USTYURTNING OYDIN YO‘LI

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov BMT Bosh Assambleyasining 2010 yilning 20 sentyabrida Mingyillik rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlab Nyu-York shahrida o‘tkazilgan oliy darajadagi yalpi majlisida «Orol dengizining qurishi davom etayotgani va uning atrofida gumanitar halokat sodir bo‘layotgani sababli Orolbo‘yining tabiiy biologik fondini asrab-avaylash, Orol inqirozining atrof-muhitga, eng muhimi, bu yerda istiqomat qilayotgan yuz minglab va millionlab odamlar hayotiga halokatli ta’sirini kamaytirish bugungi kundagi eng muhim vazifa hisoblanadi», dedilar. Shuni alohida qayd qilish kerakki, bu keng miqyosli, tobora sayyoraviy ahamiyat kasb etib borayotgan dolzarb vazifa birinchi nav­batda BMT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarning diqqat markazida turibdi. BMT Bosh Kotibi Pan Gi Munning 2010 yilning bahorida Mo‘ynoq mavzeida bo‘lib, dengiz akvatoriyasi, bu yerda yuzaga kelgan ekologik vaziyat bilan atroflicha tanishgani, mavjud ahvolni yumshatishga doir maqbul tavsiyalarni ilgari surgani, Nukusda ommaviy axborot vositalari uchun brifing bergani, jahon hamjamiyatining e’tiborini Orolbo‘yi mintaqasi uchun tobora hayot-mamot masalasiga aylanib borayotgan bu muhim muammoga qaratgani alohida e’tirofga loyiq. Jahonning o‘nlab olimlari, siyo­satchilari, jamoat arboblari muhtaram Prezidentimizning Mingyillik sammitda ilgari surgan hayotbaxsh takliflarini qizg‘in qo‘llab-quvvatladi. Mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2008 yilning oktyabrida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga BMT Bosh Assambleyasida kuzatuvchi maqomi berildi. Bularning barchasi Orol muammosini hal qilishda amaliy qadamlarga yo‘l ochdi.

 Davlatimiz rahbari 1999 yilning 2 dekabrida Nukusda saylovchilar vakillari bilan uchrashganlarida bu haqda shunday degan edilar: “Men bundan o‘n yil muqaddam — 1989 yili yangi saylangan respublika rahbari sifatida Mo‘ynoqqa borgan edim. Orol fojiasi oqibatida ro‘y bergan og‘ir ekologik holatga qaramasdan, tug‘ilgan yeriga mehri tufayli shu zaminda sabot bilan yashayotgan Mo‘ynoq xalqining hayoti bilan atroflicha tanishdim. O‘shanda “Shu odamlarning og‘irini yengil qilsam, armonim qolmas edi!” degan fikrni ko‘nglimga tugib qo‘ygan edim. Vaziyatni chuqur o‘rganib, odamlar bilan suhbatlashib, bu ahvoldan chiqish yo‘llarini mahalliy xalq bilan muhokama qildik. Bu gaplarga guvoh bo‘lgan ovul oqsoqoli men Mo‘ynoqdan ketgach, ovuldoshlariga: “Hoynahoy, bu odam qoraqalpoq bo‘lsa kerak!” degan ekan. Bu gapni menga hurmatli akademigimiz Sobir Kamolov aytib bergan edi. Men buni eshitib, oddiy bir inson sifatida xursand bo‘lib, muhtaram olimimizga javob qaytargan edim. Shu javobni siz – azizlarga hozir yana takrorlamoqchiman: “Agar qoraqalpoqlar meni “qoraqalpog‘im” desa, o‘zimni g‘oyat baxtli odam, deb bilaman!”. Prezidentimiz 1991 yilning 2 dekabrida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, Ustyurt va Mo‘ynoq, Tebinbuloq va Sultonuvays mavzelari qazilma boyliklarini o‘zlashtirish yuzasidan qimmatli maslahatlar bergan edi. Darvoqe, Tebinbuloqda temir va vermikulit, O‘g‘risoyda rangli metallar, Qoratovda ohaktosh zaxirasi mo‘l. Aynan shu ohaktosh zaxirasi bilan Ustyurt platosidagi behisob osh tuzi hisobiga jahon metallurgiya, shisha sanoati, boshqa qator tarmoqlarning eng «tansiq noni» kaltsiyli soda ishlab chiqarish mumkinligidan kelib chiqib, Yurtboshimiz g‘oyasi, taklifi va bevosita boshchiligida Qo‘ng‘irot soda zavodi qurildi. U O‘zbekistonning eng istiqbolli davlatlar bilan hamkorligi samarasi bo‘ldi. Xususan, soda zavodi qurilishini Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda yakunladik. Ma’lumki, XXR jahonda kaltsiyli soda ishlab chiqarishda yetakchi o‘rinlardan birida turadi. Qo‘ng‘irot giganti qurilishini yakunlash va montajda Xitoy Xalq Respublikasining «SITIK» kompaniyasi 35 million AQSh dollari miqdoridagi ishlarni bajardi, eng maqbul muddatlarda korxonani foydalanishga topshirdi. 2007 yilning 18 may kuni davlatimiz rahbari Ustyurt zaminida, Elobodda bo‘lib, Qo‘ng‘irot soda zavodining ishlab chiqarish, texnologik jarayoni bilan yaqindan tanishdilar, korxona ahli, jamoatchilik vakillari bilan samimiy muloqot o‘tkazdilar. O‘tgan yillar ichida ulkan korxona mamlakat kimyo sanoatida o‘z nufuziga, betakror ulushiga ega bo‘ldi.

Chorak asr davomida o‘shanda davlatimiz rahbari belgilab bergan bu muhim vazifalarning asosiy qismi to‘la-to‘kis amalga oshirilganini mamnuniyat bilan qayd qilish kerak. “Navoiy — Tinchlik — Uchquduq — Miskin — Nukus” yangi temir yo‘li, Qo‘ng‘irot soda zavodi, “Orient texnoloji”, “Vayt mashin texnoloji” qo‘shma korxonalari, “Miskin — Toshsoqa” temir yo‘l va avtomobil, “Beruniy — Urganch”, “Nukus — Xo‘jayli” daryo ko‘priklari, “Qo‘ng‘irot — Beyneu” qit’alararo avtomagistrali, Toshkent pediatriya tibbiyot, Toshkent stomatologiya, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Toshkent agrar universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiallari, I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muze­yining yangi binosi, qator yangi korxonalar va 2015 yilning oktyabridan mahsulot bera boshlagan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi fikrimizning yorqin dalilidir.

Jahon kimyo sanoati solnomasida yangi sahifa ochgan bu korxona O‘zbekiston — Janubiy Koreya o‘zaro manfaatli hamkorligi mevasidir. 2011 yilning 24 avgustida Prezident Islom Karimovning taklifiga binoan mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelgan Koreya Respublikasi Prezidenti davlatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama foydali strategik sheriklik borasida yana bir muhim qadam qo‘yilganini e’lon qilgan edi. Ya’ni o‘sha qutlug‘ kunda yurtimizning iqtisodiy ustunlaridan biriga aylanib borayotgan mavzeda mamlakat kimyo sanoatining navbatdagi yana bir giganti – Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishiga birinchi g‘isht qo‘yildi. Shu munosabat bilan Us­tyurt­ning «Aqsho‘loq» va «Qirqqiz» mavzelariga Koreya Respublikasi ishbilarmon doiralari vakillari, mamlakatimiz kimyo sanoati mutasaddilari, jamoatchilik to‘plandi. Ana shu kungacha «Qirqqiz» aholi maskani ulkan sahro bag‘ridagi kichikkina bir elat edi. Endi Qo‘ng‘irot tumanining ushbu elati mamlakat sanoat xaritasining yirik nuqtasiga aylandi. O‘shanda Ustyurt gaz-kimyo majmuasiga ramziy tamal toshi qo‘yilib, bu tantanali marosim «Qirqqiz» mavzesidan teleko‘prik tarzida butun jahonga namoyish etildi. Keyinchalik hamkor davlat rahbarining 2014 yil iyun oyida O‘zbekistonga kelishi, davlatimiz rahbarining 2015 yil may oyi­da Koreya Respublikasiga borishi bu munosabatlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tardi. Mazkur mamlakatning «Hyunday», «Samsung», «LG», «GM – Korea», Koreya gaz korporatsiyasi, «Lotte Kemikal», «Korean Eyr», «Shingdong», «Kolon» kabi yetakchi kompaniyalari bu yo‘nalishda faollik ko‘rsatmoqda. Koreya Respublikasining mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari 7 milliard dollardan oshgani alohida e’tirofga loyiqdir.

Prezident Islom Karimov Oqsaroyda Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo Anni qabul qilganida Sur­g‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishining yakunlanishi va uning ishga tushirilishi mustaqil mamlakatimiz hayotida muhim voqea ekanligini alohida ta’kidladi. «Samsung Injiniring», «Hyunday Injiniring» va «Ji-Es» kompaniyalarini jalb etgan holda, Koreya gaz korporatsiyasi va «Lotte Kemikal» kompaniyasi tarkibidagi Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari konsortsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan qiymati 4 milliard dollarga teng ushbu loyiha O‘zbekiston – Janubiy Koreya investitsiyaviy hamkorligiga yuksak misol ekanligi butun jahonda tan olinmoqda.

Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi yakunlanishi va uning ishga tushirilishiga bag‘ishlangan marosim esa uglevodorod zaxiralarini o‘zlashtirish borasidagi izchil sa’y-harakatlarimiz samarasini yaqqol ko‘rsatib berdi. Surg‘il koni negizida bun­yod etilgan ushbu Ustyurt gaz-kimyo majmuasi mamlakatimiz sanoatini keng ko‘lamli modernizatsiya qilish das­turi doirasida amalga oshirilgan eng muhim loyihalardan biridir. Bu neft-kimyo sohasida nafaqat O‘zbekiston, balki MDH hududida uzoq muddatli moliyalashtirish asosida hayotga tatbiq etilgan dastlabki keng ko‘lamli loyiha deb tan olingani bejiz emas. Tantanali marosimda Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo An O‘zbekiston Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyodagi asosiy sherigi va strategik hamkori ekanini ta’kidlab, ushbu o‘zaro manfaatli hamkorlik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy sohalardagi aloqalar yanada mustahkamlanishini, Ustyurt gaz-kimyo majmuasining muvaffaqiyatli ishga tushirilgani neft-gaz va kimyo sohasidagi hamkorlikka yangi sur’at baxsh etishini e’tirof etdi. Mazkur majmuani qurishga oid bitimni “Project Finance Inter­national” xalqaro nashri neft-kimyo va gaz-kimyo sektoridagi 2012 yilning eng yaxshi loyihasi, “Trade Finance Magazine” va “Global Trade Review” nashr­lari “2012 yilning eng yaxshi bitimi”, “Infrastructure Jour­nal” esa “Neft-gaz sohasidagi 2014 yilning global bitimi” deb topdi. Umumiy qiymati 4 milliard dollarlik ushbu loyihaning amalga oshirilishi yiliga 4,5 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlash hisobidan 3,7 milliard kub metr gaz, 387 ming tonna polietilen, 83 ming tonna polipropilen, 102 ming tonna piroliz distillyati va boshqa qimmatbaho mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.

— Men bir oddiy qoraqalpoq yigiti ushbu gigant majmuani bunyod etishga o‘z ulushimni qo‘shganim va bu yerda ishlayotganimdan o‘ta baxtiyorman, – deydi Ustyurt gaz-kimyo majmuasi polietilen ishlab chiqarish tsexi smena boshlig‘i Murat Xo‘jamuratov. – 2013 yili Toshkent kimyo texnologiyalari institutini bitirdim. Davlatimiz rahbarining yoshlarni har tomonlama qo‘l­lab-quvvatlashga, malakali kadrlar tayyorlashga qaratayotgan doi­miy e’tibor va g‘amxo‘rligi bizga qanot bag‘ishlaydi. Majmuamiz mamlakat neft-gaz va kimyo sanoatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. U eng zamonaviy texnologik liniyalar, eng so‘nggi rusumdagi ilg‘or uskunalar bilan ta’minlangan. Biz, nav­qiron avlodga bildirilgan ishonchni samarali ishimiz, sifatli, raqobatbardosh mahsulotimiz bilan oqlaymiz!

Jamoada asosan yoshlar ishlaydi. Ular safini kasb-hunar kollejlarining 300 nafardan ortiq malakali bitiruvchilari to‘ldirgani ham e’tirofga loyiqdir. Ustyurt gaz-kimyo majmuasining raqobatbardosh mahsuloti allaqachon jahon bozoridan o‘z xaridorlarini topdi. Chunki 2015 yilning kuzidan buyon 54,9 ming tonnadan ziyod suyultirilgan uglevodorod gazi, 34 ming tonnadan ortiq gaz kondensati ishlab chiqarildi. Magistral gaz quvurlariga 1,8 milliard kub metr­dan ortiq etan gazi, “O‘zbekenergo” aktsiyadorlik jamiyati energiya tizimiga 87,5 ming megavattdan ziyod elektr energiyasi yetkazib berildi. Ayni paytda piroliz distillyati Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga benzin tayyorlash uchun yuborilmoqda. Polietilen va polipropilen qator xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.

Shu kunga qadar qariyb 150 million dollarlik 186 ming tonnadan ortiq polietilen va polipropilen Markaziy va Sharqiy Osiyo, MDH va Yevropa mamlakatlariga jo‘natildi. 2020 yilga borib polietilen ishlab chiqarish hajmi 4,1 barobar oshishi kutilmoqda. Bu yerda ishchi-xizmatchilar, muhandis-texnik xodimlarning munosib turmush kechirishi, to‘laqonli faoliyat olib borishi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo. Xulosa qilib aytganda, Ustyurt gaz-kimyo majmuasi mamlakatimiz istiqboli yanada porloq bo‘lishiga beminnat xizmat qiladi!

 Yangiboy QO‘CHQOROV, 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 2 =