YASHIRIN REKLAMADAN MAQSAD NIMA?
Jamoat transportida, ko‘cha-ko‘yda, televizor ko‘rib o‘tirganimizda, gazeta o‘qiyotganimizda albatta qandaydir reklamaga ko‘zimiz tushadi. Ularning ayrimlari kulgimizni qistatsa, ba’zilari o‘yga toldiradi. Reklama syujetidagi jumla va kadrlar ongimizga o‘rnashib, yurgan yo‘limizda o‘ylashga undayveradi. Reklama turli obrazlar, hayratomuz kadrlar, serjilo so‘zlar va ranglar hosilasidir. Balki shu bois u ongimizda uzoq vaqt saqlanib qolar. Aslida reklama beruvchilarning maqsadi ham shu.
Reklama mahsulot, xizmat haqidagi axborot bo‘lib, iste’molchini xabardor qilish, tovar yoki xizmatga ehtiyoj yaratish, manfaatdor shaxslarga kerakli ma’lumotlarni yetkazish, ularni qiziqtirish demakdir. Shunga ko‘ra, reklamaning bir necha turi mavjud, ulardan biri “yashirin” reklamadir.
“Yashirin” reklama televidenie va matbuotda, musiqa va klipda, badiiy asarlarda, kino va internet tarmoqlarida o‘z nomi bilan yashirin holda uchraydi. Bunda reklama ma’lum bir kompaniya brendi – mahsuloti to‘g‘risida syujetga aloqasi bo‘lmagan qisqa so‘z yoki ko‘rsatib o‘tilgan birgina kadr orqali namoyon bo‘ladi. Ular omma e’tiborini tortadi, boshqaruvchan ta’sirga ega. Uning inson ruhiyatiga salbiy ta’siri ham isbotlangan. Shu sababli bugun yashirin reklamalardan foydalanish ko‘pgina mamlakatlarda (jumladan, yurtimizda ham) qonunan taqiqlanadi.
Yashirin reklamalar XX asrning boshlarida Amerikada paydo bo‘lgan. Ularning ilk namunalari filmlarda o‘z aksini topgan. Keng ko‘lamli marketing kompaniyalari hamda mustaqil tipdagi ishlab chiqaruvchilar bunday reklamalardan odatiy tarzda foydalanadi. Qahramonning film mobaynida “Adidas” firmasi ishlab chiqargan “krossovka”da yugurishi, “Omega” soatlarini taqishi, “Soca-cola” yoki “Nescafe” ichishi, tabiiyki, tomoshabinni befarq qoldirmaydi. Yashirin reklamaning ifoda usullaridan biri shu. Bunday ko‘rinishlar doimiy ravishda o‘zgarib, rivojlanib boradi. Reklamani film syujetiga “pinhon” joylashtirish samarali yo‘llardan biridir. Ko‘pchilikka tanish “Agent-007” filmini olaylik. Uning qahramoni Jeyms Bondning “Omega” soatini taqishi, BMW rusumli avtomobilni boshqarishi-yu, “Brioni” kostyumini kiyishi tomoshabinda ham o‘sha buyumlarga nisbatan qiziqish uyg‘otadi va beixtiyor xarid qilishga undaydi.
Bu borada “Zolotoy glaz” filmi BMW kompaniyasi uchun samarali reklama vazifasini o‘tab bergan. Kompaniya ushbu filmga o‘z reklamasini joylash uchun 3 million dollar tikkan. E’tibor bering, film namoyishidan keyin kompaniya 300 million dollarlik buyurtma qabul qiladi. Xuddi shunday, “Zavtra ne umret nikogda” filmidagi yashirin reklamadan so‘ng “Omega” soatlari savdosi 900 foiz o‘sadi. Yana bir mashhur film – “Matritsa”da Nokia 8110 modeli yashirin reklama qilinadi. Ko‘p o‘tmay ushbu mahsulot (aynan shu model)dan sakkiz millionta sotilgan. Bunday ulkan muvaffaqiyatlar aksar kompaniyalarni yashirin reklama bo‘yicha maxsus bo‘limlar tashkil etishga undadi. Masalan, bunday bo‘limlar faqat Gollivudning o‘zida ikki yuzdan ortiq.
Amerika filmlarida yashirin reklamaga murojaat yil sayin oshib bormoqda. Masalan, 2005 yilda yashirin reklama uchun 722 million dollar sarflangan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2010 yil 1,8 milliard dollarni tashkil etdi. Ko‘pgina brend kompaniyalar o‘z mahsulotlari reklamasini eng ommabop va mashhurlikka erishishi kutilayotgan kassabop filmlar ichiga singdirib yuborishga harakat qiladi. Ma’lumotlarga qaraganda, “Apple” brendi o‘z mahsulotini eng kassabop filmlarda joylashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Keyingi o‘rinlar “Shevrolet”, “Nike”, “Ford” brendlariga tegishli. 2010 yilda “Apple” brendi 33 ta kassabop filmdan o‘ntasida o‘z mahsulotining yashirin reklamasini joylashtirgan bo‘lsa, ikki yildan so‘ng bu ko‘rsatkich yana ikkitaga ko‘paydi.
Yashirin reklamalar omma e’tiborini tortishgina emas, uning estetik didi, qarashlari ustidan hukmronlik qilishga urinish hamdir. Afsuski, bu holat AQSh kinomahsulotlaridagina emas, boshqa davlatlar filmlarida ham ko‘zga tashlanmoqda. Misol uchun “Taksi” filmini olaylik. Film mobaynida Daniel o‘z mashinalarini bir necha marta almashtiradi, ammo avtomobil rusumi — “Pejo” o‘zgarmaydi. Yoki hind filmi “Krish”da asosiy roldagi aktrisaning chipslarni sevib iste’mol qilayotganiga guvoh bo‘lamiz. “Lays” kadrda yaqqol ko‘rinadi. Shuningdek, Lotin Amerikasi seriallarida qahva qanday targ‘ib qilinishini eslang. Qahramonlar bir seriya mobaynida necha marta qahva ichadi?..
O‘zimizdagi ayrim badiiy film yoki kliplarda ham yashirin reklamaga ishoralarni uchratamiz. E’tiborsizlik oqibatidami, filmni zamon ruhiga moslash niyatidami, ba’zi kadrlarda kompaniya markasi yoki mahsulot nomlari ko‘zga tashlanadi, qahramonlar tomonidan tilga olinadi. Masalan, “Sevgi farishtasi” filmida taxminan shunday jumlalar bor: “Boshing og‘riyotgan bo‘lsa, “Novopassit” ich”. (Yaxshiyam, «qabul qil» demaydi!). “Boyvachcha” filmida “Zaporoj” mashinasi halokatga uchragach, uni qahramonlar “Akfa” romlaridan qayta tiklaydi. Bu “Akfa” romlarining mustahkam ekaniga ishora. Bunday misollarni ko‘pgina filmlardan keltirish mumkin. Videokliplarda ham yashirin reklamaga misol bo‘ladigan holatlar mavjud. Ayrim xonandalar esa kliplarida o‘z ma’murlarini reklama qilishga intiladi(!) Masalan, Abduvali Rajabov “Bir juft yurak” qo‘shig‘iga olingan videoklip so‘ngida kafe bloknotiga allaqanday telefon raqamni yozib ketadi. Keyinchalik ushbu raqam san’atkor ma’muriga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.
Ko‘pgina film va teleko‘rsatuvlarda yashirin reklamaning oldini olishga harakat qilinayotganini e’tirof etish kerak. Masalan, “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvida foydalanilgan kompyuter markasi nomi qora rang bilan yopib qo‘yiladi. Mamlakatimizda qabul qilingan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasi bevosita yashirin reklama haqida bo‘lib, unda shunday deyiladi: “Yashirin reklama iste’molchining idrokiga uning o‘zi anglamagan holda ta’sir o‘tkazadigan, shu jumladan, maxsus videoilovalardan (ovozli yozuvdan) foydalanish yo‘li bilan hamda boshqa usullar bilan ta’sir o‘tkazadigan reklamadir.
Yashirin reklamadan radio-, tele-, video-, audio- va kino mahsulotida, shuningdek, boshqa mahsulotda foydalanishga va uni o‘zga usullar bilan tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi”.
Ayrim mamlakatlarda yashirin reklamalar inson ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, deb hisoblanadi. Bu albatta noto‘g‘ri. Film syujetida, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarda, gazeta va jurnallarda berilgan yashirin reklamalar inson ongiga o‘zi anglamagan holda kirib oladi va ong ostida joylashib, vaqti kelgach, yuzaga chiqadi. Kerak bo‘lsa, bizni ta’qib qiladi, ongimizni boshqarishga intiladi.
Sanjar ESHMURODOV,
O‘zMU talabasi