Viloyat ko‘zgusi

 

—Sirdaryo, Jizzax, Surxondaryo yana bir qancha viloyatlarda bo‘lmaganman. Ammo ular haqida, aholisiing turmush tarzi, ijtimoiy muammolari, yutuqlari haqida batafsil, ishonchli ma’lumotga, umumiy tasavvurga ega bo‘lishni xohlayman.

— Bu vaziyatda eng to‘g‘ri yo‘l siz tanlagan yeringizning ommaviy axborot vositalarini o‘rganing. Shunda ham ishonchli, ham mulohazali ma’lumotga ega bo‘lasiz.

 

OAV bugun nafaqat axborot tarqatuvchi, balki o‘zi mansub bo‘lgan hudud yoki tashkilotning yuzi hisoblanadi. Mamlakat hududida nima yangiliklar, qanday yutuqlaru kamchiliklar borligi aynan uning ommaviy axborot vositalarida o‘z aksini topadi. Biz ham bugun Sirdaryo viloyatining “Sirdaryo haqiqati” gazetasi sahifalarini varaqlar ekanmiz, u yerga borgandek, havosidan nafas olgandek bo‘ldik.

Sirdaryo viloyatining rasmiy veb-sayti orqali ma’lum bo‘lishicha, ushbu viloyatda 27 ta gazeta va bitta jurnal chop etiladi. Ularning ikkitasi viloyat hokimligi gazetasi, o‘n bittasi esa tuman hokimliklari nashrlari, oltitasi tarmoq hamda to‘qqiztasi xususiy gazetalardir. Viloyat matbuot boshqarmasi har yili nashrlarni rag‘batlantirish maqsadida hokimiyat tashabbusi bilan “Sirdaryo zarqalami”, “Kamol”, “Nihol” kabi ko‘rik-tanlovlar o‘tkazib keladi. 

Sirdaryo viloyatining “Sirdaryo haqiqati” gazetasida o‘qishli maqolalar anchagina. Gazeta 1963 yil 1 iyundan chiqa boshlagan. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” shiori ostida ish olib borayotgan ushbu nashr auditoriyaning ma’naviyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Ushbu nashr or-qali Sirdaryoning intiluvchan yoshlari, mehnatkash insonlari, ta’lim-tizimi, o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar haqida ma’lumotga ega bo‘ldik, ko‘nglimiz yorishdi.

Bugun aholining huquqiy savodxonligini oshirish, ongini yuksaltirish kunning dolzarb masalalari qatoriga qo‘shilib ulgurgan. Joylarda shu mavzu yuzasidan turli tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. O‘z haq-huquqlarini to‘la anglagan, burch va majburiyatlaridan xabardor, demokratiyaning mazmun-mohiyatini bilgan jamiyatgina kuchli fuqarolik jamiyatiga aylana oladi. Shuni chuqur his qilgan holda biz so‘z yuritayotgan nashrda auditoriyaning huquqiy ongini shakllantirishga bag‘ishlangan materiallar ustunlik qiladi. 

Gazetaning joriy yil 26 mart sonidagi “Vasiyat bo‘yicha vorislik huquqi”, 12 mart sonidagi “Fuqarolar manfaati ustuvor FHDYo arxividan guvohnoma yoki dalolatnoma yozuvidan nusxa olish tartibi”, 30 mart sonida “Insonparvarlik tamoyili ustuvor yoxud ehtiyot chorasi tariqasida uy qamog‘i tushunchasi va uning mohiyati”, 10 martda e’lon qilingan “Huquqiy madaniyat — doimiy zarurat”, “Inson huquqlari — oliy qadriyat”, 5 martda chop etilgan “Jinoyat va ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan zararni undirish tartiboti” kabi maqolalar hamda gazetaning deyarli hamma sonida uchraydigan “Qilmish — qidirmish” rukni ostida jinoyat yo‘liga kirib qolganlar haqida 23 mart sonida chop etilgan “Huquqbuzarlar jazolandi”, 10 mart sonidagi “Savob”ning javobi”, 5 martda chop etilgan “Shahar bedarvoza emas”, “Chegarachilar hushyorlik qilishdi” kabi maqolalarda jurnalistik kuyunchaklik, auditoriyaning huquqiy ongini shakllantirishga urinish sezilib turibdi.

Atrofimizda shunday insonlar borki, toqqa chiqmasdan do‘lana yesam deydi. Shunday qizlar borki, mehnat qilishdan ko‘ra, o‘z nomusini sotishni afzal ko‘radi. Mamlakatimizda yaxshi yashash, halol mehnat qilib pul topish uchun barcha imkoniyatlar yetarli bo‘lsa-da, qilmishi oshkor bo‘lgach, bunga hayot majbur qilgani haqida ertak to‘qib, ko‘z yoshini oqizib o‘tiraveradi. Shunday taqdir egalaridan biri haqida nashrning joriy yil 5 mart sonida “Hayo qani, or qani?” sarlavhali maqolada so‘z yuritilgan. 

Ayolning ishlashga majbur bo‘lishi, issiq boshpanasini tashlab ko‘chaga chiqishi uchun kattagina sabab kerak. Taassufki, bugun dunyo bo‘yicha ko‘p ayollar ko‘chada, pul topish maqsadida sarson-sargardon. Bunga kim aybdor? Gazetaning 2016 yil 23 mart sonida chop etilgan “Qilmishidan topdi” sarlav-hali maqolani o‘qigan insonni shunday savol qiynashi tabiiy. 

Shukrki, yerimiz unumdor, cho‘p qadasangiz ko‘karadi. Chet elga pul topish uchun ketayotganlarning, ish izlab yurganlarning aksariyati shunday bebaho boylikka ega. (Hech bo‘lmasa, uch-to‘rt qulochlik tomorqasi bor). Nega undan foydalanishmaydi? Yurtimiz tuproqlaridan mo‘l hosil olish uchun ko‘p mehnat talab qilinmaydi, ekinga ozgina e’tibor berilsa, kifoya. Aynan shu g‘oyani targ‘ib qilish maqsadida gazetada “Tomorqa — daromad manbai” nomli rukn tashkil qilingan. Unda tomorqasidan unumli foydalanib kelayotgan mehnatkash insonlarning yutuqlari haqida so‘z yuritiladi, kerakli tavsiyalar beriladi. Xuddi shu loyiha viloyatning “Mirzaobod” gazetasida ham uchraydi. Xususan, nashrning joriy yil 2 mart sonida “Bog‘i borning baxti bor” sarlavhali kichik maqola shu rukn ostida chop etilgan. 

Xalqimizda “Eshitganingga emas ko‘rganingga ishon” degan purma’no naql bor. Afsuski, eshitgan axborotni tekshirib ko‘rish, tahlil qilish, shu asosida xulosa chiqarish aksariyat insonlarda yo‘q xususiyat. Shu sababli ham aldanib, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish holatlari ko‘p uchraydi. “Internetda “in” qurganlar” nomli maqolada shu haqida so‘z yuritilgan va kichik rivoyat keltirilgan: “Bir kuni Imom A’zam otda ketayotgan edi. Undan so‘rashdi:

—Otning oyoqlari nechta?

Imom A’zam otdan tushib, uning oyoqlarini sanab ko‘rdilar va “to‘rtta” deb javob berdilar”. Muallif axborot xuruji avj olgan bugungi sharoitda har bir xabarni tahlil qilishimiz, to‘g‘riligiga ishonchimiz komil bo‘lsa ham tekshirib ko‘rib, keyin xulosa chiqarishimiz kerakligini ilgari surar ekan, rivoyatdan unumli foydalangan. 

Gazetaning shakl jihatdan ko‘ngildagidek emasligi, rasmlarning xira va shriftining ko‘zni charchatar darajada turfa xilligini hisobga olganda, bu nashrga malakali dizayner va fotomuxbir kerakka o‘xshaydi. Bu muammo faqat “Sirdaryo haqiqati”da emas, boshqa nashrlarda ham ko‘zga tashlanadi. Buni qanday izohlash mumkin? Agar muharrirlardan so‘rasangiz, “Mutaxassis yo‘q, yoshlar ishga kelmaydi” deydi. Yosh mutaxassislar esa “U yerda ishlashga sharoit yo‘q, oilamni boqolmayman” deb javob beradi. Ish esa shu zaylda davom etaveradi. Xo‘sh, nima qilish kerak? Talaba to‘rt yil shartnoma shartini to‘lab, qiynalib o‘qigach, albatta yaxshi, moddiy jihatdan ta’minlay oladigan, sharoitga ega joyda ishlashni istaydi. Tashkilotlar esa arzon, ammo malakali, sifatli ishchi kuchiga erishishni xohlaydi. Shu sababli qaysi talabadan kelajakdagi rejalari haqida so‘rasangiz, “Toshkentda ishlab qolaman” deb javob beradi. Ammo viloyat jurnalistikasini kim rivojlantiradi? U yerda malakali kadrlarga ehtiyoj katta-ku. Bizningcha, bir yoqadan bosh chiqarish vaqti keldi. Agar viloyat nashrlari talabaning kontrakt pulini hech bo‘lmaganda yarmini to‘lab bersa, uzoq yillik malakali mutaxassisga ega bo‘lishi, ishning unumdorligiga erishishi mumkin. Shunda talaba ham qiynalmaydi, mas’uliyat bilan o‘qiydi, ishlaydi. 

Nashrning adadi uch mingdan ziyod ekan. Gazeta uch mingdan ortiq xonadonga kirib boryapti degani, bu. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: “Sirdaryo haqiqati” butun auditoriyasining axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondira olyaptimikan? Aslida bu har bir ommaviy axborot vositasining kun tartibidagi birinchi masalasi bo‘lishi kerak. Axborot texnologiyalari rivojlangan bugungi kunda aholining fikrini o‘rganish, ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazish hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi. Buning uchun ozgina qunt kerak xolos. Tahririyat avvalo auditoriya bilan doimiy, ijodiy hamkorlikda bo‘lishi lozim. Shunda ish unumdorligi oshadi. 

Gazetada negadir umuminsoniy muammolar, giyohvandlik, terrorizm, odam savdosi, orol muammosi kabilar to‘g‘risida mulohazali materiallar juda kam. Bu masalaga ham e’tibor qaratish kerak. Bu muammolarga qarshi kurashish uchun, avvalo, insonlarda daxldorlik hissini uyg‘otish lozim. Bugun gazetada odam savdosi haqida yozilsa, “menda unaqa bo‘lmaydi” yoki “Orol muammosining menga nima qizig‘i bor” qabilida fikrlaydiganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. 

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, “Sirdaryo haqiqati” haqiqatni aks ettirish yo‘lida ildam bormoqda. Asosiysi, uning sahifalarida tanqidiy-tahliliy, mulohazali maqolalar talaygina. Agar gazetaning shakli ham mazmuniga monand rivojlansa, tasvirlarning sifatiga  alohida e’tibor qaratilsa nur ustiga nur bo‘ladi. 

 

Shohsanam KOMILOVA,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + 19 =