SAYLOV JARAYONLARI XALQARO KUZATUVCHILAR E’TIBORIDA

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida saylov qonunchiligiga saylov huquqi erkinligi prinsipining yanada to‘liqroq amalga oshirilishiga, mamlakatimiz saylov tizimining yanada demokratlashuviga, nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqotini o‘tkazish borasida teng shart-sharoitlar yaratish samaradorligini oshirishga, saylovning ochiqligi va shaffofligi prinsiplarini mustahkamlashga qaratilgan qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Saylov mobaynida shaffoflikni ta’minlashning huquqiy mexanizmlari takomillashtirildi.

 Darhaqiqat, saylovga tayyorgarlik va uni o‘tkazishni davlat hokimiyati boshqa organlarining hech qanday aralashuvisiz ta’minlaydigan, davlat hokimiyati tizimida alohida o‘ringa ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga konstitutsiyaviy organ maqomi berilishi saylovlarning demokratliligini, ochiqligi va oshkoraligini har tomonlama ta’minlashning muhim kafolatlaridan biri hisoblanadi.

Ma’lumki, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga ega hisoblanadi.

Bunda kuzatuvchilar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etiladi. Ushbu arizada kuzatuvchining shaxsini tasdiqlovchi ma’lumotlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishining taxminiy joyi va muddati ko‘rsatilishi lozim.

«Kuzatuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorni Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi taqdimnomasiga asosan qabul qiladi. Hamda markaziy saylov komissiyasi kuzatuvchilarga ularning saylov kampaniyasi davridagi faoliyatlari uchun asos bo‘ladigan tegishli namunadagi mandatni beradi.

Shuningdek, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlarning vakillari hisoblanmaydigan shaxslar ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

Kuzatuvchilarning vakolatlari ular ro‘yxatga olingan kundan boshlab amalga oshiriladi va Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalarini e’lon qilganidan keyin tugaydi.

Kuzatuvchilar saylov uchast­kalariga kelganlarida O‘zbe­kiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilgan mandatni saylov komissiyasi raisiga ko‘rsatishlari shart.

Kuzatuvchilar:

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish bo‘yicha o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda, okrug va uchastka saylov komissiyalarining majlislarida ishtirok etish;

– saylov uchastkalarida hozir bo‘lish va tayyorgarlik ishlarining borishini, ovoz berish uchun saylov qutilarining joylashtirilishi hamda muhrlanishini, fuqarolarga saylov byulletenlari berilishini kuzatish;

– ovozlarni sanab chiqish va uchastka saylov komissiyasi bayonnomasini tuzish paytida hozir bo‘lish;

– saylov natijalari haqi­dagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan nusxalarini so‘rash va ularni olish;

– agar saylov uchastkasida O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi qonuni buzilgan deb hisoblash uchun asos mavjud bo‘lsa, o‘z kuzatuvlari haqida yuqori turuvchi komissiyaga ma’lum qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Shuningdek:

– saylovchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lish:

– saylovchilarga ta’sir o‘tkazish, biror-bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish;

– saylovchilardan ular kimni yoqlab ovoz berganliklarini surishtirish yoki saylovchilarga saylov byulleteniga belgi qo‘yishda biror-bir tarzda yordam ko‘r­satish;

– uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilarini muhrlashda, ularni ochishda, ovozlarni sanab chiqishda aralashishga haqli emas.

Kuzatuvchilar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari, xalqaro huquqning umum­e’tirof etilgan normalariga rioya etishlari shart.

Qolaversa, kuzatuvchilar o‘zlarining barcha xulosalarini hujjatli, haqqoniy va tekshiruvga asoslangan fakt­lar bilan asoslashlari lozim. Kuzatuvchilar O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘l­gan paytlarida O‘zbekiston Respublikasi himoyasida bo‘lib, kuzatuvchilar faoliyatini moliyaviy-tashkiliy ta’minlash ularni O‘zbekiston Respublikasiga yuborgan davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Darhaqiqat xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlarning kuzatuvchilari o‘z faoliyatlari bilan bog‘liq saylov kampaniyasining borishini kuzatish va uning natijalarini baholash bo‘yicha bildirilgan mulohazalari uchun javobgar bo‘l­maydi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi kuzatuvchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari, xalqaro hukuqning umume’tirof etilgan normalari buzilgan taqdirda ularning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatishi mumkin.

 

Abdurahmon SAFAROV,

Toshkent shahar adliya boshqarmasi boshlig‘i 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × three =