TOMCHIDA QUYOSH AKSI BOR

Yaratgan ato etgan bebaho ne’mat — tinchlik, xotirjamlik, osoyishtalik barqarorligi ta’minlangan yurtimizning qay bir go‘shasiga bormang, ulkan o‘zgarishlar, beqiyos bunyodkorliklarning guvohi bo‘lasiz. Mustaqillik yillarida qad rostlagan mahobatli imoratlar, ravon yo‘lu ko‘priklar, serfayz bog‘u xiyobonlar, namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan turarjoylar, zamonaviy mahallalar vujudimizga quvvat berib, ruhimizni ko‘taradi.

 Bahorning ilk kunlaridan birida rafiqam, qizim, kelinim hamda nevaralarim bilan muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishni ixtiyor etdik.

Darvoqe, bizgacha ham ko‘pchilik go‘zal poytaxtimizning naq biqinidagi Zangiota ziyoratgohida bo‘lgandir. Agar bormaganlar bo‘lsa, albatta, bir qadam ranjida qilsin. Zamondoshlarimiz sa’y-harakati bilan u yerda amalga oshirilgan ishlarni ko‘rib, lol qolasiz. Ziyoratgoh yo‘l va yo‘laklari hoshiyasidagi yal-yal tovlangan turfa gullaru huzurbaxsh maysalardan bahra olasiz.

Gapning sirasi Zangiota ziyoratgohiga bo‘lgan ijobiy e’tibor bugungichalik yuksak darajada bo‘lmagan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Sohibqiron Amir Temur bobomiz bunyod ettirgan bu muqaddas qadamjo 1930 yilda yopib qo‘yiladi. Oradan 15 yil o‘tib, u rasman qayta ochilgan bo‘lsa-da, 1946 yilda yana yopilib, ziyoratgoh ateis­tik muzeyga aylantiriladi. Keyinchalik esa bu yerda ko‘zi ojizlar yotoqxonasi va ustaxonalar faoliyat ko‘rsatgan.

Bugun ushbu tabarruk dargohga nainki Markaziy Osiyo, balki musulmon olamining ko‘plab mamlakatlaridan ziyoratchilar to‘xtovsiz kelib turibdi. Majmua atrofi obodonlashtirilib, tarixiy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan. Shuni alohida qayd etish kerakki, 2014–2015 yillarda bevosita davlatimiz rahbari sa’y-harakati bilan ziyoratgohda keng ko‘lamli bunyodkorlik va tiklash-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, ko‘z quvonadigan darajaga keltirildi.

Muqaddas qadamjodan tengsiz ruhiy quvvat olib chiqqach, “Bektemir — G‘azalkent” yo‘lining o‘ng tarafidagi Iyk ota ziyoratgohiga yo‘l oldik. Manzilga eltuvchi chog‘roqqina ko‘cha bo‘yiga ekilgan archalar shu darajada tarovatbaxshki, beixtiyor vujudimizga yanada quvvat inadi.

Bu muqaddas dargohning ham o‘ziga xos tarixi bor. Manbalarda qayd etilishicha, o‘n besh-yigirma metr tepalikda joylashgan Iyk ota sag‘anasi X-XI asrlarda qurilgan. Buni mustaqillik sharofati bilan muqaddas qadamjolarni, ovul va qishloqlardagi qabristonlarni tozalab-tartibga keltirishdek xayrli harakatlar qanot yoza boshlagan 1992 yilning bahorida topilgan uzunligi 75, eni 15-16 santimetr keladigan tosh yuzidagi bitiklar va 1299 yil degan yozuvdan ham anglash mumkin.

Istiqlol yillarida Iyk ota ziyoratgohi saxovatli yurtdoshlarimiz harakati bilan yana ziyoratchilarning chinakam ruhiy quvvat oladigan muqaddas go‘shalaridan biriga aylantirildi.

Mamlakatimizning barcha hududlaridagi kabi amalga oshirilayotgan tub islohotlardan bahramand bo‘lgan Yuqori Chirchiq tumani haqida ham faxrlanib tilga oladigan jihatlar talaygina.

Vaqtida ne-ne mashaqqatlar bilan yetishtirilgan hosili kepakning narxidan ham arzon baholarda olib ketilgan g‘o‘zaning qadri inson taqdiridan afzalroq tutilib, yiliga 32000 tonnadan ortiq “oq oltin” xirmoni uyulgan bu maskanda paxta maydoni istiqlolning ilk damlaridan teng yarmiga qisqartirildi. G‘allachilik ravnaqi yo‘lida viloyat bo‘yicha namuna bo‘lishga yaragulik maktab yaratildi. Mana shunday ezgu ishlarning yurtimiz bo‘ylab keng quloch yoyishi oqibatida milliy ozodligimiz e’lon qilingan onlarda bor-yo‘g‘i bir haftalik don zaxirasiga ega bo‘lgan Vatanimiz qisqa vaqtda g‘alla mustaqilligiga erishib, mana bir necha yildirki, rizq-ro‘zimizning asosiy manbai hisoblangan bu mo‘’tabar mahsulotni xorijliklarga eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Quvonchlisi shundaki, tumanda 2010–2015 yillarda mamlakat iqtisodiyotining asosiy lokomotiviga aylangan sanoatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, sanoat ulushida mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmining muttasil ortib borishiga erishildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida xususiy uy-joy qurilishini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida tumanda 2010 yilda 68 ta uy-joylar qurilgan bo‘lsa, 2015 yilning o‘zida bu ko‘rsatkich 275 tani tashkil etib, shu kungacha 926 ta zamon talablariga mos uylar barpo etildi. Shuningdek, so‘nggi yillarda bu yerdagi mavjud 40 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda 9 ta maktabgacha ta’lim muassasalari davlat mablag‘lari hisobidan to‘liq mukammal ta’mirlanib, 20-, 29-umumtalim maktablari yangi zamonaviy sport zallariga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2- va 27-umumiy o‘rta ta’lim maktablari qo‘sh qavatli qilib yangidan barpo etildi. 2013 yilda tuman markazida mamlakat g‘aznasi hisobidan sarf­langan 2,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga barcha qulayliklarga ega bo‘lgan tuman bolalar musiqa va san’at maktabi qad rost­lagan bo‘lsa, ayni paytda davlatning 3,5 milliard so‘m puli sarflanayotgan yopiq suzish havzasiga ega sport majmuasi qurilishi nihoyasiga yetkazilayapti.

Tumanda inson salomatligi muhofazasini kuchaytirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida ham ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joylarda barcha qulayliklar mavjud bo‘lgan, hatto bemor qon tahlilidan boshlab, onaning vujudida rivoj topayotgan homilaning yurak urishini aniq eshitib, holatini aniqlash imkoniyatigacha ega bo‘lgan 18 ta qishloq shifokorlik punktlari ishlab turibdi. Bundan tashqari, 2011 yilning bahorida boshlanib, bor-yo‘g‘i bir yil ichida davlatning 2,3 milliard so‘m mablag‘i evaziga 50 o‘rinli zamonaviy tug‘ruq majmuasi ishga tushirildi. 2014 yilda tuman markaziy shifoxonasini mukammal ta’mirlash uchun davlatning 3,8 milliard so‘m mablag‘i sarflandi.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 2010–2015 yillarda umumiy uzunligi 50 kilometrga teng ichimlik suvi quvurlari tortilgan bo‘lsa, shu muddat ichida tumanda 46 kilometr ichki yo‘llarga asfalt yotqizilib, 35 kilometr yangi  gaz tarmoqlari tortildi. Tuman mudofaa ishlari bo‘limi uchun bunyod etilgan yangi chaqiruv punkti qurilishiga ham salkam 1 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Zamonga mos shaharsozlik talablariga ko‘ra tuman qiyofasi, ayniqsa, Yangibozor qo‘rg‘oni kun sayin o‘zgarib bormoqda. Jumladan, 2015 yilda qurilib ishga tushirilgan FHDYo va muhrdorlik idoralari hamda qator tadbirkorlik sub’ektlarining osmono‘par inshootlari, yangidan barpo etilayotgan “Yangibozor” istirohat bog‘i fikrimizga yorqin dalil bo‘la oladi.

— Men, shu yurtda tug‘ilib, voyaga yetdim, — deydi sakson yoshli mehnat faxriysi Ravshan ota Ikromov. — Esimni taniganimdan boshlab el xizmatida bo‘ldim. Tumandagi biron-bir tadbir yo‘qki, hokimiyat rahbarlari biz singari faxriylarni chaqirtirmagan yoki yangi ishni boshlashdan oldin maslahat so‘ramagan bo‘lsa. Bunga ming shukr­lar aytib, amalga oshirilayotgan ishlardan, tug‘ilib-o‘sgan yurtim chiroyining kundan-kunga o‘zgarib, farovonlashib borayotganidan cheksiz quvonaman. Ko‘pchilik yaxshi biladi, tumanimizdagi obodonlashtirish ishlarining debochasi 2011 yil aprel oyining ikkinchi yarmida Jumabozor qishlog‘ida boshlanib, atigi 18–20 kecha-kunduz ichida mahalla markazining qiyofasi tubdan o‘zgartirilgandi. O‘shanda 9 may — Xotira va qadrlash kunini nishonlashni shu qishloq markaziga o‘rnatilgan Motamsaro Ona yodgorligi poyiga gulchambarlar qo‘yishdan boshlagan tumandoshlarimiz qisqa muddat ichida qilingan bu obodonchilikni ko‘rib qoyil qolishgan va uning bunyodkorlari harakatiga tasannolar aytishgandi.

Oradan bir hafta o‘tib-o‘tmasdan ezgulikka yo‘g‘rilgan bu sa’y-harakat tumanimiz markazi — Yangibozor qo‘rg‘oniga ko‘chdi. Mana endi, ana shu ulkan bunyodkorlik ishlarining samarasini hamma-hammamiz ko‘rib quvonayapmiz. Davlatimiz rahbarining “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan da’vatlarini o‘z hayotimizda ko‘rib bunga amin bo‘lyapmiz. Xususan, o‘tgan yilning o‘zida tumandoshlarimiz orasidan bir emas to‘rt kishi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. 2015 yilning 30 oktyabrida poytaxtdagi “Yoshlar ijod saroyi”da bo‘lib o‘tgan Respublika “Orasta qizlar davrasi” ko‘rik-tanlovida tumanimiz qizlari “Eng topqir qizlar jamoasi” nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rinni egallab, viloyat xotin-qizlarini sharaflarga burkaganligi ham faxrlansa arzigulik ish. Yana bir quvonchli xabar: tumanimizdagi “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘iniga xizmat ko‘rsatuvchi 294-militsiya tayanch punkti poytaxtdagi “Turkiston” san’at saroyida bo‘lib o‘tgan “Namunali militsiya tayanch punkti”  ko‘rik-tanlovida birinchi darajali diplom va “Matiz” rusumli avtomashina bilan taqdirlanib, viloyatimiz sha’nini munosib himoya qildi. Shuningdek, mamlakatimizdagi mavjud 1412 ta kasb-hunar kolleji va 144 ta akademik litseylar o‘rtasida Yuqori Chirchiq transport va iqtisodiyot kasb-hunar kolleji “Eng yaxshi ta’lim muassasasi” ko‘rik tanlovining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik yo‘nalishi bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladi. Joriy yilning 12–17 aprel kunlarida Gonkongda bo‘lib o‘tgan stol tennisi bo‘yicha saralash musobaqasida tumandagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi o‘quvchisi Zohid Kenjaev muvaffaqiyatli ishtirok etib, Braziliyaning Rio de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan XXXI Yozgi Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

O‘rni kelganda hech bir ikkilanishlarsiz aytish mumkinki, istiqlol yillarida yurtdoshlarimiz turmush farovonligi butun O‘zbekiston bo‘ylab har tomonlama yuksaldi. Aholining ham moddiy, ham ma’naviy boyliklari yildan-yilga tinimsiz o‘sayotgani, odamlarning obod va farovon yashashi uchun zarur infratuzilmalarning muttasil kengayib borayotgani bunga yaqqol dalildir. Xo‘sh, bu nimaning natijasi?

Bu albatta, xalqimizning sokin oqqan tiniq daryo misol ko‘nglida mujassam topgan sabr-qanoat, mehr-oqibat, Vatanga muhabbat va  sadoqat, el-ulus oldidagi vafo otlig‘ insoniyat bezagi bo‘lgan ulug‘vor his-tuyg‘ular mevasi.  Barchamizni sharaflarga burkab, hurriyat beshigida allalayotgan Vatanimiz mustaqilligini yomon ko‘zlardan, yovuz niyatlardan O‘zi asrasin!

Jamoliddin ABDIYEV, 

O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × four =