MA’RIFAT YO‘LIDA SOBITQADAMLAR

Har yili an’anaviy tarzda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib etish, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, muqaddas Islom dini ta’limotlarini tarqatish va turli tahdidlardan himoya qilish, xalqimiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodga to‘g‘ri tarbiya berishda faollik ko‘rsatgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va munosib rag‘batlantirish maqsadida «Sarhisob» tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.

 

 An’anaga muvofiq O‘zbekiston musulmonlari idorasida ushbu tanlovning Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Matbuot va axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniya, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Toshkent islom universiteti hamkorligida tashkil etildi.

Bu yilgi tanlov har yilgidan o‘zgacha tarzda tashkil etildi, ya’ni uning hududiy bosqichlari ham o‘tkazildi. Ularda mualliflar 2017 yilning 1 yanvaridan 1 oktyabrigacha gazeta va jurnallarda bosilgan, radio orqali efirga uzatilgan, televidenieda namoyish etilgan va internet tarmog‘ida e’lon qilingan materiallari bilan ishtirok etdi. Tanlovning respublika bosqichi «Jaholatga qarshi — ma’rifat» shiori ostida o‘tkazilib, g‘oliblar hududiy bosqichda g‘olib chiqqan ishtirokchilar orasidan saralandi.

Taqdirlash marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov nutq so‘zladilar. Jumladan, muftiy hazratlari, bugungi kunda shiddat bilan o‘zgarayotgan yurtimizdagi islohotlarni va dinimiz ravnaqi yo‘lida qilinayotgan ishlarni ijodkor xodimlar kechayu kunduz, tinim bilmay keng xalq ommasiga namoyish etishda jonbozlik ko‘rsatishayotganini alohida qayd etdilar. Shuningdek, mo‘min-musulmonlar manfaati, din g‘ami va Vatan taqdirini yuragidan o‘tkazib ishlaydigan ijod ahlining da’vatkor so‘zi, ibratli faoliyatiga tahsin aytdilar. 

— Shuning uchun ham siz ijod ahli, Alloh taoloning «(Ey Muhammad,) Rabbingiz yo‘li(dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!..» (Nahl surasi 125-oyat) degan xitobiga amal qilgan holda, Islom ma’rifatini tarqatishda yanada sobitqadam bo‘lib, berilgan imkoniyatlardan to‘la foydalaning, — dedi U.Alimov. 

Tadbir davomida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov hamda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi rahbari Laziz Tangrievlar so‘zga chiqib, tanlovning bugungi kundagi ahamiyati va ijodkorlarni rag‘batlantirishning foydali jihatlari haqida gapirdilar.

Shundan so‘ng, televidenie, radio, matbuot, internet va targ‘ibot-tashviqot yo‘nalishlarida eng yaxshi deb topilgan ijodiy ishlarning mualliflari 1, 2 va 3-o‘rinlar bo‘yicha g‘olib deb topilib, maxsus diplom va tashkilotchilarning sovg‘alari bilan mukofotlandi.

 

O‘zbekiston 

musulmonlari idorasi 

Matbuot xizmati

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − eleven =