XAYRLI AMALLAR BARDAVOM

Prezidentimizning shu yil 18 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturiga muvofiq, ulug‘ yoshli yurtdoshlarimizning hayotini yanada yaxshilash, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, 1941—1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylariga ijtimoiy va tibbiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, yoshlarni xalqimizning ko‘p asrlik qadriyat va an’analari ruhida tarbiyalashda keksalarning o‘rnini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Urush va mehnat faxriylarini O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi hamda respublika davlat va xo‘jalik bosh­qaruvi organlarining sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida bepul sog‘lomlashtirish tashkil qilindi. Shu kunga qadar respublika bo‘yicha 11 ming 458 nafar urush va mehnat fronti faxriysi davlat byudjeti hisobidan bepul sog‘lomlashtirildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘limi bosh mutaxassisi E’tibor Rahmonova bizga quyidagilarni gapirib berdi.

– Davlat dasturi doirasida keksalarni, urush va mehnat fronti faxriylarini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘plab ezgu ishlar qilindi. Xususan, kasaba uyushmalari tomonidan 23 ming nafar yolg‘iz keksalarga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar, uy-joyini ta’mirlash, kommunal xizmatlarga haq to‘lash ko‘rinishlarida ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish rejalashtirilgani holda, amalda 43 ming 567 nafar shu toifadagi yurtdoshlarimizga 7 milliard 750 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Uch mingga yaqin keksa avlod vakillariga bir yarim milliard so‘mlik elektr jihozlari olib berildi.

Shu bilan birga faxriylar va yoshi ulug‘ insonlarga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish darajasi hamda sifatini oshirish, ularni tizimli sog‘­lomlashtirishni tashkil etish, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalarining moddiy texnik bazasini yanada mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar belgilangandi. Natijada, sanatoriylarning imkon qadar pastki qavatlarida va muolaja o‘tkaziladigan bo‘limlarga yaqin joylarda «Urush va mehnat fronti faxriylari bo‘limlari» tashkil etildi. Mazkur bo‘limlar zamonaviy jihozlar, tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Tizimdagi har bir sanatoriyda faxriylarning tez va navbatsiz qabul qilinishi, tibbiy ko‘rik natijalariga asosan ularga kerakli dori-darmonlar, fizioterapiya, uqalash, parafin, suv muolajalarining belgilangan me’yorlarda berilishi ta’minlandi. Natijada 6 ming nafar ishlovchi pensionerlar, mehnat faxriylari, ishlamaydigan pensionerlarni bepul va imtiyozli sog‘lomlashtirish ko‘zda tutilgani holda, bugungi kungacha tizimdagi sanatoriylarda kasaba uyushmalari tomonidan 9 ming 522 nafar shu toifadagi keksalar bepul va imtiyozli asosda sog‘lomlashtirildi.

Federatsiya keksalarning yurtimizdagi tarixiy qadamjolarga sayo­hatlarini uyushtirdi.  Jumladan, to‘rt yarim ming nafardan ziyod otaxon va onaxonlarimiz Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz, Termiz shaharlarida ziyoratda bo‘lishdi. Shuningdek, 6,5 ming­dan ziyod keksalar teatr, kontsert va boshqa turli madaniyat  dargohlarida o‘tkazilgan tadbirlarga jalb etildi. 

Yosh avlodning ma’naviy va axloqiy tarbiyasiga ko‘maklashish, milliy g‘urur va o‘zlikni anglashi, shukronalik hissini rivojlantirish maqsadida urush va mehnat faxriylari ishtirokida “Siz doim e’zozdasiz”, “Keksalari ardoqlangan yurt”, “Faxriylar – faxrimiz” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

 

Bobur MUHAMMADIYEV,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + two =