HUQUQINI TANIYOTGAN YOSHLAR

Mamlakatimizda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu demokratik tamoyillar milliy qadriyatlarimiz bilan uyg‘unlikda olib borilayotgani manfaatlarimizning to‘la darajada ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashmoqda. Ayniqsa, Konstitutsiyamizning ko‘pgina moddalari yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan.

 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda Parlament komissiyasi yoshlarning o‘z huquqlariga rioya etishini ta’minlash va mehnatga munosabatini shakllantirish, ijtimoiy faolligini yanada oshirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Fond tomonidan e’lon qilingan tanlovlarda g‘olib topilgan NNTlar davlat grantlari asosida moliyalashtirilib, ularning asosiy maqsadi ham yoshlar tarbiyasi va bandligini ta’minlash, ularga huquqiy ko‘mak berish masalalariga qaratilgani maqsadga muvofiqdir.

“Hurriyat” gazetasining “Huquqiy ong yuksakligi – komillik kafolati” loyihasi ham yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbir Toshkent pedagogika kollejida bo‘lib o‘tdi. Unda mustaqillik yillarida bosib o‘tgan yo‘limiz va to‘plangan tajribalarimiz xolisona baholanib, Yurtboshimiz tashabbusi bilan qabul qilingan Bosh qomusimizda kelajak avlodning huquqi va manfaatlari ishonchli himoya qilingani borasida so‘z bordi. Tadbirda bir qator madaniyat xodimlari, huquqshunoslar, kasaba uyushmalari va tahririyat vakillari ishtirok etdilar.

Ushbu bilim dargohida tahsil olayotgan yoshlar o‘quv xonalari, sport zallari hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan erkin foydalayotganini ko‘rib, quvondik. Ayniqsa, o‘quvchilarning internetdan samarali foydalanishayotgani tahsinga loyiq. Ular bu tizimdan bilimlarini boyitish, jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalardan muntazam xabardor bo‘lib borish maqsadida foydalanishadi.

Aynan internet orqali chetdan kirib kelayotgan turli zararli axborotlar farzandlarimizning ma’naviy dunyosiga salbiy ta’sir etayotgani va undan oqilona foydalanish borasida olib borilayotgan tushuntirish ishlari yaxshi samara berayotganini mazkur kollej faoliyatida ko‘rib, bunga amin bo‘ldik. Albatta, bu alohida mavzu. Ammo o‘sib kelayotgan avlodning huquqiy savodxonligini oshirish orqali axborotlarni to‘g‘ri tanlash va teran tahlil qilish malakasini oshirish hamisha ahamiyatli. Vatanimiz kelajagi iymon-e’tiqodi mustahkam, dunyoqarashi yuksak, bilimdon yoshlar qo‘lida bo‘lishi kerak. 

Mazkur tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining bosh yuristkonsulti, huquqshunos Dilbar Muhammedalieva hamda mazkur kengashning ijtimoiy-iqtisodiy himoya masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Lazokat Turikovalar Konstitutsiya siyosiy va huquqiy erkinlikning buyuk timsoli sifatida kelajak avlod qalbidan mustahkam o‘rin egallashi, unda inson hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat sifatida e’zozlangani haqida keng tushuncha berdi. Shuningdek, mazkur tadbirda kollej bitiruvchilarining o‘qish, ishga joylashish, oila va jamoatchilik orasidagi munosabatlarda o‘z huquqlarini bilishi naqadar muhimligi va bu borada O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida tushuncha berildi.

Darhaqiqat, har bir qonun zamirida inson taqdiri yashirin. Ba’zan buni bilmaslik natijasida, turmushimizda huquq va erkinliklari kamsitilganlarni ko‘p uchratamiz. Ular muammolariga oqilona yechim topganidan keyin: “Ie, gap buyog‘da ekan” deb qolishadi. Ammo ana shu beparvoliklar tufayli ayrimlar odam savdosining qurboniga aylanib qolayotgani achinarlidir. Xo‘sh, o‘z huquqini o‘zi hurmat qilmagan odamga, birov yordam bera oladimi?!

– Mamlakatimizda qonun ustuvorligi oiladan boshlanadi. Axloq, odob, sharm, hayo, o‘zaro hurmat va ahillik tushunchalari yoshlar qalbiga bolaligidan singdirib boriladi. Konstitutsiya ana shu huquq va erkinliklarning to‘la ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashadi. Boshqalarning manfaatlari kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Yurtimiz tinchligi, taraqqiyoti va xalqimizning farovonligi ham shundadir. Muhimi, huquqiy madaniyati yuksak, mustaqil fikrga ega, sodir bo‘layotgan voqealarga o‘z munosabatini bildira oladigan yigit-qizlar vatanimiz manfaatlarini himoya qila oladi, – deydi Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari Chilonzor tumani kasaba uyushma qo‘mitasi raisi O‘lmasoy Qahhorova. – Yoshlar qalbida demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, ularning siyosiy va fuqarolik faolligini oshirishda, bunday huquqiy mavzudagi suhbatlar muhim o‘rin tutadi.

Tadbirda, asosan, yosh avlod tarbiyasi, ularning bandligini ta’minlash, zarur paytda huquqiy ko‘mak ko‘rsatishga e’tibor berilgani ayni muddao bo‘ldi. Ayniqsa, kollej bitiruvchilari qonun asosida tashkil etilgan mehnat bozorlaridan unumli foydalanish kerakligini tushunib yetdilar.

– O‘g‘il-qizlarimiz oila qurishdan avval, nikoh, ota-onalik huquqi nima ekanini yurakdan his qilishlari kerak. Kimdir qizini erta turmush qurishga undayotganini ko‘rganimda, yuragim “shig‘” etib ketadi. Hali u kollej o‘quvchisi, biror ishning boshini tutmagan. Qaynona-qaynotasi, turmush o‘rtog‘i xizmati bilan birga, bola tarbiyasi ham uning zimmasiga tushadi. Gulday narsa bir yilga bormay, sog‘lig‘idan shikoyat qila boshlaydi. Ba’zi ota-onalar 16-17 yashar qizlarining durkun qomatiga qarab, oila qurishga tayyor, deb hisoblaydi. Lekin u bunga tayyor  emas, – deydi tadbir ishtirokchisi, Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi targ‘ibotchisi Adiba Kamolova. – Yoshlar ham jismonan, ham ma’nan yetuk, iqtisodiy tomondan erkin bo‘lib, huquq va burchlarini to‘la anglab yetganlaridan keyin oila qursalar, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Toshkent pedagogika kolleji ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Elmira Rashidova ham o‘g‘il-qizlarimizning huquqiy savodxonlik va madaniyatlari darajasi, yoshlarning o‘z va o‘zgalar haq-huquqlarini yaxshi bilmaslik, beparvolik oqibatida turli jinoyatlarga qo‘l urib qo‘yishlarining oldini olish borasidagi fikr-mulohazalarini bildirdi.

          Tadbirda shaxsiy huquq va erkinligimiz, burchlarimizga doir qimmatli fikrlarni tingladik. Jumladan, saylov hayotimizda muhim siyosiy voqea bo‘lib, unda yoshlarning faol ishtirok etishi, ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlangani menda katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi ushbu kollejning 1-kurs o‘quvchisi Maftuna Karimova. – Shuningdek, hukumatimiz tomonidan kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor berilayotgani to‘g‘risidagi asosli mulohazalar bizning kelajakka bo‘lgan umid va ishonchimizni mustahkamladi. Ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzishda nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Huquqini bilmasdan, noqonuniy yo‘l bilan chet elga ishga ketayotganlarning qadr-qimmatlari, huquqlari poymol qilinayotgani haqida to‘xtalib o‘tildi. Har qanday vaziyatda ham, huquqiy munosabatlar hayotimiz daxlsizligini ta’minlashini anglab yetdim.

Darhaqiqat, insonning huquqiy savodxonligi qancha yuksak bo‘lsa, kundalik hayotida uchraydigan har xil muammolar, turmush chigalliklari oldida o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi. Uchrashuv so‘ngida Toshkent pedagogika kolleji 20 nafar a’lochi o‘quvchiciga tahririyat tomonidan diplomlar topshirildi.

 Adiba UMIROVA 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 12 =