TADBIRKORLIK RIVOJIDA YANGI BOSQICH

Istiqlol yillarida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida mutlaqo yangi yo‘nalish — tadbirkorlik faoliyatining joriy etilib, yil sayin minglab fuqarolar hisobiga ushbu sohaning kengayib borishi milliy iqtisodiyotimizning rivojlanishi va aholi turmush farovonligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bugun mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 56 foizi ayni shu sohada ishlab chiqarilayotgani, iqtisodiyot tarmoqlarida ish bilan band aholining 77 foizi xususiy sektor ulushiga to‘g‘ri kelayotganligi avvalo mustaqillikning ilk kunlaridanoq davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan “o‘zbek modeli”ning naqadar hayotiy va eng muhimi, aynan bozor qonuniyatlariga asoslangan taraqqiyot yo‘li ekanini ko‘rsatadi. Bunday rivojlanish sur’atlari so‘nggi o‘n yil mobaynida mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 8 foizdan kam bo‘lmay kelishini ham ta’minlamoqda.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizni 2014 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisida barqaror iqtisodiy o‘sish, mamlakat istiqboli, aholining hayot darajasi va sifatini oshirish ko‘p jihatdan ushbu sohadagi ustuvor vazifalarning qanday hal etilishiga bog‘liq ekanini bildirib, “Xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida bu sohaga to‘liq erkinlik berish, bu yo‘lda g‘ov bo‘lib turgan barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish eng muhim ustuvor vazifa” ekanini ta’kidlab o‘tgan edi.

Ushbu vazifaning amaliy ifodasi sifatida yaqinda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon mamlakatimizda xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, yalpi ichki mahsulotda xususiy mulk ulushini oshirishda yangi bosqichni boshlab berdi.

Ta’kidlash joizki, ushbu farmon kichik biznesni rivojlantirish bo‘yicha barcha turdagi ro‘yxatdan o‘tkazish, ruxsat berish, litsenziyalash, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni yanada soddalashtirish, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish, ularning moddiy va kredit resurslaridan foydalanishni kengaytirish, biznes muhitni yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish, xususiy mulkdorlar huquqlarini buzganlik uchun davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining javobgarligini jinoiy javobgarlik darajasiga oshirish alohida ahamiyat qaratilgan. Xususan, farmonda mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklari faoliyatiga oid barcha tekshiruvlar rejali tartibda nazorat organlari tomonidan to‘rt yilda bir martadan, boshqa xo‘jalik sub’ektlarida esa faqat O‘zbekiston Respublikasi Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi qaroriga asosan uch yilda bir martadan ko‘p bo‘lmagan tartibda amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Muhim yangiliklardan biri shuki — Farmonda yakka tartibdagi tadbirkorlarga ishchi yollash mumkinligi huquqiy jihatdan hal etildi. Jumladan, joriy yilning 1 iyulidan e’tiboran, yakka tartibdagi tadbirkorlarga, faoliyatidan kelib chiqqan holda, har bir yollangan ishchi uchun byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida sug‘urta badali va belgilangan soliq stavkasining 30 foizi miqdorida soliq to‘lash sharti bilan bir nafardan uch nafargacha ishchini yollash imkoniyati berilmoqda. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar agar kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ishga yollagan bo‘lsa, bitiruvchining kollejni tugutganidan boshlab o‘n ikki oy mobaynida yollanma ishchilar uchun belgilangan soliqdan ozod etilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Ushbu farmon ijrosini ta’minlash, tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish uchun bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, yangi huquqiy hujjatlarni yaratish zarur. Eng muhimi, bunday huquqiy shart-sharoitlar yurtimiz iqtisodiyotining barqaror o‘sishi va mahsulotlar raqobatbardoshligini ta’minlash, yoshlar uchun minglab yangi ish o‘rinlari yaratish va pirovardida, xalqimiz turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

 

Rasul KUSHERBAYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraktsiyasi a’zosi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + eleven =