TINCHLIK BOR JOYDA INSON MANFAATLARI QAROR TOPADI

Bugun xalqaro kuzatuvchilar dunyoni okean o‘rtasida chayqalib turgan kemaga o‘xshatmoqda. Uning yo‘lovchilari falokatdan qutulish yo‘lini topolmay ovora. Hyech kimning bir-biriga yon bergisi yo‘q. Yevropadagi moliyaviy inqirozni kuzatamizmi, Ukraina sharqidagi qonli voqyealarga nazar tashlaymizmi, yoki xalqaro maydonda davom etayotgan 50 dan ziyod katta-kichik ziddiyatlarga nigoh tashlaymizmi, bu muammolarning barida inson omilini ko‘rishimiz mumkin. Eng achinarlisi, bu janjalu to‘polonlardan, inqirozu-tangliklardan insoniyat jabr ko‘rayapti, uning manfaatlari oyoqosti bo‘layapti.

 

«Ukraina qarzlarini uzish salohiyatiga ega emas, chunki byudjetning katta qismi harbiy ehtiyojlarga sarflanayapti, yana bir qismi talon-taroj qilinmoqda. Faqat 2013 yilning o‘zida Mudofaa vazirligi xazinasidan 450 million yevro miqdorida mablag‘ o‘g‘irlangan», – deb yozadi Germaniyada chop etiladigan Contra Magazin jurnalida jurnalist Marko Mayer. Uning fikricha, bu yaqin kunlarda G‘arb mamlakatlari va Xalqaro valyuta jamg‘armasi Ukrainaga moliyaviy ko‘mak ajratishlari gumon. Sababi, o‘zlari ham qulog‘igacha qarzga botgan. Urushga ajratilayotgan xarajatlar shu qadar ko‘pligidan mamlakat moliyaviy parokandalik yoqa­siga kelib qolgan, izohlaydi – Mayer.

Bu hali hammasi emas. “Qo‘hna qit’a”da iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarining past­ligi va ishsizlik darajasining yuqoriligi Yevropa Ittifoqining yagona pul birligi yevro qadrini ham pasaytirmoqda. Vaziyatning o‘nglanishi esa Yevropa Markaziy bankiga emas, balki siyosatchilarga bog‘liq bo‘lib qolayapti. Mazkur bank bosh­qaruvi a’zosi Benua Kere Davosdagi xalqaro iqtisodiy forumda buni e’tirof etdi.  

O‘tgan yetti yildan buyon ayniqsa, Yevropa davlatlari jahonda hukm surayotgan moliyaviy inqirozdan qattiq aziyat chekmoqda. Yirik korporatsiyalar daromadlarining keskin kamayib ketgani bois, ortiqcha xarajatlarga chek qo‘yishga harakat qilayapti, xususan, minglab xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinayotir. Yuzaga kelgan bunday og‘ir vaziyatdan boshi gangib qolgan obro‘li kompaniyalar ham o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lishayapti. Oqibatda jahon bo‘yicha ishsizlar soni keskin oshib, inqiroz iskanjasida qolgan mamlakatlar aholisining ijtimoiy ahvoli og‘irlashmoqda. Gretsiya voqyealari bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Mamlakatning tash­qi qarzi yalpi ichki mahsulotning 177 foiziga yetdi.

Og‘ir qurg‘oqchilikdan va Ebola deb atalmish mudhish epidemiyadan azob chekayotgan Afrika mamlakatlarida iqtisodiy tanazzul yanada kuchaydi. Ya’ni qit’ada aholining qashshoqlik darajasi eng yuqori nuqtaga ko‘tarildi. Eks­pertlarning bergan ma’lumotlariga qaraganda, vaziyat shu zaylda davom etsa, Yer sharida ishsizlar soni yana oshib, 400 millionga yetadi. Bu esa dunyoda mehnatga layoqatli aholining 8 foizi kun ko‘rish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi, degan ma’noni anglatadi.

Dunyoning butun iqtisodiy tizimida inqiroz deb atalmish tahdid hamon o‘z kuchini ko‘rsatmoqda. Uning zabti zo‘raymoqda. Yangi-yangi ko‘rinishlarda muammolar keltirib chiqarmoqda. Uni jilovlash yoki ortga chekintirishning imkoni topilmayapti. Avvaliga moliya hamda pul tizimidagi inqiroz ko‘rinishida namoyon bo‘lgan bu ahvol butun boshli iqtisod tizimini inqirozga olib keldi. Inqirozning shu kunlardagi shaklu shamoyili ko‘pgina davlatlarni qarzdorlik botqog‘iga botirib qo‘yayotgan «qarzdorlik inqirozi» ko‘rinishini oldi. Gretsiya, Kipr, Portugaliya, Ispaniya, Islandiya kabi mamlakatlarni shular safiga kiritish mumkin. Ayniqsa, yevro pul birligi hududidagi 17 mamlakatda ishsizlik darajasi yana oshgani to‘g‘risidagi xabarlar dunyo fond birjasida salbiy aks-sado berayapti. Jahon matbuoti ma’lumotlariga qaraganda, AQSHda ishsizlik darajasi 6 foizdan ortdi. Yevropada bu ko‘rsatkich 12 foiz. Nafaqat Osiyo mintaqasida, balki dunyo miqyosida iqtisodiy jihatdan qudratli davlatlardan biri sanalgan Yaponiyaga ham inqiroz o‘z hukmini o‘tkazdi. Hozirga kelib kunchiqar yurtda ishsizlik 8,2 foizdan oshdi. Keyingi payt­larda Xitoyda ham yalpi ichki mahsulot hajmi 7,5 foizga tushib qolgani va u pasayishda davom etishi xususida ma’lumotlar paydo bo‘lmoqda.

Ayni paytda Yevropa miqyosida hukumatlar ko‘rsatayotgan aksilinqiroz choralardan oddiy aholining norozilik kayfiyati  oshmoqda. Yevropada kasodga uchrayotgan davlatlar uchun iqtisodiy tizimi ancha barqaror davlatlar o‘zining yangi soliq hamda boshqa shu kabi islohotlarni tashkil etganlari holda oddiy aholining cho‘ntagi hisobigagina qoloq iqtisodiyotlarni tiklashga yordam bermoqda. Shu yo‘l bilan bu tanglik holatiga barham beriladimi-yo‘qmi, bu ham mubhamligicha qolmoqda. Yevropani larzaga solayotgan murakkab sinovlar va u ortidan kelib chiqayotgan kelishmovchiliklar tufayli Buyuk Britaniya va Fransiya kabi Yevropa Ittifoqining yalavbardor davlatlarining ayrim siyosatchilari orasida tashkilotni tark etish lozimligi haqidagi g‘oyalar paydo bo‘layapti.

Ko‘rib turganingizdek, dunyo­ning siyosiy, iqtisodiy va harbiy manzarasi juda ayanch­li tusda. 2014 yilning yoz faslidan beri jahon bozorida neft narxi 80-90 foizga arzonlagan. Narx arzonlashishda davom etayapti. Mutaxassislar fikricha, ahvol shu tarzda davom etaversa, moliyaviy inqirozning yangi to‘lqinlari kelib chiqishi mumkin. Mana shunday bir sharoitda dunyoning yetakchi davlatlari vaziyatni o‘nglash yo‘lini topolmay, o‘z mamlakatlari aholisini muammolardan chalg‘itish uchun u yoki bu mamlakatga nisbatan sank­siyalar o‘ylab topishga, inson huquqlari va demokratiya bahonasida boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashishga urinishayapti.

Xuddi shaxmatda yutqiziq aniq bo‘lib qolganda donalarni taxta yuzidan surib tashlashdagi asabiy holat kabi bunday urinishlar, taraqqiyot va tinchlikka emas, balki muayyan davlatlarni ichidan yemirishga, beqarorlik va notinchlikka, tobelikka yetaklayapti xolos.

Davlatimiz rahbari Islom Karimov mamlakatimizni 2014 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining yaqinda bo‘lib o‘tgan majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda iqtisodiyot va uning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirish borasida barqaror yuqori o‘sish sur’atlariga erishildi. 

2014 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 8,1 foiz, sanoat ishlab chiqarish hajmi 8,3 foizga, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi 6,9 foiz, kapital qurilish 10,9 foiz, chakana savdo aylanmasi hajmi 14,3 foizga oshdi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning qariyb 70 foizini yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tayyor tovarlar tashkil etdi.  Bu shunchaki oddiy raqamlar emas, balki Yurtboshimiz rahnamoligida inson va uning manfaatlarini ko‘zlab olib borilayotgan islohotlarning amaliy samarasidir. Bu yildan-yilga, kundan-kunga kuchga to‘lib borayotgan O‘zbekiston muvaffaqiyatlarining yorqin ifodasi hamdir.

Samarali makroiqtisodiy siyosat, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va diversifikatsiyalash, chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish orqali yurtimizda shunday yuqori iqtisodiy o‘sishga erishilmoqda. Eng muhimi, O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sish ayrim davlatlarda kuzatilayotganidek, dunyo bozorlarida uglevodorod xom ashyosi narxining ko‘tarilishi va ushbu mahsulot eksportini ko‘paytirish hisobiga emas, balki qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan raqobatga bardoshli mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan tarmoqlar va zamonaviy xizmat ko‘rsatish sohalarini jadal rivojlantirish evaziga ta’minlanmoqda.

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni, bunyodkorlik rejalarini amalga oshirish, kelgusi avlodlarga ozod va obod Vatan qoldirish uchun xalqimiz bir tan-bir jon bo‘lib mehnat qilmoqda. Hyech shubhasiz, xal­qimizning shijoatli mehnati, mardligi va matonati evaziga qo‘lga kiritilgan bu yutuqlardan har birimiz g‘ururlanib, boshimizni baland ko‘tarib yashashga haqlimiz. Negaki, bugun dunyoda murakkab iqtisodiy, moliyaviy va siyosiy vaziyat hukm surayotgan bir davrda erishayotgan yutuqlarimiz xalqaro hamjamiyat tarafidan e’tirof etilmoqda.

Ma’lumki, yirik rivojlangan mamlakatlarda uzoq yillar mobaynida muttasil davlat byudjeti taqchilligi kuzatilgani va ularning salbiy tashqi savdo balansiga egaligi, davlat tashqi qarzining miqdori yalpi ichki mahsulotga nisbatan yuqori bo‘layotgani, mamlakatda qayta moliyalash stavkasining past darajada ushlab turilishi oqibatida jahon kapital bozorida arzon kreditlarning yuzaga kelishi, ipoteka kredit berish talablarining asossiz ravishda bo‘shashtirib yuborilgani, moliyaviy institutlarning o‘z mablag‘lari va qarz majburiyatlari o‘rtasidagi nisbatlarning keskin buzilishi, jahon iqtisodiyoti real va moliyaviy sektori o‘rtasidagi nisbatning keskin o‘zgarishi jahon moliyaviy inqirozi kelib chiqishiga sabab bo‘lgan edi.

Ayni paytda dunyo hukumatlari ko‘rayotgan aksilinqiroziy choralar oddiy aholining norozilik kayfiyatini oshirmoqda. Iqtisodiy tizimi ancha barqaror davlatlar o‘zining yangi soliq hamda boshqa islohotlarini tashkil etganlari holda oddiy aholining cho‘ntagi hisobigagina kasodga uchrayotgan davlatlar iqtisodiyotini tiklashga yordam bermoqda. Shu yo‘l bilan tang­lik holatiga barham beriladimi-yo‘qmi, bu ham mubhamligicha qolmoqda.

O‘zbekistonda esa mamlakat taraqqiyoti izga tushgach, iqtisodiyot qariyb 4,3 barobarga oshdi. Odamlarimizning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 7 yilga uzaydi. YOqilg‘i va g‘alla mustaqilligiga, o‘zimizni o‘zimiz go‘sht, sut va bosh­qa iste’mol mollari bilan to‘liq ta’minlashga erishdik.

Har yili dehqonlarimiz tomonidan 6-7 million tonnalik ulkan g‘alla xirmoni bunyod etilayotgani esa dasturxonlarimiz to‘kinligi, ro‘zg‘orlarimiz barakasini ta’minlamoqda. Ayni paytda minglab gektar maydonlarda yangi bog‘lar, tokzorlar barpo etilmoqda, tomorqa xo‘jaliklarida issiqxonalar tashkil qilinmoqda. Sabzavot, poliz ekinlari, meva, uzum yetishtirish, meva-sabzavotlarini qayta ishlash hajmi izchil o‘sib borayotir. Chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik jadal rivojlanmoqda. Davlatimiz rahbari ma’ruzasida yana bir narsaga e’tibor qaratildi. Joriy yilda mamlakatimiz davlat byudjetining qariyb 60 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Bundan ko‘zlangan maqsad sog‘liqni saqlash, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat va sport sohasini yanada yuksaltirish hisoblanadi. Bu O‘zbekiston iqtisodiyotining avvalo inson manfaatlariga yo‘naltirilganidan dalolat beradi.

Bugungi notinch va murakkab zamon, yaqin va uzoq yon-atrofimizda, mintaqamizda ko‘pdan buyon davom etayotgan nizo va qarama-qarshilik, tobora keskinlashib borayotgan vaziyat bizning doimo ogoh, doimo hushyor, sergak va sezgir bo‘lib yashashimizni, xavf­sizligimizga tahdid solayotgan har qanday balo-qazoning oldini olishimizni talab qiladi.

Hozirgi kunlarda ham bizning tanlagan yo‘limizga shub­ha tug‘dirish, kechagi davrni ko‘rmagan, tajribasi yetarli bo‘lmagan yoshlarni yo‘ldan ozdirishga, istiqlolimizning ma’no-mazmunini soxtalashtirishga, bizni yana eski qolip va tobelikka qaytarishga urinadigan kuchlar va harakatlar kam emas. Ammo bugun biz kechagi – 90-yillardagi o‘ta sodda, hech qanday siyosiy tajribaga ega bo‘lmagan odamlar emasmiz. Bugun fuqarolarimizning dunyo­qarashi, siyosiy saviyasi, ijtimoiy faolligi oshib borayotgan, oqni qoradan ajrata oladigan xalqqa aylanganligimizni mamlakatimizdagi tinchlik-totuvlik, ahillik, iqtisodiyotning jadallik bilan o‘sib borayotgani ham tasdiqlaydi. Eng muhimi, ana shu tinchlikni saqlab qolish, bugungi osoyishta kunimizning qadriga yetib yashashimiz katta yutug‘imizdir.

Abduvali SAYBNAZAROV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + three =