YANGI SAYYORA TOPILDI

Hali sirli fazo bag‘rida qanchadan qancha sayyoralaru ularda qanday sir-sinoatlar borligini bilmaymiz.

Yaqinda astronomlar shunday sayyora topishdiki, agar u yerda inson yashasa, osmonda birato‘la to‘rtta quyoshni ko‘rishgan bo‘lardi. Nega deysizmi?

 Olimlarning fikriga qaraganda, koinotdagi yulduzlarning yarmi juft holda uchraydi. Biroq ba’zan uchta yulduzli tizimlar bo‘lishi mumkin. Atigi to‘rt foiz holatda to‘rtta yulduz ham uchraydi. Qo‘y burji yulduzlar turkumiga kiruvchi bizdan 136 yorug‘lik yili uzoqlikdagi bu tizim uch yulduzdan iborat, deb hisoblanardi. Tadqiqotchilar bu tizimda to‘rtinchi yulduzni ham topishdi. Umumiy og‘irlik markazida aylanayotgan ikki juft – to‘rt yulduz tizimni tashkil etadi.

Kashf etilgan sayyoraning og‘irligi Yupiterdan 10 baravar ortiq bo‘lib, o‘z yulduzlari atrofida to‘liq aylanish uchun ketadigan vaqt Yer hisobining 335 sutkasiga teng. Juftlikdagi ikkinchi yulduz sayyoradan 23 astronomik birlik masofa uzoqlikda bo‘lib, bu sayyora orbitasiga hech qanday ta’sir etmaydi, deyishmoqda olimlar.

Mutaxassislarning fikricha, agar sayyoralar tepasiga kuzatuvchi qo‘yilsa, u Quyoshdan sal kichikroq yulduzni ko‘rgan bo‘lardi. Yulduzlardan ikkitasi kechayu kunduz birday porlab turadi. Aytmoqchi, uni yuqori haroratdagi yirik sayyoralar turkumiga kirishini hisobga olganda, u yerda hayot bo‘lishi mumkin emas.

  O‘ZGA SAYYORADAN XABAR KELMOQDA

Olimlar bir necha oydan buyon boshqa sayyoradan o‘qtin-o‘qtin xabar kelib turganini ta’kidlashmoqda. Bu esa ushbu sayyorada hayot bo‘lishi mumkin, degan taxminni tug‘diradi. Bu haqda “Mir 24” axborot agentligi xabar qiladi.

Pensilvaniya universiteti astronomlari shunday xulosaga kelishdi: o‘zga sayyoradan kelgan Gliese 581d xabarini aqlli jonzotlar yuborgan bo‘lishi kerak. Ushbu xabarga qaraganda, o‘sha sayyoraning diametri Yernikidan ikki marta katta. Darvoqye, olimlarning bunday xulosaga kelishiga sal ilgariroq kelgan xabar sabab bo‘lgandi. Taassufki, ko‘pincha bunday axborotlar radioaktiv nurlanish ta’sirida uzilib qolayotir. Bir necha oydan buyon kelib turgan xabarlar shuni ko‘rsatadiki, ushbu sayyorada odam (yoki aqlli jonzot) yashashi uchun barcha sharoit bor. Shunisi ham aniqki, bu jo‘natmalar Yerdan tashqaridan kelayotir.

Britaniya olimlari xabarlarning to‘liq yetib kelishiga xalaqit berayotgan manbani aniqlash lozimligini aytishmoqda. YAqin kelajakda esa ularni to‘la-to‘kis olib, filtrdan o‘tkazish va boshqa sayyoralardan ham aniq xabarlar olish imkoni tug‘iladi.

 HASHAROTLAR KOMPYUTER YORDAMIDA BOSHQARILADI

Qanday qilib, deya ajablanishingiz tabiiy. Qilni qirq yoradigan olimlar nimalarni o‘ylab topishmaydi, deysiz.

Amerikalik olimlar robot texniklar yordamida suvaraklarni boshqarishni o‘zlashtirdilar. Texass universiteti professori Xun Lyan qanday qilib bu natijaga erishgani haqida quyidagicha ma’lumot beradi:

– Suvaraklar bilan ishlash, ularni o‘zimizga bo‘ysundirish uchun bizga uncha ko‘p vaqt kerak bo‘lmadi. Endi, suvaraklar ma’lum vaqt oralig‘ida jo‘natgan xabarlarimizni qabul qilib, biz beradigan ko‘rsatmani bajarishadi. Bu – katta yutuq. Biz jajji robotlar yaratish uchun, avval tirik jonzotlarni puxta o‘rganishimiz kerak. Ana shunday mitti robotchalarni yaratar ekanmiz, baribir tabiat bizdan ko‘ra ancha puxta yaratuvchi ekanini anglaymiz. Shuning uchun ham undan doimo o‘rganamiz.

Muhandislar professor Xun Lyan ko‘rsatmasi bilan robotchalar yaratishga kirishishgan. Aslida, ilgari ham bunday kashfiyot qilingan. Masalan, nemis kompaniyasi Festo allaqachon robot-qushni “dunyoga keltirgan”. Bundan tashqari, turli hasharotlar ko‘rinishidagi, hatto robot-kenguru ham yaratilgan.

 ANOR KAMQONLIKNI DAVOLAYDI

Bu mevani ko‘pchilik xush ko‘radi. Uni po‘stlog‘idan ajratib yeyishga erinasizmi? Unda sharbatini olib iching, qanday mazali! Baribir uni xush ko‘rmaydiganlar ham topiladi, ayniqsa nordonini. Shoshmang, uning foydali xususiyatlarini bilib olingu keyin o‘zingiz xulosa chiqaravering.

Anor birinchi galda qonda gemoglobinni ko‘taradi. Demak, u anemiya (kamqonlik)ka qarshi davo. Shifokorlar anemiyadan aziyat chekadigan bemorlarga ko‘pincha anor sharbatini ichishni tavsiya etishadi. Bir kunda uch mahaldan ikki oy uzluksiz shu sharbatni ichgan odam kamqonlikdan qutularkan.

 Internet materiallari asosida X.Fayziyeva tayyorladi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 4 =