Matonatli qo'mondon

Tarixdan ma'lum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilariuyg'oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san'at namoyandalari, ma'naviyat va ma'rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. XX asr boshlarida xalqimizni ozodlik va ilmma'rifat uchun kurashga chorlagan jadid bobolarimizni eslaylik.

Ma'rifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor bo'lib xizmat qilishi tabiiydir. Chunki ularning g'oya va dasturlari Yangi O'zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg'un va hamohangdir.

Shavkat MIRZIYOYEV

O'zbekiston Respublikasining milliy armiyasini tuzish va uning tadrijiy rivojlanishiga ma'nan o'zak bo'lgan va hissa qo'shgan harbiy jadidlarning hayoti va faoliyatini o'rganish, ayniqsa, harbiy xizmatchilar hamda yoshlar e'tiboriga asosli hamda to'laqonli ma'lumotlarni yetkazish, yurtdoshlarimizda sobiq Ittifoq davridagi milliy harbiy kadrlarning mashaqqatli faoliyati haqidagi tasavvurlarini yanada boyitish, yosh mutaxassislarda milliy iftixor, burchga sadoqat va jasorat tuyg'ularini kuchaytirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida kamol toptirish bugungi kunning dolzarb vazifasidir.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2023 yil 31 avgustda “Shahidlar xotirasi” xiyobonida bu soha uchun bir qator konseptual fikrlar hamda topshiriqlar bergan edi. Ayni bir payt­­da buyuk bobolarimizning harbiy tarixiy merosi va mustaqilligimiz istiqboli haqida so'z yuritib, vazifalar ijrosini ta'minlashga qaratilgan “Yo'l xaritasi”da jadidchilik harakatining harbiy sohadagi faoliyatini chuqur o'rganish hamda targ'ib qilish maqsadida izlanish­lar olib borish haqida ko'rsatmalar bergan edilar.

Hozirgi paytda O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Bosh prokuratura va bosh­­qa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda qatag'on yillarida nohaq sudlangan, turli og'ir jazolarga hukm etilgan harbiylarning faoliyatini arxiv manbalari, tegish­li hujjatlar orqali o'rganish ishlari olib borilmoqda.

Ushbu tadqiqotlar natijasi o'laroq o'rganilgan mil­­­­­­­liy harbiy kadrlardan biri Rizo Abdullayevich Yoqubov 1898 yil 5 mayda Zominguzar (Samarqand viloyati) qishlog'ida kosib oilasida tug'ilgan . Uning otasi rus sanoat korxonasida ish yurituvchi va tilmoch bo'lib ishlagan va farzand­larining zamonaviy ilmlarni o'zlashtirishlariga alohida e'tibor bergan.

Rizo Yoqubov avval Samarqanddagi jadid, so'ngra Toshkentdagi rus-tuzem maktablarida o'qib, rus tili va dunyo­viy ilmlarni o'zlashtiradi. Biroq Toshkentdagi real (kasb-hunar bilim yurti) maktabiga qabul qilinmaydi. 1912 yilda Marv shahriga boradi va u yerdagi chilangarlik ustaxonasida o'quvchi, Qizilqiya shaxtasida vagonetka haydovchisi, paxta tozalash zavodida mashinist yordamchisi va boshqa og'ir yumushlar bilan shug'ullanadi.

Toshkentda 3-artilleriya qo'mondonlik kursini bitirgandan so'ng, 1923 yil dekabr oyidan milliy harbiy qismlar uchun piyoda va otliq o'rta qo'mondonlik tarkibini tayyorlovchi O'rta Osiyo millatlari va elatlaridan tashkil topgan birlashgan milliy maktabining rahbari etib, yaxshi tajriba va malakaga ega bo'lgan Rizo Yoqubov tayinlanadi.

Ta'kidlash joizki, u 1924 yilning yanvaridan 1927 yil 22 avgustigacha bo'lgan davrda Toshkent shahridagi birlashgan harbiy maktabi rahbari lavozimida harbiy milliy kadrlarga xos jasoratli va mardona tarzda faoliyat yuritadi. Xususan, “Turkiston” gazetasida ushbu maktab haqida Rizo Yoqubov shunday deb yozgan: “Milliy harbiy maktab O'rta Osiyoda milliy qizil qo'shin qo'mondonlari yetishtirib chiqaradigan bir maktabdir. Sho'rolar hukumati yerli xalqni qurollantirishdan cho'chimaydi. Rossiya imperiyasi davrida yerli xalq o'z yonida bir pichoq ham olib yurolmas edi” .

Shu yillarda ancha chiniqqan matonatli qo'mondonni o'sha davrda O'rta Osiyo Harbiy okrugi qo'mondoni bo'lgan K.A.Avksentyevskiy: “O'rtoq Yoqubov Oliy qo'mondonlik tarkibi malaka oshirish institutini tamomlagan, o'qish davrida o'zining nazariy va siyosiy bilimlarini ancha takomillashtirgan. Pedagogik mahorati katta ekanligi uning harbiy maktab rahbari sifatida kursantlar tayyorlash ishiga ta'sir etgan. O'rtoq Yoqubov O'rta Osiyo harbiy maktabi rahbarlari orasida ajralib turadi… U hamisha bilim olishga intiladi hamda mustaqil boshqarish qobiliyatiga ega”, — deya ta'rif bergan edi.

Rizo Yoqubov o'sha davrning bir necha oliy orden va unvonlari bilan taqdirlangan hamda uning nomi o'zbek harbiylari orasida juda mashhur bo'lib, 1920 yillarda o'zbek milliy matbuot nashrlari — “Turkiston”, “Qizil bayroq”, “Yer yuzi” sahifalarida tez-tez tilga olinadi.

Ochig'ini aytganda, Rizo Yoqubov matonatli qo'mondon sifatida oliy milliy harbiy kadr darajasiga erishgan edi. U 1927 yil 1 oktyabrdan Inqilobiy Harbiy Kengash (RVS)ning 247/39-sonli buyrug'iga ko'ra, alohida o'zbek milliy otliq diviziyasida komandir hamda komissar etib tayinlanadi. Ikki yil o'tgach, 1929 yilning avgustida sobiq Ittifoq Harbiy akademiyasi asosiy fakultetining ikki yillik kursiga tinglovchi sifatida qabul qilingan. 1931 yil akademiyani tamomlagach, 30-Irkutsk o'qchi diviziyasiga komandir yordamchisi, shu yilning noyabr oyida Qizil Armiya Oliy Harbiy Kengashi tomonidan 35-aviabrigada komandiri etib tayinlanadi. U o'qishda davom etadi. 1932 yilda N.E.Jukovskiy nomidagi Harbiy-havo akademiyasi qoshidagi Oliy harbiy kengash qo'mondonlar malakasini oshirish kursini tamomlab, “Harbiy uchuvchi-kuzatuvchi” unvoniga sazovor bo'ladi.

Rizo Yoqubov bir qancha muddat Konotop aeroportida rahbar, keyinroq esa 206-engil bombardimon qiruvchi aviabrigadaga komandirlik qilgan. Taqdir taqozosiga ko'ra, 1933 yilning dekabridan 1936 yilning oxirigacha Volsk shahridagi Qizil Armiya Oliy Harbiy Kengashi 2-sonli harbiy texnika maktabida rahbar va harbiy komissar bo'lib faoliyat yuritgan.

Sobiq Ittifoq Xalq Komissarlar Kengashining 1935 yil 22 sentyabrdagi “Qizil Armiya rahbarlik tarkibidagi shaxsiy harbiy unvonlar to'g'risida”gi qaroriga ko'ra, Rizo Yoqubovga kombrig harbiy unvoni beriladi hamda mamlakat Mudofaa Xalq Komissariatining 1936 yil 26 noyabrdagi 2484-sonli shaxsiy tarkib to'g'risidagi buyrug'i bilan O'rta Osiyo Harbiy okrugi Oliy Harbiy Kengashi rahbari etib tayinlanadi.

Ma'lumotlarga ko'ra, Rizo Yoqubov jangovar va mardlik jasoratlari uchun 1928 yil 22 fevralda O'zbekis­ton Respublikasining 65-raqamli “Mehnat Qizil Bayroq” ordeni bilan taqdirlangan. 1933 yilda 63-raqamli “Qizil Bayroq”, 1936 yilda esa 2027-raqamli “Hurmat belgisi” kabi ordenlar bilan mukofotlangan. Bundan tashqari, u O'rta Osiyo Harbiy okrugi tomonidan bir necha bor pul mukofoti bilan ham rag'batlantirilgan.

…Ammo dunyo charxpalagi — “Katta qirg'in”dan R.Yoqubov omon chiqqan bo'lsa-da, Sobiq Ittifoq NKVD huzuridagi maxsus kengashning 1939 yil 23 sentyabrda bo'lib o'tgan majlisida matonatli qo'mondon va ma'rifatparvar harbiy sarkarda Rizo Yoqubov harbiy suiqasdda (ammo qachon va kimga qarshi harbiy suiqasdda ishtirok etganligi arxiv hujjatlarida keltirilmagan) va Polsha foydasiga josuslik qilganlikda nohaq, yana asossiz ayblanadi. Majlis qaroriga ko'ra, u 8 yil muddatga Shimoliy temiryo'l lageri (Sevjeldorlag)ga, keyinroq esa Sibirga axloq tuzatish mehnat lageriga surgun qilinadi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida sobiq Ittifoqqa professional harbiy mutaxassislar suv va havo kabi zarur bo'lib turgani uchun Rizo Yoqubov oliy harbiy malakali nozikta'b harbiy mutaxassis 1943 yil aprelidan Molotov (Perm) shahridagi 172-sonli zavodga qarashli alohida konstruktorlik byurosi (1-sonli maxsus qamoqxona)da bosh konstruktor sifatida ishlaydi.

Belgilangan muddatni o'tab bo'lgach, Rizo Yoqubov 1946 yil 28 mayda ozodlikka chiqadi. Lagerdan qaytgach, Rossiya Federatsiyasining Vladimir viloyatidagi Aleksandrovsk shahrida yashaydi va Vladimir viloyati qurilish-montaj boshqarmasida ish bosh­qaruvchi (prorab) bo'lib mehnat qiladi. Ushbu qurilish-montaj boshqarmasi boshlig'i A.I.Solovyevning unga bergan tavsifnomasiga ko'ra: Rizo Yoqubov bu lavozimda 1946 yilning 30 avgustidan ish boshlagan va o'z vazifasiga hamisha sidqidildan yondashgan.

Hali ham qatag'on siyosati davom etayotgan bu davrda matonatli inson Rizo Yoqubov “xalq dushmani” degan nomdan to'liq xalos bo'lmagan edi. Oradan 3 yil o'tgach, 1949 yilning 30 martida u yana qamoqqa olinadi. Sobiq Ittifoq Davlat Xavfsizligi vazirligi qoshidagi maxsus kengashning 1949 yil 18 iyuldagi qarori bilan Krasnoyarsk o'lkasiga surgun qilinadi.

Alqissa, 1956 yildan nohaq ayb­langan, qatag'on siyosati qurboni bo'lgan shaxslarni oqlash (reabilitatsiya) jarayoni haqli ravishda bosh­langan edi. Bu vaqtgacha nohaqlikni ko'p bora boshidan kechirgan adolatparvar Rizo Yoqubov o'zining asossiz ravishda ayblangani va bu tamg'a undan olib tashlanishi borasida ilgari tegishli mas'ul rahbarlarga bir necha bor yozma tarzda qilgan murojaatlari ko'rib chiqilmagan edi. U sobiq Ittifoq Harbiy kollegiyasining 1956 yil 18 iyundagi ajrimiga ko'ra oqlanadi.

Oqlanganidan so'ng Rizo Yoqubov qayta attestatsiyadan o'tkazilib, unga barcha mukofotlari qaytariladi va polkovnik unvoni beriladi. Ammo qayta-qayta qamoqda bo'lish, quruq tuhmat va soxta ko'rsatmalar, uzundan-­uzun tergov jarayonlari uning jismonan va ruhan zo'riqishiga sabab bo'lgandi. Umrining so'nggi yillarini nafaqada o'tkazgan harbiy bobomiz, matonatli o'zbek milliy harbiy kadrlaridan biri, mustabid siyosatning jabrini tortgan iste'fodagi polkovnik Rizo Yoqubov 1957 yil 23 aprelda vafot etadi.

Darhaqiqat, zamonaviy o'zbek armiyasining ilk vakillaridan bo'lgan Rizo Yoqubov nafaqat iqtidorli milliy qo'shin qo'mondoni, balki o'zbek milliy harbiy kadrlarining yangi avlodini yetishtirib berish borasida katta xizmat qilgan. U o'z zamonasida o'zbek yoshlarining iftixoriga aylangandi. Ulkan qalbli harbiy jadid bobomiz — matonatli va jasur qo'mondon Rizo Yoqubovning sermazmun va serhosil faoliyati yoshlar uchun ulkan ibrat maktab bo'lib qoldi.

Qariyb oltmish yildirki, uning jasoratli va matonatli hayot yo'li bugun O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida xizmat qilayotgan harbiylarimiz uchun namuna bo'lib kelmoqda. “Chunki ularning g'oya va dasturlari, — degan edi Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni  Shavkat Mirziyoyev. — Yangi O'zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg'un va hamohangdir”.

Babur ShAYaKUBOV,

O'zbekiston Respublikasi

Qurolli Kuchlar Akademiyasi

boshlig'i, polkovnik.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − ten =