HADSIZ MULOQOT OMILLARI

Til bilish azaldan qadriyat sanalgan. Taniqli ajdodlarimiz Beruniy, Forobiy, Xorazmiy, Zamaxshariy 10 dan ortiq tildan bemalol foydalanishgan. Mamlakatimiz mustaqil bo‘lgach, til o‘rganishga bo‘lgan munosabat qayta tiklandi. Xususan, til targ‘ibotining bu qadar ustuvor tus olishi 2012 yil 10 dekabr sanasi bilan bog‘liq. Davlatimiz rahbarining “Chet tillarni o‘qitish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qarorining amalga jadal kiritilishi mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘qitish tizimida yangi sahifa ochdi.

 

Bugungi kunda 1076 ta maktabda nemis ti­li, 1589 ta maktabda fransuz tili o‘rgatilmoqda. Chet til­­larni o‘qitish bo‘yicha yangi “Deutsch macht spab” – “Nemis tili quvonch bag‘ishlaydi” va “Hirondelle” – “Qaldirg‘och” (fransuz tili) nomli o‘quvchi kitobi, fan o‘qituvchisi uchun qo‘llanma va multimediali ilovalardan iborat darslik majmualari yaratildi.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga qaraganda, respublikadagi jami maktablarning 93 foizida ingliz tili o‘qitiladi. Qarorda chet tillarni o‘qitish tizimini takomillashtirish mamlakatimizning jahon hamjamiyatida integratsiyalashuviga xizmat qilishi ta’kidlanganini e’tiborga olsak, bu jarayonda ingliz tilining ustuvorligi tabiiy hol. Chunki jahon aholisining ko‘p qismi so‘zlashadigan, qolaversa, xal­qaro tashkilotlar ham o‘zining faoliyatini olib boradigan til ingliz tilidir. Shu bois jamoatchiligimiz xorijiy tillarni o‘zlashtirishga ishtiyoqmand bo‘lmoqda. Barcha mutaxassislik bo‘yicha kadr tayyorlashda ularning til o‘rganishiga katta e’tibor qaratilyapti.

– O‘rta maxsus va oliy ta’lim tizimida endilikda ingliz tili fani tegishli mutaxassislikka yo‘naltirilgan holda o‘rgatilmoqda, – deydi mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ingliz tili o‘qituvchilari assotsiatsiyasi rahbari Feruza Rashidova. – Zero, kamol topayotgan mutaxassislar nafaqat tilda mustaqil muloqot qila olishi, balki o‘zining sohasi bo‘yicha ilmiy tad­qiqot ishlarini ham chet tilida ifoda etishi, xalqaro anjumanlarda nutq so‘zlashi, xorijlik hamkasblari bilan hamkorlik o‘rnatishga layoqatli bo‘lishi bugungi kunning talabidir. Globallashuv sharoitida mutaxassislik bo‘yicha mustahkam bilim berishning o‘zi kamlik qiladi, endilikda eng puxta qurollanish til bilish bilan bog‘liq.

O‘qitish tizimi o‘zgardimi, tabiiyki, bu o‘z navbatida yangi darsliklarning yaratilishini ham taqozo etadi. Bunday qo‘llanmalardan biri – oliy o‘quv yurtlarining nofilologik yo‘nalishlari uchun mo‘ljallangan “Scale up” nomli uchta kitobdan iborat o‘quv qo‘llanmasidir. Ilgari ham darsliklar bor edi, qaytadan yangi darsliklar yaratilishi lozimmikan degan savol tug‘iladi.

– Avvallari o‘quvchilar darsliklardan so‘z va iboralarni hijjalab yodlardiyu, ularni nutq­da qanday qo‘llashni bilishmasdi, – deydi “Scale up” darsligi mualliflaridan biri Barnoxon Samatova. – Balki shuning uchun ham, o‘quvchilarning tilni bilish darajasi past bo‘lgandir. Hozirgi darsliklarning asosiy maqsadi aynan o‘quvchini chet tilida gapirtirishga qaratilgan. Xullas, yangi darsliklar avvalgilardan butunlay farq qiladi. Qo‘l­lanmadagi barcha mashqlar to‘rt ko‘nikma(gapirish, eshitib tushunish, o‘qib mazmunni anglash, yozish)ni shakllantirishga qaratilgan holda tuzildi. Masalan, muammoli vaziyatda tilni qo‘llash va shunga o‘xshash topshiriqlar darslikka kiritilgan. Umuman, mashqlarda berilgan misollarni kundalik hayotimizdan olishga harakat qildik.

Yangi darsliklarning uch kitob­dan iboratligi e’tiborga molik. Birinchisi – dars jarayonida foydalaniladigan “O‘quvchi kitobi” (Student’s book) dir. Ikkinchisi – “Ishchi kitob” (Work­book) o‘quvchi o‘z ustida ishlashi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, uni uyga vazifa kitobi deb atasa ham bo‘ladi. O‘quvchining eshitish qobiliyatini yanada rivojlantirishni hisobga olgan holda, unda audio materiallar ham jamlangan. Uchinchisi – metodik tavsiya sifatida yozilgan “O‘qituvchi kitobi” (Teacher’s book). Shuningdek, qo‘llanmaga o‘quvchining o‘z ustida mustaqil ishlashga o‘rgatadigan topshiriqlar jamlanmasi ilova qilingan. Bunda o‘quvchiga mustaqil ishlashi uchun qo‘shimcha topshiriqlar, kichik guruhlarda bir necha turdagi taqdimotlar o‘tkazish kabi imkoniyatlar beriladi. Natijada ingliz tili fani bo‘yicha yangi davlat ta’lim standartida belgilanganidek, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi bitiruvchisi diplom ishi himoyasini ingliz tilida qila olish darajasiga erishiladi.

Chet tillarini o‘qitishning yangi tizimi esa asosini CEFR tashkil qiluvchi zamonaviy metodlarga tayanadi. Xo‘sh, CEFR o‘zi nima?

CEFR (Common European frameworks of reference) – xorijiy tillarni egallashning umum­yevropa kompetensiyasi. Ushbu tizim tillarni bilish darajasini uchta: A, B, S guruhlarga ajratgan holda baholaydi. SEFR da baholash foydalanuvchilarni to‘rt yo‘nalish: gapirish, o‘qish, tinglab tushunish va yozish ko‘nikmalarining qay darajada rivojlanganiga asoslanadi. Bu Yevropa tillarini bilish darajasini aniqlash, o‘rganish va o‘rgatish usullarini targ‘ib qi­luvchi til ko‘­nikmasi qolipidir.

Milliy davlat ta’lim standartlari ham ushbu baholash metodiga asosan belgilangan.

Yana bir masala ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish zaruratidir. Tabiiyki, yangi avlod darsliklarini an’anaviy darsxona sharoitida o‘qitib bo‘lmaydi. Masalan, dars­liklarda mashq­­­lar audio ilovadagi matn­dan olingan, uni eshitishga imkon bo‘lmasa-chi? Shularni hisobga olgan holda, 2013 yildan boshlab chet tili kabinetlari zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan 1-4 sinflarning chet tili kabinetlari uchun 2 457 ta, 5-9 sinf chet tillari kabinetlari uchun jami 1485 ta to‘plam axborot-kommunikatsiya va o‘qitishning texnik vositalari, 17222 to‘plam o‘quv adabiyotlar va lug‘atlar bilan ta’minlangan.

Erishilgan natijalarga qaramasdan, tillarni o‘qitish tizimini takomillashtirish borasidagi ishlar davom etmoqda. 2013 yil Yurtboshimiz qaroriga asosan tashkil etilgan Chet tillarni o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi yangi pedtexnologiyalarni yaratish bilan shug‘ullanmoqda.

– Oliy ta’lim muassasalari, malaka oshirish institutlarining tajribali mutaxassislari, trener-o‘qituvchilar ishtirokida “Mahorat maktablari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi, – deydi markaz rahbari, professor Muhammad­abbos Irisqulov, – Shu­ning­dek, markaz chet tilidan Davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlarining o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilishi, o‘qituvchilarning kasbiy mahorati hamda bolalardagi psixologik holatini tahlil qilib borish maqsadida doimiy monitoringni olib bormoqda. Yana bir muhim vazifa bilimlar darajasini baholash va sertifikatlashning milliy tizimini shakllantirish va joriy qilishdir.

Chindan, mamlakatimizda IELTS, TOEFL, CEFR kabi tilni sertifikatlash tizimlari amalda, biroq bu borada milliy baholash tizimi ishlab chiqilmagan. Yangi ta’lim tizimi ham, aytib o‘tilganidek, Yevropa kompetensiya­lariga asoslanadi. Biroq mutaxassislarning aytishicha, bu sertifikatlash tizimlariga butunlay tayanib qolmasdan, balki o‘rgatish va baholashning milliy dasturini yaratish zarur. O‘rta maxsus ta’lim boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotlarga qaraganda, milliy baholash tizimining ishchi loyihasi kelasi yilning yanvar oyidan boshlab sinovga qo‘yiladi. Bugun ishchi guruhlar bilan hamkorlik qilayotgan yevropalik ekspertlar ham ta’lim tizimidagi bu kabi islohotlarga ijobiy baho bermoqda.

– O‘zbekistondagi ta’lim muassasalariga tashrif buyurganimizda ingliz tilini o‘qitishning yangi metodikalariga yuqori baho berganman, – deydi Buyuk Britaniya ingliz tili o‘qituvchilari assotsiatsiyasi prezidenti Lesli Kirkam. – O‘zbekistonlik mualliflar jamoasi tomonidan yaratilgan darsliklar ham chet elda o‘zining analogiga ega emas. Qo‘llanmalar chet tilida bo‘lishiga qaramasdan, ularning har bir sahifasi, darslikda berilgan har bir topshiriqqa milliy ruh singdirilgan. O‘zbekistonning jahon miqyosida o‘zligini namoyon etishida bu juda muhim rol o‘ynaydi.

Umuman, o‘tgan yillar mobaynida yurtimizda chet tillarni o‘qitish borasida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Ta’lim sifatining bu qadar yaxshilanib borishi tez orada mamlakatimizda ingliz tilida so‘zlashuvchilar ko‘pchilikni tashkil etishiga olib keladi. Qachonlardir mamlakatimiz hududida yuzlab millat, yuzlab til vakillari yashashi bilan faxrlanar edik. Hozirgi kunda esa xalqimizning o‘zi turli tillarda mukammal so‘zlasha oladigan millatga aylanayotgani quvonarli holdir.

 

Mohlaroyim QAYUMOVA,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − 5 =