PO‘SHT, MASHINALI TALABA!..

Ko‘chalarimizni to‘ldirib harakatlanayotgan mashinalar turmushimiz farovonligidan darak beradi. Bundan atigi to‘rt-besh yil avval yurtimizdagi har bir xonadonga o‘rtacha bittadan avtomobil to‘g‘ri keladi, deya faxrlangan bo‘lsak, endilikda bir oilada ikki-uchtadan shaxsiy mashina borligini ko‘rib, quvonchimiz yanada ortadi. 

Dasturxonimiz to‘kinligi, hayotimiz fayzu tarovatiga boqib, Yaratganga behisob shukr aytamiz. Farzandlarimiz shunday dorilamon kunlarda ulg‘ayishmoqda. Axir, biz mana shunday baxtli damlarni orzu qilmaganmidik!

O‘z orzu-niyatlari ijobatini farzandlari timsolida ko‘rayotgan ko‘plab ota-onalar jigargo‘shalarining har qanday ehtiyojini qondirayotganiga boqib, havas qilasan, kishi. Biroq yaqinda o‘zim guvoh bo‘lgan bir holat tufayli, ko‘ngilda ba’zi mulohazalar tug‘ildi…

Toshkent moliya instituti yonidagi bir binoda anjuman tugab, tarqalayotgan edik. Qarasam, biron ikki-uch yuz anvoyi mashina qo‘r to‘kib turibdi, biri biridan chiroyli. Ammo shunchalik qapishtirib qo‘yilganki, oralaridan hatto yakkakift bo‘lib ham o‘tib bo‘psiz. Ortimizdan kelib qolgan “Kaptiva” ichidagi talaba yigit salgina to‘xtab qolganiga bizni aybdor sanab, o‘qrayib qarab turgan ekan. Hammamiz har burchakka qisilib, navqiron avlod vakiliga yo‘l ochdik. “Kaptiva” baribir o‘ta olmadi, chunki torgina yo‘lakning narigi tomonidan bir “Kobalt” suqulib kirib, ancha ichkariga kirib ham qolgan ekan. Ikkala talaba yigit bir-biriga yo‘l bermay, qarshisidagi mashinaning ortga tisarilishini talab qilar edi. Ammo har ikki tarafida mashinalar qator tizilgan tor joyda orqaga yurish oson emas. Buning azobini rul chambaragini tutgan odamgina his etadi.

Haytovur, “Kaptiva” “Kaptiva”ligini qildi – qarshisidagini surib chiqarguday vajohat bilan oldinga intildi. Unga nisbatan “odmiroq” bo‘lgan “Kobalt” jonivor yo‘l bo‘shatish uchun orqasiga tisarila boshladi.

Ie, bu nimasi? “Kobalt”ning ortidan “Tez yordam” mashinasi ham yetib kelib, tiralib qolgan ekan! Tibbiy madad so‘raganlar vahimaliroq xabar berishganmi, pirillab yonib turgan chirog‘i ustiga, tinimsiz sirena chalar, o‘ziga shu ondayoq yo‘l ochib berishlarini so‘rar edi.

Aslida, bu yo‘l xiyla keng, ikkala tomondan kamida ikki qatordan avtomobil o‘tishi mumkin. Biroq boybachcha talabalarning aksarida mashina bor, ular bu ulovlarini ko‘chaning ikkala tarafiga ham ko‘ndalang qilib qo‘yib, o‘rtada bir mashina arang sig‘arli yo‘lak qoldirishgan, xolos.

Oliy o‘quv yurti degani Toshkentning har joyida bor. Masalan, “Talabalar shaharchasi”ning o‘zida ikki azim dargoh – Milliy universitet bilan Texnika universiteti yonma-yon joylashgan. Buyog‘ini o‘zingiz ham tasavvur qilsangiz kerak, lekin men bir gapni aytib qo‘yay: Sergeli mashina bozorida sotish uchun terib qo‘yilgan ulovlarning hammasi qo‘shilsa, bu yerdagi mashinalarning yarmicha yo keladi, yo yo‘q. Boya, Moliya instituti yonida bitta mashina siqqudek yo‘lak bor degan edimmi? U holva ekan. Bu joydan esa goho velosiped minib ham o‘tib bo‘lmay qoladi, qalashtirib tashlangan muncha ulov orasidan universitetga o‘tmoqchi bo‘lsangiz, albatta kiyimingiz mashinalarga surtilib, ularning farayu qanotlari, biqinlarini tozalab, ohorli engil-boshingizning o‘zi esa “ximchistka”bop bo‘lishi tayin.

…Endi, bunisi o‘n-o‘n besh yillar avvalgi gap. Bir tashkilotga elektr haqqini to‘lash masalasida kirsam, “obed bo‘ldi”, deyishdi. Noiloj, shu yaqindagi Sharqshunoslik instituti oshxonasiga kirib, vaqt o‘tkazadigan bo‘ldim. Bir piyola choy ichmasimdan, yonimdagi stolga tizzadan pasti kesilgan tor shim kiygan to‘rt “podumaesh” kelib o‘tirdi. Turq-tarovatlari qanaqaligini shundan bilib olavering: to‘rtovining panjalari uchidagi uzun-uzun beshta tirnog‘i besh xil rangga bo‘yalgan! Gap-so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, qizgina tushkurlar shu institut talabalari bo‘lib, darsga kirib ovora bo‘lgilari kelmay, ko‘ngil yozishga chiqishgan ekan. Qorinlari to‘q shekilli, uch-to‘rt shisha quling o‘rgilsin chanqovbosti ichimliklarni buyurishdiki, bunaqa ajabtovur “suv”larni men hatto to‘y-banketlarda ham ko‘rmagan edim. Har bir shishasining narxi ikki marta tushlikka yetgudek. Suvlarning tiqinini ochib, chala-yarim ichib-ichmay, nari surishdi-da, oralarida “boyvuchcha” bo‘lib o‘tirgan ovozi yo‘g‘on qizning da’vati bilan uning “Mersedes”iga o‘tirib, allaqaerdagi yanayam ko‘ngilochar bir maskanni ko‘zlab, alqissa, yo‘lga ravona bo‘lishdi!

Yoqamni ushlab qolaverdim, desangiz! Qizlarigaki mashinalarning zo‘ridan sotib olib mindirib, taltaytirib qo‘ygan odamlarning rizq-nasibasi ishxonaning torgina kassasi tuynugidan chiqmaydi, albatta.

Mening bir qadrdonim yaxshigina ishda ishlaydi, savlatlikkina odam. Ammo piyoda yuradi, ishga avtobusda qatnaydi. Mashinasi yo‘qligiga, yoshi ellik beshdan oshganiga qaramay, avtobusma-avtobus tushib-chiqib yurishiga sabab esa, pulsizligi emas… Ikki yil avval o‘qishga kirgan bolasi, agar sentyabrgacha mashina olib bermasanglar, o‘qimayman, deb shart qo‘yibdi. Chunki hamma o‘rtoqlarida mashina bor ekanu, o‘qishga “piyoda” borib, xijolat bo‘layotgan emish. U yoqda esa, bu errayim uchun “kontrakt puli”ni ham topish kerak. Ikki yil tahsil uchun haq to‘lagan ota nima qilsin? Bu holda shuncha mablag‘ga kuyib qolishi tayin-ku? Noiloj, undan-bundan qarz ko‘tarib, zulukday bir “Neksiya”ning kalitini erkatoyiga tutqazibdi. “Boyvachcha” xo‘mrayib, rulga o‘tiribdi, hatto bir og‘iz “Rahmat, dada!” deyishga ham yaramabdi, nima desangiz, aksar o‘rtoqlari “Kaptiva”, “Lasetti”, hech bo‘lmaganda “Kobalt” egalari bo‘lib, halol mehnati bilan kun ko‘radigan otasi olib bergan “Neksiya” uni do‘stlari orasida “sharmanda” qilar ekan. Mashina sotib olib bergan ota sho‘rlikning o‘zi esa piyoda.

Talaba deganlari ham har xil bo‘lar ekan-da. O‘n yilcha muqadam tramvayda Bo‘z bozori yonidan o‘tib borayotib, bir yigitning qo‘lidagi nota tasviri tushirilgan kitobdan ko‘z uzmay o‘tirgani holda, barmoqlari soz chalayotganday harakatlanayotganiga ko‘zim tushuvdi. Yigit hamma narsani unutib, butun borlig‘i bilan kitob ichiga sho‘ng‘igan edi. Ajab, havasim keldi. O‘zimiz ham, bir mahallar tramvayda kursdoshlar bilan ilm haqida gaplashib ketar, yolg‘iz esak, hatto tikka turib kelayotib ham, kitob o‘qirdik. Chunki ilm tahsili auditoriyaga kirganda boshlanib, undan chiqqan zahoti to‘xtaydigan jarayon emas. Ammo mashina rulini boshqarib ketayotgan talabaning xayolini dars emas, avariya qilmaslik tahlikasi qamrab olgan bo‘ladi. Hatto saboq chog‘ida ham diqqatining bir chetida mashinasi turadi: “Ishqilib, biron bola mix bilan chizib ketmasaydi, biron hovliqma mashinasi bilan turtib o‘tmasa edi”. Darsdan so‘ng uyiga yetib borgunicha ham yana o‘sha shoshqin holat. Bu holda uning ongu shuurini bilim egallashi mumkinmi?

Bizningcha, talabaning o‘qishga avtobusda, metro yo tramvayda emas, shaxsiy mashinasida borib-kelishi har jihatdan noto‘g‘ri: birinchidan, ko‘chalardagi qatnovlar tig‘izligi yana ham ortadi, avariya xavfi ham shunga yarasha ko‘payadi. Ikkinchidan, oliy o‘quv yurtlari tevaragiga “parkovka” qilingan, ya’ni ko‘cha harakati qoidalarini nazar-pisand qilmay, ayqash-uyqash qo‘yib ketilgan avtomobillar tufayli institut ichkarisida joylashgan manzillarga davlat mashinalari, hatto maxsus xizmat mashinalarining ham yo‘llardan o‘tishi amrimahol bo‘lib, Xudo ko‘rsatmasin, mabodo, yong‘in yuz bersa, elektr yo gaz avariyasi xavfi tug‘ilsa, xastaning ahvoli og‘irlashsa, uning yoniga zudlik bilan yetib borib bo‘lmay qolyapti. Uchinchidan, shu “mashinali” talabalarning aksari darsga “borib-keladi”, ammo o‘qishni yolchitadiganlari kam, chunki miyaning yarmini “yallo” qilib yurish egallagan. Va nihoyat, to‘rtinchidan, ularning kasriga qo‘li yupqaroq odamlar qiynaladi. Negaki, ba’zi xudbin farzandlar o‘z kursdoshlari oldida “boyvachcha” bo‘lib ko‘rinish uchun sho‘rlik ota-onani burovga oladi – “mashina olib berasan”, deb ikki oyog‘ini bir etikka tiqib turib oladi, bunaqa paytda, Abdulla Qahhor aytganiday, yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uziladi.

Biz – bir millat, bir elmiz. Katta bir oilamiz… Yaxshi va chiroyli ishlardan ibrat olib, bo‘lmag‘ur qiliqlardan uzoqroq yurishga intilish tiynatimizda bor. Shunday ekan, keling, ochiq gaplashib olaylik: hali og‘zidan ona suti ketmagan o‘g‘il-qizlarimizga talaba bo‘lishi bilanoq, “suyunchi” sifatida “Malibu”, “Kaptiva”, “Lasetti” mindirib qo‘yishimiz to‘g‘rimi? Bu holda, ular ilm ko‘chasiga kirish o‘rniga taltayish, tayyoriga ayyorlik ko‘ylariga tushib, turmushning biz yordam bera olmaydigan pallalariga yetganda qiynalib qolishmaydimi? Biz bolalarimizga taltayishni emas, boshi osmonga yetganida ham, kamtarroq bo‘lib yurishni o‘rgatadigan el edik-ku! Ajabki, hozir hatto litsey va kollej o‘quvchilari ham “dars”ga mashina minib borib keladigan bo‘lib qolishibdi.

Albatta, boyvachchayu boyvuchcha yigit-qizlarning kalondimog‘ ota-onalari birovning gapiga quloq osmaydi, aksincha, to‘qlikka sho‘xlik qilib, yangi-yangi bid’atlarni o‘ylab topishaveradi. Qiziq-da, bolasi o‘qishga kirganida “Prado” olib bergan ota, u bitirganida nima sovg‘a qilarkin, samolyotmi?

Bu jiddiy masala. Jamiyatimiz ma’naviy hayoti taqdirini o‘ylab, ayrim sohalarda cheklash va taqiqlash kabi choralarni ham qo‘llash kerakmi, deyman. Chunonchi, talaba yigit-qizlarning o‘qish joyiga mashina minib kelib-ketishi taqiqlanadigan bo‘lsa, bu avvalo, ularning o‘ziga foyda – xotirjam o‘tirib bilim olishadi, ma’naviy dunyolari ham boyiydi, qolaversa, ko‘cha-ko‘ylarimiz ham yanada sarishta va tinchroq bo‘lib qoladi.

 Zuhriddin ISOMIDDINOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + twelve =