TUMAN «OYNA»SIDAGI DOG‘LAR
Matbuotning boshqa ommaviy axborot vositalaridan ham yaxshi, ham yomon tomoni bor. Yaxshi tomonidan boshlay qolaylik: oradan necha yil o‘tmasin bosma OAVda chop etilgan materialingiz kimningdir uyida, ishxona yoki kutubxonadagi taxlamlarda turaveradi.
To‘g‘ri, hozir televidenie, radio va internet xabarlari, ko‘rsatuv va eshittirishlarni yozib oladigan vositalar ko‘p, ularni ham saqlab qo‘yish mumkin. Ammo bular gazeta yo jurnal kabi qo‘ldan-qo‘lga o‘tib yurishi qiyinroq.
Yomon tomoni – matbuotda chop etilgan maqolaning xato-kamchiliklari istagan vaqtda “yuz”imizni oynadek ko‘rsatib turaveradi. Televidenie va radiodagi kamchiliklarni esa goh sezamiz, goho sezmay o‘tkazib yuboraveramiz. Qisqasi, bosma OAVda ishlash katta mas’uliyat, chuqur bilim va malaka talab etadi. Shuning uchun ham hamkasblarimiz orasida bir gap bor: gazetada ishlagan xodim televidenie va radioda bemalol ishlab ketishi mumkin. Ammo bu ikki OAVda ishlab yurgan kishi matbuot nashrlarida ancha qiynalib qoladi.
Gazetxonga ma’lumki, har jihatdan mukammal nashrni o‘quvchi qo‘liga yetkazishlarini istagan holda, mahalliy nashrlarni tahlil qilib boryapmiz. Bunday yondashuv gazetxonning ham, hamkasblarimizning ham e’tiboridan chetda qolayotgani yo‘q. So‘zimizning tasdig‘i sifatida samarqandlik Zebo Saparovaning tahririyatimizga yo‘llagan maktubi bilan tanishaylik. Hamkasbimiz “Jomboy tongi” gazetasining to‘rt sonini maktubga qo‘shib jo‘natibdi. “No‘noq ijodkor – sifatsiz mahsulot egasi” deb nomlangan ushbu maktubda shunday jumlalar bor: “Uquvsiz jurnalistlarning “samarali” qalam tebratishi oqibatida kishini zeriktirib, hafsalasini pir qiladigan mazmunan o‘ta sayoz materiallar gazetalar yuzini ko‘rmoqda. Buni “Jomboy tongi” misolida ko‘rish mumkin. U yer-bu yerdan cho‘qilab, ko‘chirib olingan yoki eskirgan umumiy materiallar hisobiga chop etilib kelinayotgan gazeta sahifalarini varaqlar ekansiz, beixtiyor chalasavod ijodkorlar mehnatiga “tahsin”lar aytasiz. Tobora g‘ij-g‘ij imloviy xatolar, tushunarsiz, g‘aliz jumlalar hisobiga “boyiyotgan” bunday gazeta mushtariylar uchun nima bera oladi? O‘zim ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisiman. Nafaqagacha bosmaxonada, tahririyatda ishlaganman. Men uchun qadrdon bo‘lgan gazetadagi xato-kamchiliklarni ko‘rib, ichim kuyadi. Besh yildan beri ahvol shu…”.
Ushbu nashrning to‘rt-beshta sonini varaqlar ekanmiz, Z.Saparova aytgandan ham beshbattar ahvolga tushdik. Ayniqsa, o‘tgan yil 7 fevral, 4-sonidagi xato-kamchiliklar tepa sochingizni tikka qiladi, maktub egasi bekorga kuyinmaganini anglaysiz. Birinchi sahifadayoq xatolarning qanaqasidan desangiz topiladi. “Yarim asr oldingi ijod” sarlavhali maqola tomdan tarasha tushganday, “Ayniqsa” deb boshlangan, imlo xatolar shundoqqina tizilib turibdi. Buyuk siymolarimiz tavallud kuni arafasida bo‘lgani bois Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi haqida sonda berilgan ma’lumotlarni o‘qib, ularda ikki ulug‘ shoirga o‘ta hurmatsizlikni ko‘rasiz. Hatto maktab devoriy gazetasida ham bunday chala-chulpa, xom-xatala ma’lumotlar berilmasa kerak. Imloviy, uslubiy, grammatik xatolarning son-sanog‘i yo‘q. Asarlari nomidan tortib, g‘azallari ham noto‘g‘ri ko‘chirilgan. “Orazin yopqach ko‘zimdin…” deb sarlavha qo‘yilganining o‘ziyoq mantiqsizlikdan darak. Shunday go‘zal satrni bu tarzda chala qoldirib, sarlavhaga olib chiqish mumkinmi? Bu ham mayli. Shoirning eng ko‘p takrorlanadigan mashhur satrlarining yozilishi ko‘pchilikka yod bo‘lib ketgan-ku! Ya’ni “yopqach” emas, “yopqoch” tarzida yoziladi. Matn ichida ham shu ahvol. o‘azalning ikkinchi satridagi “Bo‘ylakim” so‘zi “O‘ylakim” tarzida yozilgan. Qoyil, Navoiydek buyuk shaxsning g‘azalini “tahrir” qilishibdi. Shoirning hayoti va faoliyati haqidagi kichkina material esa hayratingizni yanayam oshiradi. Maqola “Unga ko‘ra Navoiy davlatning barcha ishlariga aralasha olardi” degan gap bilan tugatib qo‘yilgan. Boshdan-oxir sayoz yozilgan materialda xulosa ham yo‘q. Qozonga mos qopqoq degandek, mantiqsiz maqolaning xulosasi bo‘larmidi?!
Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan material esa na maqolaga, na tezisga o‘xshaydi, yangi “janr” yaratishibdi, shekilli. Quyidagi jumlaga e’tibor bering: “26 dekabr 1530 yil Agra, Indiyada vafot etgan. Qabri keyinchalik vasiyatiga ko‘ra Qobulga ko‘chirilgan”. Mulohazani ilk jumladan boshlaylik. O‘zbek tilida avval yil so‘ng kun va oy yozilishi haqidagi qoidani nahotki bilishmasa?! Bizningcha, “Indiya” bu Hindistonning ruscha atamasi ekanini tahririyatdagilar bilmaydi. Aks holda materialda “…Hindistonga 5 marta yurish qiladi”, degan jumlani keltirib, sal pastroqda “Indiya” tarzida yozishmagan bo‘lardi. (Bundan boshqacha mulohaza yuritishga til ojiz). Ikkinchi gap qurilishidagi xatolarni ham ko‘rib turibsiz.
Sahifaning ikki shoirga atalgan qismida tibbiyot kolleji o‘quvchisining “Bobomga o‘xshaylik biz o‘g‘il-qizlar” deb nomlangan “she’ri” berilgan. She’rdagi qo‘shtirnoq sababini tushunish uchun quyidagi to‘rt satrni aynan keltiramiz:
Quronni yot olgan yetti yoshida,
Mehr aks etgan hatto yoshida.
Shoh va shoir bo‘lgan zamon toshida,
Komil inson deya ataylik bizlar,
Bobomga o‘xshaylik biz o‘g‘il-qizlar!
Imlo xatolarini ham, “she’r”dagi mantiqsizlikni ham izohlashga hojat bo‘lmasa kerak. Faqat bir savol tug‘iladi: nahotki, tahririyatda she’rni tushunadigan biror zot topilmagan bo‘lsa?! Endi keyingi ikki satrni ko‘ring:
“Lison ut tayr”ni olgandilar yot,
“Mantiq ut tayr”ni yozgandir ul zot.
Bu “e’jod” namunasini o‘qib, kulish emas, yig‘lash kerak. “She’r”dagi ikki asar asli qaysi buyuk zotlarga tegishli ekanini maktab o‘quvchisi ham biladi. Muallif, ya’ni kollej o‘quvchisini qo‘ya turaylik, tahririyatdagilar qayoqqa qarashgan o‘zi? Shoir hayoti va ijodi haqidagi chala-yarim maqolachada “Alisher yetti yoshligidayoq Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr’” asarini yod olgan” (aynan keltirildi) jumlasi bor. Jillaqursa, shunga e’tibor qilishganda ham asarlar nomi almashib qolmasdi.
E’tibor bering, gazetaning birgina sonidagi yarim sahifalik materiallar xato-kamchiliklari xususida shuncha gap (standart qog‘ozda bir yarim varaq). Nashr saviyasini shundan kelib chiqib baholayvering.
Gazetaning aksariyat sonlarida boshi-keti yo‘q uzun va mantiqsiz jumlalar, bir gap ichida to‘rttalab takrorlanadigan so‘zlar, keraksiz izohlar to‘lib yotibdi. Ushbu sonning to‘rtinchi sahifasida “Zulfiya ijodi – hijron va sevgi sadoqati” sarlavhali maqola berilgan. Sarlavhadayoq mantiqsizlik boshlanganini ko‘rib turibsiz. Endi material ichiga kirib boraylik, faqat sabr qilishingizga to‘g‘ri keladi. “Sevgi va hijron bobida insoniyatga namuna bo‘lgan shoira”, “U yoshligidan boshlab bilim olishga kirishadi”, “…uning kechinmalari orqali shoiraning yurtiga bahor kelganligi…”. Ana sizga yangilik: hijron bobida ham namuna bo‘lish mumkin ekan-da? Bilim olish o‘zi bolalikdan boshlanmaydimi? Yoshlik deganda inson umrining qaysi pallasi tushuniladi? Bahor birovning kechinmasiga qarab kirib keladimi?
Qizig‘i, to‘g‘rirog‘i, achinarli tomoni, ushbu maqola bir faxriy o‘qituvchi (ismi-sharifini keltirishni istamadik) imzosi bilan chiqqan.
Yoki joriy yil 9 yanvar 1-son, 4-sahifada chop etilgan “Qarg‘alining qabristoni qachon obod bo‘ladi?” maqolasidagi bitta gapni olaylik: “Yaqinda Turdiboy hoji Hakimov, Narzullo Ubaydullaev hamda Turdimurod Toshboevlar bizni aynan ana shu Qarg‘ali qishlog‘i va Beshbola qishlog‘iga tegishli bo‘lgan Qarg‘ali qabristonidagi ahvol bilan tanishtirish maqsadida o‘sha qabriston tomon boshladi”. Bunday ortiqcha, takror so‘zlar o‘quvchini chalg‘itadi, charchatadi va nihoyat g‘ashiga tegadi. Mazkur sahifada “Keling do‘stim…” sarlavhali she’r berilgan. Tahririyat xodimlariga xos xususiyat – sarlavhadayoq uchraydigan xatolardan mazkur “shig‘ir” ham benasib qolmagan. “Do‘stim” so‘zi undalma, demak undan oldin vergul qo‘yilishi kerak. Matn ichidagi xatolarni esa sanayversak sahifalar yetmaydi. Ammo she’rdan to‘rt qatorini keltirib, uning “ma’ni-matrasi”dan sizni “bahramand” qilmasak bo‘lmas.
Men ham sizdek ochiq ko‘ngil,
shirin so‘zman bilasiz,
Oltinlarga hushi yo‘qroq,
“ochiq qo‘lman” bilasiz.
Ma’rifatning ostonasi
ichkariga tortadi,
Ko‘ngil bog‘in mevalari
menga yetib ortadi.
Bugun bunday “jo‘qiyona” she’r to‘quvchilar ko‘payib ketgan. Tahririyat xodimlari orasida she’rni nozik tushunadiganlar yo‘qligiga yuqorida ishora qilgandik. Bizningcha, nashr saviyasini ko‘tarish uchun jiddiy kirishgan rahbar yo‘lini topishi mumkin. Avvalo, bosh muharrir va tahririyatning boshqa xodimlari ham jillaqursa savodxonlikni puxta egallagan bo‘lishi kerak. Ammo ahvol yuqoridagidek ekan, demak, bu borada iqtidorli o‘qituvchilar, faxriy jurnalistlardan iborat tahrir hay’ati tuzish, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hamda Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari maslahatlari bilan hozirgidan ko‘ra tuzukroq natijaga erishish mumkin emasmi?
Gazeta dizayni ham mazmunidan qolishmaydi. Bugungi o‘quvchi biror nashrni qo‘liga olarkan, avvalo, uning shakl-shamoyiliga e’tibor beradi. Diqqatini tortsa, o‘qiydi, dizayn nochor bo‘lsa, olgan joyiga qaytarib qo‘ya qoladi. Mahalliy nashrlarda nafaqat yetuk jurnalistlar, balki yaxshi dizaynerlar ham yetishmasligi kunday ravshan. Ammo qalovini topsa, qor ham yonadi, deb bejiz aytilmagan. Gazetachilik sir-asrorlaridan xabardor hamkasblarimiz yaxshi biladi: hamma sahifalardagi materiallar 9 shriftda, qator oralig‘i 1,5 interval bo‘lishi lozim. Hech bo‘lmaganda shunga amal qilish uchun zo‘r dizayner bo‘lish shart emas-ku! Afsuski, aksariyat nashrlar ushbu qoidaga amal qilmaydi. Hatto bitta sahifada turli kattalikdagi shrift va o‘ta kichik intervalda berilgan materiallar ko‘p uchraydi. “Jomboy tongi” ana shu xatolardan ham xoli emas. O‘ta siqiq va kichik shriftdagi materiallarni yoshlar ham o‘qishga erinishi turgan gap. Suratlar va materiallar joylashuvi ham eski qolipda, umuman, mas’ul kotib mehnati sezilmaydi. Bir mavzudagi ikki xabar sahifaning har tomonida sochilib yotibdi. Gazetachilikda “podborka” degan gap bor-ku! Kichik xabarlarga uzundan-uzoq sarlavhalar qo‘yilgan. Masalan, joriy yilgi 1-sonda “O‘quvchi shaxsi va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish (sarlavha) to‘garaklar faoliyatida muhim o‘rin tutadi” (tag sarlavha). Butun boshli gap sarlavhaga aylangan.
Hurmatli o‘quvchi ushbu nashrning hech bir yutug‘i yo‘qmikan, deb o‘ylayotgandir. Afsuski, buni ko‘rmadik. Tahliliy, mulohazali maqolalar, jonli axborot va yangiliklarga urinish bo‘lganu, tumtaroq jumlalar ularga soya solib turibdi. Gazeta uslubi, adabiy til normalariga amal qilinmagan, ayrim jumlalar ko‘cha gapidek o‘ta jo‘n va tushunarsiz.
“Xullas, aytaversak gap ko‘p, lekin hech kim ishonmaydi”. “Militsiyada ishonishadi”. Bu mashhur filmdagi gaplar edi. Biz ham “Jomboy tongi”ni qo‘lga olib, aytadigan gap ko‘pligini, bu qadar saviyasizlikka ishonish qiyinligini tushundik. Maktub yo‘llagan opaning gapida jon bor ekan, faqat bu kamchiliklar militsiyada emas, gazeta muassisi tomonidan o‘tkazilgan monitoring guruhida ko‘rib chiqishiga umid qilamiz. Axir, “Jomboy tongi” ko‘ngilochar nashr emas, kim qanday “eksperiment” o‘tkazsa bo‘laveradigan! U rasmiy matbuot turi, bunday matbuot esa ommanikidir.
Xolida FAYZIYEVA,
«Hurriyat» muxbiri