SEBU HAYVONOT BOG‘IDAGI ANTIQA MASSAJ

Filippinning Sebu orolidagi hayvonot bog‘i ma’muriyati tashrif buyuruvchilarga noodatiy uqalash muolajalarini taklif qilishmoqda. Eng qizig‘i, uqalovchi vazifasini pitonlar bajarmoqda. Yo tavba, uqalash ilonlar vositasida qilinsa-ya!

Ma’lumki, piton – tropik mamlakatlarda yashaydigan yirik bo‘g‘ma ilon. Ular zaharli bo‘lmagan ilonlar oilasiga mansub. Bir mijozga bir paytning o‘zida to‘rtta bo‘g‘ma ilon xizmat ko‘rsatadi, har bir pitonning uzunligi 5 metr, og‘irligi 250 kilogrammni tashkil qiladi. Zoologlarning aytishicha, ushbu muolaja salomatlik uchun foydali bo‘lib, charchoqni oladi.

 – Avvaliga  ko‘pchilik bunga hadiksirab qaragan edi, lekin xizmatdan foydalangan mijozlarning hech biri norozi qolmadi, – deydi hayvonot bog‘i xodimi Jovanni Romarte.

Ushbu antiqa muolaja hayvonot bog‘ining qo‘shimcha xizmatlari qatoridan joy olgan edi, biroq ko‘plab mijozlarning iltimosiga ko‘ra ilonlar massaji doimiy “menyu”ga kiritildi. “Cebu City” hayvonot bog‘i bundan kelib tushadigan mablag‘larni hayvonlarning saqlanishiga sarflanishini ma’lum qildi.

SHIMPANZE MEHMONGA BORGANIDA GAPIRDI

Niderlandiyadan Shotlandiyaga ko‘chirib olib ketilgan shimpanze yangi tilda “olma” so‘zini aytib yubordi… Ha, och qolgach, bu qorin g‘ami nimalar qilmaydi, dersiz. Ammo u bor-yo‘g‘i o‘zining yangi qo‘shnilariga taqlid qilish orqali bu so‘zni birinchi marta pastroq ovozda ayt­gan. “Bunday g‘aroyib holat insonlarning til o‘rganishdagi iqtidorini shubha ostida qoldirmoqda”, deb yozadi Current Biology jurnali.

Keti Slokomb rahbarligidagi York universiteti tadqiqotchilari oltita mahalliy maymun hamda Niderlandiyadan kelgan “mehmon” ustida tajriba o‘tkazishdi. Maymunlarning qichqirig‘i akustik tahlil qilingach ma’lum bo‘ldiki, uch yil davomida “mehmon” tovushi mahalliy “so‘zlashuv”ga moslashib, asta-sekin o‘zgarib borgan. Shu bilan birga, u yangi qo‘shnilari bilan do‘stlashib olgan.

– Maymunlar ham yangi shart-sharoit, jamoaga o‘rganish uchun tabiiy ravishda har qanday so‘zni o‘rganishi mumkin, – deydi Slokomb. – Ularni bir guruhdan ikkinchi guruhga ko‘chirish hollari tez-tez uchrab turadi. Boshqa ko‘chirilgan maymunlar talaffuzida ham xuddi shunday o‘zgarishlar ro‘y berayaptimikin, bu aniqlansa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

QAYNATILGAN TUXUM XOM HOLATGA QAYTARILSA…

Parranda yetti xazinaning biri, deyishadi. Tovuq tuxumi oqsilga boy to‘yimli mahsulotlardan. Tuxum pazandalar qo‘liga tushgach, eh-he, qancha taomlar tayyorlash mumkin, sanog‘i yo‘q. Kimyo olimlari qo‘liga tushsa-chi?

Kaliforniya universiteti olimlari qaynatilgan tuxumni yana o‘z holatiga keltiruvchi usulni topishdi. Tuxum tarkibida 90 foiz suv hamda 10 foiz oqsil mavjud. Oqsillar esa bir-biriga ulanib ketgan aminokislotalar zanjiri hamda ularni bog‘lab turuvchi atomlardan iborat. Tuxum suvga solib qaynatilganda, ana shu zanjir uzilib, yoyilib, boshqa shakllar paydo bo‘ladi. Shu tarzda, yuqori harorat ta’sirida oqsil o‘z tuzilishini o‘zgartiradi.

Olimlar bu jarayonni amalga oshirish – “qaysar” oqsilni suyuq holga keltirish uchun mochevinadan foydalanishdi. Bu esa qattiq moddani suyultirishda qo‘l keladigan yaxshi vosita ekan. Ammo bu hali tadqiqot jarayonining yarmi, xolos. Proteinlar keyingi bosqichlardan ham o‘tib olishi lozim.

Tadqiqotchilar bunday tuxumlarni ovqatga qayta ishlatish mumkinmi yo yo‘qmi, degan savolga hozircha javob topolgan emas. Ammo bu izlanish ko‘plab jabhalar uchun foydali bo‘lishi kutilmoqda. Masalan, dorishunoslikda u saraton kasalligi uchun antitela vazifasini o‘taydi. Shu bilan birga, protein ishlab chiqarishda tajriba oshirish hamda saratonni davolashning qulayroq yo‘li bo‘lishi mumkin.

ROBOTLAR XIZMAT QILADIGAN BIRINCHI MEHMONXONA

Shunday bir davrga yetib keldikki, ko‘p yumushlar robotlar qo‘liga o‘tib ketyapti. Bunaqada bora-bora odam zotiga ish qolmaydi, shekilli. Kunchiqar mamlakat olimlari o‘z ixtirolari bilan hamisha insoniyatni hayratga solib kelgan. Bu galgi yangilikdan ham lol qolishingiz aniq.

Huis Ten Bosch bog‘i rahbariyati hududda ishchi-xodimlari robotlardan iborat mehmonxona loyihasi asosida ish boshlanishini ma’lum qildi. Henn-na Hotel, ya’ni «g‘aroyib mehmonxona” nomini olgan ushbu loyiha asosida boqqa tashrif buyuruvchilar uchun joriy yil 17 iyulga qadar 72 ta xona, 2016 yilda esa yana shuncha xona ochilishi kutilmoqda. Kelgan mehmonlarni odam qiyofasidagi uch robot kutib oladi. Loyiha rahbarining ma’lum qilishicha, ushbu aktroidlar kelgan-ketganni rasmiylashtiradi, hatto ijarachi-mehmonlar bilan ong­li ravishda gaplashadi.

– Biz dunyoda eng yaxshi foyda beradigan mehmonxona ochamiz, – deydi Huis Ten Bosch prezidenti Xideo Savada. – Unda 90 foiz ishni robotlar bajaradi.

Loyihaga ko‘ra, xonalardagi shart-sharoit sifati pastroq bo‘ladi, ammo mehmon istasa, planshet orqali kerakli, qulaylik tug‘diruvchi jihozlarni buyurtma qilishi mumkin. Mehmonxona tomiga quyosh batareyasi o‘rnatiladi va barcha xonalar elektr tejovchi moslamalar bilan ta’minlanadi. Xullas, boshqa mehmonxonalar bilan qiyoslaganda, ijarachi uchun xonalar ancha arzon, ya’ni 60 dollardan 153 dollargacha to‘g‘ri keladi. (153 dollarli nomer uch kishilik bo‘ladi).

KOSMOSDAGI ILK SELFI

(o‘zini o‘zi suratga olish) va Fau-2 raketasidan Yerning ko‘rinishi

26 fevral kuni Dreweatts & Bloomsbury nomli Londondagi auksion uyida NASAning kamyob suratlari kolleksiyasi bo‘lib o‘tadi.

Unda 1950 yillar oxiri hamda 1969 yillarda Gemini va  Apollo dasturlari asosida Oyga qilingan safarlarda olingan, ko‘pi hali jamaotchilikka ma’lum bo‘lmagan 800 ta surat ko‘rgazmaga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Ularning ko‘pi (hozirgi ahvoli uncha yaxshi bo‘lmagan) Amerikaning Kodak kompaniyasi tomonidan suratga olingan. Suratlarning boshlang‘ich narxi 400 dan 15 ming dollargacha deb belgilanishi kutilyapti.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 + 4 =