KARVON KO‘P, RIZQI BO‘LAK…

Matbuotni jamiyat va davr ko‘zgusi deyishadi. Darhaqiqat, o‘z fikr-mulohazalarimizni erkin ifoda etadigan minbar aynan ommaviy axborot vositalaridir. Bugun yurtimizda ming­lab OAV faoliyat ko‘rsatmoqda. Xususan, viloyatimizda ham ular safi kengaymoqda. “Karvon ko‘p, rizqi bo‘lak” deganlaridek, bugun axborot asrida tashkil topayotgan har bitta ommaviy axborot vositasining o‘z o‘rni, o‘z ovozi bor. Ularning har biri o‘ziga xos uslubda keng ommani zarur axborotlar bilan ta’minlamoqda. Bu borada mahalliy nashrlar faoliyatini alohida ta’kidlab o‘tish joizdir.

 Jumladan, Mirza­obod tumani hokimligining ijtimoiy-iqtisodiy nashri — “Mirzaobod” gazetasi tuman hayotida kechayotgan voqeliklarni sodda va ravon bayon etishi, sohalarda amalga oshirilayotgan keng islohotlar jarayonini o‘quvchilarga o‘z vaqtida yetkazib berishi bilan mushtariylarini topib ulgurdi. Yigirma yildirki, gazetamiz o‘z muxlislari bilan hamnafas, hamkor bo‘lib kelmoqda. Bu nashr tashkil topishining o‘zi katta bir tarix.

Mirzaobod tumani 1977 yilda tashkil topgan bo‘lib, oradan bir yil o‘tiboq tuman gazetasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. O‘sha kezlarda gazeta o‘n yil mobaynida shu nom bilan chop etildi. 1988 yilga kelib Mirza­obod tumani Yangier deb ataldi. Gazeta faoliyati bu davrda to‘xtatildi.

1988-1990 yillar davomida “Yangier tongi” gazetasi nashr etildi. 1990 yilda Mirzaobod tumani qayta tashkil topdi-yu, ammo gazetani tiklash hech kimning xayoliga kelmadi. Tumanda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy hayot endilikda “Guliston yangiliklari”, “Gulistanskie novosti” shahar gazetalarida yoritila boshlandi. Tabiiyki, tuman ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, islohotlar jarayoni, sohalardagi yangiliklar shahar gazetasida o‘z vaqtida e’lon qilinavermas edi.

Bu orada tumanda ko‘plab insonlar rahbarlik lavozimlarida ishladi. Ammo ular orasida xalq minbari kuchini chuqur his etadiganlari topilmadi hisob. Abdurazzoq Najmiddinov hokim etib tayinlangach, tuman o‘z gazetasiga ega bo‘lishi kerakligini his etdi. Shu tariqa 1995 yilning boshida “Mirzaobod” gazetasi yana nashr etila boshlandi. Yangi jamoaga iqtidorli va malakali jurnalistlar to‘plandi. Tuman hokimligi tahririyatni qo‘llab-quvvatlab, zarur yordamni ayamadi. Gazetaga obuna uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Nashrning birinchi soni 1995 yil 3 martda bosmadan chiqdi. Endilikda tumanda mahalliy nashr yuzaga keldi.

“Mirzaobod” oyda ikki marta to‘rt sahifada nashr etila boshlandi. Uning sahifalarida tuman hayotiga doir voqealar muntazam yoritildi. Rang-barang mavzularga murojaatlar ko‘paydi. Sahifalarda e’lon qilingan tanqidiy-tahliliy maqolalar jamoatchilik e’tiborini qozondi. Tahririyat jamoasining bir yoqadan bosh chiqarib, fidoyilik bilan mehnat qilishi tufayli gazeta tuman ahlining sevimli nashriga aylandi.

“Mirzaobod” gazetasi o‘tgan yigirma yil davomida o‘sib-ulg‘aydi, kamolga yetdi. U tuman ahlining quvonch-tashvishi bilan yashadi, insonlar koriga yaradi. Bir-biridan qiziqarli, o‘qishli maqolalari bilan o‘quvchilarga zavq bag‘ishladi. Gazeta tahririyatida faoliyat ko‘rsatib, qalami charxlangan, mahorat va tajribasi toblangan ijodkorlar bugun viloyat, respublika miqyosidagi ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritishmoqda.

Hayot yo‘llari doim ham tekis, ravon emas. Uning o‘ziga yarasha o‘nqir-cho‘nqirlari bo‘ladi. Yutuqlar bilan muammolar ham uchraydi, albatta. O‘tgan yillar mobaynida shunday vaqt ham bo‘ldiki (obunaning yaxshi uyushtirilmagani bois), gazeta bir muddat nashr etilmadi. Shunga qaramay, jamoa gazeta faoliyatini yo‘lga qo‘yish, uning sahifalarini dolzarb mavzular bilan boyitish, uni mushtariy e’tiboriga shakl va mazmun jihatdan benuqson taqdim etish, davriyligini ta’minlash ustida harakat qildi. Sa’y-harakat va izlanishlar o‘z so‘zini aytdi.

Tahririyat jamoasi 2013 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat, notijorat va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining grantlar tanlovida ishtirok etib, 15 million so‘m mablag‘ni ko‘lga kiritdi. Ushbu mablag‘ tufayli tahririyatning moddiy-texnik bazasi yaxshilandi. Tahririyat yangi, zamonaviy kompyuter jihozlariga ega bo‘ldi. Qolaversa, muassis tomonidan zarur yordamlar berildi.

Natijada gazetaning saviyasi, sifati keskin o‘zgardi. Mazmun-mundarijasi boyidi. Tanqidiy-tahliliy ruhda yozilgan materiallar sahifalardan keng o‘rin egalladi.

“Mirzaobod” gazetasining istiqboldagi rejalari ulkan. Tahririyat jamoasi yangidan-yangi loyihalarni amalga oshirib, gazetani yanada o‘qishli tarzda nashr etish ustida ish olib borishmoqda. Xullas, gazetamiz yangi sahifalar tashkil etib, jamoatchilikning suyukli nashriga aylanishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

 

Anorboy NORQULOV,

gazeta bosh muharriri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 5 =