Til mavsumiy mavzu emas: Tafakkur, ta'lim sifati va millat kelajagining poydevori

Raqamlar nimani anglatadi?

“Raqamlar dunyoni boshqarmaydi, ular dunyoning qanday boshqarilayotganini ko'rsatadi”, — degan edi nemis mutafakkiri Iogann Volfgang Gyote. Bu fikr til masalasiga ham to'liq daxldor. “Davlat tili haqida”gi Qonun 1989 yil 21 oktyabrda qabul qilingan edi. Shundan beri o'nlab yillar o'tdi. Bu davr shunchaki taqvimdagi sanalar emas, balki sarhisob qilish, bosib o'tilgan yo'lga xolis baho berish imkoniyatidir.

Sarhisob qilsak, manzara ikki yoqlama ekani ko'rinadi. Bir tomondan, o'zbek tili davlat tili maqomiga ega bo'ldi, nufuzli xalqaro minbarlardan yangradi, xorijdagi o'nlab universitet va yuzlab maktablarda o'rganilmoqda. Ikkinchi tomondan esa, ko'cha-ko'ydagi peshlavhalarda uchraydigan savodsiz yozuvlar, rasmiy hujjatlarning davlat tilida yuritilishi hamon paysalga solinayotgani, ijtimoiy tarmoqlardagi chala-yarim yozishmalar hamda teleefirlarda adabiy til me'yorlarining buzilishi tilga bo'lgan munosabatimiz hali yetarli darajada shakllanmaganidan dalolat beradi.

Shu sababli savol bunday qo'yilishi lozim: nega til masalasi faqat oktyabr oyida kun tartibiga chiqib, keyin yana “kelgusi bayramgacha” unutiladi? Sababi, tilga hanuz “navbatdagi tadbir mavzusi” sifatida qaralmoqda. Holbuki, til mavsumiy kampaniya emas. U har kuni, har daqiqa va har qadamda zarur bo'ladigan hayotiy ehtiyojdir.

Til — borliqning yashash tarzi: falsafiy asos

Tilning mohiyati haqidagi qarashlar insoniyat tafakkuri bilan tengdoshdir. XIX asrda Vilgelm fon Gumboldt tilni shunchaki tayyor mahsulot (ergon) emas, balki xalq ruhiyatining doimiy faoliyati (energiya) sifatida ta'riflagan edi. Uning fikricha, har bir til o'z sohiblariga borliqni idrok etishning o'ziga xos “nigoh burchagi”ni beradi. Ya'ni, til millatning ma'naviy hayotini shunchaki aks ettirib qolmay, uni bevosita shakllantiradi ham.

XX asr falsafasida bu qarash yanada chuqurlashdi. Martin Xaydegger tilni “borliqning maskani” (uyi) deb atagan bo'lsa, Hans-Georg Gadamer germenevtik falsafaning asosiy xulosasini shunday ifodalaydi: “Tushunib bo'ladigan borliq — bu tildir”. Demak, inson olamni til orqali anglaydi, o'zligini til orqali anglatadi va boshqalar bilan til vositasida aloqa o'rnatadi. Tilini yo'qotgan jamiyat nafaqat so'z boyligidan, balki fikrlash ufqidan, dunyoni tushunish imkoniyatidan ham mahrum bo'ladi.

Bu haqiqat bizning milliy tariximizda ham teran ildiz otgan. Mahmud Koshg'ariy XI asrdayoq “Devonu lug'otit turk”ni yaratib, turkiy tilning boyligini jahonga namoyish etishni o'zining tarixiy burchi deb bildi. Alisher Navoiy esa “Muhokamat ul-lug'atayn” asarida turkiy tilning cheksiz imkoniyatlarini ilmiy jihatdan asoslab, uning badiiy-ifodaviy qudratini isbotlab berdi. Ulug' ajdodlarimiz tilga mavsumiy emas, balki bir umrlik mas'uliyat deb qarab ish ko'rganlar.

Xalqimizning “Kiyimiga qarab kutib olarlar, so'ziga qarab kuzatarlar” degan maqolida ham ana shu hikmat mujassam: insonning ong-saviyasi va ma'naviy madaniyati uning nutqida aks etadi. Til millatning oynasidir. O'z oynasiga qaramay qo'ygan xalq esa o'zligini ko'ra olmaydi.

Til va tafakkur: kim qaysi tilda fikrlaydi?

Tilga yuzaki yondashish uning psixologik tabiatini chuqur tushunmaslik oqibatidir. Psixolog Lev Vыgotskiy o'zining “Tafakkur va nutq” asarida so'zning ma'nosi tafakkur bilan nutqning mushtarak birligi, ichki nutq esa fikr shakllanishining asosiy vositasi ekanini isbotlagan. Bola til yordamida fikrlashni o'rganadi, fikrlash orqali esa o'z nutqini boyitadi. Bular bir-biridan ayro bo'lmagan, uzluksiz ta'sirlashib boruvchi jarayonlardir.

Shu o'rinda rus tilining mashhur izohli lug'ati muallifi Vladimir Dalning ibratli fikrini keltirish o'rinli. U shunday degan edi: insonning u yoki bu millatga mansubligini na xohish, na diniy e'tiqod va na ajdodlar qoni belgilaydi; kim qaysi tilda fikrlasa, o'sha xalqning farzandidir. Dalning otasi daniyalik, onasi nemis bo'lgan, ammo u “men rus tilida fikrlayman” deb ta'kidlagan. Bu hayotiy misol til insonning milliy mansubligini belgilovchi bosh mezon ekanini yaqqol ko'rsatadi.

Buni shaxsiy tajribamdan ham tasdiqlashim mumkin: fors, rus yoki nemis tillarida gapirganimda ham baribir o'zbek tilida fikrlayman — avval fikrni ona tilimda shakllantirib, so'ngra uni o'zga tilga o'giraman. Tinglovchilarga: “Siz turli tillarda so'zlashingiz mumkin, ammo bitta tilda fikrlaysiz”, deganimda ko'pchilik taajjubga tushadi. Gap shundaki, insonning bazaviy tafakkuri aynan ona tili zaminida kamol topadi. Agar ona tilidagi fikrlash poydevori mo'rt bo'lsa, boshqa tillarda ham teran fikrni ifoda etish amrimahol bo'lib qoladi.

“Nazariy filologiya”dan “amaliy filologiya” sari

Bugungi ta'lim amaliyotidagi eng katta kamchiliklardan biri — ona tilini o'qitishda quruq grammatik nazariyaning ustunlik qilayotgani, nutq madaniyati va amaliyotining esa ikkinchi darajaga tushib qolganidir. O'quvchi ravish, kelishik yoki so'z turkumlari ta'riflarini yod oladi, biroq o'z fikrini bir sahifa qilib ravon yozib berolmaydi, auditoriya oldida erkin va ishonchli gapira olmaydi.

Bir manzarani ko'z oldimizga keltiraylik. Ko'chada hassa tayanib borayotgan nuroniy otaxonga “Otaxon, qayoqqa ketyapsiz?” desangiz, “Bozorga, nos olib kelishga, bolam”, deb javob beradi. Agar siz undan: “Ota, “bozorga” so'zi qaysi so'z turkumiga oid, “-ga” qaysi kelishikning qo'shimchasi?” deb so'rasangiz, chol uni ustidan kulayotganingizdek qabul qilishi mumkin. U fonetika yoki morfologiya qoidalarini balki bilmas, ammo o'z maqsadini so'z vositasida aniq yetkazishni a'lo darajada egallagan. Demak, til avvalo nazariyada emas, amaliyot va muloqotda yashaydi.

Bu misol nazariya kerak emas, degan xulosani bermaydi. Aksincha, nazariya amaliyotni qo'llab-quvvatlashi shart. Zamonaviy kommunikativ yondashuv o'quvchini turli nutqiy vaziyatlarga yo'naltirishni, ya'ni tinglab tushunish, o'qish, yozish va gapirish ko'nikmalarini bir vaqtda, uyg'un rivojlantirishni taqozo etadi. Chet tillarini o'qitishda bu tamoyil yaxshi o'zlashtirilgan: “CEFR” tizimida til bilish darajasi yodlangan qoidalar soni bilan emas, balki aniq nutqiy vazifalarni qay darajada bajara olish bilan baholanadi. Nega endi davlat tili ta'limida ham shunday mezon qo'llanmasligi kerak?

Shu bois quyidagi yo'nalishlarni amaliyotga tatbiq etish maqsadga muvofiqdir:

ona tili ta'limini to'liq nutqiy faoliyatga yo'naltirish: bahs-munozara, debat, taqdimot, esse, notiqlik va ommaviy nutq so'zlash mashg'ulotlarini dars mazmunining asosiga aylantirish;

o'qituvchilarni notiqlik san'ati, nutq madaniyati va pedagogik muloqot psixologiyasi bo'yicha tizimli tayyorlash hamda qayta tayyorlash;

ritorik mahorat maktabi yoki notiqlik san'ati markazini tashkil etish;

o'zbek tilini bilish darajasini baholovchi milliy sertifikatlash tizimini yanada takomillashtirish, bunda nazariy testlardan ko'ra amaliy-nutqiy kompetensiyalarni aniqlashga urg'u berish.

Ishlatilmagan boylik unutiladi

Daniel Defo “Robinzon Kruzo” romanida inson ehtiyoj tufayli ixtirochiga aylanishi mumkinligini ko'rsatadi. Robinzon 28 yildan ziyod vaqt mobaynida kimsasiz orolda yashab, zarurat tufayli ham ovchi, ham bog'bon, ham duradgor va dehqonga aylandi. Chunki uni shunga majbur qilgan omil yashab qolish ehtiyoji edi. Til ham shunday: ehtiyoj va iste'mol bo'lmagan joyda har qanday ko'nikma so'nadi.

Sotsiolingvistika fani bu xulosani ilmiy asoslab bergan. Joshua Fishman tillarning zaiflashuv bosqichlarini ifodalovchi “GIDS” shkalasini ishlab chiqdi. YuNESKO ekspertlar guruhi esa tilning hayotiyligini baholashda to'qqizta asosiy omilni belgiladi, ular orasida eng hal qiluvchisi — tilning avloddan-avlodga tabiiy o'tishidir. Shu bilan birga, tilning qaysi ijtimoiy sohalarda qo'llanayotgani (oila, ta'lim, mehnat munosabatlari, OAV, davlat boshqaruvi va fan) muhim mezon sanaladi. Bugun dunyodagi mavjud tillarning qariyb 40 foizi yo'qolib ketish xavfi ostida ekani achinarli haqiqatdir.

Bu fikrlar bilan o'zbek tili yo'qolish arafasida demoqchi emasmiz. O'zbek tili o'n millionlab sohiblariga ega, boy tarixiy-adabiy merosga ega tildir. Muammo boshqa jihatda: til iste'molining sifati va uning sohalar bo'yicha taqsimotida. Agar til faqat oila davrasida cheklanib qolib, rasmiy ish yuritish, reklama, ilmiy muloqot va zamonaviy raqamli texnologiyalarda to'laqonli ishlatilmasa, uning funksional qiymati pasayib boraveradi. “Tilimiz, so'zimiz qobil, ammo o'zimiz noqobilmiz”, degan achchiq haqiqatni tan olishimiz kerak. Tilimiz har qanday zamonaviy talabga javob berishga qodir, faqat biz undan unumli foydalanmayapmiz.

Bu o'rinda oilaning tutgan o'rni beqiyosdir. Ayrim ota-onalarning o'z tiliga bo'lgan beparvoligi farzandining o'zga tilda so'zlasha olishi bilan “ko'r-ko'rona faxrlanish” kayfiyati bilan uyg'unlashib ketmoqda. Oqibatda bola o'z ona tiliga nisbatan hurmat va ehtirom hissini oiladan ololmay qolyapti. YuNESKO ta'kidlaganidek, tilning avloddan-avlodga uzatilishi bosh mezon ekan, bu jarayon, avvalo, oila bag'rida boshlanishi shart.

Tilga munosabat — bu nafaqat savodxonlik masalasi, balki kelajak avlodning milliy qiyofasi bilan bog'liq jiddiy omildir. Ona tilini boy berish millatning o'z ruhiyatini yo'qotishi bilan tengdir. Bugun beparvo qarasak, ertaga tilimizning mavqeini yo'qotamiz. Bu shunchaki his-tuyg'u emas, balki jahon tarixi qayta-qayta isbotlagan saboqdir.

Huquqiy va amaliy tahlil: qonun bor, ijro-chi?

Ona tili masalasi shunchaki quruq da'vat va ma'naviy targ'ibot bilan cheklanmasligi, balki qat'iy huquqiy mexanizmlar bilan ta'minlanishi shart. Mavjud qonunchilik bazasiga nazar tashlasak, bir qator bo'shliqlar ko'zga tashlanadi.

“Reklama to'g'risida”gi Qonunning 5-moddasiga asosan, mamlakatimiz hududida reklama davlat tilida tarqatiladi; reklama beruvchining xohishiga ko'ra boshqa tillarda ham takrorlanishi mumkin. Amalda esa ko'cha peshlavhalari va tashqi reklama bannerlaridagi matnlarda davlat tili goh umuman ishlatilmaydi, goh qo'pol imloviy xatolar bilan yoziladi. Bunday xatoliklar uchun kim javobgar ekani va nazorat mexanizmlari qanday ishlashi yuzasidan savollar ochiq qolmoqda.

Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 42-moddasida davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzgan shaxslarga nisbatan jarima choralari ko'zda tutilgan. Biroq mazkur moddaning amalda qanday ishlayotgani, xususan, nechta mansabdor shaxs bu bo'yicha javobgarlikka tortilgani, muammolarning tub sabablari qanday tahlil etilgani borasidagi ochiq ma'lumotlar jamoatchilikka yetarlicha taqdim etilmaydi. Nazorati va ijrosi ta'minlanmagan qoida esa “qog'ozdagi norma” bo'lib qolaveradi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan Chakana savdo qoidalarining 16-bandiga ko'ra, sotuvchi, tovarlar va ularni ishlab chiqaruvchilar haqidagi ma'lumotlar xaridorlarga davlat tilida yetkazilishi, zarur hollarda boshqa tillarda ham takrorlanishi belgilangan. Biroq bu talab ham kundalik amaliyotda ko'pincha e'tibordan chetda qolyapti.

Bu muammolar tarqoq emas, ularning tub ildizi bitta: qonun ijrosi puxta tizimli nazoratga, keng jamoatchilik ishtirokiga va muqarrar javobgarlik mexanizmiga ega emas. Til siyosati faqat bitta idora yoki tashkilot zimmasidagi xizmat vazifasi sifatida qolmasdan, butun jamiyat birdek qayg'uradigan umummilliy harakatga aylanishi kerak.

Tadbirbozlikdan tizimga: nima qilmoq kerak?

Bugungi voqelik shuni ko'rsatmoqdaki, til bayrami doirasidagi rasmiy tadbirlar va ommaviy axborot vositalaridagi bir martalik chiqishlar muammoni hal etmaydi. Ularning asl samarasi oddiy bir savolga beriladigan javob bilan o'lchanadi: “Men ko'rgan, eshitgan va guvohi bo'lgan voqea-hodisa haqida o'z fikrimni davlat tilida og'zaki va yozma ravishda mustaqil, ravon hamda to'liq bayon qila olamanmi?” Qachonki har bir yurtdoshimiz bu savolga ishonch bilan “ha” deb javob bera olsa, davlat tili hayotda haqiqiy kuchga ega bo'ladi.

Buning uchun quyidagi tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim degan fikrdaman:

  1. Huquqiy bazani mustahkamlash. “Davlat tili haqida”gi qonunni zamon talablari asosida yangi tahrirda qabul qilish, uni keng jamoatchilik muhokamasidan o'tkazish; “Reklama to'g'risida”gi, “Firma nomlari to'g'risida”gi va boshqa sohaviy hujjatlarni til qonunchiligi bilan muvofiqlashtirish hamda qonunbuzarliklar uchun ta'sirchan javobgarlik choralarini belgilash.
  2. Institutsional mexanizmlarni kuchaytirish. Ilgari Vazirlar Mahkamasi huzurida faoliyat yuritgan Atamalar qo'mitasini qayta tashkil etish; hududlarda davlat tilining to'liq qo'llanilishini doimiy ravishda o'rganuvchi jamoatchilik monitoringi tizimini yo'lga qo'yish; hisobotlar va xizmat yozishmalarining davlat tilida benuqson yuritilishini ta'minlash.
  3. Ta'lim va kadrlar tayyorlash tizimini yangilash. Ona tili o'qitilishini amaliy nutq kompetensiyasiga to'liq moslashtirish; pedagoglarning kommunikativ va germenevtik mahoratini oshirish; OAV xodimlari uchun majburiy va tizimli malaka oshirish kurslarini joriy etish; radio va televidenie boshlovchilari uchun adabiy me'yorga rioya qilishni asosiy kasbiy mezonga aylantirish.
  4. Raqamli va motivatsion muhitni yaratish. O'zbek tilini masofaviy va mustaqil o'rganishga mo'ljallangan sifatli raqamli kontent hamda videodarslarni kengaytirish; til bilish darajasini aniqlovchi zamonaviy milliy baholash tizimini rivojlantirish; kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, chunki til zavqi va boyligi badiiy mutolaa vositasida shakllanadi.
  5. Oila va ijtimoiy muhitni jonlantirish. Tilga hurmat, avvalo, oiladan boshlanishini keng targ'ib qilish; ota-onalar bilan ma'rifiy uchrashuvlar tashkil etish; mahallalar, o'quv dargohlari va mehnat jamoalarida sog'lom ona tili muhitini qaror toptirish. “Arizani qaysi tilda yozsam nima farqi bor, asosiysi ish bitsa bo'ldi” qabilidagi loqayd munosabatga jamoatchilik fikri orqali chek qo'yish.

Ma'naviy mas'uliyat: til — Vatanga sadoqat timsoli

Darhaqiqat, tilga munosabat faqatgina tashkiliy yoki texnik masala emas, balki har bir insonning vijdoniy va axloqiy burchidir. Prezidentimiz ta'kidlaganidek: “Kitob o'qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi bo'lmaydi”. Shuningdek, davlatimiz rahbari o'zbek tilining latofati, nafosati va beqiyos qudratini his etmoqchi bo'lganlarga ona allalarini, ming yillik dostonlarimizni, maqom navolarini tinglashni, baxshi va hofizlarimizning qo'shiqlariga quloq tutishni tavsiya etadi. Zero, tilning sehri va jozibasi unga chin dildan mehr qo'yilgandagina to'liq namoyon bo'ladi.

Prezidentimizning BMT minbaridan turib o'zbek tilida nutq so'zlagani barchamizning qalbimizda cheksiz faxr-iftixor uyg'otdi. Biroq bu g'urur quruq hayrat bo'lib qolmasligi shart: biz ham o'z kundalik ishimizda, xizmat yozishmalarimizda, reklama lavhalarida, ilmiy tadqiqotlar va internet olamida ona tilimizdan savodli, mantiqiy va go'zal tarzda foydalanishimiz kerak. Bugungi kunda o'zbek tili AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Turkiya kabi mamlakatlarning 60 ga yaqin oliy ta'lim muassasasida va 100 dan ziyod maktablarida o'rganilayotgan bir paytda, o'z yurtimizda yangi qurilayotgan bino va inshootlarga ingliz yoki rus tillarida nom berish hech bir mantiqqa to'g'ri kelmaydi.

Shu o'rinda “manqurt” obrazini eslash bejiz emas. Millat ziyolilari bu tushunchani o'z xalqi va ona tilidan or qilib, shaxsiy manfaatini muqaddas qadriyatlardan ustun qo'yadigan kimsalarga nisbatan bejiz qo'llamaydi. Davlatimiz rahbarining o'z ona tilini bilmaydigan elchi haqida aytgan: “Bu xalqimizga nisbatan xiyonat emasmi?” degan qat'iy so'zlari ana shunday yuksak ma'naviy mas'uliyatdan dalolat beradi. Til taqdiriga beparvolik shunchaki shaxsiy nuqson emas, balki butun millat kelajagiga raxna soluvchi xavfdir.

* * *

Davlat tili masalasining “mavsumiy tadbir” emasligini fikrimizcha quyidagi omillar to'liq tasdiqlaydi:

  1. Falsafiy jihatdan: til borliqni tushunish va milliy o'zlikni anglashning bosh shaklidir (Gumboldtdan Gadamergacha bo'lgan nazariy xulosalar buni tasdiqlaydi).
  2. Psixologik jihatdan: til tafakkurning shakllanish muhiti hisoblanadi (Vыgotskiy va Kammins tadqiqotlariga ko'ra, ona tilidagi puxta tafakkur boshqa tillarni oson o'zlashtirishga mustahkam zamin yaratadi).
  3. Pedagogik jihatdan: nutq madaniyati hamda o'qituvchining kommunikativ-germenevtik layoqati ta'lim sifatining bosh mezonidir.
  4. Sotsiolingvistik jihatdan: til faqat amalda faol ishlatilgan sohalardagina barhayot yashaydi; iste'moldan chiqqan til esa zaiflashadi.
  5. Huquqiy jihatdan: qonunchilik normalari ijrosining nazorati, javobgarlik mexanizmi va jamoatchilik kuzatuvi yanada kuchaytirilishi lozim.
  6. Ma'naviy jihatdan: davlat tiliga bo'lgan muhabbat va ehtirom Vatanga sadoqatning ajralmas ko'rinishidir.

Shunday ekan, yil mobaynida bir-ikkita tadbir o'tkazish bilan cheklanib bo'lmaydi. Ona tili bilan har kuni — oilada, ta'lim dargohlarida, idoralarda, jamoat joylarida va raqamli makonda tizimli shug'ullanish lozim. Til izchil davlat siyosati, amaliy ta'lim, qat'iy ijro intizomi va har birimizning shaxsiy burchimiz orqali rivojlanadi. Bugun tilimizga befarq bo'lsak, ertaga o'zligimizni boy beramiz; bugun uni ardoqlasak, ertaga millatimizning yuksak qudratiga guvoh bo'lamiz.

Tilimiz va so'zimiz boy hamda qobil, endi faqat o'zimiz unga har tomonlama munosib bo'lsak bas.

Rahimboy JUMANIYoZOV,

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini

mexanizatsiyalash muhandislari instituti

milliy tadqiqot universiteti

matbuot xizmati rahbari,

pedagogika fanlari doktori,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + 15 =