O'sha radio qani?..

Bugungi hayot, turmush tarzi, tajribalar shuni ko'rsatayaptiki, odamlarning gazeta, radio, televidenie haqida   aytganlari, bashoratlari shunchaki gaplar ekan, guvohi bo'lib turganimiz gazetalar o'qilayapti, radioning ham muxlisi bor, televizor esa har xonadonimiz to'ridagi arzandaligicha qolmoqda.

Xo'sh, bugun bir paytlar ayvonimizning ustuniga o'rnatilgan kichkina qutichada joylashib olib, kecha-yu kunduz sayrab yotgan, o'zining yangi-yangi axborotlari-yu kechki payt­lari beriladigan diltortar konsertlari bilan hammaning ko'nglini shod etgan o'sha radio qani?

Endi bolajonlar jon qulog'i bilan ting­laydigan “Oqshom ertaklari”, “Polvonjon – sog'lomjon” eshittirishlari yo'q. Yakshanba kunlari yoshu keksa baravar tinglaydigan, kulgudan rohatlantiradigan, yuziga tabassum yugurtiradigan “Tabassum” radiojurnalining ham ahvoli yaxshimas.

Nahotki, yoshlar jon-dildan sevadigan va doi­mo mushtoq bo'lib kutadigan “Yoshlik” radiostansiyasining bir-biridan mazmunli eshitti­rishlari endi efir orqali jaranglamasa? Ta'magir, mushtumzo'r, byurokrat, tashmachi, poraxo'rlarni ayamasdan savalaydigan “Qarmoq” satirik radiojurnalini eshitmaganimizga ancha yillar bo'ldi. Rosti, bu eshittirishlarni eslaganda, qo'msab, bir entikib qo'yadi odam. Axir, endi o'tmish-da…

Vaqt, davr, shart – sharoit hamma narsani o'z izmiga solar ekan. Ayniqsa, shiddat bilan kechayotgan vaqt bilan hisoblashmaslikning sira iloji yo'q. Guvohi bo'lib turganimiz, XXI asrda texnika-texnologiya juda rivojlanib ketdi. Axborot makonlari, axborot olish manbalari ham ko'paygandan ko'paydi. Ko'pgina o'tgan asr boshidagi ixtirolarga hojat qolmayapti.

To'g'ri, keyingi paytlarda radioning o'rni, ahamiyati haqida yaxshi gaplar quloqqa chalinayapti. Ishchilar, dalada mehnat qilayotganlar uchun radio qulay, ammo u bugun yengil mashinalar uchun yangilandi. Dala, ishxona uchun esa eskiligicha qoldi-da. Shunga qaramay, eshitib, guvohi bo'lib turibmiz, radio ham bosh­­qa axborot vositalari kabi faoliyat yuritayapti, muxlislariga muhim axborotlarni yetkazib berayapti, to'xtab qolgani yo'q. To'xtamaydi ham.

Radioning ixtiro qilinishi olamshumul voqea bo'lgani bor gap, to'rt burchak qutining muruvvatini burasang yoqimli tarona yangrasa, bir zum o'tib mamlakatda bo'layotgan gap-so'zlar, xabarlar eshitilsa, ovozini balandlatib, buning ustiga, qulog'ini qutiga taqab eshitganlar qancha.

Bu hamma uchun kutilmagan yangilik edi. Katta imkoniyat edi, chunki radio arzon axborot tarqatuvchi vosita, uni eshitish uchun ulkan savod kerak emas, muhimi, eshita olish qobiliyating bo'lsa bo'ldi, eshitaverasan.

Qarangki, yillar o'tib, xonadonlarda sandiqdek keladigan ekranli taxta qutilar paydo bo'ldi. Endi bular odamlarni o'ziga oxanrabodek tortdi. Unda ko'rinadigan odamlar sipo kiyingan, yurish-turishi tartibli, istarasi issiq odamlar telequtiga kirib olib gapirardi, raqsga tushardi, qo'shiq aytardi. Qanday ajoyib!

Keksalarning aytishicha, televizor deb nomlangan ekranli quti go'yo uzoqni yaqin qiladigandek, yoniga borgan ketolmay qolarkan. Xuddi qirq yillik qadrdonini ko'rgandek, ayollar qo'lini yengiga solib silab qo'yarkan. Ana shunday aziz tutishgan ekan teleradioni.

Ayniqsa, ekranli qutidan kelayotgan jonli ovoz, tasvir, odamlar, mashinalarning harakatlari odamlarni lol qoldirgan. Buni ko'pchilik sehru-jodu deb o'ylashgan. Ammo bora-bora ko'nikma uyg'ongach, o'zi ham yasasa bo'ladigan mato ekanini tushunib olishgan.

Radio paydo bo'lganda ba'zi allomalar gazetalar endi o'zining ahamiyatini yo'qotadi, deb ayyuhannos solishgandi. Buni qarangki, kompyuter texnologiyalar, internet mo''jizasi teleradioni ortda qoldira boshladi. Yaponlar ixtiro qilgan ko'zoynakning kichkinagina tugmasini bossangiz teleekran paydo bo'lib, siz istagan kanaldan to'g'ridan-to'g'ri telereportaj yoki biron kinoni namoyish qilaveradi.

Lekin televizor ham, radio ham gazetaning o'rnini bosolmadi, bu ayni haqiqat, odamlar televizorni vaqt o'tkazish ilinjida ko'radigan bo'lishdi. Undan yangiliklarni bilib olish, ma'naviy ong ozuqasini topish uchun faqat televizorning o'zi kamlik qildi.

Bir paytlar dunyoni radio egallaydi deyishuvdi, kutilmaganda zangori ekranlar radioni bosib o'tib ketdi. Endilikda ikki qo'l band bo'lganda radio eshitiladi, unda ham xizmatdagi odamning ortiqcha xayolga berilmasligi uchun radio muruvvati buraladi.

Keyin internet kafelar, yuqori texnologiyalar zangori ekranni ham bir qur ortda qoldirdi. Yana gazetalar har bir xonadonga ziyo taratish uchun kerak bo'layapti. Axir internetdagi biror dalilga asoslanmagan, quruq nolishdan iborat, safsata gaplarga ko'p ishonib, tayanib bo'lmay qoldi. Biron xabar eshitib qolsa, avval: “Qaerda o'qiding?” deb so'raydi, ijtimoiy tarmoqda desa, “Ha, bora, topgan gapingni”, deb qo'l siltab ketvoradi. Gazetalar-chi, xalqning ishonchli minbari bo'lib yana xonadonlarga kirib borayapti.

Bashoratchi bo'lib, karomatgo'ylikni da'vo qilganlar etagini ko'targancha ortda qolib ketayapti. Dunyoning ishi qiziq ekan-da…

Dilshoda Hamdamova,

Mirzo Ulug'bek nomidagi

O'zbekiston Milliy universiteti

jurnalistika fakulteti doktoranti.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 12 =