TURIZM BAROMETRI

nimani ko‘rsatmoqda?

Bugungi kunda turizm jahondagi muhim iqtisodiy tarmoqlardan biriga aylandi.  Bu o‘tgan yili sayyohlar oqimining ko‘payishida ham namoyon bo‘ldi. BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy sayyohlar soni 2014 yilga nisbatan 4,4 foizga oshgan. Ammo yuz berayotgan terrorchilik hodisalari tufayli ayrim hududlarga boradigan sayyohlar soni keskin kamayib borayotgani ham kuzatilmoqda.

 Jumladan, Yevropa, Osiyo-Tinch okeani va Amerikaga boruvchi sayyohlar soni 5 foizga ko‘paygan bo‘lsa, shimoliy Afrikaga sayyohlarning kelishi 8 foizga kamaydi. O‘tgan yili “ko‘hna qit’a”ga 609 million sayyoh kelgani aytilmoqda. Ya’ni bu qit’aga tashrif buyurganlar soni 2014 yilga nisbatan 29 million kishiga oshgan. Amerika va yevropaliklar azaldan sayohatga o‘ch xalq sifatida ta’riflanardi. Endilikda, o‘tgan yili ular safiga xitoyliklar ham qo‘shildi.

Hisobotda ta’kidlanganidek, Xitoy, AQSh va Buyuk Britaniya fuqarolari sayohatga chiqishni ko‘proq afzal ko‘rishgan. Shu bilan birga xorijga chiquvchi Rossiya va Braziliya sayyohlarining daromadlari keskin kamayib ketgan. Mamlakatlar milliy valyuta kurslarining o‘zgarib turishi, neft va boshqa xom ashyo mahsulotlari narxining tushib ketishi sayyohlar oqimiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani aniq. O‘tgan yili Sinay yarim orolida yuz bergan samolyot halokatidan so‘ng, Rossiya rasmiylari mamlakat fuqarolariga murojaat qilib, imkon bo‘lsa mamlakatning o‘zidagi dam olish maskanlarida hordiq chiqarish borasida tavsiyalar bergan edi. Terrorchilik hodisalaridan keyin rossiyaliklar Yaqin Sharqdagi kurortlardan voz kechishga qaror qilgan.

Ayniqsa, Misr sayyohlik sektori so‘nggi 20 yil ichida o‘tgan yili eng katta zarar ko‘rdi. Turizm vaziri Xisham Zaazuning aytishicha, Rossiyaga tegishli A-321 samolyoti Sinay yarim orolida halokatga uchraganidan so‘ng, Misr har oyda 283 million dollar miqdorida zarar ko‘ra boshlagan. O‘tgan yili noyabr va dekabr oylarida mamlakatga keluvchi sayyohlar soni 50 foizga kamayib ketgan. Umumiy hisobda 2015 yilda Misrga 9,3 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgani aytilmoqda. Bu avvalgi yilga nisbatan 6 foizga kamdir. Shunga mos ravishda xazinaga tushgan daromadlar 2014 yilga nisbatan 15 foiz kamaygan.

2015 yilda Yaponiyaga 19,73 million sayyoh tashrif buyurdi. Davlat yerlari, infratuzilmalari, transport va sayyohlik vaziri Keyiti Isiining so‘zlariga qaraganda, sayyohlar oqimi 2014 yilga nisbatan 47,1 foiz ko‘pdir.

Yaponiya hukumati 2020 yilga borib mamlakatga 20 million xorijlik sayyoh kelishini ta’minlashga harakat qilmoqda. Ma’lumki, o‘sha yili Tokioda yozgi Olimpiada o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Bundan avvalroq bosh vazir Sindzo Abe “kun chiqar yurt”ga bir yilda 30 millionga yaqin xorijlik mehmon kelishi kerak, degan umummilliy vazifani kun tartibiga qo‘ygan edi.

“Maqsadimiz  30 million xorijlik mehmonga xizmat ko‘rsatish. Mehmonlar nafaqat Tokio, Kiotodagi “oltin yo‘nalishlar”da, balki boshqa xushmanzara maskanlarda ham bo‘lishlari uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rishimiz kerak” dedi bosh vazir. Buning uchun maxsus dastur ishlab chiqilishi kutilmoqda. Unga ko‘ra, xorijliklarga viza berish tartibi yengillashtiriladi, samolyotlari viloyatlarga parvoz qiluvchi aviakompaniyalarga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi. Mehmonxona sifatida foydalaniladigan xususiy xonadonlarga belgilangan ayrim cheklovlar bekor qilinishi kutilmoqda.

Tarmoqda yaxshi ko‘rsatkichlarga erishilishi ko‘plab mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishi va yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga omil bo‘ladi. Turizm rivoji nafaqat mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmi ortishi, balki aholi bandligini ta’minlash va daromadlari o‘sishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Hozir dunyo bo‘yicha turizm sohasida 195 milliondan ziyod kishi, ya’ni jami band aholining 8 foizi ishlaydi. Bu esa barqaror hamda yuqori haq to‘lanadigan yangi ish o‘rinlari yaratish borasida turizm imkoniyatlari ancha yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Buyuk Ipak yo‘li markazida joylashgan O‘zbekiston sayyohlik ko‘lami va tarixiy qadamjolari ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘n mamlakat qatorida turadi. Keyingi yillarda O‘zbekistonda turizm sanoatining rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizning fusunkor tabiati, boy tarixi va madaniyati, betakror qadriyatu an’analari hamda muqaddas qadamjolari, noyob me’moriy obidalari va serfayz go‘shalari jahon sayyohlarini tobora o‘ziga rom etmoqda. Mamlakatimizda qaror topgan mustahkam tinchlik va barqarorlik, o‘zaro mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhiti, jahonga mashhur o‘zbekona mehmondo‘stlik, zamonaviy mehmonxonalar va dam olish maskanlari, yuksak sifatli xizmat ularning mazmunli hordiq chiqarishiga imkon yaratmoqda. Bu O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar safining kengayishi, ichki turizm rivoji, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va aholi farovonligining oshishiga xizmat qilayotir. Yurtimizda to‘rt mingdan ziyod tarixiy va madaniy yodgorliklar bor.

Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlari YuNYeSKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, ular doimo xorijliklarning qiziqishini orttirib kelgan. AQShning nufuzli “Haffington Post” internet nashrida inson umrida hech bo‘lmasa bir marta ko‘rishi kerak bo‘lgan 50 ta shaharning biri sifatida Samarqand, nomi e’tirof etilgan. Ana shularni inobatga olib, mustaqillik yillarida turizm sanoatini rivojlantirishga, xususan, uning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan mehmonxona industriyasi, xizmat ko‘rsatish va servis sohasi, transport-kommunikatsiya tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 850 dan ortiq sayyohlik tashkilotlari faoliyat yuritayapti. Faoliyati asosan chet ellik sayyohlarni jalb etish va ularga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan 520 ga yaqin turistik kompaniya ishlab turibdi. Dam olish maskanlari soni yil sayin ko‘payib, ularda xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanib borayotgani, yangi sayyohlik yo‘nalishlari taklif etilayotgani turistlar oqimining sezilarli ravishda oshishiga zamin yaratmoqda.

Mamlakatimizda xalqaro turizm bilan bir qatorda ichki turizm rivojiga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Zero, ichki turizm iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi farovonligini yuksaltirishning muhim omilidir. Shu bois mamlakatimizda hududlarning sayyohlik imkoniyatlarini oshirish va targ‘ib etish, kurortlar hamda sayyohlik tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Har bir hududning o‘ziga xos jihatlari, ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda.

Yangi turistik marshrutlarni ishlab chiqish, tarixiy-arxeologik bog‘lar barpo etish, qishloq joylarda turizm va turistik xizmatlarni rivojlantirish, avtomagistral yo‘llar, servis xizmati ko‘rsatish majmualarini barpo etish borasida qilinayotgan ishlar yurtdoshlarimizning mamlakatimiz bo‘ylab sayohat qilishiga qulay sharoit yaratmoqda.

Vatanimizda madaniy turizmni yanada rivojlantirish imkoniyatlari mavjud bo‘lib, bu esa O‘zbekistonning xalqaro aloqalari rivojiga o‘z hissasini qo‘shadi. Xalqaro aloqalar rivoji xalqimizning boshqa millatlar bilan yanada yaqinlashtiradi. O‘zaro hamkorlikning kuchayishi O‘zbekistonga kirib kelayotgan xorijiy investitsiyalarning o‘sishiga olib keladi.

O‘zbekiston BMT Jahon sayyohlik tashkilotiga 1993 yili a’zo bo‘lgan. 2004 yildan buyon Samarqandda Jahon sayyohlik tashkilotining Buyuk ipak yo‘lidagi mintaqaviy markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.

 Sharofiddin TO‘LAGANOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 2 =