MILLIY DORBOZLIK SAN’ATI ISTIQBOLI

O‘zbek milliy xalq o‘yinlari azaldan ajdodlarimiz madaniy hayotining ajralmas qismi sifatida e’zozlanib kelinadi. Asrlar davomida xalqimiz ma’naviyatini boyitib, ongi, tafakkuri va his-tuyg‘ularini teranlashtirib kelgan o‘yinlarda insonning turmushi, mehnati, tajribasi, kurashi, jasurligi, epchillik va mardlik kabi fazilatlari  o‘z aksini topgan.

Masalan, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan dorbozlik san’ati ana shunday tarbiyaviy ahamiyatga ega. Bu soha keyingi paytlarda yosh iste’dodlar orasida ommalashib bormoqda. Istiqlol yillarida xalq o‘yinlariga doir manbalarni to‘plash, o‘rganish va qayta tiklash jarayoni izchil yo‘lga qo‘yildi. Davlatimiz rahbari rahnamoligida yurtimizning haqqoniy tarixini o‘rganish, nomoddiy madaniy merosimizni muhofaza qilish, ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish va jahon miqyosida keng tanitishga katta e’tibor qaratildi.

1997 yildan buyon Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi tomonidan muntazam o‘tkazib kelinayotgan milliy dorbozlik jamoalari ishtirokidagi “Maydon tomoshalari san’ati” respublika festivali o‘zbek xalq tomosha san’ati va milliy o‘yinlarini tiklash, dorbozlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda keng targ‘ib etish, shuningdek, yoshlarning boy ma’naviy merosimiz, xalq o‘yinlariga bo‘lgan qiziqishi va hurmatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Joriy yilda Markaz tomonidan ota-bobolarimizning mardu-maydonlik, jasorat, epchillik kabi xislatlarini o‘zida ifoda etuvchi, ko‘p asrlik tarix va boy an’analarga ega “Dor va dor osti tomoshalari san’ati” YuNYeSKOning Insoniyat Nomoddiy madaniy merosining Reprezentativ ro‘yxatiga tavsiya etildi. Bu ham bejiz emas. Misol tariqasida Markaziy Osiyodagi mamlakatlarni hisoblaydigan bo‘lsak, ularda dorbozlik san’ati bo‘yicha bir nechta guruhlar bo‘lsa, bizning mamlakatda yetmishga yaqin dorbozlik jamoalari va tsirk  san’ati bilan shug‘ullanadigan guruhlarimiz mavjud. Mazkur jamoalarning repertuarlarini o‘ylash, milliy an’anaviy tarzdagi sulolaviy dorbozlik san’atini yanada rivojlantirish, yoshlarni qiziqtirish maqsadida har ikki yilda “Maydon tomoshalari san’ati” respublika festivali o‘tkazilib kelinadi.

Bu galgi milliy dorbozlik san’atini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham ko‘p ming yillik tarixga ega milliy dorbozlik va xalq tomosha san’atiga alohida e’tibor qaratish, respublikamizda faoliyat yuritayotgan dorbozlik jamoalari faoliyatini tahlil qilish, ularning texnik xavfsizligi, ijro mahorati, sahna madaniyatini yuksaltirish, tomosha dasturlarining g‘oyaviy-badiiy saviyasini oshirish va milliy vatanparvarlik ruhida shakllantirish borasida amaliy-uslubiy yordam berish hamda ularni qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir. O‘zbekiston hududida qadimdan turli dor va dor osti o‘yinlari mavjud bo‘lgan va keng tarqalgan. XIX asrning ikkinchi yarmida Farg‘ona vodiysining Asaka va Quva shaharlari dorbozlik san’atining o‘ziga xos markazlari hisoblangan. Bugungi kunda O‘zbekistonda 40 dan ortiq dorbozlik guruhlari mavjud bo‘lib, tajribali dorbozlar boshchiligidagi “Vodil chinori”, “Madamin dorboz”, “Andijon samosi”, “Qo‘qon minori”, “Kosonsoy dorbozlari”, “Chust dorbozlari” guruhlari samarali faoliyat yuritib kelmoqdalar.

Yaqinda poytaxtimizdagi Respublika estrada-tsirk kollejida «Milliy dorbozlik san’atini rivojlantirishning dolzarb masalalari» mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi direktori Azamat Haydarov yurtimizda milliy qadriyatlarimizni tiklash, yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’analarimizga hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan e’tibor va bu jarayonda Markazning ishtiroki xususida to‘xtaldi. Jumladan, “Milliy dorbozlik jamoalarining faoliyati: yutuqlar va muammolar haqida gapirib, xalq tomosha san’ati turlaridan biri — dorbozlik ko‘p asrlik tarix va boy an’analarga egaligi, mamlakatimiz hududida qadimdan turli dor va dor osti o‘yinlari mavjud bo‘lgani xususida va endilikda uni zamon talablari darajasida rivojlantirish, yanada ommalashtirish masalalari borasida fikrlarini bildirdi.

Darhaqiqat, qadimda xalq bayramlari kunlari bozor maydonlari va sayilgohlarda sozanda, qo‘g‘irchoqboz, masxaraboz va qiziqchilarning chiqishlari bilan bir qatorda dor o‘yinlari ham namoyish etilgan hamda tomoshabinlarda katta qiziqish o‘yg‘otgan. Asrlar davomida shakllanib kelgan an’anaviy o‘zbek milliy dorbozlik san’ati boshqa xalqlarning dor o‘yinlaridan o‘ziga xos an’anaviy dor qurilmasi, dor usti va dor ostidagi rang-barang murakkab mashqlari bilan farq qiladi. Dorbozlik san’ati ijrochidan epchillik,  chaqqonlik, har qanday sharoitda ham gavda muvozanatini saqlashni talab etadi. Bu san’atni rivojlantirish, ommalashtirish va yangi, takomillashgan repertuarlarni namoyish etishda oilaviy sulolalarning o‘rni katta bo‘lmoqda. Chunki bu sohada ustoz-shogird an’analari aynan oilada shakllanadi.

O‘zbek dorbozlari azaldan dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lib, o‘z mahoratlarini namoyish etib kelishgan. Chunonchi, yurtimizda bu san’at rivojida Toshkenboevlar sulolasi alohida tarixga ega. Sulolaning 150 yillik faoliyatida milliy dorbozlik an’analari nafaqat davom etdi balki, rivojlanib, boyitildi ham. Xususan, XX asrning o‘rtalaridan Toshkenboevlar tomonidan an’anaviy dorbozlik san’atiga bir qancha o‘zgartirishlar kiritildi.

2010 yildan boshlab Maydon tomoshalari san’ati Respublika ko‘rik-tanlovi telefestival sifatida o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu festivalda milliy o‘yinlar dasturini namoyish etuvchi guruhlar — qo‘g‘irchoqbozlar, askiyachilar, o‘lan va laparchilar, polvonlar, dorbozlar va masxarabozlar o‘zlarining rang-barang ijrolari bilan ishtirok etadilar. Festival doirasida davra suhbatlari, master-klasslar o‘tkazilib, o‘zaro fikr va tajriba almashiladi, mutaxassislar tomonidan dorbozlarga uslubiy tavsiyalar beriladi. Repertuari va texnik holati namunali deb topilgan dorbozlik guruhlariga o‘z faoliyatini davom ettirishi va tomoshalar ko‘rsatishiga ruxsatnoma beriladi.

Hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda 47 ta dorbozlik jamoasi, 21 ta tsirk guruhi faoliyat yuritmoqda. Shulardan 10 ta dorbozlik  jamoasi, 8 ta tsirk guruhiga Madaniyat va sport ishlari vazirligi Hay’atining qaroriga asosan “Xalq havaskorlik jamoasi” maqomi berilgan. Joriy yilning aprel oyida dorbozlik jamoalari va tsirk guruhlari ishtirokida “Maydon tomoshalari san’ati” Respublika festivali o‘tkazildi. Mazkur festivalda hududlarda faoliyat olib borayotgan dorbozlik (katta dor, simdor va polvonlar) guruhlari ishtirok etishdi. Dorbozlar guruhlariga qo‘yiladigan dasturiy va texnik talablar asosida tomoshaning maxsus stsenariysi, ishtirokchilarning liboslari katta dor va simdor o‘yinlari, dor ustida ijro etiladigan murakkab o‘yinlar, tomosha san’ati guruhlari, jonglyor, masxarabozlik, gipnoz, illyuziya, yog va akrobatik chiqishlar namoyish etildi.

— Mamlakatimiz mustaqilligi sharofati bilan, — deydi Toshkenboevlar sulolasi davomchilaridan biri, san’atshunoslik fanlari nomzodi Po‘lat Toshkentboev, — avlodimizning yosh vakillari Xalqaro tsirk san’ati festivallarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelishmoqda. 2001 yilda Belgiyaning Lej shahrida Rustam Toshkenboev rahbarligidagi “O‘zbek dorbozlari” guruhi Yevropa tsirklarining X festivalida qatnashib, «Mahorat va jasorat» kubogini qo‘lga kiritishdi. Ikki yildan so‘ng Gollandiyaning Apeldorn shahrida o‘tkazilgan «Vintertsirkus» festivalida ular uchinchi o‘rinni, 2009 yilda aynan shu festivalda ikkinchi o‘rinni egallashdi. 2007 yilda Germaniyaning Drezden shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro festivalda birinchi o‘rinni egallab, «Oltin kubok»ni qo‘lga kiritishdi. 2007 yil esa Janubiy Koreyada o‘tkazilgan Birinchi Butunjahon dorbozlar chempionatida Seul o‘rtasidan oqib o‘tadigan Xangan daryosi ustida  balandligi 25 metr va uzunligi 1 kilometr masofaga tortilgan dorda qisqa vaqt ichida o‘tishlari kerak bo‘lgan talablarni bajarib, Behzod Toshkenboev dunyoning beshta eng kuchli dorbozi ro‘yxatiga kiritildi.

—Ota-bobolarimiz polvonlikka, ya’ni kuchga falsafiy nuqtai nazar bilan qarashgan, — deydi yana bir polvon Tursunali Mamajonov, — har sohada bo‘lganidek, polvonlikning ham o‘z falsafasi bor. Kuch, ruhiy, jismoniy va aqliy kuchlarga bo‘linadi. Polvonning jismoniy kuchi bo‘lsa-yu, ruhiy kuchi bo‘lmasa yoki aql bilan kuchini ishlatmasa, demak, bu kuch mukammal emas. Jismoniy va ruhiy kuchdan aql bilan foydalanilsagina polvon kamolga yetgan hisoblanadi. Har qanday sport turida ham shunday. Qadimda kurash polvoni, uloq polvoni, tosh polvonlari bo‘lgan. Tosh bilan o‘yin ko‘rsatadiganlarni sangbozlar deb atashgan. Tosh otarlar va suyak sindiruvchilar, hayvonlar bilan olishuvchilar bo‘lgan, bularni zo‘rgarlar deyishgan.

Bugungi kunda bu sohaga e’tibor qaratilayotgani bo‘lib o‘tgan anjumanning mazmun-mohiyatidan ham darakdir. Oldimizda hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p.

Anjumanning amaliy qismida milliy dorbozlik jamoalari va tsirk guruhlarining ijro dasturi namoyish etilib, malakali mutaxassislar tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi.

 Abror MELIBOEV,

Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik

markazi bo‘lim mudiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × three =