Toshkent – non shahri

Inchunun jon va iymon shahri hamdir!

Shu kunlarda rus  yozuvchisi Aleksey  Neverovning “Toshkent – non shahri”   asarini  qaytadan o'qib chiqdim. Chunki asar qaysidir qirrasi bilan bugungi kunga hamohangdek.  Bu asar asosida taniqli kinorejissyor Shuhrat Abbosov kino ishlagan. Kimdir asarni o'qigan va yana kimdir kinosini tomosha qilgan  bo'lishi mumkin. O'g'limga asar syujetini gapirib berar ekanman, ocharchilik va qahatchilikni o'zining lat yemagan ruhiyatida jonliroq his qilib ko'rishini xohladim. Bugungi ne'matlarning qadriga yetishi uchun, odamgarchilik,  sadoqat, matonat, muhabbat  qahatchiligiga duch kelmasligimiz uchun buni anglashini qattiq istadim. G'ala-g'ovurli, inqiroz xaritasi chizilayotgan, ochlik  emas, ochko'zlik  vahimasi xuruj qilayotgan bugungi kunda bu asarni qayta o'qib chiqishni har bir o'zbekka tavsiya etgan bo'lar edim.

“Toshkent – non shahri”. Bu butun dunyo nigohini O'zbekistonga qaratgan asar. Mana asardagi Toshkentga berilgan ta'riflar: “U yerda non bo'g'zinggacha ko'p, O'zbekiston naq  jannatning o'zi emish.”  Asarga ko'ra odamlar ochlikni yengish, o'lim ustidan g'alaba qozonish uchun O'zbekistonga – Toshkentga intilganlar. Toshkent timsolida xaloskor bir mamlakatni tasavvur etganlar.  Dunyoning mashhur yozuvchisi Frans Kafka ham bu asarni o'qib, “Bunday bolalari bor xalqni yengib bo'lmaydi.” – degan ekan.

Men ochlik zamonini ko'rmaganman(Ilohim ko'rmaylik). Biroq Otamdan  juda ko'p eshitganman. Odamlarning nonga zor bo'lganlari, ochlikdan kunjara yeb shishib o'lganlari, bahorga chiqib olgan xalq o'limni ortda qoldirganiga ko'zi yetib  sevinganlari, bu yog'iga daraxt shirasini yeb jon saqlash mumkinligi…. O'sha kunlar hali bizdan u qadar uzoq ketgan emas. Kimningdir otasi, kimningdir bobosi ochlik zamonidagi kunlarni matonat bilan yashab o'tgan. Shu uchun ular bir burda nonni yerga tushganini ko'rsa, o'pib peshonasiga suradi.

Biroq men ko'rmagan kunlarim haqida emas, bugun real ko'rayotganlarim haqida yozmoqchiman. O'zbekning psixologiyasiga suqilib kirgan o'zimbo'larchilik, man-manlik, birovning iztirobiga nopisandlik, noshukurlik, ochofotlik kabi illatlar ongimizni koronavirusdan kam iztirobga solmasligi aniq. O'zbekistondagi koronavirus manzaralarini kuzatar ekansiz, orzularimizning, tafakkurimizning bo'yi bu qadar  past ekanligidan g'amga botadi odam.  O'tmish va bugunni qorishtirib surayotgan xayollaringizni dunyoning eng xushbo'y yuvish vositalari bilan tozalab olgingiz keladi.

Bitta tanishim, yaqin  qarindoshi karantin boshlanishidan oldin bir uyini oziq-ovqat va xo'jalik mollariga tamoman to'ldirib tashlaganini gapirib berdi. Oz fursat ichida butun yer sharida  yeru osmonni bo'shatib, tabiatni dam oldirib qo'ygan zot, bu jamlanmalarni necha kun saqlab beradi, ayting-chi? Xo'sh, bu kabi ochofotlikning, vos-voslikning ildizi qaerda? Uning yaroqlilik muddati o'tib ketgan bo'lsaydi, degan xayollarga beriladi, kishi.

Ijtimoiy tarmoqlarda mahalladan ijtimoiy yordam tarzida berilgan oziq-ovqatlarning kamligi aytilgan iddaoli video tarqaldi.  Sumka ichidagi oziq-ovqat mahsuloti birma-bir bir chiqarilib, irg'itib tashlanyapti, yegulik ne'matlarga nopisandlarcha munosabatda bo'linyapti. Avvalo, yegulikka nisbatan bunday munosabatda bo'lish na musulmonchilik qoidalariga, na bizning sharqona madaniyatimizga to'g'ri keladi. Qolaversa, muhtoj odam birov bergan bir burda nonni ham minnatdorchilik bilan qabul qiladi. Hali karantin boshlanganiga bir oy bo'lgani yo'q, biroq odamlarning nolasi, vahimasi dunyoni buzgudek avjiga chiqmoqda. Ota-bobolarimiz besh yillab urushda bo'lgan, front orqasida mehnat qilib, frontga oziq-ovqat, kiyim-kechak jo'natishgan. Oilalarda erkaklar qolmagan. Lekin bunday vahima qo'zg'almagan. Mardona turishgan, qaddini tik tutishgan, bir burda nonini muhtojlar bilan baham ko'rishgan. Olis zamindagi o'ris bolakayning  Toshkent timsolida jannatni tasavvur qilib kelishi bejizga emas. Yoki ikkinchi jahon urush davrida minglab bolalarni bag'riga bosib, tarbiya qilgan o'zbekning qahramonligi shunchaki qahramonlik dostonlari sifatida asarlardagina yashab qoladimi?

Ehtimol, u kunlar ortda qolib bo'ldi, bugun biz innovatsion yangiliklar zamonida yashayapmiz, dersiz. Odamning, zamonning qiyofasi   o'zgarib borar, odamiylikning formulasi esa hech qachon o'zgarmaydi!

Kuni kecha rossiyalik dugonam bilan internetda suhbatlashib o'tirib, bizda juda ko'p do'konlarda non tekin ekanligini va bu yana do'kon egalarining tashabbusi bilan shunday bo'layotganligini  aytdim. U bo'lsa “Xleb nam besplatno nikto ne daet.” deb javob yozdi. Gap bu yerda bir burda non haqida emas. Qiyinchiliklar, uqubatlar, ommaviy sinovlar birlashtirgan xalqning mehru muhabbati haqidadir. O'zganing g'amini o'z yuragining eng cho'qqisiga ko'tarib, uni shaxsiy dardiga aylantira bilgani to'g'risidadir.

Bugun butun dunyo sarosimada. Hatto iqtisodchilar  pandemiyadan keyingi  iqtisodiy inqirozlar O'zbekistonda og'irroq kechishini “bashorat” qilmoqdalar. Biroq nafsining tiyilish nuqtalarini yaxshi anglab, xayrining sarhadlarini jilovlay olmagan o'zbek xalqini bu bashoratlar u qadar tahlikaga solmasligiga ishonaman. Chunki halolligi ibodatga aylangan xalqimiz o'zining chiroyli sabri bilan har qanday mashaqqatlardan chiroyli o'tishiga shubham yo'q. Frans Kafka aytmoqchi nafaqat asardagi kabi matonatli  o'ris bolakaylari bor xalqni, balki unga hayot bulog'ini tutgan ma'rifat vodiysiga mansub odamlari bor o'zbek  xalqini ham hech qachon  engib bo'lmaydi!

Go'zal Begim.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 3 =