CHUMOLI VA BOLARI

Odatda ertaklar bir bor ekan, bir yo‘q  ekan, qadim o‘tgan zamonda deb boshlanadi. Bolajonlar  uni miriqib o‘qib, olam-olam zavq olishadi. Men esa bugun kattalar uchun ertak yozdim. U siz bilan biz yashab turgan zamonda Sameh aka  degan pahlavon bor ekan, deb boshlanadi. Bu pahlavon nima karomat ko‘rsatgan ekan, deb qiziqib qoldingiz, shundaymi? Unda voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib boring.

Poytaxtimizning kundan-kunga chiroy ochib borayotgan Sergeli tumanining Habibiy va O‘zgarish mahallalari oralig‘ida keng sayhonlik bor edi. Bir paytlar katta qurilishlarning chiqindilari o‘sha joyga tashlangani bois chiqindixonaga aylangandi. Bel barobar yovvoyi o‘tlar ko‘klam chog‘i ko‘m-ko‘k bo‘lib ko‘zni quvnatsa,  saratonda sarg‘ayib, ko‘ngilsiz manzara kasb etardi. Uzoq yillardan beri qarovsiz  yotgan bu sayhonlik borgan sari aftoda holga tushib borardi.

 Adashmasam, 2014 yilning o‘rtalari edi. Bir kuni sayhonlikda boshini oq chorsi bilan bog‘lagan, qotmadan kelgan bir kishi paydo bo‘ldi. U  qo‘lidagi ketmoni bilan bir chekkadan tushib yerni yovvoyi o‘tlardan tozalay boshladi. Aniq esimda, o‘sha kuni sayhonlikda yovvoyi o‘tlar to‘plangan ikkita katta g‘aram paydo bo‘ldi. Uch-to‘rt kun o‘tgach, u  yerda yana besh-olti kishi ishlayotganiga ko‘zim tushdi. Bolaligimda bobom bizga «Yerning joni bor, nafas oladi. Kuzda ag‘darib qo‘yib, avvali bahorda yana bir bellasang, unga jon kiradi. Shundan keyin urug‘ eksang, so‘raganingdan ham ko‘p hosil beradi» degan gapni ko‘p bora takrorlardilar. Nazarimda, bu odamlarning harakati bilan tashlandiq yerning yuzi ochilib nafas olayotgandek edi. Men goho nimagadir ular bir kun joniga tegib bu qora mehnatni tashlab ketadi, deb o‘ylardim. Yo‘q, unday bo‘lmadi. Kunlar o‘tgani sayin bir payt­lar vahimali ko‘ringan joy chiroy ochib borardi. Bu orada xizmat safarlari, o‘zim bilan bo‘lib u tomonga  boshqa o‘tolmadim. Yaqinda o‘sha tomonga yo‘lim tushib, bir hayratimga o‘n hayrat qo‘shildi. Bir tekis jo‘yak tortilib, qator qilib ekilgan turli mevali va manzarali daraxtlar ko‘zni quvontiradi. Bog‘ning bir chetida mo‘’jazgina ko‘chma vagoncha turardi. Uning atrofida ekilgan rayhonu atirgullar ifori butun mavzeni tutganday edi go‘yo. Yuqorida aytib o‘tganim Sameh aka bilan ham yaqindan tanishdim. Har kishining ham yuragi dov bermaydigan bunday katta ishga qanday jur’at etgani bilan qiziqdim. Yerni qadrlaydigan insonlar bilan dehqonchilik haqida gurung qilsang, qulfi dili ochilib ketadi.

– O‘zim ko‘p qavatli uyda turaman, – deya hikoyasini boshladi Sameh aka. – Bir paytlar jamoa xo‘jaligida ishlaganman. Shaharda yashay boshlaganimda ham yerning  xumori sira qo‘ymadi. Uyimiz yo‘lagi oldidagi kaftdek yerga ishlov berib, turfa ko‘chatlar, gullar ekib parvarishlay boshladim. Ertadan kechgacha ko‘p vaqtim o‘sha yerda o‘tardi. Mahallamiz raisi Husniddin Begmatov har gal uyimiz oldidan o‘tayotgan chog‘i «Hormang, dehqon» deya olqishlab qo‘yadi. Bir kuni rais, keling, biroz piyoda yurib  oyoqlarning chigilini yozamiz, deb mana shu yerga olib keldi. Hammayoqni yovvoyi o‘t bosgan, qarab bo‘lmasdi.

–      Aka, sizning qo‘lingiz gul, mehnatdan qochmaysiz. Shu yerni obod qilishga bir urinib ko‘rmaysizmi? Hujjatlarni rasmiylashtirishga o‘zim yordam beraman.  Obod bo‘lib qolsa mahallamiz chiroyi yanada ochilardi, – dedi rais menga ishonch bilan.

Yuragim jiz etdi. Shuncha yer bekor yotganiga achinib ketdim. Men bir ayolim bilan maslahatlashib ko‘ray,  dedim ikkilanganday. Uyga kelasolib, Dilbarxonga bu taklifni aytdim. U ham siz nima desangiz shu, men yoningizda bo‘laman, dedi. Uning daldasi menga qanot bag‘ishlaganday bo‘ldi.

Butun oila bir gektarlik maydonni tozalashga kirishdik. Bu yerdan olib chiqilgan mashina-mashina chiqindilarni sanab sanoqdan adashdim. Goho shu ishga bekor kirishdim, haliyam kech emas, tashlab ketsammikan, degan xayolga ham boraman. Ammo chumolidek tinim bilmay ishlayotgan ayolim, farzandlarim Sobirjon, Sultonboy, Dilshoda, Gulchehra va Manzuraxonlarni ko‘rib kuchimga kuch qo‘shilgandek bo‘ladi. Xalqimizda «Ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir» degan naql bekorga aytilmagan ekan. Hozir mingdan ziyod manzarali va mevali daraxtlarim gurkirab o‘sayapti. G‘uj-g‘uj  hosilga kirgan olxo‘rilarni nevaralarim kabi o‘zim ham tomosha qilib charchamayman. Yurtimizda o‘sadigan mevali daraxtlarning barchasidan ekkanman. Shu atrofda istiqomat qiladigan Ismoiljon, G‘ayratjon va Botirjon kabi qo‘shnilarimni ham alohida ta’kidlagim keladi. Ular dam olish kuni bu yerga chiqib yordamlarini ayashmaydi. Ayniqsa, nabiralarimning bog‘imizga talpinganlarini ko‘rib o‘zim ham quvonib ketaman.

Sameh aka bilan uzoq gurunglashdik. Bog‘ni aylanib, egatlardagi poliz mahsulotlarini tomosha qildim. Yer yashnab ketgandi. Chumoli kabi mehnat qilgan insonlarni bolari kabi bol yig‘adigan paytlari kelyapti. Yer esa to‘yib-to‘yib nafas olyapti. Uning nafasidan olam gullarga burkanayotganini ko‘rib ko‘zlarim quvnaydi.

 Yusuf FAYZULLO

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + 12 =