DAXLDORLIK HISSI
Jurnalist – jamiyatda kechayotgan voqyeliklarga xolis munosabatchi, mavzuga yondashuvda o‘z qarashlariga ega shaxs. Uning jamiyatga daxldorligi boshqalarga nisbatan ko‘proq hamdir. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda: “Bugungi kunda siyosat haqida gapirganda – siyosatchi, iqtisodiyot haqida – iqtisodchi bo‘lib fikr yuritishni, ma’naviyat va ma’rifat haqida ma’rifatchi, hayotiy-falsafiy muammolar xususida faylasuf bo‘lib bahsga kirishishni – mana shunday yuksak qobiliyat va mahoratga ega bo‘lishni hayotning o‘zi jurnalistlarimiz oldiga eng muhim vazifa qilib qo‘ymoqda”.
Yaqinda poytaxtimizdagi “City palace” mehmonxonasida O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan “Jamiyat va men” hamda “E’tirof” respublika tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
– Soha xodimlarini rag‘batlantirish, kasb malakasi va mahoratini yuksaltirish borasidagi ishlar ko‘lami yildan yilga kengayib bormoqda, – dedi mazkur tadbir tashabbuskorlaridan biri fond direktori Abdulaziz Abdullayev. – Media soha vakillari uchun har yili respublika miqyosida va turli darajadagi 20 ga yaqin tanlov tashkil etilyapti. Bugungi kunda mamlakatimizda media tuzilmalar soni sohaga bozor mexanizmlarining izchil joriy etilishi hisobiga ko‘payib borayotir. Xususan, 2000 yil respublikada 524 ta bosma OAV faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozir ularning soni 987 taga yetdi. Hududiy bosma nashrlar soni ikki barobardan ziyod o‘sdi (366 tadan 658 taga).
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarning sohaga tizimli tatbiq etilishi, xususan, Internet tarmog‘ining kengayib borishi natijasida ayni kunga qadar 306 ta veb-sayt OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ularning 98 foizi nodavlat sektor ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu esa axborot sohasiga bozor mexanizmlarini qo‘llash borasidagi sa’y-harakatlarning yuqori samaradorligidan dalolatdir.
Demokratik islohotlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazishda jurnalist mas’uliyati va uning faol fuqarolik pozitsiyasi muhim o‘rin tutadi. Milliy qonunchiligimizda axborot olishning huquqiy me’yorlari, jurnalist kasb odobi, jamoatchilikka tezkor, xolis va haqqoniy axborot yetkazishda ixtisoslashuvning dolzarb masalalari to‘la-to‘kis o‘z ifodasini topgan.
“Jamiyat va men”, “E’tirof” tanlovlari soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirish, jurnalistlarning tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ixtisoslashuvini nazarda tutadi. Tanlovga OAV vakillari tomonidan jami hisobda 3000 dan ziyod ijodiy ish kelib tushgan.
Jumladan, “Jamiyat va men” respublika tanlovi jamiyat hayotining deyarli barcha jabhalarini qamrab olib, unga ijtimoiy va iqtisodiy, siyosiy va huquqiy, ilmiy-texnika singari mavzular doirasida qalamga olingan ijodiy ishlar, ijtimoiy sheriklik hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan materiallar taqdim etildi. Shuningdek, “Yangi avlod”, “O‘z zamonasining qahramoni”, “Sog‘lom bola yili Davlat dasturining yoritilishi” kabi maxsus mavzular orasidan eng saralari ajratib olindi.
“E’tirof” respublika tanlovida yilning eng yaxshi bosma OAV jurnalisti, fotomuxbiri, ilk bor o‘zini tanitgan OAV hamda hududiy bosma nashrlarni respublika miqyosida e’tirof etish maqsadida kiritilgan “Eng yaxshi hududiy gazeta”, “Yilning eng yaxshi blogeri” nominatsiyalari qamrab olindi.
Quvonarli tomoni shundaki, tanlov g‘oliblari orasida tahririyatimiz xodimi Jobir Xo‘jaqulov ham bor. Hamkasbimiz “Yangi avlod” mavzuidagi eng yaxshi material bo‘yicha rag‘batlantiruvchi sovringa sazovor bo‘ldi. Barcha g‘oliblarni chin dildan qutlaymiz!
Akmal JUMAMURODOV