MAYNA BO‘LAYOTGAN MAYNANDALAR
Qishlog‘imizda otarchilar ko‘p edi. Ularning deyarli hammasi nimani eshitsa, shuni kuylashardi. Masalan, “So‘rang” degan qo‘shiqdagi “Maysalarga zar sochib toshgan Zarafshondan so‘rang” degan satrlar “Toshkent, Zarafshondan so‘rang” deb kuylanardi. Yoki daryolar haqidagi qo‘shiqning “O‘z tilida nimalardir gapiradi” degan satrlari “Rus tilida nimalardir gapiradi”, deb kuylanishiga bir necha bor guvoh bo‘lganman. Otarchilar o‘z nomi bilan otarchi, ammo professional xonandalarimizning ham qo‘shiqlar matnlarini buzib kuylayotganiga nima deyish mumkin?!
Bugungi ayrim qo‘shiqchilarning xatti-harakatlarini ko‘rar ekanmiz, sherbachcha va toshbaqa haqidagi multfilm yodga tushadi. Multfilm mazmuni quyidagicha: Afrikada Rrr-Myau laqabli sherbachcha bo‘ladi. Bir kuni u sahroda sayr qilib yurar ekan, Katta toshbaqani uchratib qoladi. Toshbaqa oftobda toblanib yotar, “Ya na solnыshke leju” (“Men quyoshda toblanib yotibman”) deya qo‘shiq kuylardi. “Qanday ajoyib, sho‘x qo‘shiq” deya sherbachcha toshbaqaga yaqinlashadi. Ikkovlon yaqindan tanishib olishgach, sherbachcha qo‘shiqqa jo‘r bo‘lib, “Ya na solnыshke siju” (“Men quyoshda toblanib o‘tiribman”) deb kuylaydi. Bu o‘z navbatida toshbaqaning e’tiroziga sabab bo‘ladi. “O‘tiribman emas, yotibman”, deydi toshbaqa. “Axir, men o‘tiribman-ku”, deydi sherbachcha. “Unda yotib qo‘shiq kuyla. Ammo so‘zni o‘zgartirma. Ana o‘shanda hammasi o‘z o‘rnida bo‘ladi”, deydi toshbaqa atigi bitta so‘z o‘zgartirilganidan ranjib. “Nima bo‘lganda ham bu qo‘shiqni yotib kuylash kerak! — deydi toshbaqa. — Axir, qo‘shiq satrlari meniki-ku!” (— I vsyo-taki nado pet leju! — skazala cherepaxa. — Eto je ya pridumala!)
Mayna degan qushni hamma biladi. Bu qush boshqa qushlarning iniga kirib olib, uni o‘ziniki qilib olar ekan. Indagi tuxumlarni tashqariga chiqarib tashlab, o‘zining tuxumini qo‘yar ekan. Ayrim xonandalar birovlarning qo‘shiqlarini kuylar ekan, mana shu maynaning ishini qilayotgandek, go‘yo. Radiokanallar ham asl xonandaning qo‘shig‘ini emas, keyingisini qayta-qayta efirga uzatmoqda. Ayni shu qo‘shiq efirga uzatilishi kerak bo‘lsa, aslini berish yaxshi emasmi?! Katta yoshdagilar qo‘shiq kimga tegishli ekanini yaxshi biladi. Ammo o‘sib kelayotgan yoshlar bundan bexabar bo‘lib, keyin ijro etgan xonandani tan olishlari kuzatilmoqda.
Bu misollarni nimaga keltirayapmiz? Hamkasblarining qo‘shiqlarini o‘zlashtirib olayotgan bugungi xonandalar ijodini kuzatib, ularni bemalol “maynanda” deyish mumkin. Avvalgi maqolamizda fonogrammadan foydalanishgani uchun ularni “Fonanda” degan edik. Endi esa xonandalarning ayrimlarini “maynanda” deyishga qaror qildik. Chunki ular mayna (qush)ning ishini qilib mayna(kalaka, masxara) bo‘lishmoqda. Avvallari o‘zini hurmat qilgan professional xonandalar o‘zgalarning qo‘shig‘ini ijro etishga iymanishardi. Ijro etishdan avval albatta ilk ijrochidan ruxsat so‘rashardi. Buni biz Tavakkal Qodirovning Komiljon Otaniyozovdan ruxsat olib ijro etgan qo‘shig‘idan bilamiz. Ammo hozir bunday emas. Rahmatli Oxunjon Madalievning qo‘shiqlarini buzib kuylayotgan “Visotskiy”ga nima deysiz. Yaqinda “Onamning duosi asraydi meni” degan qo‘shiqni eshitib ko‘nglim ancha ranjidi. Oxunjon Madaliev ijrosida bu qo‘shiqni eshitar ekanmiz, o‘zimiz ham xuddi duo olayotgandek bo‘lardik. “Visotskiy” esa qo‘shiq ohangini buzib kuylar ekan, yoqamizdan olib: “Nima qilsang ham “onamning duosi asraydi meni” deya tepayotgandek bo‘ladi.
Yana bir xonandamiz Oxunning “Ordenni bolam deb bo‘lmaydi, bolam” qo‘shig‘ini aytibdi. Avvalambor, bu qo‘shiq maqsadsiz afg‘on urushida halok bo‘lgan askarning onasi tilidan kuylangan. O‘sha aziyatli kunlarda ancha ta’sirli chiqqan. Yangi ijrodan maqsad nima ekanini ochig‘i, bilmadik.
Vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlash, xalqimiz xavfsizligini ta’minlash yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan o‘g‘lonlarimiz davlatimiz tomonidan yuksak mukofotlar bilan taqdirlangan. Bu qo‘shiqni ularning ota-onalari eshitsa, nima bo‘ladi? O‘zining qo‘shiqlari bilan elimizga ravshan ko‘ringan yana bir xonandamiz, endilikda ijod qilishdan charchadi, shekilli, bemalol ustoz xonandalarning qo‘shiqlarini kuylashga, kuylaganda ham qo‘pol ravishda buzib ijro etishga o‘tdi. Bu xonandaning o‘zi tomonidan yaratilgan qo‘shiqlar deyarli odamlarning esidan chiqib bormoqda. Yaqinda kimdir, “uning qo‘shiqlari qolmadi, hisob, hammasi ko‘chirmakashlikdan iborat”, dedi. Yaxshisi eski qo‘shiqlarini qayta jonlantirib, xalq hukmiga taqdim etgani yaxshi emasmi?! Mashhur hofizimizning “Muqaddas ayol” degan qo‘shig‘ini undan o‘tkazib ijro etilgan taqdirdagina kuylash mumkin. Hofizimiz dard bilan kuylar ekan, ayollar dardini ochib berishga intiladi. Boshqa xonandalarning ijrosida nimadir yetishmaydiganga o‘xshaydi. Xonandalarimizdan biri bu qo‘shiqni kuylabdi, hatto klip ham oldiribdi. Qo‘shiqdagi “Labingdan bol totib ham bo‘ldi, Va bu haqda kimlargadir sotib ham bo‘ldi” yoki “Asov otning borar yeri sen” degan satrlar kuylanar ekan, xuddi shu joyda mo‘’tabar ayollarning ko‘rsatilishiga qanday baho berish mumkin? Holbuki, xonanda mana shu satrlarni mag‘zini chaqib ko‘rib keyin kuylashi yoki klipni suratga olishi kerak emasmidi? Bir to‘yga bordik. To‘yxonada mashhur yulduzimizning qo‘shig‘i kuylanardi. Yulduzning o‘zi kelibdi-da, deb xursand bo‘ldik. Ammo o‘rtada bir erkak mikrofon ushlab turardi. “Vo, ajabo”, deya yoqa ushladik. Ko‘zing bormi, yuzing bormi, demay bu erkak xonanda ayollar ovozida fonogrammada qo‘shiq kuylardi. “Men, yulduzman” demaganiga shukur qildik.
Nuriddin Haydarovning “Do‘lana” qo‘shig‘ining o‘g‘li tomonidan kuylangani va olingan klipi o‘rinli tanqidlarga uchradi. Mening fikrimcha, o‘g‘li otasi nomini mashhur qilishning yangi yo‘lini topgan ko‘rinadi. “Do‘lana”ning yangi talqinini eshitgan odam borki, otasi yaxshi kuylagan edi, deyishmoqda. “Nargiz”, “Shirinliging-shakarliging”, “Qurbon o‘lam” kabi qo‘shiqlarning ayol xonandalar tomonidan ijro etilishini ham aslo oqlab bo‘lmaydi.
Mayna bo‘layotgan xonandalar, balki, o‘zlarining mayna bo‘layotganini bilmas. Ularga ochiq aytish, yuzlariga oyina tutish matbuotning ishi. Matbuot esa bu borada o‘z ishini qilmoqda. Gap xonandalarda qolmoqda.
Qo‘shiqlari buzib kuylanayotganidan zada bo‘lgan mashhur hofiz bir vaqtlar “O‘zgalar qo‘shig‘in aytgandan ko‘ra ko‘lmakda baqa bo‘lib sayraganing ma’qul”, deb kuylagan edi. Shunday ekan, ustoz xonandalarimizning qo‘shiqlarini kuylashdan avval “maynandalar” bir o‘ylab ko‘rsalar foydadan holi bo‘lmasdi.
Hojiboy Tojiboevning bir latifasi bor. Bir xonanda to‘yga borib bir qo‘shiqni aytibdi. Tinglovchilar shu qo‘shiqni qayta-qayta aytishini so‘rayverishibdi. Xursand bo‘lgan xonanda aytaveribdi, aytaveribdi. Oxiri: “Nima, shu qo‘shig‘im sizlarga shunchalik yoqadimi?” deya so‘rabdi. “Yo‘q, yoqmaydi, chunki sen noto‘g‘ri aytayapsan, shu qo‘shiqni to‘g‘ri aytmaguningcha aytaverasan”, deyishibdi.
Hozirgi xonandalarga ham bir qo‘shiqni yaxshi kuylaguniga qadar ayttiraverish kerak. (Darvoqe, ular fonogramma orqali ijro etishadi. Qayta-qayta ayttirishning foydasi yo‘q).
Sharofiddin TO‘LAGANOV