“TAXI”: BAYRAM BAHONA “KETMONI UCHGAN”LAR

Tanish-bilish, do‘st-birodarlar, hatto aka-uka, opa-singil — tug‘ishganlar ham bir-birini yo‘qlab, holidan xabar olib turmasa, ular yiroqlashib, begonalashib ketishi hayotda o‘z isbotini topgan. Hozirgi texnika-texnologiya rivojlangan tezkor zamonda bu vazifani uyali aloqa vositasi yordamida bir zumda uddalash mumkindir.

 Aytaylik, 8 mart bayrami munosabati bilan opa-singlimizga qo‘ng‘iroq qilib, ularni tabriklasak, ko‘ngillari tog‘dek ko‘tariladi. Navro‘z ayyomida ham sim qoqib, samimiy tilaklar bildirish ko‘p vaqtimizni olmaydi. Biroq telefon orqali muloqotlar hech qachon diydorlashuv o‘rnida o‘tmasligi tayin. Chunki “Mehr — ko‘zda”, “Rang ko‘r — hol so‘r” degan iboralar bejiz aytilmaydi. Ko‘z ko‘zga tushganda mehr tovlanadi, yaqinlarimiz salomatligiga ishonch hosil qilamiz. Demak, do‘stlik, qarindoshlik rishtalari o‘z-o‘zidan yuzma-yuz ko‘rishib turishni taqozo etadi. Na ishimiz ko‘pligi, na vaqtimiz yo‘qligi bu muqaddas burchimizni bajarmaslikka sabab bo‘la olmaydi.

Qolaversa, bu xayrli istakni amalga oshirish uchun yeldek uchadigan avtotransport vositalari uzog‘imizni yaqin qiladigan ko‘makchiga aylangan. Bir paytlardagi kabi biron yoqqa bormoqchi bo‘lsak, soatlab avtobus kutmaymiz, toshbaqa singari imillab yuradigan transportda ketmaymiz. Zamonaviy rusumdagi avtomobillar xizmatimizga shay. Xoh erta, xoh kech payti aytgan manzilimizga yetkazib qo‘yishadi.

Afsuski, har gal aynan bayram arafasida, u yangi yil, 8 mart yoki Navro‘z bo‘lsin, shaharlararo qatnovchi, ayniqsa, respublikamizning turli hududlaridan Toshkent shahriga kelib-ketuvchi kirakash mashinalar yo‘lkira narxi ikki-uch barobargacha ko‘tariladi. Bayram oldidan uzoqdagi qavmu qarindoshini yo‘qlashni niyat qilgan yo‘lovchilar, ota-onasi yoniga qaytayotgan talabalar ushbu holatdan jig‘ibiyron bo‘lishi tayin.

Navro‘z bayrami arafasida men ham yaqinlarimni ko‘rib kelishni niyat qildim. “Olmazor” metro bekatidan chiqishim bilan qulog‘imga “Chinozga bir kishi”, degan ovoz eshitildi. Oradan hech qancha o‘tmay, “Yangiyo‘l”, “Guliston”, “Jizzaxga boramiz, Jizzaxga” qabilidagi chorlovlar bir-biriga ulanib ketdi. Shundoqqina katta yo‘l yonidagi avtoturargohda yengil avtomobillar turnaqator saf tortib turibdi. Ba’zi mashinalar yo‘lovchi bilan to‘lib, yo‘lga chiqishga hozirlik ko‘rayapti. Bir yoki ikki kishiga ko‘z tikib, joyidan jilolmay turganlari ham bor. Ammo shunga qaramasdan, kirakashlar o‘zaro kelishib olgan, shekilli, har qancha tortishmang, siz aytgan narxga birontasi ko‘nmaydi.

— Yaqinda o‘allaorolga yo‘lkira 20 ming edi. Nega buncha oshib ketdi? — deb ko‘z tanish bo‘lib qolgan kirakash yigitga yuzlandim.    

— Bizni ham to‘g‘ri tushuning, aka. Bayram arafasi bo‘lgani uchun yo‘lovchilar, ota-onasini ko‘rgani borayotgan talabalar ko‘p. Oldindan “zakaz” berib qo‘yganlari qancha. Uch kundan buyon 35 mingdan kamiga odam olmayapmiz, — dedi u mamnun jilmayib. — Shunaqa bayramlarning bo‘lib turgani yaxshi-da. To‘rt-besh so‘m choychaqa ishlab olamiz. Ertaroq yetib olay desangiz, ana mashinam tayyor…  

Shohbekat yonida, yanada aniqrog‘i baland ko‘prik biqinida joylashgan “stoyanka”da ham yo‘lovchilar Samarqand va Navoiy viloyatlariga boradigan kirakashlar bilan yo‘lkira masalasida tortishayotgan ekan. o‘ala-g‘ovurdan o‘zimni chetga olib, tevarak-atrofga ko‘z yugurtira boshladim. Manziliga ertaroq yetib olishni ko‘zlagan yo‘lovchilar bayram bahonasida “ketmoni uchgan” kirakashlar bilan har qancha bahslashmasin, bundan naf chiqishi amrimahol edi. Chunki narx-navo bitta: Samarqandgacha 50 ming so‘m. Meni yo‘lda o‘allaorolga tushirib qoldiradigan haydovchi topilsa-da, u 35 ming so‘mdan kamiga ko‘nmadi. Xullas, hafsalam pir bo‘ldi.

Shu o‘rinda mulohaza yuritadigan bo‘lsak, tartib-qoidaga ko‘ra, yo‘lovchilar tashish uchun mo‘ljallangan yo‘nalishsiz taksilarni boshqarishga haydovchilik guvohnomasida “V” ruxsat belgisi bo‘lgan, 21 yoshga to‘lgan, tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va kamida uch yillik haydovchilik stajiga ega bo‘lgan shaxslar qo‘yilishi lozim. 

Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 18 mayda qabul qilingan “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, taksi avtotransport vositasining tepasiga o‘rnatilgan to‘q sariq rangli fonarga “TAXI” belgisi qo‘yilishi, eshiklardagi tashuvchining nomi esa shaxmatsimon kompozitsiyada aks ettirilishi, shu bilan bir qatorda, yo‘nalishsiz taksilar uchun avtotransport vositasi maxsus seriyadagi davlat raqamiga ega bo‘lishi hamda ular viloyatlarda sariq, Toshkent shahrida esa — “fil suyagi” rangiga bo‘yalishi belgilangan.

Bundan tashqari, taksining ichkarisi soz holatdagi muhrlangan hisoblagich-taksometr, taksi bo‘shligini ko‘rsatadigan yashil rangli yoritish chirog‘i, ko‘rinadigan joyda haydovchi, yo‘lkira qiymati, tashuvchi va boshqalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar tablichkasi bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.

Bayram bahonasida mo‘maygina daromad topishni ko‘zlagan haydovchilarning mashinalarida esa yuqorida aytib o‘tilgan belgilarning birontasi uchramaydi. Demak, ular yo‘lovchi tashish uchun ruxsatnomaga ham ega emas, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash borasida esa hech qanday kafolat bera olmaydi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, transport xizmatlari bozorida raqobat kuchayib borayotgan ekan, yo‘lovchi tashishni zamon talablariga mos yo‘lga qo‘yish, yo‘lovchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish taqozo etiladi. Shunday ekan, soha mutasaddilari bizning yuqoridagi fikr-mulohazalarimizni bir o‘rganib ko‘rishsa, foydadan xoli bo‘lmas edi.

 Dilorom MAMIROVA

Jizzax viloyati

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 3 =