ISHGA QABUL QILISH TARTIBOTI

Ishga qabul qilish tartiboti — murakkab jarayon hisoblanib, uni sohaga oid qonunchilik nuqtai nazaridan baholasak, mazkur holatning to‘liq va sifatli tashkil etilishi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini qaror toptiradi. Vaholanki, amaliyotda tez-tez quloqqa chalinib turadigan «tanish-bilishchilik»  singari omillar kishilar ongida noto‘g‘ri fikr shakllantirib qo‘yishi shubhasiz. 

Shu o‘rinda unutmasligimiz lozimki, ishga qabul qilish masalasi shaxs va ish beruvchining erkin harakatlari orqali emas, balki, amaldagi qonun-qoidalar bilan tartibga solinadi. Bunda muayyan xulq-atvor qoidalariga rioya etilishi kerak. Deylik, xulq-atvori tashkilotga to‘g‘ri kelmasa yoki ishga kiruvchining malakasizligi, epsizligi yo bo‘lmasa avval ishlagan korxonalarda ichkilikka mukkasidan ketish hollari kuzatilgan va shunga o‘xshash mehnat jamoasida salbiy muhit tug‘dirish ehtimoli ustun vaziyatlarda bunday xodimlarni ishga qabul qilishdan oldin aniqlangan mavjud muammolar «faol» muhokama qilinadi. Ish beruvchi bunday murakkab jarayonda xodimga  bo‘lajak ishning xususiyati va mehnat shartlari haqida ma’lumotlar berishi ish beruvchining chinakam ma’noda fidoyi shaxs ekanligidan dalolat beradi.

Maqsad emas, unga erishishi usullari hal qiluvchi o‘rin egallashi singari psixologik tahlil va ko‘nikmalardan kelib chiqib, xodimga qonunchilikka muvofiq ishga qabul qilish uchun qo‘yiladigan bir qator talablar belgilanganligi, bular qatoriga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 77-moddasiga asosan ishga qabul qilishga 16 yoshdan yo‘l qo‘yilishi, yoshlarni mehnatga tayyorlash uchun umumta’lim maktablari, o‘rta-maxsus kasb-hunar o‘quv yurtlarining o‘quvchilarini ularning sog‘ligiga hamda ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarish uchun — ular o‘n besh yoshga to‘lganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilishi atroflicha tushuntiriladi.

Darvoqe, ishga qabul qilish vaqtida ishga kirayotgan shaxs qonunchilikka muvofiq pasport yoki uning o‘rnini bosadigan boshqa hujjatni, o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslar esa — tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma va turar joyi­dan ma’lumotnomani, harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar tegishlicha harbiy biletni yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani, qonun hujjatlariga muvofiq maxsus ma’lumotga yoki maxsus tayyorgarlikka ega shaxslargina bajarishi mumkin bo‘lgan ishlarga kirayotganda oliy yoki o‘rta-maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtini tamomlaganligi to‘g‘risidagi diplomni yoxud mazkur ishni bajarish huquqini beradigan guvohnomani yoki bosh­qa tegishli hujjatni taqdim etadi.

Mazkur o‘rinda e’tirof etish joizki, pasporti bo‘lmagan fuqarolarni, pasporti haqiqiy bo‘lmagan fuqarolarni, shuningdek, propiskasi bo‘lmagan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan.

O‘z navbatida mehnat daftarchasi talab qilinganida ish beruvchiga shaxs tomonidan berilishi so‘zsiz ijro etilishi shart.  Bu esa tahliliy huqu­qiy normalarni o‘zboshimchalik bilan noto‘g‘ri talqin qilinishining oldini oladi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi bilan kelishilgan holda 07.01.1998 yil Adliya vazirligida 402-son bilan tasdiqlangan «Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risida» gi yo‘riqnomada xodimning ish stajini tasdiqlovchi asosiy hujjat hisoblanmish mehnat daftarchalarini yuritish, hisobga olish va saqlash tartibi belgilangan. 

Agar xodim ishga birinchi marotaba kirayotgan bo‘lsa va hali mehnat daftachasi bo‘lmasa, «Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi haqidagi yo‘riqnoma» ga muvofiq 5 kundan ortiq ishlagan har bir xodimga ish beruvchi mehnat daftarchasini ochishi shart. Ma’lumki, xodim o‘rindoshlik asosida ishga kirayotgan bo‘lsa undan ham mehnat daftarchasi talab qilinmaydi yoki uning nusxalari saqlanadi. Xodim va ish beruvchi o‘rtasida barcha zaruriy hamda qo‘shimcha shartlar bo‘yicha kelishuvga kelinsa, mehnat shartnomasi tuzilgan hisoblanishini ko‘zda tutish joiz.

 

Lazizbek SAMADOV,

Durdona FAYZIYEVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + 7 =