AVTOMOBIL-ROBOT PROFESSIONAL HAYDOVCHIDAN O‘ZIB KETDI
Texnika asrining mo‘’jizalarini qarang. Agar mashhur film qahramoni rostakamiga o‘tmishdan kelib qolsa bormi, shoh bo‘lishiga qaramay, o‘z zamonasiga qaytib ketishni istamagan bo‘lardi.
Kashfiyotchi olimlar nimalarni o‘ylab topishmaydi, deysiz. YAqin kelajakda avtomobil-robotlarga ham ko‘nikishimizga to‘g‘ri keladi. Buning ustiga ular rul boshqarishda odamlardan ko‘ra hushyorroq ekan. Hatto kimo‘zar poygasida odamdan o‘zib ketishni ham yaxshi eplashyapti.
Yaqinda Shimoliy Kaliforniyada avtomobil-robot hamda avtopoygachi odam o‘rtasida o‘tgan musobaqada soatiga 200 kilometr tezlikda harakat qilindi. Natija esa robot foydasiga hal bo‘ldi. To‘g‘ri, farq juda katta emas, bor-yo‘g‘i 0,4 daqiqani tashkil etdi. Ammo, yaxshi bilamizki, chempionatda har soniya g‘animat.
Avtomobil boshqarayotgan robot murakkab vaziyatlarda, baxtsiz hodisalarga uchraganda qanday yo‘l tutishini o‘rganish uchun kashfiyotchi muhandislar professional haydovchilar bilan ko‘p ishlashlariga to‘g‘ri keldi. Hatto ularning boshlariga elektrod o‘rnatib, poyga paytida miya faoliyati qay holatda bo‘lishini tekshirib ham ko‘rishdi. Ma’lum bo‘lishicha, inson yo‘lning murakkab qismlarida o‘ylamasdan, faqat “mushaklar xotirasi” va refleksga tayanib harakatlanar ekan. Kuzatuv natijalari shuni ko‘rsatdiki, katta tezlik bilan kelayotgan haydovchilarning ko‘pchiligi yo‘lning burilish joylarida hali muammo chiqmasdanoq ta’sirga tushib, bezovtalanib qolishdi. O‘rnatilgan algoritm tufayli robot haydovchi ham mashinani xuddi professionallar singari boshqardi. Qisqasi, algoritm pand berdi. Uning o‘rni avtomatik boshqaruv to‘plami bilan almashtirilgach esa katta tezlikdagi avtomobil burilish joylaridan silliqqina o‘tib ketdi. To‘g‘rirog‘i, mashina “o‘z-o‘ziga ishonch” va o‘z refleksi yordamida harakatlandi.
Tadqiqotchilarning fikricha, yana 15 yildan so‘ng bunday avtomobil robotlar Shumaxerga ham pand beradi. Bu davrda ular o‘z “fuqarolik” vazifalarini ham bajarishlari mumkin. Masalan, xo‘jayinni ishga eltib qo‘yish… va hokazo. Qiziq, unda avtosport olamida qanday yangiliklar bo‘larkin?
YAXSHISI CHEKISHNI TASHLANG, YO‘QSA…
Kashandalar chekmaydiganlarga qanchalik zarar yetkazishlarini bilisharmikan?! Axir, chekmaydiganlar ko‘proq zarar ko‘rishini ham hisobga olish kerak-da!
Aslida chekish biz o‘ylagandan ham xavfliroq ekan. Shu illat tufayli miya po‘stlog‘i yupqalashib qolarkan. Olimlar uning 21 xil kasallikni keltirib chiqarishi mumkinligini aniqlashdi. Qandli diabetdan tortib, saratonning 12 turi va yurak qon-tomir kasalliklarining 6 turi chekishdan kelib chiqar ekan. Hali bu hammasi emas. YAqinda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, chekuvchilar boshqalarga qaraganda ikki marta ko‘proq yuqumli kasalliklarga chalinisharkan. Sirroz kasalligining rivojlanish xavfi esa uch barobarga osharkan. Bunday to‘xtamga kelish uchun olimlar salkam million kishini tekshiruvdan o‘tkazishdi. Ular orasida 421 ming nafar erkak va 532 nafar ayol bo‘lib, ushbu bemorlar 2000-2011 yillar davomida kasalxonalarda davolanishgan. Shu davr oralig‘ida 181,3 ming o‘lim bo‘lgan bo‘lsa, shundan 16,4 ming nafari ashaddiy kashandalar edi.
Amerika onkologiya jamiyatining ma’lum qilishicha, bu kasallikka chalinishda ham kashandalar peshqadam bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Mutaxassislar shu haqidagi aniq natijalarni o‘rganish uchun yana qayta tadqiqot o‘tkazishni mo‘ljallashmoqda.
NASA QUYOSHNING 5 YILLIK HARAKATI NATIJALARINI E’LON QILDI
Astronomiya faniga qiziqasizmi? Unda siz uchun yangi manba bor.
Ma’lumki, NASA Quyosh dinamikasi observatoriyasi mazkur osmon jismining 24 soat mobaynidagi harakati tasvirlarini tushirib boradi. Mazkur tashkilot saytida e’lon qilinishicha, kosmik observatoriyaning besh yilligi munosabati bilan videorolik tayyorlangan. Ushbu misli ko‘rilmagan kadrlar orqali Quyoshning besh yillik harakatini, shuningdek, yulduzlarda kelib chiqayotgan ko‘plab portlashlar haqida bilib olish mumkin.
KOMADA YOTGAN HOMILADOR AYOL FARZANDINI DUNYOGA KELTIRDI
Falokat oyoq ostida, deb bejiz aytilmagan-da. Aks holda…
“Moskva-24” telekanali xabariga ko‘ra, moskvalik Mariya Kudrina Peredelkino stansiyasi temir yo‘l platformasiga yiqilib tushgan.
Ayolning boshi platforma bilan poyezd orasida qolib, og‘ir bosh jarohatini olgan. Uni darhol shifoxonaga yetkazishdi. Shifokorlar bemorning ahvolini o‘nglashga, hayotiy quvvatini oshirishga harakat qilishdi. Shu bilan birga, ona qornidagi bolaning rivojlanishini ham nazorat qilib turishdi. Xullas, muddati yetib, bola dunyo yuzini ko‘rishi uchun jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bo‘yi 40 sm., og‘irligi bir yarim kilogrammlik qizaloq tug‘ildi. Bolaning ahvoli nisbatan og‘irroq. “Yangi mehmon” sutka davomida shifokorlar nazoratida turibdi. Salomatlik posbonlari bir yarim oydan buyon hushsiz yotgan yosh onaning hayoti uchun ham kurashib, komadan chiqishini kutishmoqda.
Internet materiallari asosida X.Fayziyeva tayyorladi.