EHTIROM

Yoshlik chog‘larida umrning tez o‘tayotganini sezmas ekan kishi. Vaqt va umr qadrini, hayot degan muqaddas tuyg‘u nima ekanini ulg‘aygandagina tushunishi mumkin. Har bir osoyishta, xotirjam, tan sihatlikda o‘tgan kun uchun Allohga shukronalar bo‘lsin deymiz. Musaffo, ezgu tuyg‘ular doimo inson ko‘nglini junbushga keltiradi, olg‘a yetaklaydi.

 

Prezidentimiz Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Kons­titutsiyasi qabul qilinganining 22 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida 2015 yilni «Keksalarni e’zozlash» yili deb atagani biz keksalarning bir shukronasiga ming shukrona qo‘shdi, yaxshi tilakli har bir qariya, nafaqat qariya balki xalqimiz ko‘ngliga ana shunday musaffolikni baxsh etdi. Faqat baxsh etibgina qolmasdan ertangi kunimizga, farzandlarimiz, nabiralarimizning kelajagi porloq ekaniga bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamladi.

Bunday ishonch bugungi kunda har bir yoshi ulug‘ning ko‘nglida mujassam ekaniga misol keltirmokchiman. Tantanali marosimdan bor-yo‘g‘i uch kun avval «Nuroniy»lar kengashida mo‘’jazgina yig‘in bo‘lgandi. Kengash raisi Erkin Boqiboyev o‘tib borayotgan yilda amalga oshirilgan ishlar, ayniqsa inson salomatligini mustahkamlash, azaliy qadriyatlarni tiklash, jumladan yoshlarda kattalarga nisbatan hurmat-e’tiborni kuchaytirishi, oilada farzand tarbiyasiga e’tibor, shuningdek xonadonda buvi va bobolar mavqyeini oshirish xususida dildagi gaplar aytildi. Nazarimda, o‘sha mo‘’jaz yig‘ilish qatnashchilari Yurtboshimiz o‘y-fikrlarini, yilning shunday nomlanishini ko‘n­gildan tuygandek. Shu bois har birimiz dilimizda davrada biz keksalarga ko‘rsatilayotgan g‘am­xo‘rlik uchun yurtga, Vatanga ehtirom tuyg‘ulari jo‘sh urdi. Ayniqsa, Prezidentimizning O‘zbekis­­ton Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 22 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda qilgan ma’ruzasidagi «bugun faxriylarimizning hurmatini joyiga qo‘yish, har qaysi keksa odamning yuragiga yetib borish, ko‘nglini ko‘tarish, shu bilan birga, ularning hayotini mazmunli qilish yo‘lida olib borayotgan ishlarimizni kuchaytirish, samarasini oshirish zarur», degan so‘zlari bizni ko‘nglimizga ko‘tarinkilik baxsh etdi. Qolaversa, ishonch, iftixor tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgan ushbu so‘zlar hech kimni befarq qoldirmaydi. «Vaqt oliy hakam», deydilar buning isbotini o‘tib borayotgan «Sog‘lom bola yili» misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Yurtboshimizning rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun va mohiyatini, maqsadlarini xalqimiz, jumladan keksalar ham chuqur anglab yetmoqda va sidqidildan qo‘llab-quvvatlamoqda.

Joriy yilda inson salomatligini mus­tahkamlash borasida tub burilishga erishildi, desak mubolag‘a bo‘lmas. O‘nlab shifo maskanlari, yuzlab qishloqlarda tibbiyot muassasalari ishga tushirildi. Ularning barchasi dunyo standartiga ega bo‘lgan davolash jihozlari bilan ta’minlandi. Bulardan tashqari nafaqat ko‘ngillar, balki oilalar, xonadonlar va mahallalar shahar va qishloqlar ko‘rkamlashdi. Farzandlarimiz kamoli, kamoloti uchun barcha qulayliklarning muhayyo etilayotgani o‘z natijasini bermoqda, ilm-fan sohasida, sport olamida, san’at gulshanida o‘g‘il-qizlarimizning yangi-yangi nomlari dunyoga tanilmoqda. Bularga erishishimizda ota-bobolarimizdan, avlodu ajdodlarimizdan udum bo‘lib kelayotgan qadriyatlarning o‘ziga xos o‘rni bor. «Keksalarni e’zozlash» aslida o‘zbek xalqining qon-qoniga singib ketgan fazilatlardan hisoblanadi. O‘zaro mehr-muruvvat, izzat-hurmat, ota-onani e’zozlash borasida hech qaysi millat biz bilan tenglasholmaydi. Mehr degan qisqagina so‘z asosida olam-olam ma’no bor. Demakki mehr bor joyda mehribonlik bor, saxovat, muruvvat bir-biriga izzat-hurmat, oqibat kabi ulug‘ insoniy fazilatlar mujassam. Shular tufayli olam go‘zal, turmushimiz farovon, har bir inson hayotidan mamnun.

Inson doimo shu mehrga tashna bo‘ladi. Ayniqsa yosh ulg‘ayganda buni ko‘proq sezamiz, sog‘inamiz. Gohida xayolan yoshlik paytlariga sayr qilib, ortda qolgan izlarni o‘qiymiz. Qilgan yaxshi ishlarimizdan, vujudimizda iliqlik, xushkayfiyat tuyamiz. Yuragimizda allaqanday mehr uyg‘onadi, yaqin odaming bilan uchrashib, suhbatlashging keladi. Bu ham keksalikning o‘ziga xos jihatlaridan bo‘lsa kerak.

Shoir yozgan ekan: go‘dakdan so‘rashibdi niyatingni ayt deb, olam to‘la o‘yinchoq bo‘lsa deb javob beribdi. Kelindan niyatini so‘rashibdi: yonimda nur to‘la beshik bo‘lsa, deb javob qilibdi, yigitdan so‘rashibdi: yonimda bir go‘zal yor bo‘lsin debdi, otadan niyatini so‘rashganida olamda tinch­lik bar­qaror bo‘lsin debdi, onadan, onalardan so‘rashganida far­zand­larimiz sog‘-omon bo‘lsin, deya javob qilgan ekan. Inson uchun eng katta boylik so‘zsiz salomatlikdir. Zero, yilning «Keksalarni e’zozlash» deb atalishi farzand va nabiralar sog‘ligini katta baxt deb hisoblovchi buvi-bobojonlarning ham salomatligi, bardam-baquvvat bo‘lishi Yurtboshimiz uchun muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatuvchi dalolatdir.

Ma’ruzada «Qarisi bor uyning parisi bor» degan hikmatli naqlni ­Yurtboshimiz takrorlab o‘tdilar. Bu bizga ota-bobolarimizdan meros. Aslini olib qaraganda, biz yoshi ulug‘larga berilgan yuksak baho, mukofot. Shu bilan birga har bir keksa yoshdagi ayoldir, erkakdir bildirilgan ishonch – vakolat. To‘g‘ri, keksalik barchada turlicha kechadi. Birov bemor, birov bardam, birov serg‘ayrat, tinib-tinchimas, birov esa boqi beg‘am… U qanday holatda bo‘lmasin qarilikka yetish gashtini surish umr uchun, yashash uchun berilgan ne’mat. Ruslarda «Starost ne radost» degan gap bor. Shu iborani «Keksalik – umrning taxti, beqiyos baxti» deb ifodalagan bo‘lardim.

Yer yuzining turli mamlakatlarida kishilar turlicha yashaydi. Tili, millati, dunyoqarashi har xil. Ammo dunyo ota-onalarning niyati, tilagi bir xil – farzand­lari taqdirini o‘ylaydi, ertangi kuni kelajagi uchun qayg‘uradi. Bu borada biz o‘zbeklarni Alloh yorlaqagan. yorug‘ kelajagimizga ishonamiz, yurtimiz tinch, tunlar osuda, osmonimiz musaffo. Yurtimizda olib borilayotgan ishlar ham maqsadlarga yo‘naltirilgan, yana shu narsa quvonarliki, «Keksalarni e’zozlash» yilida samarali natijalarga erishishimiz shubhasiz. Chunki bu xususda bajariladigan ish rejalari, ezgu vazifalar ma’ruzada belgilab qo‘yilgan. Ularni amalga oshirishda biz keksalar ham faollik ko‘rsatib yurt ravnaqiga, yoshlarni tarbiyalashga qo‘limizdan kelgancha munosib hissa qo‘shsak, bizga bildirilgan e’zoz uchun Yurtboshimizga, Vatanimizga ehtiromimiz bo‘ladi.

Bugun har birimizning ehtiromimiz senga baxshida bo‘lsin go‘zal O‘zbekistonim!

 

Muqaddas Abdusamatova,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan

madaniyat xodimi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + 17 =