'rigacha yetib boradi, bugun, o'tmish va kelajak o'rtasida  ko'prik o'rnatadi, ko'prikki u billurdan bun­yod etilgan. Kitob insonlar va “oynai jahon” o'rtasidagi muvozanatni tartibga soladi; bu tushunarli,  negaki, asrlarni yengib o'tgan Gomer, Dante, Vergiliy, Tolstoy, Xeminguey, Folkner  va bosh­qa insoniyat daholari yaratgan boylikning bir qismini o'zlashtirib bormoq uchun nimalardandir yuz o'girmoq lozim… Inson o'zi uchun taqsimlangan vaqtning sakkiz soatini uxlashga, sakkiz soatini davlat ishiga sarflaydigan bo'lsa, agar u televizor qarshisida soatlab o'tirsa, mutolaaga  hech qachon vaqt ajrata olmaydi…

Katta shijoat bilan bitta kitobni qayta-qayta o'qishning keragi yo'q, yangi kitob va zamonaviy mualliflar asarlarini o'qish hamisha maroqlidir.

Kitobga yoshlikdagi do'stingday munosabatda bo'lish zarur, ular juda ko'p va har xil, biroq ular bilan ko'proq yuzaki, tanqidiy qarashlarsiz, yengil-elpi muomala o'rnatasan; deylik, ulardan qaysi biridir senga juda yoqadi, allaqachon do'stlaring, fikrdoshlaring safiga qo'shib bo'lgansan, hatto oralaringizda umumiy o'xshash jihatlar ham ko'p, sevib o'qiladigan bitta kitob kabi… Yillar o'tgan sayin tanishlar safi ham torayib borar, ehtimol, do'st deb ataganlaringning bir-ikki nafari qolar qalbingda, biroq ular asl va sinashta do'stlaringdir.

Kitoblar bilan munosabatda ham xuddi shunday.  Qaysidir yozuvchini yoshlikda sevib mutolaa qilgandirsan, endi unga qaytishga, takror o'qishga biron-bir istak tuymaysan,  butun umrga yetadigan tarzda o'qib bo'lganingni anglaysan. Bosh­qa bir yozuvchi bilan aksincha. Deylik, Dostoyevskiy asarlarini, qanday kashf etgan bo'lsam, shundayligicha saqlanib qolyapti, balki ko'z oldimda tobora o'sib, balandlab bormoqda. U yashab o'tgan zamon ortda qoldi, zimiston yoz, xayoliy Peterburg  o'tmish qa'riga g'arq bo'ldi, biroq Dostoyevskiy asarlari, nas­rining qalbi, so'zi mening hayotimda yashashda davom etyapti, mendan orom va xotirjamligimni tortib olyapti. Dostoyevskiy behalovat yozuvchi, u bizning vijdonimizni, tuyg'ularimizni ostin-ustun qilib tashlaydi, uni o'qish har doim murakkab, biroq yoqimli mashg'ulot, u seni o'zingga, aslingga, diyonatingga qaytaradi; unga o'xshab yozish imkonsizdir, biroq nimalarnidir o'rgansa bo'ladi. Nimani? Menimcha, birinchi nav­batda ranjigan va xo'rlangan kimsalarga nisbatan rahm-shafqat, insonlarga muhabbat tuyg'usini.

Do'stlar davrasi torayishi, yoki aksincha ularga bo'lgan mehr-muhabbating yanada  kengayishi mumkin.

Har bir kitob behuda ishlardan uzilishni, obrazlar olami va mavzu ichiga chuqur kirishni, butun borlig'ing bilan uning ichida yashashni talab qiladi. Aks holda, hech nimaga erishib bo'lmaydi. Kitobga, bosma so'zga mehr tuyg'usi erta bolaligimdanoq singigandir, ehtimol.

O'shanda ruhiyatimga ta'sir o'tkazuvchi har bir kitobni to'xtatib bo'lmaydigan bir shoshqaloqlik bilan qo'lga olardim. U paytlar men uchun yomon kitobning o'zi yo'q edi, men kitob yozayotgan har bir odamdan, ularning yozgan har bir harfidan hayratlanar, har bir yozuvchi Pushkin va Tolstoydek o'zgarmas taassurot qoldirardi menda. Kechroq tushunib yetdimki, yomon, bekorchi, iste'dodsiz yozilgan kitoblar ham bo'lishi mumkin ekan. Bu fikrlarim qanchalar sodda bo'lmasin, o'sha payt­dan to hozirgacha yomon kitoblar bo'lmasligini, kitob va yozuvchi haqidagi bolaligimning tiniq tasavvurlari chippakka chiqmasligini qattiq istardim.

1979 yil.

Rus tilidan Go'zal BEGIM tarjimasi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 4 =