ADOLATLI FUQAROLIK JAMIYATI RIVOJIGA MUNOSIB HISSA
Mamlakatimizda “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining 2015 yil 13 mayda qabul qilingan qo‘shma qaroriga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining Nizomlari yangi tahrirda tasdiqlandi. Oliy Majlis Senatining 5 nafar a’zosi, Qonunchilik palatasining 7 nafar deputati, davlat organlarining 3 nafar vakili, shuningdek, NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 8 nafar rahbarlaridan iborat Parlament komissiyasining yangi tarkibi shakllantirildi. “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonun normalariga muvofiq NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini huquqiy jihatdan mustahkamlash hamda takomillashtirishga qaratilgan 6 ta hujjat yangi tahrirda qabul qilindi.
Shu munosabat bilan muxbirimizning Parlament komissiyasi raisi Akmal SAIDOV bilan ushbu mavzuda qilgan suhbatini e’tiboringizga havola etayapmiz.
– Hurmatli Akmal Xolmatovich, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Parlament komissiyasi o‘tgan yillar davomida mamlakatimizda NNT va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba to‘pladi. Ayting-chi, komissiya o‘z faoliyatida tayanadigan huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirishlar komissiya faoliyatida qanday samaralar berdi?
– Avvalo, shuni ta’kidlash joizki, 2015 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi faoliyati va uni rivojlantirish Dasturi, Fond mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining ish rejasiga muvofiq, demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirish, mamlakatni modernizatsiya qilish va jamiyatni erkinlashtirishda NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash borasida izchil va tizimli ishlar amalga oshirildi. Mazkur faoliyat “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshirildi.
“Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 19, 20 va 21-moddalarida belgilanganidek, davlat subsidiyalarini, grantlarini ajratish va ijtimoiy buyurtmalarni taqdim etishning tartibi va shartlari ishlab chiqilgani hamda mazkur qonunning 16 va 18-moddalari talablaridan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha Jamoat komissiyalarining faoliyatiga uslubiy rahbarlikni ta’minlash uchun ularning namunaviy Reglamenti ishlab chiqildi va Parlament komissiyasi tomonidan tasdiqlandi.
— Shu o‘rinda Jamoat fondiga mablag‘larni jalb etish va taqsimlash to‘g‘risida ham ma’lumot bersangiz.
– Bu borada barcha hisobotlarimizda, xususan, yaqinda Milliy matbuot markazida OAV vakillari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ham batafsil ma’lumotlar berildi. Fond mablag‘larini taqsimlash tartibiga muvofiq, Davlat byudjetidan ajratiladigan har yilgi mablag‘larning hajmini belgilash va ularni samarali taqsimlash mamlakatimizda qaror topgan davlat va hokimiyat boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligiga mos tarzda amalga oshiriladi. 2015 yilda NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini hamda loyiha va dasturlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha keng jamoatchilikning, joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining fikr-mulohozalari hamda takliflari chuqur o‘rganildi. Chiqarilgan xulosalarga ko‘ra, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun byudjet so‘rovnomasi shakllantirildi va Davlat byudjeti loyihasiga kiritilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari loyihasini ko‘rib chiqish, muhokama qilish va tasdiqlash jarayonida NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlashga belgilanadigan mablag‘ miqdori to‘g‘risidagi Parlament komissiyasining taqdimnomasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 4 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining 2015 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘lar hajmi 10 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu 2008 yilga nisbatan solishtirilganda salkam 5 barobarga oshganligini ko‘rsatadi.
Parlament komissiyasining 2015 yil 23 apreldagi 6-sonli Qaroriga muvofiq, mablag‘lar quyidagicha taqsimlandi:
— davlat grantlariga – 4 milliard 750 million so‘m yoki jami mablag‘ning 47,5 foizi;
— davlat ijtimoiy buyurtmalariga – 2 milliard so‘m yoki jami mablag‘ning 20,0 foizi;
— davlat subsidiyalariga – 3 milliard 250 million so‘m yoki jami mablag‘ning 32,5 foizi berildi.
2015 yilda NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining loyiha va dasturlarini qo‘llab-quvvatlash uchun taqsimlangan mablag‘larning umumiy miqdori 2010 yilga nisbatan 2,2 barobarga, davlat grantlari – 4,3 barobarga, davlat ijtimoiy buyurtmalari – 2,9 barobarga, davlat subsidiyalari – 1,2 barobarga o‘sdi.
Parlament komissiyasining 2015 yil 23 apreldagi 6-sonli Qarori bilan tasdiqlangan vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Unga ko‘ra, davlat subsidiyalarini ajratish, davlat ijtimoiy buyurtmalarini joylashtirishning asosiy yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari tasdiqlandi. Davlat granti tanlovlari mavzulari, ularning asosiy yo‘nalishlari, tanlovlarni o‘tkazish muddatlari va ularga ajratilgan mablag‘lar miqdorlari belgilandi.
– Grant tanlovlari haqida gapirdingiz. Aytingchi, ularni tashkil etish, dastur va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash jarayonlari qanday kechadi? Chunki, bu kabi tanlovlarda, davlat grantlarini olish istagida bo‘lgan NNT va OAVlar juda ko‘p. Ularni tanlashda qanday mezonlarga tayaniladi?
– Albatta, mamlakatimizda NNTlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, jamoatchilikda davlat grantlariga bo‘lgan qiziqishni yil sayin oshirmoqda. Shu bois mazkur tanlovda ishtirok etadiganlar ko‘lami son va sifat jihatdan ham ortib boryapti. Quvonarli tomoni shundaki, ishtirokchilar taklif etayotgan loyihalar mamlakatni modernizatsiyalashda davlatga yaqindan ko‘mak beradigan, jamiyatni taraqqiy ettirishga hissa qo‘shadigan masalalarga qaratilgani bilan muhimdir. 2015 yilda ana shunday muhim ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat ijtimoiy buyurtmalarini joylashtirish uchun bitta hamda davlat grantlarini ajratish uchun 6 ta tanlov, jami 7 ta tanlov o‘tkazildi. Masalan, “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga NNTni keng jalb qilish” mavzusidagi 1-tanlovga 210 ta NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlaridan 239 ta loyihalar taqdim etildi. Uning natijalari bilan 75 ta loyiha 1 milliard 100 million so‘mga qo‘llab-quvvatlandi. “Davlat ijtimoiy dasturlarining amalga oshirilishi, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlarini mustaqil OAVlarda yoritishga qaratilgan loyihalarini qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi 2-tanlovga 88 ta NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlaridan 105 ta loyihalar taqdim etildi. Uning yakuniy natijalariga binoan 60 ta loyiha 900,0 million so‘mga moliyalashtirildi. “Fuqarolik jamiyati institutlarini jismonan sog‘lom va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalashga yo‘naltirilgan loyihalarini qo‘llab-quvvatlash” bo‘yicha 3-tanlovga esa 320 ta NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan 362 ta loyiha taqdim etildi. Natijada, komissiya xulosasiga ko‘ra, 42 ta loyihaga 1 milliard so‘m yo‘naltirildi. Alohida ta’kidlash joizki, mazkur tanlovda g‘olib bo‘lgan loyihalarning har biriga 25,0 million so‘mgacha mablag‘lar ajratilgan. Bundan tashqari, “Atrof-muhitni muhofaza qilishda, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda aholi, nodavlat notijorat tashkilotlarining faolligini oshirish”, “Aholining huquqiy bilimlari, huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish” mavzusidagi tanlovlarga ham tegishli miqdorda mablag‘lar ajratildi.
Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Loyihalarni moliyalashtirishda mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish uchun hududlar kesimiga jiddiy e’tibor qaratilganini ta’kidlab o‘tish joiz.
– Akmal Xolmatovich, gazetxonlarimizda mazkur loyihalarni amalga oshirgandan keyingi samara qanday bo‘layapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta. Shu haqda ham gapirsangiz.
– Juda o‘rinli savol. Masalan, o‘tgan yili keksalarni manzilli ijtimoiy himoya qilish va ularga ko‘mak berilishini kuchaytirish, faxriylar hamda keksa yoshdagi kishilarga tibbiy yordam ko‘rsatilishi darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan loyihalar ijrosiga e’tibor qarataylik. Bilasiz, keksa avlodning salomatligini mustahkamlash, ularning oila, jamiyat va yoshlar tarbiyasidagi roli va nufuzini kuchaytirish, keksalarning turmush tarzi va bo‘sh vaqtlarini tashkil etish tizimini yangi darajaga ko‘tarish, muloqot markazlari, qiziqishlar bo‘yicha klublar, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun shart-sharoit yaratib berish muhim ahamiyatga ega. Jumladan, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahridagi 12-sonli “Kurыlыsshы” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida keksalarimiz uchun dam olish va sport maydonchasi barpo etildi. Farg‘ona viloyatidagi “Salomatlik plyus ekologiya” NNT tomonidan 1095 aholi, shu jumladan, 73 nafar keksa yoshdagi fuqaro yashaydigan Dang‘ara tumanidagi “Quduq” qishlog‘i ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Fond mablag‘lari hisobidan qishloqdagi quduq qayta tiklanib, ta’mirlandi va tozalandi. Aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olish va sog‘lom turmush tarziga amal qilish bo‘yicha o‘quv seminarlari o‘tkazildi. Bunday misollarni juda ko‘p keltirish mumkin. Yana shuni alohida aytish kerakki, barcha loyihalarning ijrosi yuzasidan tegishli tartibda monitoring amalga oshiriladi. Ajratilgan mablag‘larning bir tiyini ham izsiz ketmaydi.
– Davlat ijtimoiy buyurtmalarining joylashtirilishi va ularning natijalariga ham to‘xtalsangiz.
– “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 21-moddasi va davlat organlarining talabnomalariga muvofiq tashkil etilgan davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovlariga 25 ta NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan 55 ta loyiha taqdim etildi. Tanlov asosida uchta yo‘nalishda 15 ta loyiha davlat ijtimoiy buyurtmalari shaklida 2,0 milliard so‘mga qo‘llab-quvvatlandi. Shu bilan birga, qo‘llab-quvvatlangan loyihalarga qo‘shimcha ravishda 48,0 million so‘m miqdorida mablag‘lar ajratildi.
“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturining 21-bandida belgilangan maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, 460 million so‘m miqdorda ijtimoiy buyurtmalar joylashtirildi. Natijada, O‘zbekiston Faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy”, “Mehr-shafqat va salomatlik”, “Ekosan” fondlari tomonidan 7000 nafar keksalarga, 1000 dan ortiq urush va mehnat faxriylariga, nogironlarga eshitish apparatlari, aravachalar, harakatlanish vositalari olib berildi.
Shuningdek, Davlat ijtimoiy buyurtmalarini amalga oshirish jarayonida keksalarimizga 2000 to‘plam – yotoq jihozlari, shaxsiy gigiena vositalari, kiyim-kechak, poyabzal tarqatildi. Tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tarixiy-madaniy joylar, muzeylar, ko‘rgazmalarga tashrif buyurgan holda 100 dan ortiq turli madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etildi.
Xo‘jayli (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), Qo‘qon (Farg‘ona viloyati), Zomin (Jizzax viloyati) tumanlaridagi “Muruvvat” uylarida muqobil energiya manbalari joriy etildi. Shu bilan birga 800 dan ortiq keksalar va nogironlarning turmush sifati va darajasini oshirishga ko‘mak berildi.
“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturining 50-bandiga muvofiq, ijtimoiy buyurtmalarni ijro etish davomida keksalarga e’tibor va g‘amxo‘rlikni oshirish, yoshlarni keksa avlodga nisbatan chuqur hurmat ruhida tarbiyalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni OAV orqali keng yoritishga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu maqsadlarga 380 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi va 5 ta ijtimoiy buyurtma amalga oshirildi.
Natijada, 769 ta original media mahsulotlar tayyorlanib, 10,5 ming martadan ortiq efirga uzatildi. Shuningdek, 160 ta reportaj, 27 ta intervyu, 500 ta yangilik, 12 ta telemost, 380 ta ijtimoiy tele va radio roliklar tayyorlandi.
Har haftada bosma va internet OAVda 1000 ga yaqin axborot-tahlil materiallari chop etildi. Xususan, “Parlament va qonun”, “Intervyu”, “Ochiq mikrofon”, “Dolzarb mavzu” kabi ko‘rsatuvlar tayyorlanib, efirga uzatildi. Bu bilan mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotida yuz berayotgan voqealar to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirishga yaqindan ko‘maklashildi.
Jismonan sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga ko‘maklashish ijtimoiy buyurtmalarni amalga oshirishning eng muhim yo‘nalishiga aylandi, desak mubolag‘a emas. Ayni paytda mazkur yo‘nalishda 3 ta ijtimoiy buyurtma amalga oshirilmoqda.
Natijada, sharq yakkakurashi chempionatlarida 1000 ga yaqin, xalqaro musobaqalarda 10 nafar sportchining ishtiroki qo‘llab-quvvatlandi. 200 dan ortiq nogiron bolalarni ijtimoiy reabilitatsiyalash maqsadida 40 nomdagi 130 ta zamonaviy jihozlar va sport uskunalari xarid qilindi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi Qarshi (Qashqadaryo viloyati) filialining xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish uchun materiallar tayyorlandi. Bu bilan, ijtimoiy zaif guruhlardagi bolalarga ijtimoiy-pedagogik, huquqiy va axborot-ta’lim yordamini ko‘rsatish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratildi.
600 dan ortiq iste’dodli, iqtidorli yigit va qizlar ilmiy faoliyatga jalb etildi. Bundan tashqari, yoshlarning ilmiy-texnik, ijodiy va intellektual salohiyatini, ijtimoiy faolligini rivojlantirishga, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgan qator tadbirlar tashkil etildi. Chunonchi, 150 dan ortiq ijtimoiy ahamiyatga molik axborot kommunikatsiya texnologiyalari loyihalari ishlab chiqildi va joriy etildi.
Shu o‘rinda Davlat subsidiyalarining ajratilishi va ularning natijalariga ham to‘xtalib o‘tsak, 2015 yilda davlat subsidiyasi oluvchi 6 nafar tashkilotlar – Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Elektron OAV milliy assotsiatsiyasi, Ekologik harakati, Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish Jamoat fondi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasining faoliyat dasturlari qo‘llab-quvvatlandi.
Davlat subsidiyasi mablag‘lari hisobidan subsidiya oluvchilarning 400 dan ortiq shtat birligidan iborat bo‘lgan devonlari xarajatlari qoplandi. Unga ko‘ra mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi xarajatlari davlat subsidiyasi umumiy hajmining 80 foizini tashkil etdi.
Davlat subsidiyasi mablag‘lari oluvchilari tomonidan 1700 ga yaqin tadbirlar o‘tkazilgan bo‘lib, ularda 2,4 million kishi ishtirok etdi. Shu jumladan, 20 ga yaqin xalqaro tadbirlar o‘tkazildi. Markazda va joylarda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, davlat, hududiy, tarmoq va boshqa ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha ijtimoiy sheriklik sub’ektlari harakatlarini birlashtirishga qaratilgan anjumanlar, seminar-treninglar, davra suhbatlari, aktsiyalar va boshqa tadbirlar tashkil etildi.
50 ga yaqin qonunlar va boshqa qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, 1800 ta axborot-tahliliy materiallar tayyorlandi. Ulardan 1000 dan ortig‘i bosma OAVda chop etildi. Mamlakatimizda demokratik islohotlarning amalga oshirilishi va fuqarolik jamiyatining shakllanishi jarayonlarining borishini yoritishga qaratilgan 1000 dan ortiq media mahsulotlar tele va radioda efirga uzatildi.
Jurnalistlarning mehnatini munosib rag‘batlantirishga va OAV faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Oltin qalam”, “Eng ulug‘, eng aziz”, “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovlari, Ijtimoiy media-mahsulotlar milliy festivali hamda jurnalistlarning ijodiy faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan boshqa qator tadbirlar tashkil etildi. Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlangan “Ozod yurt to‘lqinlari”, “Jurnalistlar bahori — 2015” media-festivallari, “Mening yurtim – mening faxrim” aktsiyalari o‘tkazildi. Umuman, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash doirasida NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining joylardagi eng muhim sotsial va ijtimoiy ahamiyatli vazifalarni bajarishda, ularning jamiyat hayotini demokratlashtirishdagi rolini oshirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan sherikligi kuchaymoqda.
Umuman olganda, 2015 yilda 1 061 nafar NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlaridan 41,7 milliard so‘mga teng bo‘lgan 1 262 ta dastur va loyihalar qabul qilindi. Parlament komissiyasining qarorlariga muvofiq NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining jami 300 ta loyihasini amalga oshirish uchun davlat grantlari, ijtimoiy buyurtmalar va subsidiyalar shaklida 10,8 milliard so‘mga yaqin davlat ko‘magi ko‘rsatildi.
Davlat ko‘magining 67 foizi tanlov asosida davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalariga yo‘naltirildi. Shunga qaramasdan, joriy yilda mablag‘ so‘ralgan dastur va loyihalarning bor-yo‘g‘i 19 foizi yoki NNT va fuqarolik jamiyati institutlari so‘ragan mablag‘ning 20 foizi moliyalashtirildi.
– Akmal Xolmatovich, albatta Parlament komissiyasining faoliyati juda serqirra. Bu haqda navbatdagi suhbatlarimizda batafsil to‘xtalib boramiz. El-yurt farovonligi, jamiyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan jamoangizga ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
– Rahmat.
— Mazmunli suhbatingiz uchun Sizga ham rahmat.
Jobir XO‘JAQULOV suhbatlashdi.