“Aldanib qolg'on yomondur!”

Jurnalist bo'lsang, xuddi sen bamisoli barcha narsaga qodirday, ko'pchilikning senga murojaat qilishi tabiiy…

Kimdir uyali telefon raqamingizni bilib oladi, telefonni ko'tarsangiz, u darrov shikoyatini boshlaydi. “Uyda bo'lasizmi, men uyingizga o'tmoqchiman, qiynalib qoldim”, deydi. Uyali telefonni albatta ko'tarishingiz kerak…

Bir paytlar notanish telefon raqamlarini olmasdim. Bir oilaviy masalada pand yeganimdan so'ng, albatta, har qanday telefon qo'ng'irog'iga javob berishga harakat qilaman.

Birov jinoyat ishi bo'yicha, birov fuqarolik ishi bo'yicha, yana kimdir uy-joy nizosi bilan, xullas, hamma seni “Qudratli odam” deb hisoblarkan. Go'yo sen felyeton yozding-u, tamom-vassalom, go'yo hamma ish hal bo'ladi…

Bu Sho'ro davrida edi.

Aslida esa hozir bunday emas. Zero, jurnalist har bir sohaning chuqur bilimdoni bo'lishi shart, senga murojaat qilgan insonning muammosini yaxshigina bilishing kerak.

Jumladan, sudga advokat bemalol uyali telefon bilan kira oladi: u taraflarga bemalol va xohlagancha savollar berishi mumkin.

Jurnalist bechoraning esa sud majlisiga kirganida telefonini olib qo'yishadi va unga sudda so'z ham berishmaydi, faqat xohlasa, sudda guvoh sifatida qatnashishi mumkin.

Sud hukmi qonuniy kuchga kirgandan so'ng bir maqola yozishingiz mumkin, xolos. Natijasi bo'ladimi, buni hech kim bilmaydi.

…Mana, kimdir uy darvozamizni taqillatdi.

Kun anchagina sovuq. Tashqarida novchagina, ozg'indan kelgan, ko'rinishidan qirq yoshlar chamasidagi bir yigit velosipedda kelibdi:

— Keling, xizmat, uka?

— Ozod aka, bitta masalada kelgandim…

Ko'cha sovuq bo'lgani uchun, buning ustiga, men ham yupungina kiyingandim, uyga taklif qildim.

Bu yigitning ismi Sodiq, familiyasi Jalilov ekan.

U menga jinoyat ishlari bo'yicha Ohangaron tuman sudining 2025 yil 15 oktyabrdagi hukmini qo'limga tutqazdi.

Bu hukm deganlari ham naq o'ttiz varaq ekan.

Sudya Nozimjon Abdurashidovning ham sabriga balli-ey, erinmay yozibdi, buni bir kitob qilib chiqarsa, yaqin yuz betlik kitob bo'ladi-ya!

Yaqin ikki soatda hukmni o'qib chiqdim.

Unda “…U bundan tashqari o'zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, aldash va ishonchni suiiste'mol qilish yo'li bilan o'zganing mulkini takroran qo'lga kiritish maqsadida 2024 yil 28 noyabr kuni Ohangaron shahri hududida tanishi Djalilov Sodiq Sobirovichni aldab, kredit tarixini tekshirib ko'rish bahonasida S.S.Djalilovning qo'l telefonini olib, S.S.Djalilov nomiga mikromoliya tashkiloti ilovasi orqali shu kuni 12.096.000 (o'n ikki million to'qson olti ming) so'm miqdorida kredit mablag'lari olishga erishib, ushbu pulni o'zining ixtiyoridagi kartalariga o'tkazib firibgarlik yo'li bilan egallab, o'z ehtiyojlari uchun sarflab, kredit mablag'larini qaytarishdan bo'yin tovlab kelgan”, deyilgan.

Ma'lum bo'lishicha, firibgarlar shohi Bahrom Abdushukurov (ism-familiyalar o'zgartirilib berilmoqda) bundan oldin ham Sodiq Jalilovni yigirma millionga tushirgan ekan.

Odam ham shunaqa sodda bo'ladimi?

Firibgar Bahrom Abdushukurov esa oliy ma'lumotli va muqaddam bank boshqaruvchisi lavozimida ham ishlagan.

Demak, oyligi ham hamma havas qiladigan va obro'si ham o'ziga yarasha bo'lgan.

Bu yigitni odamlarni shu qadar chuv tushirishga nima majbur qilibdi ekan degan o'yda beixtiyor yana hukmni varaqlayman.

Sudlanuvchi Abdushukurov bundan tashqari fuqarolar Otabek Nurchayevni o'n olti million so'mga, Mahfuza Sultonovani yigirma to'qqiz million so'mga, Dilshod Nishonovni o'n yetti yarim million so'mga, Zilola Sharofovani yigirma ikki million so'mga, Farhod Alimovni yigirma bir million so'mga, Oybek Usmondiyorovni o'ttiz million so'mga, Akrom Qurbonovni yigirma million so'mga, Asror Beklyarovni olti yarim million so'mga, Ozoda Ashirmatovani yetti million sakkiz yuz ming so'mga aldab, xuddi Jalilovga o'xshatib chuv tushirgan.

Bu ro'yxatni yana davom ettirish mumkin…

Bundoq qarasa, hamma aldanganlar Abdushukurovning tanish odamlari, do'stlari, birodarlari…

Yoki aldagani bola yaxshi deganday, aldagani do'st yaxshimikan?..

Sud o'z hukmida aldangan fuqarolar foydasiga sudlanuvchi Bahrom Abdushukurovdan pul undirishni belgilagan.

Sodiq Jalilov menga yuzlanadi:

— Ozod aka, endi nima bo'ladi?..

— Nima ham bo'lardi, apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish shikoyati berishingiz mumkin. Foydasi bo'ladimi, yo'qmi, bilmadim.

— Bizlar pulni qachon olamiz?

— Mana, Bahrom Abdushukurovni yetti yilga ozodlikdan mahrum qilishibdi, ikki-uch yilda chiqib qolsa kerak…

— Keyin nima bo'ladi, chiqqanda pulimizni olamizmi?

— Albatta, qachondir, agar Abdushukurovning mulki bo'lsa, mulkka qaratadi, bu ishlar bilan MIB shug'ullanadi. Undan keyin Abdushukurovni ishga joylashtirishlari aniq. Masalan, Abdushukurov bir yarim million oylik oladigan bo'lsa, uning qoq yarmi siz undiruvchilarga teng taqsimlanadi. Aytaylik, har bir undiruvchiga ikki yuz-uch yuz ming so'mdan to'g'ri kelishi mumkin. Uzoq kutishga to'g'ri keladi.

Jalilovning nafasi ichiga tushib ketdi:

— Siz gazetada chiqarsangiz foydasi bo'ladimi bizga?

— Menimcha, sizlarga hech qanday foydasi bo'lmasa kerak. Buni oldindan aytib qo'yay. Faqat odamlar o'qishsa, saboq bo'lishi mumkin…

Jalilov uyimdan ma'yus va horg'in chiqib ketdi.

Unga qanday tasalli berishni bilmadim…

To'g'risi, achindim…

Beixtiyor, “Aldanib qolgan yomondur!” degan qo'shiqni xirgoyi qila boshladim.

Maslahatim esa ushbudir: Ogoh, bo'ling, azizlar!

Ozod XUShNAZARZODA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + 10 =